15.07.2025 | 08:49
673
JIGARLARIMIZDAN JIGARIMIZNI AYAMAYLIK
Inson hayoti davomiyligi va salomatligi uchun eng muhim a’zolardan biri jigardir. U hech qachon og‘riq bermaydi. Chunki jigarda nerv tolalari yo‘q. Afsuski, ana shu “beozor”lik ko‘pincha qimmatga tushadi. Jigar kasalliklarining eng og‘ir turlarida ham inson o‘zida xastalik kechayotganini sezmay qolishi mumkin. Ko‘p hollarda bu so‘nggi chora – boshqa organizmdan jigar ko‘chirish amaliyotini o‘tkazishga olib keladi.

Yaqin-yaqingacha bizda bu amaliyot qo‘llanilmagan. Keyingi yillarda tibbiyot sohasida yuz bergan o‘zgarishlar, izchil islohotlar, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar o‘z natijasini berib, O‘zbekistonda ham tana a’zolari transplantatsiyasi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yildi. Bu borada poytaxtimizdagi Milliy tibbiyot markazida bir qancha muvaffaqiyatli qadamlar ham tashlandi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan 2024-yilda tashkil etilgan shifo maskanida xalqaro tajribaga ega shifokorlar, malakali mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.
Markazda joriy yil boshidan 60 ta jigar, 200 ga yaqin buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilgan. Xususan, Hindistonning “Shinon” kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yirik jarrohlik amaliyoti markaz nufuzini yanada oshirdi. Bir vaqtning o‘zida olti kishi operatsiya stoliga yotqizilib, uchta jigar muvaffaqiyatli transplantatsiya qilindi. Ayni paytda bemorlarning ahvoli yaxshi, donorlar esa allaqachon ijtimoiy faoliyatini davom ettirmoqda.
– Aholimizning har bir dardiga o‘zimizda davo topsak deymiz, – so‘z boshladi markaz direktori Maqsud Saidov. – O‘tgan yili hindistonlik taniqli transplantolog Vivek Vij 214 nafar o‘zbekistonlikni operatsiya qilish uchun yurtiga olib ketdi. Har bir bemor 32 ming dollardan to‘lov qilgan. Buncha mablag‘ni topish oson emas: borniki botmon bilan, yo‘qniki esa… uy sotish, qarz-havola bilan. Xuddi shu amaliyot o‘zimizda yo‘lga qo‘yilgan edi-ku. Sharoitimiz ham Yevropa yo boshqa Osiyo davlatlaridagi klinikalardan kam emas.
Shunda angladikki, odamlar bilan ishlashimiz, ularning xabardorligini oshirishimiz, mahoratimizga ishontira olishimiz kerak ekan.
Bir ma’lumot aytay, keyingi yillarda tirik donordan buyrakni muvaffaqiyatli transplantatsiya qilish bo‘yicha ham O‘zbekiston yaxshi ko‘rsatkichlar qayd etdi. Nimaning hisobiga? Kadrlarimiz xorijda malaka oshirib, tajriba orttirib qaytmoqda. Moddiy-texnik bazamiz mustahkamlanmoqda. Ayni sohaga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilgan.
Markazimizda inson a’zolari transplantatsiyasi “Transplantologiya va angioxirurgiya” hamda “Endovizual (abdominal va torakal) xirurgiya” bo‘limlarida amalga oshiriladi. Bu bo‘limlarda bemorlar uchun 31 ta palatada 62 ta yotoq (koyka) joylashtirilgan. Har ikki bo‘limga o‘n nafardan transplantolog, gepatolog, nefrolog, shuningdek, jarroh va anesteziologlar biriktirilgan.
Tibbiyot fanlari doktori, professor A’zam Bobojonov, tibbiyot fanlari nomzodi Elyor Turg‘unboyev kabi o‘z ishiga usta, mohir ustozlar bilan birga Sardor Qalandarov, Ikrom Turg‘unov, Anastasiya Romanova, Sarvar Sharifjonov, Shohjahon Matkarimov kabi yosh shifokorlar yuzlab bemorlar hayotini saqlab qolishdek ezgu vazifani sidqidildan bajarmoqda.
Milliy tibbiyot markazi matbuot kotibi Zulayho Musurmonova bizni jarayon bilan yaqindan tanishtirdi:
– Jigar transplantatsiyasida shifokorlarimiz ikki guruhga bo‘linib ishlaydi. Sakkiz nafar jarroh, ikki anesteziolog, 4 nafar hamshira ishtirok etadi. Ikkita xonadagi jarrohlik stoliga ikki kishi bir paytda yotqiziladi. Biridan jigar bo‘lagi olinadi va ikkinchisiga qo‘yiladi. Bunday jiddiy jarrohlik amaliyotlari kamida 8-10 soat davom etadi. Shifokorlar tajribasi ortib borgani sari operatsiyalar davomiyligi qisqarib bormoqda.
Markazimizda bir bemorga to‘rt qayta buyrak o‘tkazildi. Hozir u tuzalib ketgan, o‘qituvchilik qilyapti. Bir-ikki yil oldin yigirmata nina yutgan bola ulardan xalos bo‘lgach, nogiron bo‘lib qolgandi. U ham pay transplantatsiyasini o‘tkazdi. O‘zbekistonda birinchi marta epilepsiya kasalligi bor bemor shu yerda sun’iy intellekt yordamida operatsiya qilindi. Shartnoma asosida ishlayotgan eronlik yosh ortoped-jarroh Roshan Asfar esa hayratlanarli amaliyotlarni bajarmoqda. Natijada, hayotdan umidini uzgan o‘nlab yurtdoshlarimizga qaytadan yashash baxti taqdim etilyapti. Mana shu moʻjizani ko‘rganingizda transplantologiyaning naqadar muhim va kerakli soha ekaniga iqror bo‘lasiz.
Markaz rahbariyati bizni transplantatsiyasi jarayonini bevosita kuzatishga taklif qildi. Bu yerda sensorli qo‘l yuvish moslamalaridan tortib, anesteziya uskunalari va operatsion bloklargacha – hamma-hammasi jahon standartlariga javob berishi qayd etildi.
– O‘n ikki yildan buyon shu sohadaman, – deydi Transplantologiya va angioxirurgiya bo‘limi mudiri Ahror Safarov. – Jarayonda har xil holatlar bo‘lib turadi. Ba’zan donor topa olmay qolamiz. Bu holatda qo‘limizdan hech narsa kelmaydi.
Jigar transplantatsiyasi ikki usulda olib boriladi: tirik va o‘lik tanadan sog‘lom a’zo olish. Biz faqat birinchi usuldan foydalanamiz. Jahon tajribasida esa ikkinchi usul ham qabul qilingan. Agar bizda ham vafot etgan insondan jigar olish imkoni bo‘lganida, qanchadan qancha bemorlar yashab ketgan bo‘lardi. Qachondir bu usulni ham qabul qilsak kerak, deb o‘ylayman. Bu holat shundayki, oldingda ikki odam bor. Biri hozirgina hayot bilan vidolashgan. Ikkinchi bir inson esa jon talashyapti. O‘sha birgina bo‘lak bilan ko‘zing oldida hayotdan ko‘z yumishi muqarrar bo‘lib turgan bemor yana yashashda davom etishi mumkin. Bu esa har ikki bemorga tegishli o‘zaro qarindoshlar qarori bilan hal bo‘ladi. Balki biz ham xalqimizni bunga bosqichma-bosqich tayyorlashimiz kerak bo‘lar. Muhimi, bir insonning hayoti saqlab qolinadi.
Markaz hayotga qaytargan bemorlardan biri bilan telefon orqali bog‘landik. Suhbatdoshimiz O‘tkir Komilov jigar sirrozi tashxisini eshitgach, kasal holiga sarson bo‘lib chet elma-chet el yurmadi. O‘zimizning shifokorlarga ishondi. Qolganini o‘zidan eshitamiz:
– To‘rt oy bo‘ldi Milliy tibbiyot markazida jigar qo‘ydirganimga. Operatsiyadan chiqqanimda 66 kilogramm edim, hozir 78 kilogramm bo‘ldim. Ahvolim yaxshi. Menga jigar bergan singlim ham sog‘ va omon. Markazning bemorlar uchun ochilgan telegram guruhiga a’zoman. Bu yerda bemorlar uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar berib boriladi. Doimiy ichiladigan ikki turdagi preparatlarimizni bepul yetkazib berishadi. Bemorlarning kasallik davriga oid elektron qo‘llanmalar yaratishgan. Bu ham shu telegram kanalda qo‘yib boriladi. Unda har bir bemorga tegishli barcha ma’lumot bo‘ladi. Shifokor almashib qolgan taqdirda ham keyingi shifokor shu qo‘llanma asosida bizning davolanish jarayonimizni nazoratga oladi.
Darhaqiqat, kerakli dori vositalarining o‘z vaqtida yetkazib berilishi mamlakatimizda qat’iy nazoratga olingan va bemorlarning davolanishlari uchun yetarli darajada dori zaxiralari shakllantirilgan. Buyrak va jigar ko‘chirib o‘tkazilgan 1 ming 500 nafardan ortiq bemorlar davlat reestr ro‘yxatiga olingan. Shu ro‘yxat asosida ikki turdagi immunosupressiv dorilar bepul berib borilmoqda. Bemor bu dorilarni umr bo‘yi ichib borishi kerak.
Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tish joizki, retsipientning barcha tibbiy tekshiruv, muolaja va jarrohlik amaliyoti uchun xarajatlari davlat sug‘urta kompaniyasining gardanida. Har bir jigar transplantatsiyasiga muhtoj bemor uchun 150 milliondan 200 million so‘mgacha pul mablag‘i davlat tomonidan ajratiladi. Faqat donorning tashxis natijalari, qon va boshqa tahlillari hamda amaliyotga ketadigan xarajatni o‘zi to‘laydi. Bu harajat miqdori 40-50 million so‘m atrofida bo‘ladi. Xorijga borib jigar qo‘ydirish uchun esa eng kamida yana o‘n barobar ko‘p pul sarflanadi.
Tibbiyotning kun sayin emas, soat sayin rivojlanib borayotgani, bemorlar tuzalayotgani quvonarli holat. Ammo kasallikning oldini olish eng ma’qul yo‘ldir. Xo‘sh, jigar og‘rimasa, uning kasalligini qanday bilamiz? Qanday holatda u transplantologiyaga muhtoj bo‘ladi?
Doimiy charchoq, qorinning kattalashishi, qorin bo‘shlig‘ining terisida qon tomirlarning ko‘rinib qolishi, ko‘z va terining sarg‘ayishi, bel sohasida terining qichishishi, og‘izda achchiq ta’mni his qilish, badandagi ko‘karishlar, qon tomirlarining mo‘rt bo‘lib qolishi kabi belgilar jigarda muammo borligini ko‘rsatuvchi simptomlardir. Uning transplantologiyaga muhtoj yoki yo‘qligi tibbiy tahlillar orqali aniqlanadi.
Jigar tana a’zolari ichida eng faoli hisoblanadi. Uning noyob xususiyati shundaki, inson tana a’zolari ichida birgina jigar qaytadan o‘zini o‘zi tiklay oladi, juda tez sog‘lom va to‘laqonli a’zoga aylanaveradi va sharoit yaratilsa, u uch yuz yilgacha faoliyatda bo‘lishi mumkin. Bu ham bir moʻjiza. Donor kimgadir jigar berib, kamayib qolmaydi. Bugungi kunda respublikamizda yigirma mingdan ziyod bemorning gepatit C, gepatit B, jigar gipatozi (yog‘ bosishi) tufayli jigar ko‘chirish amaliyotiga ehtiyoji borligini hisobga olsak, bir insonga jigar berish orqali hech narsa yo‘qotmasligimizni tushunaylik, ya’ni zarur bo‘lsa, jigarlarimizdan jigarimizni ayamaylik. Zero, bir odamni o‘limdan saqlab qolish eng olijanob tole!
Muhayyo RUSTAMOVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 11-iyuldagi 28-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596

