07.08.2025 | 12:25
858
SAN’AT SAYYORASINING FUQAROSI
O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov bilan suhbat

– Jenisbek, bugun atrofimizda “yulduzlik kasali”ga chalinayotganlar ko‘payib borayotgani sir emas. Lekin dunyoga mashhur opera xonandasi sifatida sizda bunday qusur ko‘zga tashlanmaydi. Yuz-ko‘zingizda kamtarlik sezilib turadi. Ayting-chi, siz uchun mashhurlik nima?
– San’atkorda o‘tish davri bo‘ladi. Shu davrda kimdir birdan “yuqorilab” ketadi, kimdir bu jarayonni asta-sekinlik bilan bosib o‘tadi. Kutilmaganda balandga sapchigan odamning o‘zini tutib olishi qiyin kechadi. Bu ham bir sinov, aslida. Zinadan qadamma-qadam ko‘tarilayotgan inson yo‘l mashaqqatini ko‘proq anglaydi. Xalqimizda “kamtarga kamol” degan naql bor. Chinakam san’at ahli orasida toblanib shuni bildimki, manaman degan san’atkorlar ham hammamizga o‘xshagan oddiy odam bo‘lishgan. Ularning yutug‘i – izlanishlarida, tinib-tinchimasligida, har qancha yuksaklikka ko‘tarilsa ham o‘qib-o‘rganishdan qochmaganligida. Muhimi, ular doimo samimiy va kamtar bo‘lishgan. Bu borada ulardan o‘rnak olsa arziydi.
Biroq birgina qo‘shig‘i quloqqa o‘rnashib qolgani ortidan o‘zini mashhur sanab, bosar-tusarini bilmay qoladiganlar ham uchrab turadi. Holbuki, ularning keyingi ijrosi taqdiri qanday kechadi: ommalashadimi-yo‘qmi, saviyasi qanday bo‘ladi, bular bilan uncha qiziqmaydi. Shu tariqa asta-sekin nazardan qolib, odamlar ularni tinglamay qo‘yadi. Ba’zilar bunday “zarba”lardan keyin o‘ziga kela boshlaydi. Umuman, ayrim xonandalar san’atning qadriga yetish uchun shunday bosqichlardan o‘tishi kerakdek, ehtimol.
– San’at qadri haqida so‘z ochdingiz… Sizningcha, bugun tez tanilish ilinjida estradaga qiziqish ortib ketmayaptimi?
– Savolingizni operaga qiziqish susayib ketmayaptimi, deya talqin qilsak ham bo‘larkan. Keling, shu o‘rinda o‘z tajribam bilan o‘rtoqlashsam. 2007-yili Nukus madaniyat kollejining aktyorlik bo‘limiga o‘qishga kirganman. Bizda qo‘shimcha vokal darsi o‘tilardi. Vokaldan saboq berayotgan ustozimga “Vokal ashulalarni aytolmayapman, Xorazm lazgilariga ovozim yetmayapti” dedim. Shunda u kishi ovozimni eshitib ko‘rib, “Jenisbek, sen opera aytishing kerak”, deb qoldi. “Nima uchun opera?” deb savol berdim hayron bo‘lib. Chunki o‘sha paytda nafaqat men, boshqa tengdoshlarim ham opera haqida tayinli tushunchaga ega emas edik. Hozir yurtimizning eng chekka hududlarida unib-o‘sib kelayotgan bolakaylar ham opera san’ati xususida ozmi-ko‘pmi tasavvurga ega.
Yaqinda Samarqand viloyatining chekka bir qishlog‘iga bordim. Shahardan taxminan 300 kilometrcha uzoqlikda. “Bu yerda meni birov tanimasa kerak” deb o‘ylagan edim, bir mahal o‘g‘il-qizlar kelib men bilan suratga tushyapti. Demak, bugun operaga qiziqish kuchaygan. To‘g‘ri, klassik operalarni emas-u, “hazmi yengilroqlari”ni tinglashyapti odamlar.
Estradaga keladigan bo‘lsak, bugun uning ham shaydolari ko‘p emas. Aslida, bu yo‘nalish yengillashib ketib, bitta akkordli qo‘shiqdan nariga o‘tolmayapti. Oqibatda odamlarda yengil estradaga moyillik kuchayib ketdi. Oldinlari yetti-sakkiz daqiqali qo‘shiqlarni tinglashgan bo‘lsa, hozir estrada qo‘shiqlari ikki-uch daqiqadan oshmayapti. Davrning shiddati, tezkorligi qo‘shiqqa ham ta’sir qilyapti. Shu bois biz klassik qo‘shiqlarni ommaga ko‘proq jonli ijroda yetkazishga harakat qilyapmiz.
– Ilk bor sahnaga chiqqan damlaringizni eslay olasizmi?
– Dastlab estrada, rokn-rol, rep aytganlarimni qo‘ya turing, baxshilik ham qilganman. To‘rt yil baxshilikka o‘qib, “4” bahoga bitirganman. Operaga qiziqish uyg‘ona boshlagandan keyin ustozim uch yil kollejdan tashqariga chiqarmagan. Hatto uydagilar ham bilishmagan opera aytishimni. So‘ngra Toshkentga tanlovga kelib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Menga “Nihol” mukofoti topshiriladigan bo‘ldi. Ochig‘i, bu mukofotni olishimga ishonmaganman. Xullas, birinchi katta sahnam “Xalqlar do‘stligi” saroyi bo‘lgan va shu joyda muqim qolib ketganman. Daraxt bir joyda ko‘karadi, deyishganidek, 17-18 yildan buyon qayerga borsam ham, yana shu qadrdon sahnaga qaytib kelaman.
– Siz romans kitoblarini ham yaratyapsiz. Shunday to‘plamlardan joy olgan “Ko‘rinur” nomli go‘zal romans juda mashhur. Shu haqda ham so‘zlab bersangiz.
– “Ko‘rinur” – ulug‘ bastakor Faxriddin Sodiqov tomonidan Nizomiy Ganjaviy so‘ziga bastalangan go‘zal lirik asar. Eslasangiz, Ozarbayjonda Nizomiy tavalludiga bag‘ishlangan kecha o‘tkazilgan. O‘shanda Ozarbayjondan Ilhom Nazarov telefon qilib “Ustoz, kitobingizdan “Ko‘rinur” romansini o‘qidim. Shuni kuylamoqchiman. Ijrom haqida fikringizni bilmoqchiman”, dedi. Kitobim Ozarbayjonga qanday borib qolgani bilan qiziqdim. Bilsam, bu kitob Rossiyada ham, Qozog‘istonda ham bor ekan. Ushbu to‘plam boshqa mamlakatlarga ham tarqalib, undagi qo‘shiqlar kuylanayotgani biz uchun katta yutuq, deb o‘ylayman.
– Hozirgacha nechta romans-kitobingiz nashrdan chiqqan?
– Yigirma oltita romansni o‘z ichiga olgan ikkita kitobim bor. Yaqinda yana bir loyiha ustida ishni yakunladik. Unda o‘zbek kompozitorlarining fortepianoga mo‘ljallangan musiqalari jamlangan. Shu yili o‘zbek kompozitorining operalaridan ariyalar to‘plamini nashrdan chiqarishni rejalashtirganmiz. Bu ham talabalar uchun kerakli qo‘llanma bo‘ladi, degan umiddaman. Chunki Konservatoriyada o‘qiyotganimda ustozim menga rus va Yevropa romanslaridan ijro qilish vazifasini topshirardi. Tabiiyki, ularni internetdan izlardim va audiosi chiqib kelardi. “Zo‘r ekan, yodlashim kerak” derdim. Lekin o‘zbekcha ariya va romanslar internetda topilmas edi. Konsertmeysterlar esa ularni yaxshi bilmagani uchun g‘alatiroq ohangda chalardi. O‘shanda o‘zbek romanslari va ariyalarining ham audio, video shakllarini yaratishimiz kerakligini tushunib yetganman.
– Milliy opera san’atimizdagi yutuq va kamchiliklar haqida fikringiz…
– Asosiy yutug‘imiz – xalqimizning operaga qarashi, munosabati o‘zgargani. Ayni paytda hukumatimiz tomonidan opera ijrochilariga ko‘proq e’tibor qaratilayotgani bizni xursand qiladi. Qolaversa, sahnada jonli ijro – bizning katta yutug‘imiz. San’at ixlosmandlari buni e’tirof etayotganidan quvonchimiz cheksiz.
Kamchiliklarga kelsak, o‘zimizda yangi milliy operalar qo‘yilmayapti, shunisi og‘riqli. Ya’ni, o‘zimizning kompozitorlar yozgan operalar yo‘q. Bu borada kompozitorlar “biz yozyapmiz, ular qo‘ymayapti” deyishsa, teatr “ular yozayotgan asarlar bizga to‘g‘ri kelmaydi” deb javob beradi. O‘rtada aybdor biz – solistlar bo‘lib qolyapmiz. Vaholanki, biz ijrochimiz, har qanday qo‘shiqni ijro etib bera olamiz. Kompozitor yozmasa yoki yozganini teatr qabul qilmasa… bu bilan biror samarali o‘zgarish bo‘lishi qiyin.
Teatr kompozitorlar ijodidan boxabar bo‘lib turishi kerak. Ana shu xabardorlik ortidan asarlarni saralash, yaxshilariga buyurtmalar berish, mualliflarini rag‘batlantirish mumkin. Nega hadeganda chet el operalarini xarid qilib, bu yerda sahnalashtirishimiz kerak. O‘zimizda ham zo‘r operalar yaralishiga harakat qilish, xalqni bu san’atga qiziqtira bilish lozim. Uzoqqa bormaylik, hozirgacha aylanib-aylanib, “Maysaraning ishi” (Sulaymon Yudakov) operasini aytamiz. Negaki, pichoqqa ilinadigan boshqa milliy komik opera yo‘q, afsus. Borlari ham “o‘ldim-kuydim”dan nariga o‘tmaydi, bugungi kun talablariga javob berolmayapti. Yosh ijrochilarning talabi katta. Ular klassika bilan birga, zamonaviy asarlarni so‘rashyapti. Buning uchun orkestrga qaysidir cholg‘uni qo‘shish kerak bo‘lsa – qo‘shish kerak, tepadan sahnaga tushish zarurati bo‘lsa tushish, xalq orasidan kirib kelish lozim bo‘lsa, shunday qilish kerak. Chet el opera teatrlarida bu borada ko‘p amaliy ishlarni kuzatamiz.
Germaniyadagi Myunxen teatrida ishlaganimda “Aida” operasi sahnalashtirildi. O‘sha paytda “Avatar” filmi butun dunyoda ommalashib ketgan edi. Shu film eskizidan foydalanib, Aida va Radames boshqa-boshqa sayyoralarda yashagan qahramonlar sifatida talqin qilindi. Radames Marsni bosib olish uchun “avatar” obrazida mazkur sayyoraga keladi. Kutilmaganda u Marsda yashayotgan Aidaga duch kelib, uni sevib qoladi. Bu yoshlarga qiziq, albatta. Shu asar yil davomida ko‘p taqdim etildi. Yoki “Esmeralda” myuziklining ohangini eshitgan hamonoq ko‘zimiz chaqnab ketadi. Chunki bu qo‘shiq operaning “tashrif qog‘ozi”ga aylanib bo‘lgan. Imkoni bo‘lsa, bizda ham ana shunday “tashrif qog‘ozlari”ni ko‘paytirish zarur.
– San’at odami qalb bilan ish tutadi, qalbga bo‘ysunadi, ko‘pincha uning yo‘rig‘idan yuradi. Nima deb o‘ylaysiz, qalbga quloq tutgan yaxshimi yoki aqlga?
– Aqlga! Chunki aqlga tayansangiz, muammongiz kam bo‘ladi. Agar ko‘ngilga quloq solsangiz… u nimalarni xohlamaydi?! Biroq aql bilan doimo chora izlab, yo‘l topsa bo‘ladi. Yana shuni tushunib olishimiz kerakki, yutqazish ba’zan yutuqqa teng, yutuqdan ham a’loroq bo‘lishi mumkin. Goho qo‘ling baland kelgani bilan ko‘ngling xotirjamlikni tuymasa, shuning o‘zi yutqiziq. Qalb va aql tanlovida ana o‘sha yutish va yutqazish holatlari to‘g‘ri chamalab olinsa, qay biridan ko‘proq halovat kelishi anglab olinsa, shuning o‘zida g‘oliblik nashidasi bor. Bu hol dunyo tajribasidan ayon. Men bo‘sh vaqtim bo‘ldi deguncha kitob o‘qishga harakat qilaman. “Temur tuzuklari”da shunday fikrni o‘qib, uni o‘zimga shior qilib olganman: “Hamma narsani bilaman-u, lekin bilmaslikka olaman”. Barchamiz mana shu aqidaga amal qilib yashasak, ko‘proq umr ko‘ramiz, halovatimiz o‘zimizda bo‘ladi.
– Halovatsizlik dard chaqirishi ham mumkin-da…
– O‘zi, ijod – bedorlikning egizagi. Dard esa halovatsizlik degani. Aslida, dardni ichga yutmaslik kerak. Uni ijod shaklida bo‘lsa ham yurakdan chiqarib yuborgan ma’qul.
– Kelgusi rejalaringiz, orzu-maqsadlaringiz ham, shubhasiz, muxlislaringiz uchun qiziq.
– Bu yil muxlislarimizga yangi – “Koxman ertaklari” operasini taqdim etmoqchimiz. Bu asarda menga ham bir partiya tekkan. Asosiy ishim – o‘sha partiyani yod olish. O‘tgan yili italyan tilidagi partiyalarni yodlagan bo‘lsak, bu yil fransuz tilida yodlaymiz. Tilimizni “har qanaqasiga burab”, bizni sinashyapti. Opera aynan ko‘ptillilik nuqtayi nazaridan ham foydali. Bu borada ozmi-ko‘pmi tajriba to‘pladik. Avvaliga Nukusdan Toshkentga kelib o‘zbekchani, so‘ngra Moskvaga borganda ruschani o‘rgandim. Keyin inglizcha, italyancha… mana endi fransuzcha. Muhimi, til o‘rganyapman. Til rang-barangligi – katta boyligim.
Bu yil rejaga ko‘ra, Vashingtonda konsert bermoqchimiz, keyin Nyu-Yorkda. Finlyandiyalik do‘stim bilan Toshkentda chiqish qilib, so‘ng dasturimizni ularda namoyish qilmoqchimiz. Bu yoqda “Koxman ertaklari” ham turibdi. Xullas, ish tartibimiz nihoyatda tig‘iz.
– Harakatlaringiz tahsinga loyiq.
– “Vavilondagi eng boy odam” kitobida o‘qigandim: “Agar har bir odam o‘z ishini rivojlantirib bormasa, ishi orqaga ketadi”. San’atkor ham o‘rganish, izlanishdan to‘xtamasligi kerak.
– Shunday o‘ylovlar, ijod, yumushlardan ortib…
– …Oilamga qanchalik vaqt ajrata olyapman?! O‘rinli savol. Farzandlarim “Dada, siz doim ishda bo‘lasiz, biz bilan shug‘ullanmaysiz”, deb o‘pkalashadi. Shu bois uzoqqa otlanadigan bo‘lsam, oilamni ham birga olib ketishga urinaman. Bir gal to‘ng‘ichimni Samarqandga olib bordim. Keyin o‘rtanchasi ham “boraman”ga tushib qoldi. So‘ng kenjatoyim. Aslida, bu yo‘llar ular uchun avvalo sayohat, qolaversa, ishimni ko‘rib, safar mashaqqatlaridan boxabar bo‘lishadi. Ko‘pincha ularni akademiyaga, poytaxtimizdagi Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida o‘zim tashkil etgan “Piyazov akademi”ga olib kelaman. Darslarimni kuzatishadi, shu muhit havosidan nafas olishadi. Eslasam, vaqtida o‘zim ham nuqul dadamga ergashib yurganman, u kishiga cholg‘ularni joylashtirishida yordam berardim, o‘sha paytlar qiziqish ustunlik qilib, o‘zimcha ularni chalib ko‘rardim. Ayni paytda dadamning atrofdagilar, yaqin o‘rtoqlari, mehmonlar bilan qanday suhbatlashayotganini kuzatardim… Umuman, hayotni o‘ziga xos darsga qiyoslash mumkin. Oilaviy hayotga kelsak, uyga borganda farzandlarimning darslarni qanday o‘zlashtirayotganini tekshirib boraman. Shunaqa gaplar.
– Tushunishimcha, siz otangiz tufayli san’atga qadam qo‘ygansiz?!
– Men san’at muhitida o‘sganman. Buvam Ziyel Piyazov Qoraqalpog‘iston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dramatik aktyor bo‘lgan. U kishining birgina “Hey” degan ovozi sahnani titratib yuborgan. Men ham ana o‘sha moʻjizakor “hey” sadosining qudrati bois aktyor bo‘laman deganimda, ustozim maqsadlarimni boshqa tomonga burib yuborgan. Bundan afsuslanmayman. Chunki opera xonandasi sahnada nafaqat ovozi, balki aktyorlik mahorati bilan ham tomoshabin diqqatini ushlab turishi kerak. Xullas, bu kasbni tanlashimga oilaviy muhit sababchi bo‘lgan. “Bu sayyorada faqat shu kasb bor”, degan ibora qulog‘ingizga chalingan bo‘lsa kerak. Biz ham oilaviy tarzda san’at sayyorasida yashaganmiz va yashayapmiz.
Gulchehra UMAROVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-avgustdagi 31-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



