Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.08.2025 | 16:50

img605

“UCH OY QOVUNIM…” MATALI O‘ZGARGANIGA O‘N YILLARDAN OSHDI

Qadim zamonlardagi Xorazm ahlining tirikchiligini aniq-tiniq aks ettiradigan matalni eshitganmisiz: “Uch oy qovunim, uch oy sovunim. Uch oy qovog‘im, uch oy chavog‘im”. “Qovun”, “qovoq” – tushunarli. Lekin “sovun” va “chavoq” nima degani?

Amudaryo har ikki sohilda yashovchi kishilarga faqat suvi bilan emas, turli baliqlari bilan ham tiriklik manbai bo‘lgan. “Chavoq” – bu baliq. “Sovun” deganda tabiat ne’matlarini turli usullar bilan qishga saqlab qo‘yish – yoz-u kuzdagi to‘kinlikdan qolgan rizq tushuniladi.

Qovun vohada necha ming yillardan buyon ekilayotgani qadim bitiklar, sayyohlarning yodnomalarida tilga olinadi. X asrda arab sayyohi Yoqut boshqa o‘lkalarda uchramaydigan qovunlar haqida hayrat bilan yozgan. Xorazmni “o‘n ming qal’ali” yurt deb ta’riflar ekan, har qal’adagi to‘kin bozorlarda mirishkorlar shirin-shakar qovunlarini juda arzon bahoda sotayotganiga urg‘u bergan.

Savdogarlar esa ajib yo‘llar bilan karvonlarda Xorazm qovunlarini Bag‘dodga asl holatida – uniqtirmay yetkazgani ham ayni haqiqat. Tilni yorar qovunlar salkam o‘z vazni miqdorida tilloga sotilgan.

Besh asr ilgari xonlik Yevropaga kuz-qish oylarida qovun eksport qilgani arxiv hujjatlarida qayd etilgan. Bugina emas, qovun mag‘zidan tayyorlangan qovunqoqi Olmoniya yoki Farangiston qirollari dasturxonlarini noyob yemak o‘laroq bezagan.

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning yangi bosqichi Xorazm qovunlariga “ikkinchi umr” baxsh etdi – Xivada har yili avgust oyida respublika Turizm qo‘mitasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida “Qovun sayli” xalqaro festivali o‘tkazish an’anaga aylandi.

Bu yil ham an’ana davom etib, uch kun davomida “Arda Xiva” majmuasini turli qovunlarning o‘ziga tortar hidlari tutib ketadi. Ayniqsa, mazkur festival xorijlik sayyohlarning e’tiborini tortadi. Chiroyli qilib terilgan, balandligi qadim me’moriy obidalar bilan bellashadigan, turli rang va ko‘rinishdagi qovunlarni faqat tomosha qilib qolmasdan, undan tatib ko‘rish, to‘ygancha iste’mol qilishni kim xohlamaydi deysiz?

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazining sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Xorazm ilmiy-tajriba stansiyasida vohada yetishtirilgan 124 turdagi qovunning urug‘i saqlanadi. Nafaqat saqlanadi, balki barcha nav qovunlar oz maydonlarda bo‘lsa-da ekilib, ularning namunalari har yili “Qovun sayli”da namoyish qilinadi.

Raqamning hayratlanarli ekanini tasavvur qilyapsizmi? 124 turdagi qovunlar! Shu o‘rinda ajdodlarimizning malakasi, tajribasi va salohiyatiga qoyil qolamiz, rahmatlar aytamiz! Behad faxrlanamiz ham.

Bahor adog‘ida boshqa viloyatlardan keltirilgan tezpishar tarvuzlar qatorida vohada yetishtirilgan tezpishar qovun turlari ham aholi dasturxoniga yetkazib berila boshladi. Kunda-kunora ko‘chalar bo‘ylab qovun-u tarvuz sotayotgan yuk mashinalarni bolalar o‘rab olishgani manzarasi ko‘zlarni quvontirdi. Yozning ilk oyi o‘rtalariga kelib esa voha tabiatiga mos, o‘xshashi yo‘q gurvaklar pishib yetildi va aholi tiligi tilni yorar noyob qovun ta’midan bahramand bo‘ldi.

Shu o‘rinda qovunchilikdan keladigan daromad haqida muxtasar aytmoq lozim. Vohada polizchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklardan tashqari, aholi qo‘shimcha tomorqalarida qovun yetishtirishni yil-yildan ko‘paytirayotgani ortida ham aynan kam chiqim evaziga yaxshigina daromad topish ishtiyog‘i yotibdi. Ochiq maydonlarga ekilgan tezpishar qovun gektariga o‘rtacha 250  sentner tosh bosadi. Bahor oyog‘ida har bir kilogramm qovun 6-7 ming so‘mdan sotildi. Yoz oylariga kelib esa narx 2-3 ming so‘mga tushdi. Demak, bir gektarga qovun ekkan dehqon o‘rtacha har gektardan 100 million so‘m atrofida daromad topadi. Boshqa biror ekin bu qadar sof daromad olib kelmaydi. Sholi yoki boshqa ekinlarni yetishtirishda sarf-xarajatlar umumdaromadning deyarli yarmini yutib yuborsa, qovun yetishtirishga sarflangan xarajat oladigan daromadning eng ko‘pi bilan 15 foizini tashkil qiladi. Bir marta – undayam gektariga 200 kilogramm mineral o‘g‘it berilishi bir yoq, bor-yo‘g‘i hali palak yozar vaqtida bir bora sug‘orilishi bir yoq.

Aynan sarf-xarajatning kamligi sabab so‘nggi yillarda yangi bog‘ tashkil qilgan fermerlar bog‘ oralariga qovun ekish tajribasini keng qo‘llay boshlashdi. Bog‘ orasiga ekilgan qovun gekteriga 150  sentner hosil beradi. Yoz o‘rtalarigacha qovun yig‘ishtirib olinadi – kuzda esa mevalar pishib yetiladi. Bir maydondan shu taxlit ikki marta hosil ko‘tariladi.

Ayrim fermerlar bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga qovunning tezpishar navlarini ekib, kuz yarmida hosil ko‘tarish tajribasini qo‘llashmoqda. Bu bilan ham suv tejaladi, ham qisqa muddatda – uch oyda yaxshigina daromad olinadi.

O‘tgan yili bog‘otlik fermer Murod Yavmutov qadim bobolar an’anasini qayta tikladi – dunyoning ikki yuz davlatida amal qiladigan “Halol” sertifikati egasi bo‘lgan bu tadbirkor ilk bora Buyuk Britaniyaga qovun eksport qildi.

Biz hali chorak asrdan buyon voha qovunchilarining Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarga qovun murabbosi, qovun urug‘i eksport qilayotganlari, ularning safi yil sayin oshib borayotganini aytmayapmiz. Birgina o‘tgan yili voha polizchilari xorijga salkam 1 million dollarlik qovun urug‘i sotishdi. Bu urug‘lar ekish uchun emas – Sharqiy Osiyodagi ayrim davlatlarda qovun urug‘idan turli dori-darmonlar tayyorlash texnologiyalari amaliyotda ekanligi bilan izohlanadi.

Hozirda vohada qovunning tezpishar hamda qishki navlaridan eng ko‘pi bilan o‘n to‘rt turi ekilyapti. Ilmiy tajriba stansiyasida avaylab saqlanayotgan yuzdan ortiq qovun navlari urug‘lari o‘z davri kelishini kutyapti.

Bolalik davrimizda – o‘tgan asrning oltmishinchi-yetmishinchi yillarida vohada ko‘plab ekilgan qovunning ayrim navlari bugun polizlarda ko‘rinmaydi. Ta’mi shirinligida gurvak bilan bellashadigan “Qari qiz” navli qovunning ta’mi katta avlod vakillarining og‘zida qolgan. Yoki mag‘zi bir qarich keladigan, har birining og‘irligi 25-30 kilogramm tosh bosadigan “Olaxomma” navli qovun ham bugun kamyob. Polizchilar bu navli qovunni ancha kech pishishi sabab ekmay qo‘yishgan. Ishonamizki, qishloq xo‘jaligiga yangicha texnologiyalar tezkor kirib kelayotgan hozirgi davrda yuqorida eslatilgan qovun navlarini tezpishar navlar bilan chatishtirish orqali qayta ekish va  parvarishlash tajribasini yo‘lga qo‘yish kerak.

Qadim va hamisha navqiron Xivada “Qovun sayli” boshlanmoqda. Uch kun davom etadigan festival o‘tgan yillardagidan zavqliroq, hashamliroq o‘tishi aniq. Sayilga tashrif buyuradigan mehmonlar soni ham bu yil rekord ko‘rsatkichga yetishi hech shubhasiz.

Zahmatli mehnatlari hosilasi bo‘lgan shirin-shakar qovunlari bilan festival ahlini xursand qilgan mirishkorlar bir qancha nominatsiyalar bo‘yicha munosib taqdirlanadilar. Bosh sovrin – zamonaviy qimmatbaho yengil mashina ham haqiqiy egasini topadi, albatta!

Bugina emas. Aynan polizchilikka berilayotgan e’tibor samarasi o‘laroq, “uch oy qovunim” matali eskirgani – eng asosiysi. Bugun voha polizchiligi darg‘alari o‘zlari yetishtirgan qovunlarni uzoq muddat saqlash va bahoriy bayramlarda el dasturxoniga yetkazish tajribasini keng o‘zlashtirishdi. Bunda ularga hududlarda barpo qilingan yirik hajmli muzlatgichlar qo‘l kelyapti. Bundan tashqari, tajribali mirishkorlar qovunlarni mo‘tadil iqlimli xonalarda qumga ko‘mib saqlashdek ajdodlar tajribasidan ham foydalanishyapti.

Vohada qovunning 124 navi borligini yuqorida hayrat va iftixor bilan qayd etgandik. Raqamni keltirishda sal shoshibmiz. O‘tgan yilning o‘zida Xorazm ilmiy tajriba stansiyasi hamda Urganch davlat universiteti olimlari voha tuprog‘i va iqlim sharoitlariga mos uchta yangi qovun navini yaratishibdi. “Iftixor”, “Gandimyon” hamda “Kumush” deb nom berilgan yangi qovun navlari tajriba stansiyasi maydonlarida ilk bora ekildi va yaxshigina hosil ko‘tarildi. Bugun boshlanib, uch kun davom etadigan “Qovun sayli”da ilk bora shu yangi nav qovunlar festival ishtirokchilariga taqdim qilinadi.

Bu Yurtboshimiz tashabbusi bilan boshlangan “Qovun sayli” festivalining qisqa fursatdagi samarasi va yutug‘i zalvorli ekanidan darak beradi.

Qadim Xivaga “Qovun sayli”ga marhamat!

Ro‘zimboy HASAN

“Jadid” gazetasining 2025-yil 8-avgustdagi 32-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600