19.08.2025 | 09:07
775
XATARLI XURUJLAR: UNING OLDINI OLISH UCHUN NIMA QILMOQ KERAK?
Masala qanchalik jiddiy?
Xolis e’tirof etish lozimki, bugunga kelib geosiyosatda din omili va ommaviy axborot vositalaridan foydalanish borasida qo‘shtirnoq ichida ilgarilab ketgan noxolis kuchlar faolligi kundan kunga ko‘proq kuzatilmoqda. Jamiyatlarni radikallashtirishda axborot omili, xususan, ijtimoiy tarmoqlar o‘ta samarali rol o‘ynayotgani esa sog‘lom fikrli har qanday kishini tashvishlantiradi.

Bu hodisaning asosiy jihatlaridan quyidagilarni alohida aytib o‘tish lozim. Ancha yillardan beri din g‘oyaviy-mafkuraviy ta’sir vositasi sifatida ayrim geosiyosiy kuchlar tomonidan muayyan hududlarda o‘z ta’sirini kuchaytirish yoki boshqaruvni beqarorlashtirish maqsadida qo‘llanmoqda.
Bu jarayonda mazhablar va mazhablararo ziddiyatlardan o‘ta samarali foydalanish holatlari ham kuzatiladi. Jumladan, sunniy va shia mazhablari o‘rtasidagi ziddiyatlar ayrim davlatlarning geosiyosiy manfaatlarini ilgari surishda qo‘l keladi. Qolaversa, sunniy mazhabi doirasida shakllangan mazhablar orasida ziddiyatlar va bahs-munozaralarni keltirib chiqarishdan bevosita manfaatdor bo‘lgan kuchlar ham yo‘q emas.
Ayrim Yaqin Sharq mamlakatlarida yoki alohida mintaqalarda siyosiy beqarorlik keltirib chiqargan yoxud chiqarishga urinayotgan ba’zi radikal guruhlar o‘z harakatlarini “ilohiy missiya” sifatida talqin qilib, siyosiy maqsadlarini “diniy manfaatlarni himoyalash” deb izohlamoqda. Aynan shu o‘rinda axborot omilining jamiyatni radikallashtirishdagi roli yaqqol ko‘zga tashlanadi. Mass-media va internet orqali diniy radikal guruhlar o‘z g‘oyalarini keng ommaga yetkazish uchun qilayotgan harakati ekspertlarni shunday xulosaga undaydi.
Bu jarayonda feyk yangiliklar, montaj qilingan videolar, manipulyatsiya singdirilgan media mahsulotlar va noxolis talqindagi oyatlar hamda hadislar orqali odamlarning his-tuyg‘ulariga ta’sir etiladi.
“Mazlumlik” obrazi yaratilib, yoshlarni yolg‘on “jihod”ga jalb qilish osonlashadi. Asosan yoshlar auditoriyasini qamragan tarmoqli kommunikatsiya manbalari – Telegram, YouTube, TikTok, Discord, Dark Web singari platformalar jamiyatlarni radikallashtirish loyihalarini amalga oshirishda qo‘l keladi.
Shu o‘rinda axborotning psixologik ta’sirini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Inson his-tuyg‘ulariga kuchli ta’sir o‘tkazish maqsadida yaratilgan tasvirlar, videolar yoki illyustratsiyalar, dramatik filmlar, “jannati shahidlar” haqidagi kinolar, seriallar, radikal va ekstremistik mazmundagi videoroliklar ko‘zlangan g‘arazli maqsadga yetishda ulkan rol o‘ynaydi.
Noxolis diniy ta’limotni qabul qilib olayotgan kimsalar manipulyatsiyaga asoslangan fikrlarga ishonishga moyil bo‘lganlari uchun axborot ko‘magida radikallashtirish jarayonida dunyoviy ilmi, diniy tasavvurlari g‘arib bo‘lgan birinchi qatlam sifatida qurbonga aylanadi.
Radikal guruhlar esa bundan, albatta, ustomonlik bilan foydalanishadi. Qurbonlar ongida avval axborot xuruji orqali ziddiyatli savollarni tug‘diradi. So‘ng o‘zi yashayotgan jamiyat va mavjud tuzimdan bunday savollariga go‘yoki javob ololmagan manqurtlar ongiga osonlik bilan tajovuzkor g‘oyalarni singdiradi.
Shu o‘rinda alohida e’tibor qaratish va albatta inobatga olish lozim bo‘lgan bir jihat bor. Dunyoning qaysidir burchagida radikallashuv omili kuzatilayotgan bo‘lsa, bilingki, unga ulkan turtkini, shubhasiz, geosiyosiy maqsadlar bermoqda. Mavjud tuzumga qarshi harakat qiluvchi guruhlar vositasida diniy guruhlarni moliyalashtiradigan yoki ularni qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar ham borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Aynan shu jarayonga axborot va ommaviy axborot vositalari geosiyosiy ta’sir quroli sifatida xizmat qilib, fuqarolik urushi, qochqinlar muammosi va ichki beqarorliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, geosiyosiy manfaatlar doirasidagi hududiy ta’sirni kengaytirish maqsadida ommaviy axborot vositalarida muayyan bir hududni, diniy ozchilik yoki etnik guruhni “qutqarish” borasidagi da’volar iddao qilinib, boshqa davlatning ichki ishlariga aralashish ham kuzatiladi.
Shu tarzda din omili radikallashuv jarayonida simvolik va emotsional ta’sir vositasiga, axborot omili esa geosiyosatning amaliy quroliga aylantiriladi. Bu ikki omil birgalikda qo‘llanilganda inson ongiga ta’sir qilish, yoshlar ongiga radikal g‘oyalarni singdirish, ichki siyosiy barqarorlik izdan chiqishi kabi hodisalar sodir bo‘ladi. Bu holatni ayrim Yaqin Sharq, Afrika, Osiyo va Okeaniya mamlakatlari misolida ham kuzatish mumkin.
Muammoning yechimi borasida ekspertlar nima deydi?
Doktor Reham Salama, Misr Arab Respublikasidagi ekstremizmga qarshi kurash “Al-Azhar” observatoriyasi direktori:
– Bugun dunyoda ayrim jamiyatlar, xususan, yoshlarning radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolishida axborot omili katta o‘rin tutmoqda. Shu bois biz dastlab ilmiy markaz sifatida tashkil etilgan rasadxonamizning funksional vazifasini ma’lum ma’noda o‘zgartirib, ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda faollashishni maqsad qildik.
Observatoriyaning bosh maqsadi esa Al-Azhar majmuasining insonparvarlik missiyasi va xalqaro hamjamiyatdagi ijtimoiy roli doirasida barcha ko‘rinishdagi terrorizm va ekstremizm g‘oyalari hamda mafkuralarni kuzatib borish, ularga axborot vositalari ko‘magida qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishdan iborat.
Ayni paytda biz dunyoning barcha joylarida yashovchi musulmonlarning hayotini yoritib borish, Islom dini haqidagi haqiqatni to‘g‘ri yetkazish va dinimizda aks etgan insoniy qadriyatlarni ochib berish maqsadida o‘n uch tilda media mahsulotlar va materiallar tayyorlayapmiz.
Tadqiqotchilarimiz turli terroristik va ekstremistik tashkilotlar tomonidan e’lon qilinayotgan materiallar, Islom dini va musulmonlarning hayotiga oid barcha maqolalar, fikrlar, jarayonlar, amalga oshirilayotgan tadqiqotlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Shu bilan birga, terrorizm va ekstremizm g‘oyalariga qarshi tayyorlangan materiallarni veb-saytlarda, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda, ekstremizm va terrorizmga oid tadqiqot markazlarida, telekanallarda, gazeta va jurnallarda e’lon qilib borish yo‘lga qo‘yilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad esa ekstremistlar tomonidan tarqatilgan noto‘g‘ri g‘oyalarga qarshi kurashish, bag‘rikenglikni targ‘ib qilish, moʻtadil Islom dinining haqiqiy qiyofasini ko‘rsatib berishdan iborat. Markazimizda 18 ta bo‘lim va 110 nafar xodim aynan shu maqsad yo‘lida faoliyat yuritmoqda.
Doktor Muhammad Hassan, Misr Arab Respublikasidagi “Salam” ekstremizmni o‘rganish va islomofobiyaga qarshi kurashish markazi direktori:
– Chindan ham radikal, ekstremistik va terroristik g‘oyalarga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos, ayniqsa, onlayn saboqlar, diniy mazmundagi ma’ruzalar va da’vatlar keng ommalashib ketgan bugungi kunda. Bizning markazimizda bu borada jadal ishlar boshlanganiga ancha bo‘ldi. Biz buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib etayotgan kimsalarga javob qaytarishda ularning shaxsiga urg‘u bermaymiz, chunki bu hol uning yanada ommalashib ketishiga xizmat qilishi mumkin. Uni obro‘sizlantirishga qaratilgan xatti-harakatlar ham aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Hozircha bu borada o‘zini oqlayotgan yechim shuki, jamiyatlarni radikallashtirishda axborot omilining yaqqol ustunlikka ega ekanligini tan olgan holda, mavzuga oid sog‘lom axborotni tarqatish va shunday axborotni ishlab chiquvchi markazlar faoliyatini samarali tashkil etish lozim. Aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib tashkil etilgan markazimizda yuzdan ortiq kishi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Biz internetdagi barcha platformalar, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat olib borayotgan radikal voizlar hamda ekstremistik va terroristik g‘oyalarni targ‘ib etayotgan shaxslarning chiqishlarini muntazam kuzatuvga olganmiz. Jamiyatimizda ziddiyatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan diniy mazmundagi har qanday g‘oyaga, fatvo va boshqa da’vatlarga tezkorlik bilan javob qaytaramiz.
Mamlakatdagi ommaviy axborot vositalarida uchrayotgan ekstremistik chaqiriqlarga oid kalit so‘zlarni aniqlab, bunday kontentlarning keng tarqalishidan oldin preventiv tarzda o‘chirilishini, shaxsga urg‘u bermagan holda mavzu yuzasidan aniq shar’iy va qonuniy nuqtayi nazarlarni bayon etuvchi media mahsulotlarni ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yganmiz.
Doktor Toha Najim, Misr Arab Respublikasidagi Iskandariya universitetining ommaviy axborot vositalari bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i:
– Bugun ma’lum ma’noda voqelik tezlashib ketdi. Jamiyatda sodir bo‘layotgan biror-bir hodisani ilmiy jihatdan puxta tahlil qilib, u haqda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazib, salmoqli ilmiy kitob yozib, uni kimgadir o‘qitishga jazm qilgan odamlar biroz kechikib ham qolyapti…
Qolaversa, hozirgi yoshlarning bunday kitoblarni o‘qishga sabri yetarmikan?!
Juda katta qismi ijtimoiy tarmoqlarning o‘ta faol foydalanuvchilari bo‘lgan bugungi avlod ongiga radikal g‘oyalar aynan shu “tuynuk”lar orqali yo‘l topyapti. Demak, ijtimoiy tarmoqlarda sog‘lom g‘oyalarni targ‘ib etish va radikal g‘oyalarga asosli raddiyalarni ommalashtirish ustida ishlash lozim. Bu borada kino san’atining, uy bekalarining sevimli ermagi bo‘lgan seriallarning, internet platformalarida keng ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarning va shu tarmoqlarda “xaridorgir” hisoblangan turli janrlardagi videoroliklarning o‘rnini inobatga olish kerak.
Bu mulohazalar “Ziyo” media markazi vakillarining Misr Arab Respublikasi va Turkiyaga ijodiy safari mobaynida tinglandi. Misrdagi “Dorul ifto” Fatvo uyushmasi, Iskandariya kutubxonasi, Turkiyadagi Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish IRCICA tashkilotining yana bir qancha tajribali ekspertlari ham shunga o‘xshash mulohazalarni bildirib o‘tishdi.
Radikal axborot xurujiga qarshi kurashda nimalarga e’tibor berish zarur?
Avvalo, zararli axborotlarning preventiv o‘chirilishini yo‘lga qo‘yish lozim. Bu senzura emas, balki milliy xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqqan holda muqarrar g‘oyaviy-mafkuraviy xavfdan aholi, xususan, yoshlarni himoyalash usulidir. Darvoqe, “Salam” ekstremizmni o‘rganish va islomofobiyaga qarshi kurashish markazi direktori doktor Muhammad Hassan ham o‘z intervyusida bu borada qisman to‘xtalib o‘tgan edi.
Shu o‘rinda preventiv tarzda o‘chirilish nima ekanligini izohlash lozim. “Preventiv” atamasi lotincha “praevenire” so‘zidan olingan bo‘lib, “oldini olish” degan ma’noni anglatadi. Preventiv tarzda o‘chirilish esa, ekstremizm, radikalizm yoki zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi kontentni topib, uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishidan oldin yo‘q qilish, demakdir.
Ko‘pchilikda “bu texnik jihatdan qanday ishlaydi”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Albatta, ushbu dastur internet algoritmlariga xos tarzda ishlaydi. Unda “Kalit so‘zlar” jamlanmasi mavjud. Markaz va hamkorlar tomonidan shakllantirilgan ma’lum bir kalit so‘zlar va ifodalar ro‘yxatini o‘z ichiga oladi. Masalan, “jihod” so‘zi va uning sinonimlarini, “kofirlarga qarshi kurashish”, “shahidlik”, “bomba tayyorlash” va hokazolarni.
Bundan tashqari, internetda xavotirga sabab bo‘layotgan kontentlar muntazam kuzatib boriladi (web crawling). Aniqlangan kalit so‘zlar asosida veb-saytlar, bloglar, videolar, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar ham avtomatik ravishda o‘rganiladi. Zo‘ravonlikka da’vat, yolg‘on fatvolar, yoshlarni radikallashtirishga urinishlar va shunga o‘xshash holatlar aniqlansa, ushbu kontent platformaga yuboriladi va tarqalishidan avval o‘chiriladi.
E’tiborga loyiq jihati shundaki, bu jarayon kontent keng ommaga yetmasidan avval sanoqli lahzalar ichida amalga oshadi, ya’ni odamlar uni ko‘rib ulgurmasidan avval foydalanuvchining profili bloklanishi, videosi o‘chirilishi yoki posti yo‘q qilinishi mumkin.
Bu esa yoshlar va keng jamoatchilikning radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasligida, terroristik harakatlarni rejalashtirishning oldini olishda va internet axborot tarmog‘ining ekstremistlar uchun yollash vositasiga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslikda samarali chora bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, axborot-tahlil va media markazlar faoliyatini takomillashtirish lozim. Chunki har qanday dunyoviy davlat oldida diniy qarashlarga daxl qilmaslik, hech bir dinni boshqa dindan ustun qo‘ymaslik, dinlararo va mazhablararo bag‘rikenglik tamoyillarini, millatlar o‘rtasidagi totuvlik muhitini mustahkamlash, diniy aqidalar va tushunchalarning o‘ta radikal shaklga kirishiga hamda jamiyatning radikallashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik vazifalari ko‘ndalang turadi.
Bu vazifalar puxta ilmiy salohiyat hamda shu salohiyatga tayangan axborotni keng yoyish, buzg‘unchi va ekstremistik g‘oyalarga berilajak malakali ilmiy-tahliliy javoblarni aholiga o‘z vaqtida yetkazish orqali amalga oshiriladi. Axborot omili aynan shu o‘rinda jiddiy rol o‘ynaydi.
Dunyoda shunday vazifalarni bajarayotgan bir talay markazlar bor. Bu o‘rinda Gaagada joylashgan International Centre for Counter-Terrorism (ICCT) markazini, Londondagi Institute for Strategic Dialogue (ISD) instituti, Global Research Network on Terrorism and Technology (RUSI) markazi, Merilend universitetining ta’lim-tadqiqot markazi hisoblangan National Consortium for the Study of Terrorism and Responses to Terrorism (START) markazi, BAA poytaxti Abu-Dabi shahridagi Hedayah – International Center of Excellence for Countering Violent Extremism markazi, Parijdagi European Union Institute for Security Studies (EUISS) instituti, Chexiyadagi Centre Against Terrorism and Hybrid Threats markazi, Singapurdagi S. Rajaratnam School of International Studies (RSIS) xavfsizlik va strategik tadqiqot instituti, AQShning Honolulu shahridagi, Osiyo-Tinch okeani regioni bo‘yicha faoliyat ko‘rsatuvchi Asia-Pacific Center for Security Studies (DKI APCSS) markazi, Bangladesh Institute of Peace & Security Studies (BIPSS) markazi va yana o‘nlab tashkilotlarni sanab o‘tish mumkin.
E’tibor bering, bunday markazlar tashkil qilingan mamlakatlarda yoshlarning radikallashishi, ekstremistik va terroristik g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi bilan bog‘liq muammolar deyarli bartaraf etilgan. Chunki bunday markazlar ommaviy axborot vositalari orqali ekstremistik oqimlarni statistik tahlil qilish, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, gibrid tahdidlarga qarshi tegishli choralar qo‘llash, o‘quv-seminar va treninglar o‘tkazish, internetda tarqatilayotgan ekstremistik materiallarni monitoring va onlayn tahlil qilib, ularga qarshi kurashish bo‘yicha turli strategiyalarni amalga oshiradi. Demak, ommaviy axborot vositalari, jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi strategik qadamlarning ishlab chiqilishi va puxta reja asosida boshqarilishi yurt taqdiriga daxldor hodisaga aylanishi mumkinligini tan olgan holda, axborot-tahlil va media markazlar faoliyatini yanada takomillashtirish choralarini ko‘rish lozim.
Xulosa
Shubhasiz, bugunga kelib axborot omili zamonaviy radikallashuv jarayonida eng xavfli va ta’sirchan qurollardan biriga aylangan. Ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan dezinformatsiya, feyk yangiliklar, manipulyatsiya singdirilgan diniy matnlar va emotsional videolar yoshlar ongiga kuchli ta’sir ko‘rsatib, ularni radikal g‘oyalarga moyil qilib qo‘yayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Bu esa geosiyosat yuritishda ustasi farang bo‘lib ketgan ayrim g‘arazli kuchlar uchun juda qo‘l kelishi tabiiy. Natijada geosiyosiy kuchlar din omili va axborot texnologiyalaridan birgalikda foydalanib, hududiy beqarorlik va ziddiyatlarni keltirib chiqarishdan to‘xtamayapti. Mazhablararo nizolar, “mazlumlik” obrazi va noto‘g‘ri fatvolar orqali radikal guruhlar o‘zlarining siyosiy maqsadlarini diniy da’vat bilan niqoblab, o‘z ta’sir doirasini kengaytirib borayotgani ham bor gap.
Misr va Turkiyadagi bir qator ekspertlar ta’kidlaganidek, radikal g‘oyalarga qarshi samarali kurash faqat shaxsni obro‘sizlantirish orqali emas, balki sog‘lom, ilmiy asoslangan, bag‘rikenglikka da’vat etuvchi axborotni tizimli tarqatish bilan amalga oshirilishi mumkin. Bu jarayonda preventiv o‘chirish, kalit so‘zlar va avtomatik monitoring orqali ekstremistik materiallarni aniqlash, ijtimoiy tarmoqlarda tezkor va asosli raddiyalar berib borish, OAV orqali radikal g‘oyalarga qarshi bo‘lgan media mahsulotlar, maqolalar va hokazolarni ommalashtirish juda muhim.
Dunyoning rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarida shu maqsad yo‘lida faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy-tadqiqot va media markazlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, axborotni jilovlash, nazorat qilish va boshqarish bilan radikallashuvning oldini olish mumkin. Ha, aynan shunday. Bunday markazlar gibrid tahdidlarga qarshi strategiyalarni ishlab chiqish, statistik tahlil, trening va onlayn monitoring orqali yoshlarning ekstremistik g‘oyalar ta’sirga tushib qolish xavfini keskin kamaytiradi. Aynan shu ma’noda, axborot omilini nazorat qilish va undan sog‘lom kontent tarqatishda foydalanish – radikallashuvga qarshi eng samarali vositadir, deyish mumkin. Buning uchun milliy va xalqaro ilmiy markazlar, ommaviy axborot vositalari va davlat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatilishi zarur.
Abdulhamid MUXTOROV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 15-avgustdagi 33-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



