Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.09.2025 | 17:27

img1144

BUYAM BIR ASHULA

– O‘v, paqirkalla, nega men gap boshlasam, qiyomiga yetgan pivaxo‘rga o‘xshab, tizzangni tizzangga ishqab, sovutilgan otday depsinasan? Bir paytlar “Men dardimni kimga aytaman?” degan qo‘shiq bo‘lgich edi. Vaqtida “Ha, endi, buyam bir ashula-da”, deb uncha parvo qilmagan ekanmiz. Bechara shoir azbaroyi ichi kuyganidan nima qilishini bilmay yozganakan-da endi bilsam.

Xo‘p, gapni oxirigacha eshit, eriyman, yarimtaga eriyman. Xullas, o‘g‘il janavarlar yonimga kirib, topgan-tutganidan cho‘tal tashlaydigan bo‘ganidan beri akangga jir bitib, mahalladagi O‘ktam xachir deganlariyam qo‘sh-qo‘llab ko‘rishishga o‘tganiga o‘zing guvoh. Odamlar qiziq-da, senga teshik tangacha foydasi bo‘ladimi-yo‘qmi, kissangdan soqqa hidini olsa darrov o‘zgaradi. Ha, mullajiringning havosi uncha-muncha kursi-kalondan baland. Xo‘p, gapni qisqa qilaman. Ana endi, indallo gap shuki, shayton yetaklab, qo‘shni qishloqqa aytilmagan savziarcharga borib qopman. Ha, to‘g‘ri topding, Quyqaga. Gap orasi A’zam shilta “shulay-bulay, palonchini kenjasi palon o‘qishga super kontraktga ilashibdi-yu, suyashib yuboradigan sheri mard topilmayapti”, deb sopol kosani ketiga Chust pichog‘ini ishqab qoldi. “O‘bba, sulikat-e, joyidan tutamladi-yu”, deb shing‘ov tortdim-u, bir hisobdan gapning paynovi meni shonli tomorqamga burilganidan yuzimda hosil bo‘lgan tabassumni taxtakach bilan picha yopib, yolg‘ontakam yo‘talib oldim. Qarasam, hammaning ko‘zi meni sinovchan paypaslayapti. Shayton qitiqladi, chordanadan cho‘kkaga o‘tdim, xuddi hozirning o‘zida qo‘ynimdan qaddi salomga egilmagan ikki yuz mingtalikni o‘ramini mushukni o‘ligiday qilib, yakandozni o‘rtasiga do‘ppillatib tashlaydiganday so‘zni so‘zdan ajratmasdan “Nechpulbo‘larkano‘zi?” deb sayrab yuboribman. Qistalaq shilta og‘zimdan oldi-yu yoqamga yopishtirdi: “Bor-yo‘g‘i paloncha”. O‘sha “bor-yo‘g‘i”ga ikkita pishqirib turgan so‘qimni darvozamga bog‘lab ketadi. Men dardimni kimga aytaman? “Tilimga bog‘la, tilimga!” Savzito‘g‘rardan keyingi shavla qayoqqa ketdi, akang hayron. Xullas, chorig‘imni sudrab uyga qaytyapman-u, xotin akamga nima deyman, uning chovutidan mullajiringni qanaqib ajratib olaman-u, naylab hisobotini qilaman, degan shum savollar oyoqdan chaladi degin.

Ke, xotin bilan nahorda tashasharman deb, ichkari kirmay, ayvondagi sholchaga yonboshlab qo‘ya qoldim. Saharda oyog‘imga qoqilib ketgan yorijonimni qayrilgan qarg‘ishidan cho‘chib uyg‘onibman: “Iloyo, shu araq deganlarini zavodiga dron tushsin! Shu er degan maxluqqa quyib uzatganni qo‘llari akashak bo‘lib, tahoratigayam hasharchi chaqiradigan bo‘lsin! Iloyo ilovando, savzi to‘g‘ratganlar bir umr erkak savzini po‘chog‘iday beqadr-u xor bo‘lsin!..” Alam qilmaydimi? Ayvonni ustuniga o‘ralib olgan shaytonvachcha pushti tilini chiqarib vosvoslaydi. Tavakkal deb, baloi ofatni rapata og‘ziga nosqovoqni ravona qivoray degan mo‘ljal ham yo‘q bo‘madi. Axir o‘zing o‘yla, tanglayimga bir ho‘plam tekkan bo‘lsa, tulagan to‘ng‘izga ichkuyov bo‘lay! Qolaversa, A’zam shiltani bilasan, vinoni hidi keladigan chirik uzumniyam chiqitga chiqarmaydi. Er-xotin peshayvonda tonggi konsertni endi avj oldiryatuvdik, darvoza taqillab qolsa bo‘ladimi? Darrov qisqa antrakt e’lon qilib, chiqishga qarab shitob yo‘rg‘aladim. Xotinni qo‘lida o‘qlovi dutor, “ting‘ir-ting‘ir” qilgancha dog‘da qolaverdi.

Endi gapni, paqirkalla, ko‘chadarvozadan eshit. Chiqsam, kiprigi kuygan, osilgan mijjasi to‘q qizil, tanqa burun bir novvoysifat banda turibdi. Luqmoni hakimni muxtor vakiliday bobma-bob sog‘lig‘imni surishtirdi. Muddao maydoniga amallab sudrab o‘tdim. Emishki, bu husni Yusuf kechagi savziarcharning bosh qahramoni – talabalikka nomzodni tug‘ishgan amakisi bo‘lib, g‘arazi – jigarvachchaga atalgan xayriya puliga talabgor ekan. “U valakisalang o‘qigani bilan odam bo‘lish siyog‘i yo‘q, maktabniyam sirtdan, ya’ni sport zalni tomida qarta o‘ynab bitirgan. Onlayn qimor o‘ynab, 8-sinfda otasini ko‘k “Jiguli”sini sotishga majbur qilgan. 9-sinfga o‘tish ta’tilida esa maktab ahli otdixdaligidan unumli foydalanib, jonli burchakdagi 27 nafar bo‘rdoqi quyonni Ultarma mol bozorida echki bola deb taqdim etib, sodda fuqarolarga pullayotgan chog‘i qo‘lga tushgan…” E, to‘g‘ri aytasan, juda marazpo‘rma nusxa ekan. Menam gapini oxirigacha eshitmasdan qo‘limni arra qildim: xo‘p, o‘shanga men nima qiliy?! Birdan sut quyilgan halimdakkina bo‘lib ikkala qo‘limni juftakay tutib, o‘sha atalgan pulni menga bersangiz, bozordan do‘kon uchun yer sotib olardim, hozir avji sota-sot bo‘p yotibdi. Meniyam to‘rt-besh nafar norasida xotin-xarishim bor, ham savob bo‘ladi, ham pulingizga kuyib qolmaysiz. Besh-o‘n yilda dumaloq qilib qaytarib bermasam, Shukur qasamxo‘r otimni boshqa qo‘yaman, illo-billo, lavzimda turmasam, gumoni hayotligimcha gumdoni lahad bo‘p ketay, deb kekirtagini o‘ynatib turibdi. Baxtimga xotin akam paqir ko‘tarib yolg‘ondakam suv sepgani chiqib qoldi. Mendan xavotir olgani aniq: ko‘chadagi suvsiz ariqqa tanda qo‘yib yotibdimi har doimgidek, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Haligi qasamxo‘r bozorchi ko‘pni ko‘rgani rost ekan, yostiqdoshimni bepardoz chehrasiga ko‘zi tushgan hamono velosipedini yetaklagan ko‘yi sakrab minib, Shumaxerday g‘oyib bo‘ldi. Menam shuni aytaman-da, odamlaram g‘alati-ye! Pulni hidini olsa, tosh devorga kalla qo‘yadi. Keyinmi? Keyin boshlandi-da…

Qasamxo‘rni izi o‘char-o‘chmas bir opaxon tikka hovliga bostirib keldi-yu! Haligini oldida Soli qassobni surunkali mov mushugi dam oladi. Tuppa-tuzuk nag‘mang borakan, ilmingni xo‘r qilib birovni eshigida jovlib nimaqasan? Bloger yo ashulachi bo‘vomiysanmi, yurarding “Gelik”ni yeldirib, “Tik-tok”ni to‘ldirib… Muddaosimi? Bilib turib suvni mo‘ljallaysan-a, janas… U dilbari jonon haligi talabani ammasi bo‘lib, o‘sha bolani pulini begona qilmaslikni, sho‘rtumshuq jiyan baribir o‘qishga bormasligini, bo‘ynidan bog‘langan it esa yangi kalishni bulg‘ashini va hokazolarni ro‘kach qilib, agar bu kishimga omonat o‘n yilga berib turilsa, Xitoydan tikka mol olib kelib, Uchko‘prik Jahon bozorini gullatish bilan birga el-u yurt ravnaqi va farovonligiga hissa qo‘shish bilan savobdan umidvorligini bildirdi. Shu payt tomorqadan jo‘xori qayirib qaytgan xonim hazratlari ayol sho‘rlikni ilg‘ar-ilg‘amas meni yoshlikdagi qizo‘rtoqlarimdan deb chamaladi shekilli, o‘rtayosh polvonning tirsagicha keladigan dumbul bilan savobtalabning qoq och biqinini nishonga oldi. Aftidan jabrdiyda savdogar akangni yorijonini jangovar ta’rifini qoniqarli darajada eshitgan shekilli, hech bir izoh-pizohsiz tuyog‘ini shiqillatib qoldi-yu.

Men senga aytsam, paqirkalla, oqibat shu darajaga borib yetdiki, bir faqir tolibi ilmga atalmoqchi bo‘lgan oqchaning sifati bolaning rost-yolg‘on qarindosh-urug‘lari ta’rifida “bizni jiyanni haqi”ga aylandi. Go‘yoki, men u bolakaydan qarzdorman-u, omonatni yeb-yutib, muttaham bo‘lib yuribman.

Bayt:
Opog‘dadam aytardi, savob tagi teshik deb,
Bir uyda har xil bola, ammo bitta beshik deb.

(Jahliy Murakkab,
“Beh-beh, bulbulim” kulliyoti 897-bet)

Ajoyib kunlarning birida meni tilpo‘nda yo‘qlagan tog‘asi agar bolaning haqi yeb ketiladigan bo‘lsa, adolatparvar kuchlar borligini, jazo muqarrarligini pisanda qilib, hozircha omonatni yarim-yortisini klik orqali o‘tkazib turishimni buyurdi. “Yo‘masam, boshingda maymunlar yig‘lab, shoqollar uvvos tortadi, tushunvosami, go‘salagov?” deb yakun yasadi Chorsuni chapanilariga o‘xshab tovushini zo‘riqtirib. Bu dilkusho suhbatdan keyin vafodor shaytonim badar ketdi… Keyin-chi, deysanmi? Bir oycha cho‘zilgan “bor-baraka”dan keyin ma’lum va ravshan bo‘ldikim, ismi bor-u jismi noayon tolibi ilm allaqachon shimoliy hududlardan birida saksovul ekib, cho‘l quvib, mo‘maygina daromad topib, manaman degan repetitorlardan saboq olayotgan ekan. Bu xushxabarni o‘zaro suhbat asnosida to‘ng‘ich o‘g‘lim Kenjabek aytib qoldi. Birga ishlab, bir yotoqxonada turisharkan. Kaminani belboqqa o‘ralgan oqchasi ularning bir haftalik moyanasi emish. Xoh ishon, xoh ishonma…

Ammo qoyil qolganim shuki, birorta qorako‘z “Agar shu bolaga yordam berayotgan bo‘lsang, rahmat senga, bizam baholi qudrat hissa qo‘shaylik”, demadi. Aksincha, tirnog‘i bori yulishni, tishi bori yulqishni payida. Nega bunaqa bo‘p ketdik? Nima uchun tekin bo‘lsa, jayrani teskari yutadigan nafsi o‘pqonlar ko‘paydi? Nima? Imonboylar ham ko‘p deysanmi? To‘g‘ri, ko‘p. Insofli tadbirkorlar mo‘l deysanmi? To‘g‘ri, mo‘l. Yanayam ko‘paysin deyman-da, paqirkalla. Bo‘pti, men ketdim, xotin tilpo‘n uryapti. Gaplashish shartmas, nima derdi, qaysi ochiq go‘rda qop ketting, deydi-da. Bir hisobdan shuni boriyam yaxshi. Hayot qiziqarli. Bo‘pti, mabodo xotinim razvedkaga tilpo‘n qip qosa, ozgina gurunglashib qolganimizni aytarsan. Tafsilotlar shartmas, o‘rtada shayton bor-a?

Mulla XUNOB

“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-sentyabrdagi 38-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img594

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img592