08.09.2025 | 09:41
1869
BEKAT
Tilimizda ixcham va jozibali bir so‘z bor – “bekat”, biroq u Navoiy asarlari yoki undan oldingi bitiklarda uchramaydi, demak, bu so‘z keyingi davrlarda paydo bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da unga “tar”, ya’ni “tarixga oid” deb nisbat berilgan.

Tilimizda uzoq o‘tmishdan yashab kelayotgan “bek-” o‘zagi mavjud, uni biz hatto eng qadimgi turkiy bitiklarda ham uchratamiz. Mutaxassislarga ko‘ra, bu so‘zning dastlabki ma’nosi: “mahkamlamoq, mustahkamlamoq”, eng qadimgi ko‘rinishi esa “beg-” bo‘lgan deb taxmin etiladi. Shu bois hozir ham tilimizda “berk” ham, “bek” ham bir ma’noda ishlatiladi. Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit-turk”da mazkur o‘zakdan yasalgan ko‘plab fe’llarni keltiradi. Aytaylik, “bӭklädi” – bekitdi, saqladi; “bӭkländi” – mustahkamlandi, turg‘unlandi, qamaldi; “bӭklätti” – qamattirdi, saqlashga buyurdi; “bӭkүdi” – bekitdi, mahkamlandi. “Devon”da yana bir o‘rinda “bek” o‘zagiga sifat yasovchi “-үt” qo‘shimchasi qo‘shib yasalgan “berkitilgan” ma’nosidagi “bӭkүt” so‘zi ham keltirilgan: “јashut bӭkүt – yashiriladigan, berkitiladigan narsa”. Hozir ham tilimizda “bekik”, “bekilmoq”, “bekitmoq” kabi fe’llar faol. Bu so‘zning boshqa bir ma’nodoshi “yopmoq”, ya’ni: “eshikni bekit” va “eshikni yop” bir ma’noga ega.
Qadimda turk tillarida fe’ldan ot yasovchi “-үt” qo‘shimchasi ham bo‘lgan, “Devon”dan bunga misol tariqasida “kezүt”, “köchүt”, “qachut”, “chökүt”, “kulut” kabi so‘zlarni keltirish mumkin. “Kezүt”ning ma’nosi – “to‘n” yoki “ustki kiyim”, hozirgi tilimizdagi “kiydi” fe’li “Devon”da – “kezti” shaklida keltiriladi, ya’ni “kezүt” – “kez-” (“kiy-”) o‘zagiga “-үt” ot yasovchi qo‘shimchasini qo‘shish yo‘li bilan yasalgan. “Köchүt” esa o‘tmishda bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish vositasi – “ot-ulov” ma’nosini bildirgan, ya’ni “köch-” (“ko‘ch-”) o‘zagiga “-үt” qo‘shimchasini qo‘shib yasalgan, bu so‘zni hozir ham “ko‘chat” shaklida, faqat “ot-ulov” emas, ko‘chirib ekiladigan niholga nisbatan ishlatamiz. Guvohi bo‘lganimizdek, qadimgi turkiydagi ot yasovchi “-үt” qo‘shimchasi keyinchalik “-at”ga aylangan. Bunga misol tariqasida “ko‘kat” (“ko‘k”+“-at”), “egat” (“ek”+“-at”) kabi so‘zlarni ham keltirish mumkin. Ba’zi o‘zaklarga esa “-t”, “-it” qo‘shilib fe’ldan ot yasalgan (“uyat” – o‘y+a+t, “yigit” – yig+it, “chigit” – chig‘+it, “chiqit” – chiq+it).
“Bekat” ham, bizningcha shu qoidaga ko‘ra, “bek-” o‘zagiga “-at”ni qo‘shib yasalgan so‘zdir. “Bekinmoq” fe’li lug‘atda “o‘zini panaga olmoq” deb izohlangan, “quyoshdan bekinmoq”, “yomg‘irdan bekinmoq” deymiz, ya’ni “bekat” – usti bekitilgan yoki yopilgan, pana, yo‘lda vaqtincha tin olish joyi. Shu ma’noda u fransuzcha “abribus”ga yaqin, fransuz tilida “abri” – “pana, boshpana”, “abribus” esa – avtobus kutiladigan joylarda o‘rnatilgan qurilma, boshpana, bekat. Qolaversa, “bek-” o‘zagining “berk”, “pana”, “bekinmoq”, “saqlanmoq”, “bekinib kutib turmoq” kabi lug‘aviy ma’nolari bunday inshootlar xususiyatlariga to‘la mos keladi (keyinchalik usmonli turkchasida “beklamoq” (“beklemek”) fe’lining “kutmoq” ma’nosi ham paydo bo‘lgan).
XIX asr oxirida yurtimizga temir yo‘l, pochta kabi yangi infratuzilmalar, shu bilan birga yangi atamalar ham kirib keldi. Shunday atamalardan biri – “stansiya” (fr. “station”) o‘rnida o‘shanda tilimizdagi “bekat” so‘zi – “temir yo‘l bekati”, “pochta bekati” tarzida qo‘llanishi chinakam topilma bo‘lgan. Bu so‘z ayniqsa avtobus, tramvay, trolleybus, metro kabi yo‘lovchi tashish transportlari yo‘llaridagi yo‘lovchi olish va tushirish manzillari uchun uzukka ko‘z qo‘ygandek mos kelar edi. Ammo sovet davridagi norasmiy cheklov, ruslashtirish siyosati oqibatida uning keng joriy etilishiga yo‘l berilmagan, shu bois sovet davrida “avtobus ostanovkasi”, “metro stansiyasi”, “temir yo‘l stansiyasi” deyish ko‘proq udum bo‘lgan.
Mustaqillikdan keyin bu so‘zning ikkinchi umri boshlandi deyish mumkin, “metro bekati” yoki “yer osti bekatlari”, “avtobus bekati”, “temir yo‘l bekati”, “bekatcha” (“polustanok”) kabi sovet davrida ko‘proq badiiy asarlarda yashagan so‘zlar hayotga to‘laqonli qaytdi.
Abduvohid HAYIT
“Jadid” gazetasining 2025-yil 29-avgustdagi 35-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
75
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
131
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
323
