25.09.2025 | 12:27
1218
QODIRIYDAN QOLG‘ON QAYG‘U
Yaqinda oshnamiz nevarasini uylantirdi. “Kelin salom” marosimiga bir xalfa ayolni aytgan ekan – kelin ulovdan tushayotganida “To‘ylar muborak”ni chalaroq aytdi-yu, “Ana langur, mana langur…” deb mazmuni ortida uyatli holat tushuniladigan termani boshlab yubordi, deng. Yoshi ulug‘roq kishilar uyatdan ko‘zlarini qayga yashirishni bilmas, qiz-u juvonlar yigitlar bilan o‘rtada javlon urishar, nihoyada duoga qo‘l ochadigan imom yerga qarab olgandi…

Qo‘shnimiz bilan to‘ydan qaytishda yo‘l-yo‘lakay gurungimiz hozirda ko‘payib ketgan maza-matrasiz qo‘shiqlardan boshlanib, milliy an’analarimizga mutlaqo zid seriallarga burildi. “Televizorni bola-chaqa yonida ko‘rolmaydigan bo‘ldik. Ayniqsa, seriallardagi ochiqdan chiq behayo sahnalar, tavba deb gapiray, kelin-u qaynota “sevgisi”, o‘ta nozik qochirimlarni yoshgina artistlar hech tortinmay aytishlari… Bularni nazorat qiladigan bormikan?” deb hasratlandi qo‘shnim. “Siz “bola-chaqa yonida ko‘rolmaydigan bo‘ldik”, degan o‘sha seriallarni bolalarsiz o‘zingiz ko‘rasizmi?” degan savolimga qo‘shnim javob berolmay qoldi. “Avvalo, har birimiz o‘zimizni nazorat qilishimiz kerak”, deb uni xijolatdan qutqardim.
Ijtimoiy tarmoqlarda teleseriallardagi tuturuqsiz, bema’ni sahnalar haqida havola qo‘yilmagan kunning o‘zi yo‘q. Vaqtli matbuot bular haqida qancha bong urdi, asosli mulohazalarni yoritdi – natija esa ko‘rinmayapti.
Nega shunday bo‘lyapti? To‘g‘rirog‘i, nega shundaymiz? Bu iddao ko‘proq tomoshabinga tegishli. Negaki, telekanallar reytingi monitoring qilinganida, aynan seriallar berilayotgan vaqtda ko‘plar ekran qarshisida “mixlanib” o‘tirishi aniqlangan.
Didimiz qachon bu qadar o‘tmaslashdi, qachondan buyon pardasiz sahnalarga mahliyo bo‘lib qoldik? Ayrimlar aybni yoshlarga to‘nkashga urinadi. Ammo, allaqachon soqoliga oq tushgan kishilar ham davralarda: “Kecha anov kinoni ko‘rdim. Kelin degani rosa ketvorgan ekan, qaynota bechoraning hushini olibdi. Shu yerini artistlar juda zo‘r o‘ynashgan-da”, deb gap sotib o‘tirganiga guvoh bo‘lganman… Shu bois, kinochilar: “Odamlar ko‘ryapti-ku!” deb o‘zini oqlaydi va bundan battarroq sahnalarni “ijod” qiladi.
“Ommaviy” (aslida “olomon”) madaniyat haqida so‘z yuritishdan oldin, bir asr ortga – “tariximizning kir va qora zamonlari”ga qaytishga to‘g‘ri keladi. “Ishtirokiyun” gazetasining 1919-yil 24-oktyabr sonida buyuk adib Abdulla Qodiriyning “Eski shahar teatru havaskorlariga” sarlavhali luqmasi chop qilingan. Adib unda afsuslanib yozadi: “Ma’lumki, sanoyi nafisa – teatru bizim Toshkand musulmon yoshlari orasinda juda ham yengil bir ish onglashilganlikdan favqulodda bir buzuqlikda davom etmakda bo‘lib, ulug‘lar maktabi bo‘lgan teatru sahnalari allaqanday safsata va noahil kishilar qo‘linda bir o‘yinchoq bo‘lib kelmoqdadir…”
Ma’lumki, jadid bobolarimiz tarix taqozosi bilan mustamlaka yukini yelkalaridan vaqtincha uloqtirgan davr – o‘tgan asrning o‘ninchi yillari oxiri va yigirmanchi yillarida omma zehniyatini yangicha qarashlar va ozodlik nafasi bilan yuksaltirish uchun maorif tizimini to‘la isloh qilish bilan birga, teatrni rivojlantirmoqqa ham jiddiy kirishganlar. Hali kino ommalashmagan zamonda oddiy xalq orasiga kirib borish, ularni qadim milliy qadriyatlar va yangi davr talablari asosida tarbiyalashda teatrning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Shu sababli, buyuk jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy ilk o‘zbek sahna asarini yaratgani bejiz emas.
Qodiriy murojaat qilayotgan Eski shahar teatru havaskorlari ozodlik epkinidan ruhlanib, turli firqa va yo‘nalishlarga og‘ib ketgan kishilar edi. Bu davrda dekadentchilik, modernizm, g‘oyasizlik, o‘ngchilar va so‘lchilar kabi turli-tuman oqimlar o‘z g‘oyalarini ommaga singdirish uchun teatrdan unumli foydalanishga intilgan. Ongi to‘la shakllanmagan, davr talotumlarini anglab yetmagan havaskorlar guruhlari o‘sha firqa, guruh va yo‘nalishlar ta’siriga tushib, teatrlarda bema’ni va hatto uyatsiz sahnalarni namoyish qilishga berilib ketgan. Qizig‘i, ularning tomoshabinlari ham ko‘pchilik bo‘lganki, shaharma-shahar yurib, tomosha ko‘rsatib pul ishlashgan, hatto mashhurlikka erishgan.
Jadidlar bunga befarq qaramasdan, matbuotda sahna asarlarining yaroqsizligi, tarix va davrning qiyofasi buzib ko‘rsatilayotgani, milliy qadriyatlarga zid holatlar tomoshabin ongiga singdirilayotgani haqida ko‘plab tanqidiy maqolalar e’lon qilishgan. Bu maqolalarning aksarida teatr nomi, asar muallifi, uni sahnalashtirgan shaxslar ism-shariflari keltirilgan, ya’ni tanqid tig‘i aniq mo‘ljalga yo‘naltirilgan. Bu holatlarga barham berish uchun nimalar qilish kerakligi ham ko‘rsatib o‘tilgan. Misol uchun buyuk adib yuqoridagi luqmasida quyidagilarni ko‘rsatib beradi:
“Mundan so‘ng ham shunday holni davom etmovi va o‘zlarimizning ibratgohi bo‘lgan sahnalarning o‘z darajasinda borishi uchun Eski Toshkand sinfiy ittifoqlar sho‘rosi musulmon teatru havaskorlari (lyubitellarig‘a) shu tubanda ko‘rsatilajak qoidalarga rioya qilub, teatru quyularig‘a takliflar aytadir:
1. Sahnaga qo‘yiladirg‘an asarlarni o‘ynalmasdan ilgari Eski Toshkand “Artistlar soyuzi” ila shul asar haqinda mutolaa yuritilib, so‘ng sahnaga qo‘yulsin.
2. Havaskorlarning o‘z rollarini yaxshi onglab o‘ynovlari uchun “Artistlar soyuzi”dan repetitsiya vaqtinda bir kishi chaqirulsin.
3. O‘ynaladirgan bir asar haqinda “Artistlar soyuzi” ila kelisha olmagan taqdirda Eski shahar sinfiy ittifoqlar sho‘rosiga murojaat etilsin.
Tanbiya: yuqoridagi qoidalarga rioya etilmagan taqdirda rioyasizlik ko‘rsatuvchilar mas’uliyatga tortilur…”
Ahamiyatlisi, bu takliflar qog‘ozda qolib ketmagan. Oradan olti kun o‘tgach, “Ishtirokiyun” gazetasida Qodiriyning “Toshkand xabarlari” sarlavhasi ostida Gʻozi Yunusga ochiq xati e’lon qilingan. Adib unda ham artistlik, ham “avto‘r”lik qilib yurgan Gʻozi Yunusning Eski shahar sho‘rosidagi vazifasidan iste’fo berishi to‘g‘risidagi chiqishini muhokama qiladi. Shu o‘rinda maqoladagi “O‘ttiz to‘rt ming mehnatkashni uyushtirib yo‘lga solmoq bir yuz teatrudan foydaliroqdur” jumlasidan anglash mumkinki, Qodiriyning yuqoridagi luqmasi yaxshi ta’sir ko‘rsatgan, mas’ullardan biri iste’fo bilan yelkasidagi mas’uliyatni soqit qilmoqchi bo‘lgan.
Oradan qirq kun o‘tib, ushbu gazetada Abdulla Qodiriyning “Bizda teatru ishining borishi” sarlavhali kattagina maqolasi e’lon qilinib, muallif unda yangi o‘zbek teatri tarkib topishi, uning yutuq va kamchiliklarini tahlil qiladi. Shuningdek, harbiy vatanparvar yoshlardan tuzilgan “Temir to‘dasi” guruhi sahnalashtirgan “Jadid-qadim” dramasining avra-astarini chiqarib, bu drama davriy hayotdan mutlaqo yiroq to‘qima ekanini ko‘rsatib beradi. Yana “To‘kma” nomli teatrning buzuqchiliklariga qarshi chiqqan “Ishchi” gazetasining nuqtayi nazari xato ekanini ham aytadi. Ushbu maqolada adib urg‘u bergan nuqta ahamiyatli: “Yoshlarimizning tarbiya yeri maktab bo‘lsa, kattalarimizniki teatrulardir. Kattalarimizning maktabi yozuvchilik, pedago‘glarning yozdiqlari darslar. Fantaziya, uydirmalar bo‘lmasin. Turmushimizning aksi – usta rassom tomonidan olingan aks bo‘lsin, deyman”.
Qarang, buyuk jadid bobomiz yoshlarning tarbiya maskani sifatida avvalo maktabni ko‘rmoqda. Shu bilan birga, kattalar uchun deyilgan teatrda haqiqiy hayot aks etishini istayapti.
…Bir asr ilgari teatr qay darajada ommalashgan bo‘lsa, bugun kino shu darajaga erishgan. Telekanallarning ko‘pligi, har kuni ekranlar qarshisiga millionlab kishilarni jalb qilishi, bu yoqda turli-tuman xususiy kinostudiyalar faoliyat yuritayotgani va asosan maishiy mavzulardagi seriallar ishlab chiqarilayotgani (aynan “ishlab chiqarilyapti”, yaratilmayapti) bizga ham vaziyatga Qodiriy buvamiz nigohi bilan qarash, baholash va kamchiliklariga murosasiz bo‘lish majburiyatini yuklamoqda.
O‘sha bema’ni, odob-axloq me’yorlarini buzgan, mafkuraviy jihatdan yaroqsiz seriallarni yoshlar ko‘proq ko‘rishayotgani ham bor gap. Ota-onasi bu ishdan qaytargan taqdirda ham, istaymizmi-yo‘qmi, yoshlar o‘sha kinolarni ko‘rishadi. Negaki, hozirda kinoni biznesga aylantirgan “ijodkorlar” uni ijtimoiy tarmoqlarga yuklashyapti – yetti yoshdan yetmish yoshgacha tirik jon borki, qo‘lida telefon.
Bir asr ilgari buyuk Qodiriyning qo‘liga qayta va qayta qalam oldirgan mavzu bugun ham aslo eskirmagan. Ayniqsa, yurtimizda yaratilgan erkinliklarni suiiste’mol qilayotgan ayrimlar, jadid bobomiz tili bilan aytsak “havaskorlar”, o‘z “ijod”larida haddan oshishni oddiy holat ko‘rinishiga olib keldi – bu borada tomoshabin ko‘nikmasi shakllanishiga ham ulgurdi. Bunga mas’ullar, qolaversa, barchamizning loqaydligimiz keng yo‘l ochdi. Biz faqat ijtimoiy tarmoqlarda bong urish bilan cheklanib qolyapmiz. Vaziyat yanada chigallashmasligi uchun bir asr ilgari amaliyotda bo‘lgan, Qodiriy bobo eslatgan va ishongan o‘sha “Artistlar soyuzi” kabi nazorat tashkiloti tuzish vaqti kelmadimi? Agar bunday tashkilot bor bo‘lsa, ularni turtib uyg‘otib qo‘yish kerakmikan?
Shu paytgacha qatnashish nasib qilmagan bo‘lsa ham, yangi kinolar taqdimoti muntazam o‘tkazib turilishidan matbuot va ijtimoiy tarmoqlar orqali yaxshi xabardorman. Taqdimotda qatnashgan yozuvchi va jurnalistlarning fikr-mulohazalari orasida yangi yaratilgan kinoning kamchiliklari to‘g‘risida jiddiy e’tirozlar ham kuzatiladi. Ammo kino ijodkorlari bu kamchiliklarini qay darajada tuzatishadi, tuzatishadimi – bu yog‘i mavhumligicha qoladi. Telekanallarni egallab olgan seriallar taqdimoti haqida biror joyda o‘qimadim. Qolaversa, o‘ttiz-qirq va undan ko‘proq seriyadan tashkil topgan filmning taqdimotini kinozallarda o‘tkazishning imkoniyati ham yo‘q.
Demak, seriallarni ekranga chiqarishdan oldin maxsus hay’at nazoratidan o‘tkazish tizimini yaratish va uni qat’iy yo‘lga qo‘yish vaqti kelgan. Hay’at a’zolarining necha o‘nlab soat davom qiladigan seriallarni sinchiklab ko‘rishlari, fikr-mulohazalarini erinmasdan yozib, muhokama qilishlari uchun ketadigan vaqtlarini ham inobatga olib, ularni moddiy rag‘batlantirish (soatbay gonorar uslubida) tizimini ham yaratish lozim bo‘ladi.
Aks holda, Qodiriy bobomizning bir asr ilgarigi qayg‘usini avlodlarga meros sifatida o‘tkazib yuborishdan boshqasiga yaramaymiz!
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-sentyabrdagi 38-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



