15.08.2025 | 12:06
1367
“KETDINGMU SEN MENI TASHLAB…”
Cho‘lponning ilk ijodiy mashqlari “Sadoyi Farg‘ona” va “Sadoyi Turkiston” gazetalarida bosilgan. Shu tariqa u el og‘ziga tushdi, shoir sifatida tanildi. Turkiston Muxtoriyatining e’lon qilinganidan ruhlanib istiqlol kuychisiga aylandi. Sovet hukumati tomonidan Qo‘qon, umuman, Farg‘ona vodiysi qonga botirilganida cheksiz qayg‘uga botdi.

Cho‘lpon 1919-yildan Toshkentda qo‘nim topdi. Bu yerda Fayzulla Xo‘jayev, Fitrat bilan tanishdi. Aslida, shoir Fitrat shaxsiga “Oyina” jurnalidagi chiqishlari orqali g‘oyibona ehtirom tuyib kelardi. Shu tariqa Cho‘lpon “Chig‘atoy gurungi”da olimning o‘ng qo‘liga aylandi. Tashkilot Akmal Ikromov (Elxon), Qayum Ramazon (O‘ktam), Mirmashriq Miryunus (Elbek), Mannon Majidiy (Uyg‘ur), Xurshid, Botu, Sanjar Siddiq, Shokir Sulaymon, Gʻulom Zafariy, Gʻozi Yunus kabi ko‘plab iqtidorli yoshlarning boshini qovushtirdi. Ular adabiy yig‘inlarida Vatan ozodligi va istiqboli haqida suhbatlar qurar, eng muhimi, a’zolarning har biri Fitrat tavsiyasi bilan ilm-fan, adabiyot va san’atning ma’lum bir yo‘nalishini tadqiq etishga yo‘naltirilgandi.
Shoir Toshkentda “Ishtirokiyun”, “РосТА” devoriy gazetalari, “Yangi Sharq” jurnali tahririyatida faoliyat olib bordi. Allaqachon Turkistonning birinchi raqamli shoiriga aylangan Cho‘lponning ijod namunalarini o‘sha yillardagi o‘zbek milliy matbuotining deyarli barcha sonlaridan topish mumkin.
1920-yil Bokuda o‘tkazilgan Sharq xalqlari konferensiyasiga Turkiston hukumati rahbari Turor Risqulov boshchiligida guruhlar tashrif buyuradi. Ular sovet ma’murlariga “Turkistondan qizil armiyani olib chiqib ketinglar” degan qat’iy talab bilan chiqadi.
Biroq bu talab e’tiborga olinmay, mazkur konferensiya bolsheviklar hukumatining navbatdagi xalqaro darajadagi bir tomoshasidan boshqa narsa emasligi ayon bo‘ladi-qoladi. Buni anglab yetgan milliy taraqqiyparvarlarning hafsalasi pir bo‘lib, endi mahalliy rahbarlarning bir qismi milliy istiqlolchilik harakatini qo‘llab-quvvatlashga kirishadi.
Cho‘lpon 1921–1922-yillarda Buxoroda bo‘lib, “Buxoro axbori”da muharrirlik qildi. 1922–1924-yillari Abdulhay Tojiyev bilan Farg‘onada chiqqan “Darxon”, 1923–1924-yillari “Farg‘ona” gazetalarida ishlaydi. Sovetlar 1923-yil Farg‘onada bosmachilikka qarshi jiddiy va qonli kurashni avj oldiradi. Bu vaqtda Farg‘ona jadidlari va mahalliy rahbarlarning qat’iy talabi bilan milliy ozodlik kurashchilariga nisbatan amnistiya e’lon qilinadi. Jarayonda milliy istiqlol kurashiga bosh qo‘shgan bir qism aholini qizil armiyaning muqarrar qirg‘inidan saqlab qolishga erishiladi. Shunday og‘ir sharoitda Abdulhay Tojiyev Moskvaga chaqirib olinadi. Cho‘lpon Toshkentga, do‘sti, Turkiston maorif komissari Nazir To‘raqulov yoniga kelib, Fitrat, Sanjar Asfandiyorov, Sultonbek Xo‘janov, Sulton Segizboyevlar bilan “Inqilob” jurnalida ishlay boshlaydi.
1923-yil yanvar oyida Munavvar qori Abdurashidxonov tashabbusi bilan “Nashri maorif” jamiyati tashkil etiladi. Ular bu xayrli tadbirda vaqf mulklarining imkoniyatlaridan ham unumli foydalanishni niyat qilib, Vaqf jamiyati muassisligida “Haqiqat” jurnalini chop etishni yo‘lga qo‘yadi. Bu jarayonda ham Cho‘lpon ulkan g‘ayrat namunasini ko‘rsatadi.
“Nashri maorif” qisqa muddatda vaqf daromadlari va aholidan yig‘ilgan pul evaziga kattagina ishlarni amalga oshiradi. Xususan, Orskdan taraqqiyparvar Ahmad Is’haqovning Turkiston tarixiga oid katta kutubxonasini sotib olib Toshkentga keltiradilar. Biroq ziyolilarning bu harakati sovet hukumatining jiddiy qarshiligiga sabab bo‘ladi. Natijada ko‘plab taraqqiyparvarlar ustidan jinoiy ish ochiladi. Munavvar qori Abdurashidxonov, Saidnosir Mirjalilov kabi xalq orasida katta obro‘ga ega ziyolilarga qarshi mafkuraviy hujum avj oladi. “Nashri maorif”ning Turkiston hukumatidagi homiylaridan Nazir To‘raqulov ham Moskvaga chaqirib olinadi. Shunday bir sharoitda Cho‘lpon uchun og‘ir kunlar boshlanadi.
Fayzulla Xo‘jayev Muhiddin Tursunxo‘jayev tomonidan tayyorlangan tavsifnomani imzolab, Cho‘lponni Moskvaga yo‘llaydi. SSSR XKSda ishlayotgan Turor Risqulov bu ijobiy tavsiyanoma asosida shoirni tarjimonlikka oladi. Shu tariqa Cho‘lpon 1924–1927-yillarda Moskvada qolishga majbur bo‘ladi.
1926-yili Moskvadagi O‘zbek muallimlari instituti direktorligi Hamdam Tojiyevga topshiriladi. Yangi rahbar Cho‘lponga institut yotoqxonasidan joy berib, o‘sha vaqtda Moskvada bo‘lgan Fitratni ham o‘zbek talabalariga dars berishga jalb qiladi. Ular qisqa muddatda barcha o‘zbekistonlik talabalarni o‘z atrofida jamlab, turli to‘garaklar faoliyatini, qizg‘in bahs-munozaralarni avj oldiradi, haqiqiy ilmiy muhitni yaratadi. Ammo Markazning “sergak” komsomollari talabi bilan O‘zbek muallimlar instituti tugatilib, Cho‘lpon ishsiz qoladi…
Yurtga qaytishga qaror qilgan shoir Samarqandga kelgach, 1930-yilgacha G‘ulom Zafariy bilan Musiqa bilim yurtida ishlaydi. Biroq…
1930-yil sovet hukumati funksionerlari tomonidan o‘ylab topilgan “Narkompros ishi” natijasida Botu rahbarligidagi ziyolilar qamoqqa olinadi. Cho‘lpon va Fitrat boshida qora bulutlar to‘plana boshlaydi. Fayzulla Xo‘jayev ularni asrab qolish uchun qo‘lidan kelgan choralarni ko‘radi. U 1931-yil 300 so‘m bilan Cho‘lponni yana Moskvaga yo‘llaydi. Shunga qaramay, Cho‘lponga qarshi hujum susaymaydi. Shoir 1932-yil 27-mayda Moskva 41, Grajdanskaya ko‘chasi 101-uydan O‘zbekiston hukumati rahbarlari F.Xo‘jayev va A.Ikromovlar nomiga yozgan xatida K.Alimovning mahalliy matbuotdagi o‘ziga qarshi maqolalarini chop etishni to‘xtatishlarini so‘raydi.
Fayzulla Xo‘jayev hukumat rahbari sifatida Cho‘lpon oldida o‘zini mas’ul deb biladi. Har gal Moskvaga borganida uchrashib, uni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlaydi. 1934-yil vaziyat yumshagach, Xo‘jayev Cho‘lponni yana Toshkentga chaqirtirib, shaxsan o‘zi qarshi oldi. Bu gal unga 500 so‘m pul va yaxshi sharoitli bir uy ham topshiradi. 1936-yil Cho‘lpon kasal bo‘lib qolganini eshitgan Fayzulla Xo‘jayev ko‘rishga boradi va “biz sizni davolaymiz” deb mamlakatning eng yaxshi do‘xtirlarini jalb etadi…
Shu yillarda Cho‘lpon “Guliston” jurnalida A’zam Ayub, Sanjar Siddiq, Mirkarim Osim, Elbek, Usmon Nosir, Uyg‘un, Oybek, Hamid Olimjon, Maryam Sultonovalar bilan birgalikda ishlaydi.
1937-yil 12-iyul kuni O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissari Zagvozdin davlat xavfsizligi xodimlari Mavrin, Agabekovlar tomonidan tayyorlangan qarorga imzo chekadi. Unda Abdulhamid Cho‘lponga nisbatan aksilinqilobiy unsur sifatida O‘zSSR JKning 66-moddasi 1-qismi va 67-moddalari qo‘llanadi. 13-iyul kuni hech bir qo‘shimcha tekshiruvlarsiz uni qamoqqa olish uchun order yoziladi. Toshkent shahri, Djerzinskiy ko‘chasi 49-uy, 2-xonadonda tintuv o‘tkaziladi. Tintuv yakunida Qohirada chop etilgan bir nechta jurnal, shaxsiy buyumlar – soat, kamar, pasport, 45 so‘m pul, shuningdek, yozishmalar, she’rlar, ko‘krak nishonlari ro‘yxatga olinib, olib ketildi. O‘sha kuni to‘ldirilgan shaxsiy anketada uning oilasi sifatida turmush o‘rtog‘i Yekaterina Ivanovna (30 yosh, uy bekasi), singillari Fozila (30 yosh) va Foiqa (27 yosh)ning nomlari keltirilgan.
23-iyul kuni bo‘lgan ilk so‘roqda Cho‘lpon ming azob va tahqirlar ostida o‘ziga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni tan olishga majburlanadi. 1937-yil avgust sanasi bilan Agabekov yana bir qarorni imzolaydi. Unda “Cho‘lpon savdogarning o‘g‘li, yirik ulamo Zahiriddin A’lamning jiyani, “Milliy ittihod”ga Munavvar qori Abdurashidxonov tomonidan qabul qilingan. Biroq shu vaqtgacha Fayzulla Xo‘jayev, Turor Risqulovlar homiyligi ostida qatag‘ondan saqlanib qolgan”, deyiladi.
Zagvozdin 22-avgust kuni G‘ozi Olim Yunusov va Cho‘lponning aksilinqilobiy faoliyatini o‘rganish uchun ikki oyga tergovga tortilsin, deb qaror chiqaradi. Aftidan bunga o‘sha vaqtda shoirning qamoqqa olinishiga qarshi keng aholi qatlamlari va yoshlarning qarshiligini inobatga olgan mahalliy hukumat rahbarlarining Markazga murojaati sabab bo‘lgan.
25-sentyabr kuni so‘roqda ham Cho‘lpon o‘zi tanigan-bilgan insonlar haqida berilgan savollarga javob beradi. U qanchalik oqko‘ngil bo‘lmasin, sovet tuzumi jallodlari Cho‘lponga nisbatan inson zoti chiday olmaydigan zulmni susaytirmaydi. Natijada, 1-noyabr kuni taqdirga tan berib, “jinoiy ishimni ko‘rdim, roziman, boshqa qo‘shimcham yo‘q, ishni yopinglar”, deb yozib berishgacha boradi. Shundan so‘ng ham har ehtimolga qarshi 13-noyabr kuni Cho‘lpon ishi yuzasidan yangi bir qaror chiqariladi. Unga ko‘ra, Cho‘lpon 1932-yildan go‘yoki Yaponiya foydasiga josuslik qilgan emish. Shu-shu, Cho‘lponni boshqa bezovta qilishmaydi, ammo qariyb bir yil sovuq turmada saqlashadi.
1938-yil oktyabri boshida Cho‘lpon G‘ozi Olim Yunusov va Abdurauf Fitrat bilan yuzlashtiriladi. Afsuski, so‘roq bayonnomalari kabi yuzlashtirishlar ham amaliy ahamiyatga molik ko‘rilmaydi. Buning bosh sababi hukm allaqachon Markaz tomonidan chiqarilib, taraqqiyparvarlar mahv etilishi, ularning nomlari ham tarix sahifalaridan o‘chirilishi kerak edi.
Cho‘lponning ayblov bayonnomasi 1937-yil 16-dekabrda O‘zSSR IIXK Apresyan tomonidan imzolanib, dalil-isbotsiz o‘zbekning buyuk shoiri bo‘yniga O‘zSSR JKning 64-, 67-, 58-moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlar ilinadi. 1938-yil 3-oktyabrda mazkur qog‘ozlar nomi aniq ko‘rsatilmagan qandaydir SSSR pomprokurori tomonidan imzolanadi. Vaholanki, oraliq vaqtda qanchadan qancha hukmga kiritilishi mumkin bo‘lgan voqeliklar aniqlangan. Biroq, bizningcha, yuqoridagi qog‘oz Markazning nazoratidan o‘tkazib olingani uchun unga biror o‘zgartirish kiritishga hech kimning haddi sig‘magan. Eng qizig‘i, dunyo tanigan insonning sudi qog‘ozda ko‘rsatilishicha, 1938-yil 5-oktyabr kuni soat 13:55 – 14:10 da “Uchlik” tomonidan o‘tkazilgan. Cho‘lponning o‘zi esa 1938-yil 4-oktyabrda mahv etilgan edi…
Keyinchalik Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning ishi qayta ko‘rib chiqiladi. Jarayonda O‘zSSR Yozuvchilar uyushmasi tomonidan maxsus komissiya tuziladi. Oradan ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa ham ayrim kimsalar Cho‘lpon she’riyatidagi milliy ruh ufurib turgan nuqtalarni “aksilinqilobiy” isyon sifatida baholashda davom etishdan qaytmadilar.
1956-yil 9-mart kuni so‘roqqa chaqirilgan Abdulla Qahhor o‘z fikrini quyidagicha bayon etadi: “…Usmon Nosirning “Mehrim” to‘plamidagi she’rlar hech qanday aksilsovet mazmunga ega emas, uning o‘zi ham ajoyib shoir va tarjimon edi. Abdulla Qodiriyning “Obid ketmon” romani boshqa asarlaridan ko‘ra bo‘shroq, lekin yomon asar emas. O‘zbek yosh shoirlari Fitrat, Elbek, Botu, Cho‘lponlarning she’rlari ham bari ajoyib yozilgan, ularning ham birortasiga aksilsovet asarlar deb baho berish kerak emas…”
Cho‘lpon 1957-yil 1-avgust kuni SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi tomonidan oqlanadi. Ammo qaysi aybi uchun jazolangani ochiqlanmaydi.
Cho‘lponning pok nomi faqat mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘nggina xalqqa qaytarildi. Shoirning yubiley sanalari nishonlandi, Andijonda shoirning byusti o‘rnatildi, Cho‘lpon muzeyi ochildi. Keyingi yillarda ham bu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 8-avgustdagi 32-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



