14.08.2025 | 12:28
771
ARMONLI YILLAR SADOSI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi 2024-yil 19-iyuldagi qarorida qayd etilishicha, 1937–1953-yillarda mustabid sovet tuzumi tomonidan yuz mingdan ziyod xalqimiz vakillari qatag‘on qilingan. Ularning 13 ming nafari otib tashlangan. Minglab kishilar nohaq quloq qilingan, surgunga jo‘natilgan. Ular orasida atoqli davlat va siyosat arboblari, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, diniy ulamolar, harbiy soha va sud-huquq tizimi xodimlari, ishchi-dehqonlar, ularning oila a’zolari ham bo‘lgan.

Mustaqilligimiz sharofati bilan, ayniqsa, keyingi yillarda Vatan istiqloli, xalqimiz ozodligi uchun kurashib, shu yo‘lda qurbon bo‘lgan ota-bobolarimiz hayoti va faoliyatini atroflicha o‘rganish, tadqiq etish, nomlari va xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash joizki, ushbu qaror yosh avlodni buyuk ajdodlarimiz xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalashga, ota-bobolarimiz jasorati va ibratli hayot yo‘llarini yanada keng targ‘ib etishga xizmat qiladi. Biz bu tarixiy hujjatdan ruhlanib, sho‘ro davrida dushman atalib, qatl qilingan uch aziz siymo haqida hikoya qilmoqchimiz.
Bu fidoyi insonlar Buxoro amirligida ulkan mavqega ega Eshoni Sudurlar hisoblanadi. “Sudur”lik – amir tomonidan o‘z davrining ma’rifat va shijoat ahliga berilgan yuksak unvon sanalgan.
* * *
Qatag‘on qurbonlari haqidagi izlanishlari bilan el nazariga tushgan tarixchi olim Bahrom Irzayev biz nazarda tutayotgan sudurlarning biri haqida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi:
1931-yil 23-iyunda OGPU qo‘shinlari 10-otliqlar polki 2-divizioni jangchilari va chekistlar tomonidan Buxoro amirligining mashhur lashkarboshisi Ibrohimbek yarador holda qo‘lga olinadi. U avval Stalinobodga (hozirgi Dushanbe), so‘ngra Toshkentga olib kelinadi. Chekistlar tomonidan o‘tkazilgan tergov va dahshatli qiynoqlar Ibrohimbek barobarida u zot bilan Vatan tuprog‘iga qadam qo‘ygan, erk va adolat uchun mardona kurashgan 15 nafar qo‘rboshiga nisbatan ham qo‘llaniladi.
1931–1932-yillarda ularning barchasi qizil armiyaga qarshi harakat qilganlikda ayblanadi va SSSR Xalq komissarlari soveti (XKS) huzuridagi OGPU kollegiyasi majlisining 1932-yil 13-apreldagi qarori bilan o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Siyosiy idoraning maxfiy hujjatida keltirilgan otilganlarning ro‘yxati quyidagicha: “Ibrohimbek Chaqaboyev, Sulaymon Salohiddinov (Eshoni Sudur), Abduqayum parvonachi Ulayev, Eshon Isoxon Mansurxonov, Alimardon dodxoh Muhammedov, Ortiq dodxoh Ashirov, Ko‘ganbek Kenjayev, Toshmat Xo‘jaberdiyev, Mulla Niyoz parvonachi Hakimov, Alet (Arlot) polvon Elmirzayev, Shohasan Imonqulov, Ko‘ganbek Sheraliyev, Mulla Ahmadbiy Saidov, Mirzaqayum Sherov, Azim Marqa Ostonaqulov, Eshon polvon Bahodirzoda”.
Ro‘yxatdagilar orasida Eshoni Sudur nomi ham tilga olingan. Tarixchi Nasriddin Nazarovning “Muhammad Ibrohimbek laqay” kitobida qayd etilishicha, Eshoni Sudurning ismi Sulaymon Salohiddinov bo‘lib, u 1878-yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Otasi Eshon Salohiddin Buxoro amiri Sayyid Abdulahadxon saroyida qator yuqori lavozimlarda ishlagan. Uning oxirgi lavozimi shayxul-islom bo‘lib, mansab jihatidan to‘g‘ridan to‘g‘ri amirning o‘ziga bo‘ysungan hamda ta’lim va tarbiya ishlarini boshqargan.
Eshon Salohiddin Sayyid Olimxon taxtga chiqmasidan oldin olamdan o‘tgan. O‘g‘li Eshon Sulaymon yangi amir e’tiborida bo‘lib, G‘uzorda istiqomat qilgan. Amir unga bosqichma-bosqich o‘roq, sudur, sadr unvonlarini bergan. Shu tariqa amirning sadoqatli kishisiga aylangan.
Sayyid Olimxon umidli rejalar bilan Dushanbega yo‘l olgach, Eshoni Sudur ham unga ergashib, Sharqiy Buxoroga yuzlanadi. Amir voqealar rivojini kuzatib, bir muddat Afg‘onistonda turishni ma’qul ko‘radi. Eshoni Sudur ham safdagi o‘rnini anglab, 1921-yilda qo‘shni davlat hududiga o‘tadi. Ibrohimbek bilan sakkiz oy Afg‘onistonda bo‘lib, 1931-yil iyun oyida u bilan birga yana sovetlar egallagan hududga qaytadi. Bir necha kun tog‘ma-tog‘ yurib Denovga – Xudoynazar komandirning uyiga boradi. Ikki kun mehmon bo‘lgach, Denov GPUsiga qurollarini topshirishadi. Eshoni Sudur Ibrohimbek va uning o‘n olti safdoshi bilan birga hukumat tomonidan qamoqqa olinib, Toshkentga olib kelinadi va 1932-yilning avgust oyida ularning barchasi qatl etiladi.
* * *
Taniqli olim va ijodkor Mirzo Kenjabekning “Buyuk termiziylar” kitobida yana bir boysunlik Eshoni Sudur haqida quyidagicha ma’lumot bor:
Eshoni Sudur (1861–1924) nomi bilan mashhur bu zotning asl ismi Eshon Tojuddinxon ibn Sayyid Muxtorxondir. U yetuk olim, yetakchi shayx, oqsoqol, ya’ni xalqning ma’naviy va ruhiy rahnamolaridan biri bo‘lgan. U zot o‘zbek adabiyotida milliy ozodlik harakati vakillaridan biri sifatida tavsiflanadi. Xususan, atoqli adib Shukur Xolmirzayev asarlarida (“Qora kamar” dramasida) bosqinchi va mustamlakachi bolsheviklarga qarshi kurashgan shaxs o‘laroq ko‘rsatilgan.
Eshoni Sudur 1861-yilda Boysun tumani Gaza qishlog‘ida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ilmni o‘z otasidan olgan. 1875–1878-yillarda Buxorodagi Mir Arab madrasasida o‘qigan. Madrasada buxorolik Mirzo Muhammad ismli g‘oyat bilimdon saboqdosh qadrdon do‘sti bo‘lgan. Zakovati va ilmga chanqoqligi bilan talabalar orasida obro‘si ortib, uning yuksak e’tibor va iqtidori Buxoro amirining ham qulog‘iga yetib borgan. Amir o‘z huzuriga chaqirib, u kishi bilan suhbatlashib, izzat-ikrom ko‘rsatgani naql qilinadi.
U elga oqsoqol bo‘lib, xalq orasidagi ba’zi bir kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qiladi. Jumladan, o‘sha paytda Sherobod bekligida uch urug‘ (qavm) o‘rtasida yer talashish oqibatida chiqqan katta nizo Eshon Tojuddinxon boshchiligida bartaraf etiladi.
Shunga o‘xshash nizolar Boysun bekligidan to Hisor bekligigacha bo‘lgan hududda tez-tez takrorlanib, Eshon Tojuddinxonning adolatparvarligi, aminligi va voizligi tufayli xalqning osoyishtaligi ta’minlangan.
Shu tariqa obro‘si ortib borgan Eshon Tojuddinxonning faoliyati haqidagi xabarlar Buxoro amiriga ham yetib boradi. Sayyid Olimxon Eshonni huzuriga chorlab, suhbat o‘tkazadi. Amir o‘zining qarshisida halol va pokiza, imon-e’tiqodli, yurt tinchligi va osoyishtaligini hamma narsadan ustun qo‘yadigan, Boysun bekligida katta mavqega ega, diyonatli, adolatparvar kishi turganiga amin bo‘ladi.
Sudur unvoni bilan taqdirlangan Sayyid Tojuddinxonga Dehqonoboddan Hisorgacha bo‘lgan hududning nazorati ishonib topshiriladi. Bu hududdan kelgan daromadning katta qismini u beva-bechora va hojatmandlarga taqsimlab bergan. Amir davlat ishlarida ham Eshoni Sudur bilan maslahatlashgan. Bu holat qizillarning Boysunga bosqiniga qadar davom etgan. Dushmanga qarshi kurash olib borgan milliy ozodlik harakatiga Eshoni Sudur yo‘lboshchilik qiladi. Bosqinchilar dovyurak, kuchli ilm va ma’naviy holga ega bunday yo‘lboshchini jismoniy yo‘q qilishning turli-tuman yo‘llarini izlashadi.
1924-yil qishda Eshoni Sudur zarurat yuzasidan Dehqonobodga boradi.
NKVD xodimlari uning ortidan keladi. Xalq dushmani degan ayblov bilan u Boysunga keltirilib, uch kun ushlab turiladi va otishga hukm qilinadi.
Boysunliklar ayni paytda Sayyid Tojuddinxon tug‘ilib o‘sgan va sovetlar tomonidan otilgan Gaza qishlog‘ida unga atab maqbara tiklashgan.
* * *
Uchinchi qahramonimiz nurotalik Eshoni Sudur – Tursunxo‘ja Eshonxo‘jayev (1872–1936) ham nafaqat hayotligida, vafotidan keyin ham xalq hurmati va e’tiborini qozongan muhtaram zotdir. Bu tabarruk siymo Zarafshon OGPUsi tomonidan 1928-yil 9-avgustda ZOOOGUning 48-orderi bilan hibsga olingan. Rasmiy hujjatlarda o‘sha paytda uning 64 yoshda ekanligi, savodliligi, madrasani tamomlagani qayd etilgan.
O‘sha kuni Nurota shahrining Chillamozor ko‘chasidagi Eshoni Sudurning 15-uyi tintuv qilinadi va u sovetlarga qarshi kurashgan jinoyatchi sifatida hibsga olinadi. Qo‘yilgan ayblovga ko‘ra, u 1917-yilda amirlikdan o‘roq darajasini olgach, Kolesov boshliq qizil armiyaga qarshi kurashgan. 2000 odam to‘plab, ularni jangga boshlagan va o‘zi boshchilik qilgan. Shuningdek, Karmanadan 5000 odamni qurolli guruhga qo‘shgan. Qizillar biroz chekingach, Mullo Abduqahhor guruhi bilan birlashib, Kolesovga keladigan yordamning oldini olish maqsadida Malik stansiyasi temir yo‘llarini buzdirgan. G‘ijduvonda qizillarning otliqlariga bardosh berolmay, 100 nafar yigiti bilan Nurota tarafga chekingan.
Tursunxo‘ja oktyabr to‘ntarishi vaqtida Buxoro amiri Olimxon va chet ellik harbiy mutaxassis Anvar Posho bilan yaqin aloqada bo‘lib, xalqni sovet hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘atgan. U Eshoni Sudurlik darajasini olgach, qizillarga qarshi kurash tashkilotchilaridan biriga aylangan va O‘zbekiston JKning 69-,78- va 242-bandlari (RSFSR JKsining 58-13, 59-3 va 173- bandlari ) bilan jinoyatchi deb topilgan.
Jinoyat ishi OGPUning 172-24 ayblovi bilan sudga oshirilgan. 1928-yilning 2-noyabrida OGPUning tezkor yig‘ilishida qo‘yilgan ayblar tor doirada muhokama qilinadi va Eshoni Sudur Samaraga surgun qilinadi. Surgundan qaytgach, Tojikistonning Vahdat tumanidagi Tangai qishlog‘ida yashaydi va 1936-yilda shu yerda vafot etadi.
* * *
Tadqiqot davomida arxivda saqlanayotgan fotosuratlardan biri e’tiborimizni tortdi. Unda Ibrohimbek qo‘rboshining Toshkentda otilgan o‘n olti safdoshidan beshovi aks etgan: Ular – Ibrohimbek qo‘rboshi, Alimardon Dodxoh, Eshoni Sudur, Mirzaqayum Sherov, Abduqayum parvonachi Ulayev.
O‘rtadagi shaxsning surati ostiga “Eshoni Sudur” deb yozilgan, izohda esa bu kishi qo‘rboshi Sulaymon Salohiddinov deb tanishtirilgan. Ushbu surat internet tarmoqlarida e’lon qilingan edi. Nurotalik Tursunxo‘ja Eshonxo‘ja avlodlari suratdagi “Eshoni Sudur” tagmatni egasi bobolari ekanini ta’kidlashadi. Lekin o‘n olti qo‘rboshi ichida nurotalik Eshoni Sudur bo‘lgani haqida dalil yo‘q. Shu nuqtada arxiv suratlarida nomutanosiblik borligi ko‘zga tashlanadi.
Davlat arxivida saqlanayotgan ikki surat esa yanada chuqurroq tadqiqot talab qiladi. Suratlar ostidagi yozuvlar xosmi yoki tavakkal yozilganmi, aniqlash lozim.
Yuqoridagi beshtalik suratda bir shaxs “Eshoni Sudur Sulaymon Salohiddinov” deb tanishtirilgan bo‘lsa, keyingi surat tagmatnida “Eshon Isoxon Mansurxonov” deb tanishtirilayotir. Yonidagi suratning ostiga esa “Qo‘rboshi Salohiddin Sulaymonov” deb yozilgan.
Bu haqda soha mutaxassislari shunday izoh beradi: 20–30-yillarga taalluqli hujjatlarda bu kabi chalkashliklar kuzatilishi mumkin.
Tursunxo‘ja Eshonxo‘janing fotosurati borligi jinoyat ishi jildida qayd etilgan. 1928-yilning 5-avgustida tergovchi Korenevskiy qori Mahmud Tursunov va Tosh Zaripovlardan “Buxoro amiri Olimxon bir guruh yaqinlari bilan tushgan suratda Tursunxo‘ja Eshoni Sudur bormi?” deb so‘raganida, har ikkalasi oldingi qatorning so‘ngida o‘tirgan oq libosli kishi Tursunxo‘jaligini aytadi. Taxminlangan shunday bir surat ham arxivdan topildi.
Suratdagilarning bir guruhi mahalliy libosdagi mag‘lub amirlik amaldorlari bo‘lsa, bir guruhi g‘oliblikdan masrur sovet ma’murlaridir.
Rasm ommaga namoyish etish uchun nopisandalik bilan tasvirga olingan bo‘lsa kerak. Oddiy odamlarning fikrini chalg‘itib, sho‘ro tarafda bo‘lishga, aks holda, suratda aks etgan kazo-kazolarning ahvoliga tushishlariga ishoradek tuyuladi.
Bu suratda amir yo‘q, faqat yaqin mulozimlar bor. Chunki Sayyid Olimxon sovet ma’murlari qo‘liga tushmagan. Nazarimizda, tergovchining so‘rog‘ida g‘alizlik bordek. Bizningcha, uning “Buxoro amiri Olimxon bir guruh yaqinlari bilan tushgan suvratda Tursunxo‘ja – Eshoni Sudur bormi?” degan so‘rog‘i aslida “Buxoro amiri Olimxonning yaqinlari aks etgan mana bu suratda Tursunxo‘ja – Eshoni Sudur bormi?” tarzida qo‘yilishi kerak edi. Suratni sinchkovlik bilan kuzatgan kishi aytilgan o‘rindagi shaxs Tursunxo‘janing avvalgi suratlariga o‘xshashligini payqaydi.
Haqiqatga yuzlansak, Tursunxo‘ja – Eshoni Sudurning tug‘ilganiga bir yarim asrdan oshdi (1872), vafotiga esa qariyb bir asr bo‘ldi (1936). Hozirda uning to‘rtinchi va beshinchi avlodlari bor. Shuning uchun qiyoslarda va tahlillarda ehtimol ustuvor bo‘lib qolayotir.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qatag‘on qurbonlari haqidagi mazkur qarori tarixiy haqiqatni yuzaga chiqarishda zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Eshoni Sudur Tursunxo‘ja faoliyatiga oid tadqiqotimiz bu siymoni arbob, ulamo, sarkarda, ishchi-dehqonlar sardori sifatida ommaga tanitish yo‘lidagi yana bir qadamdir.
Mustaqillik yillarida Nurota shahridagi Titov mahallasi qayta nomlanib, unga Eshon Sudur – Tursunxo‘ja nomi berilgan. Ushbu hududda uy-muzeyi ham tashkil etilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.
Suyundiq Mustafo NUROTOIY
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 8-avgustdagi 32-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604

