Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.08.2025 | 15:05

img399

UMID HUJAYRASI

Qulog‘iga chig‘anoq qo‘yib, dengiz tovushini tingladim, deydi ba’zilar. Ammo aslida u dengiz tovushini emas, vujudi bo‘ylab harakatlanayotgan o‘z qonining ovozini eshitayotgan bo‘ladi.

Qon tanadagi ko‘plab funksiyalarni bajaradigan suyuq to‘qima bo‘lib, mayda-yirik tomirlar orqali barcha a’zolar qatori quloqlargacha ham yetib boradi. U qon aylanish sistemasi bo‘ylab kislorod tashiydi va to‘qimalarda yashovchanlikni ta’minlaydi. Biz qon ovozini chig‘anoqsiz ham eshita bilganimizda edi, uning hayotimiz uchun naqadar muhim ekanini har lahzada his etgan bo‘lar edik.

Qon bir daqiqadan kam vaqt oralig‘ida insonning butun tanasini aylanib chiqadi. Uning shu darajada yugurik harakati uchun hazilakam energiya kerak, deysizmi? Tanish-notanish odamlarning “qoni kam-da, holi yo‘q” degan gaplarini tez-tez eshitib qolamiz. Aslida qon tomirdan tabiiy tarzda to‘kilib ketmaydiki, uning miqdori kamaysa. Hamma gap undagi leykosit, eritrosit, trombasitlarem kabi shaklli elementlarning ko‘rsatkichi bilan bog‘liq.

Bemor nimadan shikoyat qilishidan qat’i nazar, birinchi galda qon topshirishi va uning tahlili kerakligi aytiladi. Bu bejiz emas. Har qanday kasallikka to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun qon tarkibi gematologik tekshiruvdan o‘tkazilishi shart. Shundan kelib chiqib, keyingi yillarda tibbiyotimizning barcha sohalarida bo‘lgani kabi gematologiyaga ham katta e’tibor qaratildi.

Tashxislashning rivojlangan xorijiy davlatlar tajribalariga monand usullari, zamonaviy texnologik diagnostika, davolashning yangicha metodologiyalari joriy etilib, kasallikni erta aniqlash, tez va samarali davolashga erishilmoqda.

Sohaning bundan yigirma yil oldingi holati bilan hozirgi salohiyatini taqqoslab bo‘lmaydi. Ayniqsa, tana a’zolari transplantatsiyasining joriy etilishi dunyo tibbiyotida mutlaqo yangi taraqqiyot davrini boshlab berdi. Xususan, gematologiya yo‘nalishida ham o‘ta og‘ir xastaliklarni transplantatsiya yo‘li bilan davolash keng yo‘lga qo‘yilyapti. Mamlakatimizda tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish markazlari tashkil etilib, so‘nggi rusumdagi texnik jihozlar bilan boyitildi.

– Surunkali va o‘tkir leykoz, miyelom kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar soni butun dunyoda oshgan, jumladan, respublikamizda ham, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh mutaxassis-gematologi, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi transplantatsiya bo‘limi mudirasi Gulchehra Muhammadaliyeva. – Viloyatlar kesimida bu kasallik Samarqand, Navoiy, Surxondaryo va Orolbo‘yi hududlarida bir muncha ko‘paygan. Bunga ko‘proq ekologik muhitning yomonlashuvi sabab bo‘lmoqda.

Tibbiyot davr bilan hamqadam, kerak bo‘lsa, bir qadam oldinda yurishi kerak. Bugungi ehtiyojni inobatga olib, markazimiz qoshida qondan o‘zak hujayra o‘tkazishning ikki turini o‘zlashtirdik: biri autotransplantatsiya – o‘zak hujayrani bemorning o‘z suyak to‘qimalaridan o‘ziga, ikkinchisi allogentransplantatsiya – begonadan (qonunchiligimizga ko‘ra, faqat qarindosh-urug‘lardan olinadi) ko‘chirib o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydik.

2014-yilda surunkali leykozlarni davolashda ilk bor autotransplantatsiya amaliyotini qo‘llagan edik. Bu jarayon, nihoyatda jiddiy tibbiy transplantatsiyaoldi tayyorgarliklar bilan amalga oshiriladigan murakkab amaliyot sanaladi. Birinchidan,  qon transplantologiyasida bemor juda katta miqdorda kimyoterapiya muolajasini oladi. Organizm charchaydi, oqibatda tanadagi viruslar faollashib, yondosh kasalliklar ham kuchayadi. Birgina bemorni transplantatsiyaga tayyorlashdan tortib oyoqqa turgunigacha qariyb 50 nafar tibbiyot xodimi u yoki bu darajada mas’ul bo‘ladi. Ta’kidlash joiz, bemorlarimizning sog‘ayishiga ketadigan barcha mablag‘ davlat tomonidan to‘lab beriladi. Faqat o‘zi ro‘yxatdan o‘tgan poliklinikadan transplantatsiya o‘tkazish uchun order olib kelsa kifoya.

Gulchehra Muhammadaliyeva suhbatlasha turib, bizni yosh transplantologlar konsilium xonasiga taklif qildi. Bir guruh navqiron shifokorlar yaqin kunda o‘tkir lemfoblastik leykoz tashxisi bilan allogentransplantatsiya o‘tkazilib, kecha tunda to‘satdan issig‘i ko‘tarilgan namanganlik bemor holatini muhokama qilishayotgan ekan. Ularning qizg‘in bahslarini tinglab, yuzimizda tashvish ifodasi paydo bo‘ldi chog‘i, bizni bemor yotgan xonaga olib borishdi. Ochig‘i, uni juda og‘ir alfozda bo‘lsa kerak, degan xayolda edik, kulib turganini ko‘rgach, hadigimiz tarqadi.

– Ikki oycha bo‘ldi, singlimdan suyak ko‘migi ko‘chirib o‘tkazishdi, – deydi Muqaddas Abdullayeva. – Hozir ancha yaxshiman. Ko‘nglim biroz ayniydi, chunki dorilarning ba’zilari qayt qildiradi. Boshqa shikoyatim yo‘q. Turmush o‘rtog‘im, uch o‘g‘lim qarovi ham menga dalda bo‘lyapti. Chet elga borib davolanishga majolim ham, yetarli pulimiz ham yo‘q edi. Xayriyat, o‘zimizda iloji bor ekan. Shifokorlardan, davlatimizdan juda minnatdorman.

Mutaxassislar bemorning issig‘i donorqon qarshiligi tufayli yondosh kasallik xuruji bilan yuzaga chiqqan, degan to‘xtamga keldi. Ularning aytishicha, transplantatsiyaning mana shunaqa asoratlari ham bor. Hujayraning ko‘chirib o‘tkazilgan egasiga nisbatan donor reaksiyasi bo‘ladi. Ilik hujayra suyuq ko‘rinishda bo‘lgani bilan, u ham tana a’zosi hisoblanadi. Hujayra ko‘chirilganda ilikka joylashishi mumkin, lekin yangi muhitni qabul qilmay “begonasirash”ni boshlash ehtimoli yo‘q emas. Agar u joylashgan o‘rnidan “yotsirasa”, g‘alayon ko‘taradi va bemorning sog‘ayishiga qarshilik ko‘rsatadi. Odatda, bunday hol yuzaga kelmasligi uchun maxsus dorilar beriladi. Ularni ichish tartibiga qattiq rioya qilish kerak. Qolaversa, transplantatsiyadan so‘ng bemor aytilgan vaqtda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishi shart. Aks holda, kasallik qaytalanadi.

Hozirgi kunda respublikamizning ko‘plab tumanlaridagi shifoxonalar gemoanalizatorlar bilan ta’minlangan. Bu zamonaviy tibbiy uskunalar 24 turdagi qon tahlilini qila oladi. Lekin chetda joylashgan ba’zi qishloq shifoxonalarida faqat gemoglabin, eritrotsit, leykotsid miqdorigina tekshiriladi. Bu bilan qon kasalliklarini aniqlab bo‘lmaydi. Bunday tahlil faqat kamqonlik darajasinigina ko‘rsatadi, xolos. Bizning markazda qon kasalligiga taxmin qilingan bemorlar suyak ko‘migini biopsiya qilish orqali, ya’ni ilikdan hujayra olish yo‘li bilan tekshiriladi. Hozirda bu diagnostikaning ham yengilroq usullari tatbiq qilinyapti. Lekin leykoz va boshqa og‘ir kategoriyali kasalliklarga gumon qilinganda, albatta, ilikdagi qon tekshirilishi lozim.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, surunkali leykozni imkon qadar ertaroq aniqlash kerak. Ayni davrda bu kasallikni hatto o‘n yil oldindan aniqlash iloji bor.

O‘tkir leykoz esa o‘z nomi bilan o‘tkir, ya’ni kasallik to‘satdan yuzaga chiqadi. Bemorning holati og‘irligi darajasiga qarab, juda kuchli muolaja boshlashga to‘g‘ri keladi. Chunki dard zaiflashtirgan tana ichki qarshiliklar tufayli kasallik bilan mustaqil kurasha olmaydi. Afsuski, biz asosan ana shu sababli bemorni yo‘qotamiz. Agar bu kasallik rivojlanishidan avvalroq, ya’ni qon shu kasallikka tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtdayoq chora ko‘rish boshlansa, uning qaytalanish muddatini kechiktirish mumkin.

Nega endi kechiktirish, butunlay sog‘aytirish emas? Chunki bunday bemorlar qonini kasal hujayradan yuz foiz tozalab bo‘lmaydi. Ayniqsa, allogentransplantatsiya murakkab amaliyot sifatida dunyo bo‘yicha ham muvaffaqiyat kafolati “ellikka ellik” deyiladi.

– O‘zi qon onkologik kasalliklarida tibbiyot rivojlangan davlatlarda ham o‘lim ehtimoli 20 foiz deb belgilangan, – deydi yosh shifokor Kamoliddin Olimjonov. – Biz milliy tibbiyoti rivojlanayotgan davlatmiz. Shu jihatdan transplantatsiya jarayonida yo‘qotishlarimiz hali sal ko‘proq. Biroq buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Odamlar ko‘pda bizning ishimizni rivojlangan davlatlar klinikalari ishi bilan solishtiradi. Oradagi tajriba va mablag‘ tafovutini hisobga olishmaydi. Alamlisi, o‘sha “instadoktorlar” bizning muvaffaqiyatsiz, ularning esa muvaffaqiyatli amaliyotlarini ovoza qiladi. Vaholanki, bizdagi shifokorlar malakasi ham chet eldagi nufuzli klinikalar shifokorlarinikidan ortiq bo‘lsa ortiqki, kam emas. Bundanam alamlisi, bizda bemalol amalga oshirish mumkin bo‘lgan tibbiy amaliyotni boshqa davlatlardagi o‘zlari kelishuv tuzgan klinikalarda o‘tkazish uchun bemor “ovlaydigan”larning urchib ketgani. “Ovlaydigan” deyishimiz boisi, ular bemorni o‘ziga og‘dirish uchun shifokorlarimizni ataylab uquvsizga chiqarishadi, tibbiyotimizni qoloq qilib ko‘rsatadi.

Xalqimizda vaqt oliy mezon, degan o‘lmas hikmat bor. O‘zbek mutaxassislarining qo‘li yengilligi, insofi va madaniyati sabab bugun ushbu markazda qo‘shni davlatlardan ham shifo izlab kelayotganlar topiladi. Mana, yaqindagina tojikistonlik dardman autotransplantatsiya qilindi. Ushbu amaliyotni o‘tkazish Turkiyada 40 ming, Hindistonda 30 ming, Rossiyada 25 ming dollar turadi. Bizda-chi, xalqimizga mutlaqo bepul, boshqa mamlakat fuqarolariga 12 ming AQSh dollarga tushadi. Bizning mutaxassislar salohiyatiga ishonib o‘zga davlatdan kelishsa-yu, o‘zimiznikilar boshqa mamlakatlarga borib, transplantatsiya qildirishsa. Aslida, xalqimiz g‘amini yeb, ularning mushkuli oson bo‘lishi uchun yo‘lga qo‘yilyapti-ku, bunday imkoniyatlar.

Ushbu markaz respublikamizdagi gematologik va onkogematologik kasalliklarni diagnostika qilish va davolashga ixtisoslashgan yagona tibbiy muassasa bo‘lib, 180-200 o‘ringa mo‘ljallangan. Transplantatsiya bo‘limining o‘zi esa 12 o‘rinli. Bu yerda yiliga yigirmadan ziyod bemorga o‘zak hujayra ko‘chirib o‘tkazilyapti. Yosh va intiluvchan kadrlar O‘zbekistonda bu sohani yanada takomillashtirish maqsadida Rossiya, Turkiya, AQSh, Hindiston kabi davlatlarda malaka oshirib kelmoqda.

2023-yilda foydalanishga topshirilgan ushbu ixtisoslashtirilgan gematologiya markazi ilmiy, diagnostik, klinik faoliyat olib boradigan yetakchi majmuadir. Mamlakatimizdagi tibbiyot institutlarining uchta kafedrasi markaz negizida ishlamoqda. Rejada esa respublika aholisining salomatligini yaxshilash yo‘lida yana bir muhim qadamni tashlashga tayyorgarlik bor: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Xorazmda markazning transplantatsiya bo‘limi o‘z filiallarini ochishni ko‘zlagan.

– Men Toshkent pediatriya tibbiyot institutini tamomladim, – deydi yosh shifokor Sardor Muhammadiyev. – Sankt-Peterburgdagi Raisa Gorbachyova nomli Bolalar gematologiyasi va transplantologiya markazida ikki yil tahsil oldim. Tibbiyot sohasiga onam, transplantologiyaga esa Kamoliddin Olimjonov tufayli kirib keldim. Kamoliddin aka bilan bir institutda o‘qiganmiz. U kishi gematologik transplantologiya yangi yo‘nalish ekani va bu yo‘nalish umidi so‘ngan minglab yurtdoshlarimizga umid bag‘ishlashini, ularni hayotga qaytarishini aytib, birga ishlash taklifini berdi. Mana bugungacha 126 ta autotransplantatsiya, 43 ta allogentransplantatsiyani ustozlar ko‘magida amalga oshirdik. Bu darddan butunlay forig‘ qilish qiyindir, ammo tranplantatsiyadan keyin bemor hech bo‘lmaganda yana besh-o‘n yil bu kasallikni unutadi, kimyoterapiya olmaydi, yotib qolib birovga muhtoj bo‘lmaydi.

Albatta, bemorga o‘zak hujayrani ko‘chirish amaliyotining eng muhim jihati – tanaga mos donor qonni topish. Bizning qonunchiligimizda bemorga butunlay begona insondan transplantatsiya qilish mumkin emas. Ammo bu katta muammo tug‘dirmaydi. Chunki bizda ko‘p bolalilik va qarindosh-urug‘ tendensiyalari yaxshi rivojlangan. Shu sababli gematologik kasalliklar bilan xastalangan bemorlar qon bilan bog‘liq muammoni o‘z donorlari bilan hal qiladi. Qolaversa, zamonaviy uskunalar yordamida qon zaxirasini kengaytirish bo‘yicha ham izlanishlar tizimli amalga oshirilmoqda.

Markazga Amerikadan aferez (separator apparat)lar olib kelingan. Yapon olimlari tomonidan ixtiro qilingan bu aqlli apparat ikki soatdan olti soatgacha vaqt oralig‘ida qondan 200-400 millilitr atrofida o‘zak hujayrani ajratib oladi. Uning qulayligi shundaki, ilgarilari donordan o‘zak hujayra odamning vahmi keladigan yo‘g‘on ninali katta shpritsni suyakka suqib, kuchli og‘riqlar bilan tortib olinardi. Separatorlar vena qon tomiriga yuborilgan kateter orqali kerakli o‘zak hujayrani o‘zi yig‘ib beradi. Apparat yordamida faqat o‘zak hujayra yig‘iladi, qon esa aylanma harakat tarzida egasiga qaytariladi. Ilgari qon topshirgan donorlar boshi aylanib, o‘zida lohaslik sezgan. Chunki qon miqdori kamaygan. Hozir esa qon topshiruvchi uchun bunday xavf yo‘q.

Qon olish uskunasining yana bir yaxshi tomoni, donorning qon tahlili xulosalari taqdim etilmasa ishlamaydi, ya’ni qonning aniq tahliliga qarabgina donordan hujayra oladi. Bunda qon beruvchining ahvoli, qondagi elementlar rezervi, gemoglabin miqdori to‘liq elektron nazoratda bo‘ladi. Shuningdek, donor qon tomiriga ikkita kateter baravar ulanib, biridan eritrotsit, plazma yoki trombotsit ajratib olinadi, ikkinchisi orqali esa qolgan qon komponentlari egasiga qaytarib yuboriladi.

Xullas, qon topshiruvchining ham xavotiri arigan. Tibbiyot hamishagidek o‘zgarishlar pallasida. Inson qadri, umr uzayishiga erishish zamonaviy tibbiyotning bosh shioriga, davlatimizning izchil islohotlari tamoyiliga aylandi.

Muhayyo RUSTAMOVA

“Jadid” gazetasining 2025-yil 8-avgustdagi 32-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600