Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


03.09.2025 | 12:26

img881

ANVAR OBIDJON MAKTUBI

Uch yillik harbiy xizmatni mashhur Boyqo‘ng‘ir kosmodromida o‘taganman. Sinov raketasini parvozga tayyorlash oson ish emasdi. Harbiy qo‘mondonlik shtabida ishlaganim uchun qo‘shni qismlar bilan ham aloqa qilib turardim. Bir kuni shu yerda oltiariqlik Abdusalom ismli yigit bilan tanishib qoldim. Adabiyotga qiziqadigan, musiqani yaxshi tushunadigan, rubob chalishga qo‘li kelib qolgan yigit ekan, suhbatimiz tez qovushdi. Bo‘sh paytlari birga dam oladigan, radio qo‘shiqlar tinglaydigan bo‘ldik. Abdusalom yoshligida onasi o‘qib bergan Ibrohim Adham qissalaridan so‘zlar, men esa harbiy xizmatni tugatishim bilan Toshkent universitetining jurnalistika fakultetiga kirib o‘qish orzuimdan gap ochardim.

Men O‘shda o‘qib yurgan kezlarim yozgan kichik-kichik she’rlarimdan ayrimlarini Abdusalomga o‘qib bergan edim, unga ma’qul kelib, “Ahmadjon, shu bizning Oltiariqda Anvarjon ismli bir yigit bor-da, she’rlar mashq qiladi, qo‘li ancha kelib qolgan, mashqlarini yuborsa, ko‘rib bermaysizmi?” deb qoldi. Bepoyon qozoq dashtining jaziramasida, yana harbiy kiyimda deng, Toshkent gazetalari bosmasa ham tinimsiz she’rlar jo‘natib turgan navqiron ijodkor sifatida, “Mayli, yuborsin, o‘qib ko‘ramiz”, dedim ustozlarga xos viqor bilan.

Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas, Anvarjondan xat keldi. Besh-oltita she’r. So‘zlari to‘la yodimda qolmagan, ammo futbol to‘piga bag‘ishlangan she’rning ma’nosi quyidagicha: “Hamma bu to‘pni oyog‘i bilan ayovsiz tepadi, boshi bilan uradi, ko‘kragi bilan turtadi, jahli chiqsa, maydondan tashqariga otib yuboradi, faqat darvozabongina mehribonlik bilan ikki qo‘llab bag‘riga bosadi, silab-siypalaydi…”

Sodda va ravon satrlar. Kulgili joylari ko‘p. Bolalar uchun yozilgan boshqa she’rlarda uchramaydigan o‘xshatishlar, ajoyib topilmalar. O‘qib bo‘lgach, Abdusalom ikkimiz ularni malakali mutaxassislarday jiddiy tahlil qildik, uncha-muncha tortishuv, bahs ham bo‘ldi. So‘ng men yosh shoirga gazeta-jurnallardan menga keladigan javob xatlaridan foydalangan holda: “Hurmatli Anvar Obidjon, she’rlaringizni o‘qidim, ba’zilari yaxshi chiqibdi. Yumoringiz bor ekan. Bolalar hayotini yaqindan biladiganga o‘xshaysiz. Harakat qiling, ko‘p o‘qing, ustozlardan o‘rganing, erinmang, shunday mashq qilishda davom etsangiz, kelajakda sizdan yaxshi shoir chiqishi mumkin”, degan xat yozdim.

* * *

Harbiy xizmat tugaguncha ana shunday ma’noda xat olishib turdik. Oradan ko‘p yillar o‘tib, Farg‘ona teatri binosida O‘zbekiston xalq shoiri, bolalar uchun yozilgan yigirmadan ortiq badiiy asarlarning muallifi Anvar Obidjon tug‘ilgan kunning 60 yilligi nishonlanganida, menga “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muharriri sifatida so‘z berishdi. Shoirning yubileyi bahonasida men o‘sha kunlari vodiy tumanlarini zir aylanib, gazeta obunasi bilan shug‘ullanayotgan, bir joyda ko‘nglim ko‘tarilib, bir joyda hafsalam pir bo‘lib yurgandim.

Sahnaga ko‘tarilib, so‘zimni o‘sha… harbiy xizmatdan Oltiariqqa yo‘llagan xatlarimdan boshladim: “Hayot qiziq narsada, Anvar Obidjon bugun o‘zbek bolalar adabiyotiga yangi havo olib kirgan, badiiy ifodada o‘z yo‘li va ovoziga ega taniqli shoir. Men esa oddiy muharrirman. Anvarjon o‘shanda mening buyuk maslahatlarimga amal qilmaganida bormi, u bugun bu sahnada emas, menga o‘xshab, qishloqma-qishloq yurib, tuman gazetasiga obuna uyushtirib yurgan bo‘lardi…”

Zal kulgidan larzaga keldi.

* * *

Anvar Obidjon o‘zining ta’biri bilan aytganda, bir muddat “ko‘zga ko‘rinmas, ammo mas’uliyati jiddiy mansab”larda jonbozlik ko‘rsatib, hayotni kuzatdi, qalamini charxlab, ana undan keyin bo‘lajak qahramonlari Gulmat hamrohligida yosh Meshpolvonni poytaxtga yetaklab keldi. Faqat shu emas, bo‘lajak shoir poytaxtga Oltiariqning ohorli ovozi, o‘zi ko‘rgan-bilgan qanchadan qancha yurtdoshlarining ajabtovur xarakteri, uchirim-qochirimlari, askiya payrovlarini ham olib keldi. Tuman gazetasida uzoq yillar qalam tebratgani jurnalistika sohasida o‘zini namoyon etishiga yordam berdi. Buni uning o‘zidan eshitaylik:

“Boshlang‘ich sinfdaligimda she’rlar mashq qilardim. Ilk she’rlarimdan biri “G‘uncha” jurnalida bosilgach, o‘zimni binoyidek shoir sanay boshladim, maktabdagilardan birortasi: “Ha, shoir”, deb iljayib o‘tsa, bu kesatiq ekanini sezib tursam ham, baribir, ich-ichimdan suyunib ketardim.

Harbiy xizmatdan qaytib, kolxozda ishlab yurgan vaqtimda tuman gazetasiga kichik-kichik xabarlar yoza boshladim. Ustozlar she’rlarimning u yer-bu yeriga qalam tekkizib chiqarishsa, uncha o‘pkalamasdim, ammo eng “quyi tabaqali” gazetaning shumshaygan bir xodimi kelib-kelib mendek “shoir”ning maqolasini tahrir qilsa, peshonam tirishardi. Tumanimizdagi “Paxta uchun” gazetasiga ishga o‘tganimizdan keyin anchagacha shashtimdan tusholmay yurdim. Jimjimador so‘zlarni ocherk yoki lavhalarda me’yori bilan ishlatish mumkinligini, maqola esa imkon qadar jonli xalq tiliga yaqin bo‘lishi, bunda bezanchoqlikning darajasi emas, xabarning qimmati muhim ekanligini anglagunimcha yana bir-ikki yil o‘tdi.

1974-yili “Ona yer” degan birinchi kitobim chop etildi, hovrim ancha pasayib, shoirligimni ortiqcha pesh qilmaydigan bo‘lib qoldim. Chunki, bu sohaning ichida yurib bildimki, gazetada ishlaydigan bo‘lsang, shoirlik jurnalistligingni ma’lum darajada to‘ldirishi mumkin, lekin hatto eng zo‘r shoir ham bu jabhada pishib yetilgan eng oddiy jurnalistning oldida hech kim emas”.

* * *

O‘zbek bolalar adabiyoti uzoq yillar turlicha saviyadagi badiiy ifoda bosqichlaridan o‘tib keldi. Qizil mafkura beshigida bo‘lsa-da, ulg‘aydi. Yosh o‘zbek kitobxonlarining she’r qanday yozilishi xususidagi tasavvuri Zafar Diyor, Quddus Muhammadiy, Ilyos Muslim, Qudrat Hikmat, Tolib Yo‘ldosh, Po‘lat Mo‘min kabi iste’dodli shoirlar ijodi asosida shakllangan va buni hech kim inkor etmaydi. Yutug‘i ham, kamchiligi ham o‘zimizniki. Ijodkor, u qaysi sohada bo‘lmasin, albatta, o‘z qarashlaridan kelib chiqadi. Ammo dunyo o‘zgargani sari odamlarning turmush tarzi, o‘y-xayollari ham o‘zgarib boradi, kattalar bilan birga bolalar ham ulg‘ayib, ko‘z o‘ngimizda beg‘ubor nigohlari bilan dunyoga boqadigan, biz e’tibor bermagan narsalarni idrok etadigan, yaxshi-yomonning, rost va yolg‘onning farqiga boradigan bo‘lishadi.

Fikrimcha, o‘tgan asrning yetmishinchi yillari mana shu muhim holatni bolalar she’riyatida Miraziz A’zam, Tursunboy Adashboyev, Anvar Obidjon kabi ijodkorlar boshqalardan ko‘ra bir muddat avval sezishdi. Bolalar uchun yozish kattalar uchun yozishdan o‘n chandon qiyin va mas’uliyatli ekanligini tushunishdi. Shunisi ajablanarliki, o‘sha yetmishinchi yillari sobiq tuzum ijtimoiy-siyosiy hayotida, jamiyatda ham jiddiy bir o‘zgarish yoki muhim burilish bo‘lmagan, hamma soha, ayniqsa, adabiyot mafkuraviy qoliplar belgilab bergan andozalarga amal qilib faoliyat yuritayotgan edi. Bu fikrni o‘sha yillari e’lon qilingan bolalar she’riyatida yaqqol ko‘rish mumkin. Ammo… boshqa milliy adabiyotlarda asta-sekin sezilayotgan o‘ziga xos yangilanish shabadalari, masalan, Sergey Mixalkov, Samuil Marshak, Korney Chukovskiy, Nikolay Nosov kabi taniqli ijodkorlarning bolalar hayotiga doir yangicha qarashlari izsiz ketmadi. Bolalarga yozganda ularning bevosita o‘ziga, xayolot olamiga suyanish, bu yorug‘ olamni bola ko‘zi bilan ham ko‘ra olish, fe’l-atvor, quvlik-shumliklariga e’tibor berish zarurligini anglagan shoirlar ijodida mutlaqo yangicha talqinlar paydo bo‘ldi. Ular ortidan kelayotgan yoshlar ijodida bolalar dunyosi yangicha qiyofada ko‘rina boshladi.

* * *

Anvar Obidjon poytaxt ijod muhitiga tez singdi, jahon adabiyotining bolalarga atalgan eng yaxshi namunalarini sinchiklab o‘qidi. Ular qayta-qayta chop etilayotgani, bugun ham sevib o‘qilayotgani sababini tushunishga harakat qildi. Yozuvchilar uyushmasidagi bir muhim yig‘inda o‘zini bolalar yozuvchisi deb yuradigan va shu maqomi bilan g‘ururlanadigan ijodkorga: “Siz har yili kitob chiqarayotganingiz bilan emas, bolalar kitoblaringizdan nima olayotgani bilan faxrlaning”, degani yodimda. Oradan ko‘p o‘tmay, Anvarjonning “Bahromning hikoyalari”, “Masxaraboz bola”, “Bezgakshamol”, “Juda qiziq voqea”, “Oltin yurakli avtobola”, “Dahshatli Meshpolvon” she’riy to‘plamlari, “Bulbulning cho‘pchaklari”, “G‘alati maktublar”, “Gurungdagi gaplar”, “Ajoyibxona”, “O‘zimizning ansambl”, “Shirin so‘ylar jajjivoylar”, “Kalamushlar kemasi”, “Siz eshitmagan qo‘shiqlar”, “Osmondan tushgan sozanda” turkumlari kichik yoshli o‘quvchilar qo‘liga borib yetar ekan, o‘shanda yuqoridagi anchayin achchiq gap behuda aytilmagani, ijod maydonida bolalar uchun yangicha yozadigan iste’dodli bir qalam sohibi shakllanayotganidan dalolat edi.

Yangicha yozish nima degani? O‘qiymiz: “Kalamushvoy, kalamush, savoding sal chalamish. Yoz desalar “temir” deb, sen yozibsan “kemir” deb”, “Qarg‘a kirdi kinoga, o‘xshab Buratinoga. Hamma joylar edi band, borib dedi nopisand: “Menga qara, vey, Laylak, yeganmisan hech kaltak, qani turchi o‘rningdan, he, o‘rgildim burningdan”.

* * *

O‘tgan asrning saksoninchi yillari oxiriga kelib, o‘zbek badiiy publitsistikasida shiddatli bir jarayon yuzaga keldi. Matbuot zimmasiga jamiyatda kechayotgan murakkab jarayonlarni, yaqin o‘tmishimizda sodir bo‘lgan noxush, adolatsiz voqealarni haqqoniy yoritish, jamiyat a’zolarini yangi mustaqil davlat qurishdek yagona maqsad atrofida birlashtirish vazifasi yuklandi. Negaki, har qanday o‘tish davrida jamiyat hayotidagi xush-noxush voqealarni sinchkovlik bilan kuzatish, tahlil etish, bunda jamiyatning uyg‘oq, fikrlovchi qatlamiga tayanish ta’sirchan publitsistikaning o‘ta kuchli vakolatiga aylanadi. Shunday bo‘ldi ham. Publitsistika bu vazifani talab darajasida bajardi.

Ijodkor ziyolilar istiqlol manfaatlarini o‘z uy, o‘z oilalarini himoya qilganday himoya qilishdi. Gazetalarda otashin maqolalar e’lon qilindi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilingan ko‘plab maqolalar asosida hukumat qarorlari qabul qilindi. Publitsistika umri tugab borayotgan eski tuzumning g‘ayriinsoniy qadriyatlarini, soxta shiorlarini ayovsiz fosh qildi, millatni uyg‘onishga, qizil saltanatning tanazzuli muqarrarligini, millat o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olishi mumkin bo‘lgan buyuk imkoniyat eshik qoqayotganini anglashga chorladi.

Gazetaning faol mualliflari orasida Anvar Obidjon ham bor edi. Mustaqillikka erishish arafasida e’lon qilingan maqolasiga “Yo ahillik, yo qullik” deb sarlavha qo‘ydi. “Muharrir do‘stim, masalani mana shundoq, ya’ni ko‘ndalangiga qo‘yish kerak: yo bugungi imkoniyatdan foydalanib, erkin bo‘lamiz, mustaqil davlatga aylanamiz, yo yana… zanjirlar saltanatiga qaytamiz”, dedi.

Anvarjon bosiq, chuqur mulohazali ijodkor edi. Birdan jo‘shib ketmasdi. Minbarga yugurmasdi. Uning ijodi quruq shiorlardan butunlay xoliligi bilan ajralib turadi. Mana, uning ba’zi fikrlari: “Isyonkorlik, chorlovchanlik, teran mushohada she’riyat kemasining yelkani uchun yo‘lchi shamol vazifasini o‘taydi, shiddatiga shiddat qo‘shadi. Ammo bu shiddat ko‘p sonli “oddiy she’rxonlar”ni o‘ziga eliktiruvchi unsurlar: so‘zlar shirasi, tasvir nafosati, ifoda nazokati ila uyg‘unlasha olmas ekan, she’r quruqshoqlanib, qofiyalashtirilgan nasr tusiga kiradi, ta’sir doirasi torayadi, bir to‘p ziyolilar davrasidan nariga o‘tishi qiyin kechadi. Shu ikki muhim jihatni o‘z ijodida omuxtalashtira olish kamdan kam shoirga nasib etgan”.

* * *

Anvarjon istiqlol mavzusida ko‘p maqolalar yozdi, she’rlar bitdi. Umrining oxirigacha ona yurti Farg‘onada bo‘layotgan o‘zgarishlar, ibratli ishlardan quvonib yashadi, dehqon yurtdoshlarining noyob tajribalarini ommalashtirdi. “Farg‘onaliklar” kitobini Vatanni qanday sevish kerakligi to‘g‘risidagi darslik sifatida hammamizga sovg‘a qildi.

Anvarjon adabiyotga vodiyning noyob lutfini olib kirdi, bolalar she’riyatida mahorat maktabini yaratdi. Nutqimizni go‘zal iboralar, o‘xshatmalar, tashbehlar bilan boyitdi. “Marg‘ilonliklarning so‘zlashuv madaniyati juda yuqori, – deb yozadi shoir “Farg‘onaliklar” kitobida. – Bu shaharga chetdan kelib, sud idorasida ishlagan bir tanishim eridan ajrashmoqchi bo‘lgan yosh juvonning so‘zlash tarzidan lol qolganini menga gapirib bergan. Ayol arzini shunday bayon etibdi: “Xudo xayringizni bersin, bek aka, yarashing deb qistamasinlar mani. U kishim bilan birga yashashning qittak iloji bo‘lsa, sizdek martabali zotning gapini yerda qoldirarmidim… Mayli, yana bir uylanib ko‘rsinlar. Iloyim, yangi topgan xotinlari mandan sabrliroq, mandan ozodaroq chiqsin”.

Marg‘ilon Kumushbibi yurtiligi yodingizga tushdimi?!

Ustoz Erkin Vohidov iste’dodli shogirdiga quyidagi to‘rtlikni bag‘ishlagan:

Shoir Anvar Obidjonga hazil she’r yo‘q,
O‘ylar, akam to‘rt yo‘l yozsa o‘larmidi?
Uning o‘zi to‘pponcha-ku, har so‘zi o‘q,
Qurol bilan hazillashib bo‘larmidi?!

* * *

Shoirning ijod olamini bugun adabiyotshunos olimlar, yosh tadqiqotchilar zavq va qoniqish bilan tadqiq etmoqdalar. Bu ishni akademik Baxtiyor Nazarov boshlab bergan edi: “Anvar Obidjon she’rlaridagi badiiy go‘zallik haqida gap ketar ekan, uning asarlarida shu xususiyatni keltirib chiqaradigan garmoniyani alohida ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Bu garmoniya asoslarini Anvar Obidjon she’rlarida talqin etilayotgan ruhiy-hayotiy muammo ifodasiga eng aniq, tiniq, qisqa, ixcham, sun’iylikdan holi bayon, haqqoniylik va hayotiy obrazlilik tashkil etadi. Ular o‘zining samimiyligi, ifoda yo‘sini va ruhiyatdagi xalqonaligi, ayniqsa, milliyligi, hatto, ma’lum ma’noda vodiyonaligi hamda barchasi juda soddaligi bilan ajralib turadi. Vatan haqida ne-ne she’rlar bitilgan. Lekin Anvar Obidjon Vatanning qisqa, mo‘jazgina, yangi talqinini topa oladi.

Dehqonvachcha shu Vatan
Ikkimizga onadir.
Tuprog‘ining taftidan
Tovonimiz yonadi.
Biroq, munis shu ona
Ikkimiz-chun ikki zot:
Sen uchun u boshpana,
Men uchun u e’tiqod”.

Anvar Obidjon adabiy tilimizni xalqona yo‘lda yanada jozibali qilib boyitishga butun ijod umrini bag‘ishladi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ikki qadrdon do‘st – Tursunboy Adashboyev va Anvar Obidjon o‘zbek bolalar adabiyotini keng ma’noda yangi sifat bosqichiga olib chiqishdi. Bolalarga qanday yozish kerakligini nasrda Xudoyberdi To‘xtaboyev, nazmda shu ikki ijodkor namoyon qilishdi. Bolalarga xos jamiki xususiyatlar – quvnoqlik, zukkolik, quvlig-u shumlik, hozirjavoblik, hotamto-yu chapanilik, kattalarday fikrlashga harakat qilish Anvar Obidjon she’rlarining mag‘zi edi. Ijodiy davralarda “Bolalarga yozish uchun ularni sevish, tilini, dilini tushunish kerak”, degan gapni ko‘p takrorlardi. Bunga o‘zi qat’iy amal qilgani bois, bolalar adabiyotida Anvar Obidjon nomi bilan bog‘liq ijodiy maktab yuzaga keldi. Bu maktab saboqlarini o‘tagan qanchadan qancha yoshlarning ijod namunalari ustoz o‘gitlari behuda ketmaganidan dalolat beradi.

Anvar Obidjon bolalar bilan birga kattalar uchun ham barakali ijod qildi. Asarlari asosida filmlar suratga olindi, spektakllar qo‘yildi. Hajviy g‘azallari, she’riy “uch chanoq”lari, hayvonlar, buyumlar, qushlar tilidan yozilgan maktublari kitobxonlar tomonidan zo‘r qiziqish bilan o‘qiladi. Mamlakatimiz maktablarida uning she’rlarini yod olmagan, kattalar orasida mulla Gulmatni tanimagan, “Farg‘onada bittagina” qo‘shig‘ini tinglamagan muxlisni topish qiyin. Aslida, asl ijodkorning har bir asari kelajakka maktub sanaladi. Faqat uni o‘qiy va uqiy ola bilish kerak.

* * *

Prezidentimizning fidoyi adibimizni “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlagani zamirida shu Vatan, shu xalq ravnaqi, ma’naviyati va ma’rifati uchun qilingan har qanday xolis mehnat, albatta, shuhrat topadi, e’tirof va e’tiborda bo‘ladi, degan teran hikmatni angladim. Demak, biz ziyolilar Xudo bergan ijodkorlarimiz merosini kengroq targ‘ib qilishimiz, yoshlarimizga izohlashimiz, murakkab hayot yo‘llarini ibratli sharhlashimiz, indallo, so‘z sehri orqali ona tilimizga, ona xalqimizga mehr-u muhabbat tuyg‘usini tarbiyalashga qamrovdor e’tibor qaratishimiz zarur ekan.

Ahmadjon MELIBOYEV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 29-avgustdagi 35-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605