18.04.2024 | 14:41
886
KURASHXONA QO‘ZG‘OLONI

1916-yil 25-iyunda Chor Rossiyasi podshosi Nikolay IIning Turkiston, Sibir va Kavkaz o‘lkalaridagi rus bo‘lmagan aholi vakillaridan 250 ming erkakni front orqasidagi turli ishlarni bajarish uchun safarbar qilish haqidagi farmoni qabul qilinadi. Tarix sahifalarida mardikorlikka olish voqeasi sifatida muhrlangan ushbu jarayondagi nohaqlik, adolatsizlik va firibgarliklar shundoq ham nochor va zabun hayot kechirayotgan oddiy xalqning sabr-kosasini toshirib yuboradi. Natijada o‘lkamizning turli chekkalarida birin-ketin qo‘zg‘olonlar yuz bera boshlaydi. Mustamlakachi ma’murlarning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kezlarda birgina Farg‘ona vodiysining o‘n yetti hududida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. Shunday voqealardan biri 1916-yil 11-iyulda Namanganda ham ro‘y beradi. Namanganliklarning safarbarlikka qarshilik ko‘rsatishi, norozilik namoyishlari oxir-oqibat ochiq qo‘zg‘olonga aylanib ketadi. Isyonchilarning aksariyati kambag‘al dehqonlar, kosib va hunarmandlar bo‘lib, ular tengsizlik va xaqsizlikka qarshi kurashish uchun maydonga chiqqan edi. Shu kuni mazkur shaharning Labbaytog‘a dahasidagi Kurashxona maydonida bir yarim ming odam to‘planib, oqsoqollardan mardikorlikka chaqiriluvchilar ro‘yxatini yirtib tashlashni talab qiladi. Labbaytog‘a dahasining qozisi favqulodda voqea haqida darhol pristavga xabar yetkazadi. Pristav V.Dombrovskiy tish-tirnog‘igacha qurollangan harbiy qism bilan yetib keladi. Erkaklar, ayollar va bolalardan iborat olomon chor ma’muridan safarbarlik ro‘yxati tuzishni to‘xtatishni talab qiladi. Gʻalayon kengayib ketganidan xabar topgan kapitan Rumyansev ham o‘z rotasi bilan yetib kelib, norozi olomonni tinchlantirishga urinadi. Lekin unga hech kim quloq solmaydi. Shundan so‘ng Kurashxona maydoniga pulemyot bilan qurollangan rota chaqiriladi. To‘planganlar askarlardan cho‘chish o‘rniga “Urushda o‘lgandan ko‘ra, uyda o‘lgan afzal!”, “Mardikorlikka odam bermaymiz!”, deya hayqiradi. Rumyansev esa dabdurustdan aholini o‘qqa tutishga buyruq beradi. Pristav V.Dombrovskiyning e’tirof etishicha, qurolsiz qo‘zg‘olonchilar, katta talafot ko‘rganiga qaramay, harbiylar bilan mardona kurashgan, politsiyaga hujum qilib, pristav Fedorovning to‘pponchasini tortib olmoqchi bo‘lishgan, hatto qo‘zg‘olonchi Jamoliddin Uvaysov bir politsiyachining qilichini tortib olgan. Otishma oqibatida ko‘plab kishilar halok bo‘ladi, yaralanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yaradorlar orasida uch ayol va bir nafar yosh bola ham bo‘lgan. O‘sha kuni uch yarim soat davom etgan bu qo‘zg‘olon Namangan xalqi hayotida o‘chmas iz qoldirdi. Qo‘zg‘olon qatnashchilaridan sakson to‘rt kishi turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilinadi. Arxivda saqlanayotgan qo‘zg‘olonga doir harbiy sud materiallarida qayd etilishicha, qo‘zg‘olonni tashkil etishda sartarosh Gʻofur Xo‘ja, duradgorlar Abdurahmon Roziqboyev, Yo‘ldoshxo‘ja Usmonxo‘jayev, suvoqchi usta Yo‘ldosh Mirzayev, etikdo‘z aka-ukalar Usmon Qori va Ravshan Qori Xalfayevlar, ishchi Yunus Yoqubboyev, to‘quvchi Dadaboy Orifboyev va boshqalar tashabbuskor bo‘lib, to‘qnashuv chog‘ida mardona halok bo‘ladi. Ushbu mash’um voqea ta’sirida Kapa volostining Sho‘rqo‘rg‘on, Uychi volostining Yorqo‘rg‘on, Qizil Rovot va Mashad, Namangan volostining Uyg‘ur, Toshqo‘rg‘on, Tepaqo‘rg‘on, Peshqo‘rg‘on, Tergachi volostining Chindovul qishloqlarida ham mardikorlikka olishga qarshi qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tgan. Oxir-oqibat Namangan uyezdining deyarli barcha volostlaridan ko‘plab kishilar front orqasida mehnat qilish uchun majburan Rossiyaga jo‘natilgan. Mardikorlar harbiy va sanoat korxonalarida, konlarda, temir yo‘llar qurilishida, o‘rmonlar va ayrim kapitalistlarning xo‘jaliklarida qattiq nazorat ostida betinim ishlab, ochlik, xo‘rlik va mashaqqatli mehnatdan ko‘p aziyat chekkan. Ba’zilari turli kasalliklardan vafot etgan yoki umrbod nogiron bo‘lib qolgan. Respublikamizdagi muzey va arxivlarda Namanganda 1916-yil iyulda ro‘y bergan voqealarga doir materiallar, qo‘zg‘olon ishtirokchilarining suratlari saqlanadi. Xususan, Gavrilov tomonidan 1940-yilda chizilgan tarixiy janrdagi 150×100 o‘lchamdagi “Kurashxona qo‘zg‘oloni” nomli kartina KP-16254 raqami ostida Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida saqlanmoqda. Ushbu kartinada 1916-yilda Kurashxona maydonida qo‘zg‘olon qatnashchilarining pulemyotdan o‘qqa tutilishi tasvirlangan. Shuningdek, qo‘zg‘olon qatnashchilari Akbarali Mo‘minov, Muhiddin Matkarimov va Abduxalil Sodiqovning suratlari mavjud. Erkparvar o‘zbek ziyolilarining istiqlol yo‘lida olib borgan kurashi 1991-yil sentyabr oyida yurtimizda haqiqiy mustaqil davlat tashkil etilishi bilan o‘z yakuniga yetdi. XX asr avvalidagi davr tarixining bu sahifalari kelgusida jiddiy tadqiq etilishi va undan zarur xulosalar chiqarilishi lozim.
Muqaddam USMONOVA, Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi ilmiy xodimi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 29 -mart 14-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604
