20.09.2024 | 14:38
900
BUGUNGI BOLALAR ADABIYOTI MUAMMOLARI
Sovet davri adabiyotshunoslari o‘zbek bolalar adabiyotining paydo bo‘lish solnomasini “Ulug‘ oktyabr inqilobi” deya sharaflab kelingan sana bilan bog‘laydi. Taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Rahmatulla Barakayevning tadqiqotlarida esa bu fikrga keskin raddiyalar beriladi. Olim o‘zining ma’rifatparvar jadid Abdulla Avloniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadqiqotida sovet davri adabiyotshunoslari fikrlari asossiz ekanini birinchilardan bo‘lib isbotlab, folklor va mumtoz namunalar bolalar adabiyotini boyitib turuvchi manba ekanini ta’kidlaydi.

Rahmatulla Barakayev boshlab bergan xayrli ishlarni davom ettirish uchun keyingi tadqiqotchilar oldida o‘zbek bolalar adabiyotining rivojlanish bosqichlarini davrlarga bo‘lib o‘rganish, mazmun-mundarijasini tadqiq qilish vazifalari turadi.
XX asr boshlaridan 1950-yillargacha bo‘lgan davr esa alohida izlanishlar uchun mavzu bo‘la oladi. Bu davrda yetishib chiqqan Hamid Olimjon, Gʻayratiy, Sulton Jabbor, Zafar Diyor, Qudrat Hikmat, Ilyos Muslimning quvnoq va sho‘xchan she’r va qo‘shiqlari bolalar adabiyotini boyitishga xizmat qilgani e’tirofga molik.
Jahon adabiyotining nomdor vakillari bolalar uchun asar yaratish o‘ta murakkab yumush ekanini ta’kidlagan. Sababi, bunday asarlar yozish uchun ijodkorda bolalarga xos ruhiyat bo‘lishi zarur. Umumjahon bolalar adabiyotining o‘ziga xos xususiyati ishonarlilik, soddalik, ohangdorlik va sarguzashtga boyligi bilan ahamiyat kasb etadi. 1950-yilgacha bo‘lgan o‘zbek bolalar adabiyotida ana shu jihatlar ko‘zga tashlanadi. 1950-yildan 1970-yillar boshlarigacha bo‘lgan davrda esa o‘zbek bolalar adabiyotidagi tiniq ohanglarni nasihatbozlik bosib ketdi. Bolalar bog‘chasidan maktabgacha bo‘lgan ta’lim dargohlari darsliklari faqat ana shunday pand-nasihat, quruq bayonchilikdan iborat she’rlar bilan to‘ldirildi. 1970-yillar o‘rtalarida o‘zbek bolalar adabiyotida yangi to‘lqin vujudga keldi. Tursunboy Adashboyev, Anvar Obidjon, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Safar Barnoyev kabi o‘nlab ijodkorlarning asarlarida bolalar dunyosiga xos quvnoqlik, sodda va beg‘ubor tuyg‘ular tarannum qilingan. Ayniqsa, mustabid davr bo‘lishiga qaramay Anvar Obidjon asarlarida mustaqillik, ozodlik g‘oyalari ilgar surildi. Ijodkorning “Ey yorug‘ dunyo” qissasi XX asrning saksoninchi yillarida kitob holida ko‘pming nusxada chop qilingan. Muallif bolalar tiliga mos ravishda yaratgan bu asarida kuchli hajvga urg‘u beradi. Yulduziston fuqarolari ikkiyuzlamachi, o‘zligini unutgan, yuviqsiz shaxslar deb ko‘rsatiladi. Ular uchun poklik va ezgulik yot narsa. Kimki yuvinsa, poklansa, jazo olishi muqarrar.
Ammo tikanzor orasida to‘tiyo bitganidek, bu zaminning adolatpesha, halol insonlari ham bor edi. Ular bu yerda bijib yotgan chirkinlikka qarshi kurashgisi, adolat o‘rnatgisi keladi. Asar bosh qahramoni bo‘lgan bola ularga rahnamolik qiladi. Ular birgalashib zulmat saltanati hukmdoriga qarshi kurashadilar va yorug‘ dunyoga chiqishga muvaffaq bo‘ladilar…
Ushbu asarda ulug‘ bir ishora – mustaqillik g‘oyasi tepamizda qizil imperiya zug‘umlari avj olgan turg‘unlik davri, ya’ni 1980-yillarda ilgari suriladi.
Yozuvchining “Dahshatli Meshpolvon” kitobida ham ozodlik g‘oyasi sovet davrida dadillik bilan qalamga olingan. Undagi Meshpolvonning ota-onasini tutqunlikka giriftor etgan Qahratoniya podshohi bilan kurashib, uni yengib bandi qilingan vatandoshlarini qullikdan qutqarib qaytishi bugungi erkin, tinch va farovon turmushimizga bo‘lgan umidni aks ettirgan edi.
Darhaqiqat, adabiyot kechagi kundan ko‘ra bugunning va kelajak borasidagi o‘y-xayol, orzu-umid, fikr-mushohadalarning timsoli bo‘lsa, yanada qudratli bo‘ladi. Ko‘ngil istagini o‘z vaqtida aks ettirolgan adiblar eng baxtli iste’dod sohiblaridir. Qo‘liga qalam tutgan qobiliyat egasi adabiyot oldidagi o‘z burchi nimalardan iborat ekanini chuqur his etmog‘i lozim. Fikrni g‘oyani o‘z vaqtida ilgari surmog‘i zarur.
Shu ma’noda, Tursunboy Adashboyev, Xudoyberdi To‘xtaboyev va Anvar Obidjon o‘zbek bolalar adabiyotida tub burilish yasagan ijodkorlar sanaladi. Ular tamal toshini qo‘ygan o‘zbek bolalar adabiyotining yangi davri jahon jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilgan, asarlari ko‘p tillarga o‘girilib, adabiyotshunos olimlar tomonidan tadqiq qilingan.
Bugun bolalar adabiyoti vakillari oldida “Ustozlar olib chiqqan rivojlanish nuqtasini saqlab qololamizmi yoxud undan ham yuqori darajada takomillashtira olamizmi?” degan savol kun tartibida turibdi. Bu savolga to‘laqonli javob berish uchun salmoqli asarlar yaratish zarur.
Ta’bir joiz bo‘lsa, bolalar adabiyotini katta bir eshelonga qiyoslash mumkin. Kichkintoylar uchun yaratiladigan qo‘shiq, badiiy film va spektakllarning barchasi bolalar adabiyoti mahsulidir. Shuning uchun ham bolalar adabiyoti oqsasa yoxud e’tibordan chetda qolsa, jajjilar olami deb ataladigan boshqa san’at turlari ham turg‘unlikka yuz tutadi.
Nazarimda, bugungi bolalar adabiyoti haqida ko‘pchilik yakdil fikr bildirishi qiyin, albatta. Bolalar ijodkorlarini qiynayotgan talaygina muammolar mavjud. Bu borada so‘z ketganda, birinchi navbatda targ‘ibot masalasi haqida to‘xtalgan ma’qul. Bir paytlari markaziy televideniyeda “Shoirlar – bolalarga!” degan ajoyib ko‘rsatuv efirga uzatilardi. Shu ko‘rsatuv qayta tiklansa, ayni muddao bo‘lar edi. “Bolajon” kanalining mavzular doirasi juda tor. Faqat har xil shou o‘yinlari, multfilm va kinodan boshqa narsa berilmayapti. “Bolajon”, “Ma’naviyat va ma’rifat”, “Yoshlar” kanallarida ham bolalar shoir va yozuvchilari uchun har hafta vaqt ajratilsa, yosh tomoshabinlar o‘z davri adiblarini tanib, asarlari bilan tanishib borish imkoniga ega bo‘lardi.
2020-yilda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot matbaa ijod uyi “Biz yodlaymiz, tez yodlaymiz!” ruknida bolalarbop turkum kitoblarni chop qilgan edi. Afsuski, bu turkum kitoblar orasida bolalar uchun yozishda hali qalami charxlanmagan ijodkorlarning ham to‘plamlari bosilib chiqdi. Sevgi-muhabbat yoxud boshqa mavzuda binoyidek she’rlari bilan elga tanilgan shoirlarning bolalar uchun chiqargan kitobi mutaxassislar tomonidan yaxshi baholanmagani ham sir emas. Chunki she’rda mavzu bolalarbop bo‘lgani bilan so‘z, ohang, hijolar o‘qish va yodlash, shuningdek, tushunib yetishga qulay, sodda, ravon bo‘lmog‘i kerak. Afsuski, “Biz yodlaymiz, tez yodlaymiz!” turkumida chop qilingan katta shoirlarning bolalar uchun chiqargan kitoblarida tajribasizlik ko‘zga tashlanib turibdi. Meningcha, bunday turkumlarda bir nafar bolalar adibining bir necha kitobini nashr qildirganda ham yutqazilmaydi.
Maktab ta’limi uchun mo‘ljallangan “O‘qish savodxonligi”, “Ona tili” va “Adabiyot” darsliklari bolalar adiblari bilan bamaslahat yaratilsa maqsadga muvofiq ish bo‘lardi. Yana e’tibor berish kerak bo‘lgan jihat shuki, boshlang‘ich sinf darsliklari hammualliflaridan biri filolog, ayniqsa, bolalar adabiyotini yaxshi biladigan mutaxassis bo‘lsa…
Taklif sifatida aytmoqchimanki, har olti oyda poytaxtda bolalar uchun asar va darsliklar yozayotgan ijodkorlar hamda mazkur soha tadqiqotchilarining boshini bir joyga to‘plab, ularning muammo va yutuqlari o‘rganilsa, seminar-kengashlar tashkil qilinsa, ayni muddao bo‘lar edi. Bunday tadbirlarda nafaqat adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, balki kinochi-ssenariynavislar, teatr rejissyorlari, bastakor va rassomlar ham ishtirok etib, bolalar uchun san’at asarlari yaratish masalalarini muhokama qilishsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Chunki bolalar uchun nafaqat yaxshi kitob, balki yaxshi va qiziqarli kino, qo‘shiq hamda boshqa san’at asarlari ham o‘ta zarur.
E’tibor bering, “Buratino”, “Bor ekanda, yo‘q ekan”, “Chippolino”, “Finis sarlochin” kabi badiiy filmlar yaratilganiga yarim asrdan oshibdi, biroq bolalar hanuz ularni sevib tomosha qilib kelmoqda.
Yosh avlod tarbiyasida hamisha hushyorlik va bedor ruh talab qilinadi. Bir nafas bo‘lsin mudrab, loqaydlikka beriladigan bo‘lsak, juda katta imkonni boy berib qo‘yishimiz mumkin.
Erpo‘lat BAXT,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 6-sentyabrdagi 37-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
78
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
595
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
593



