10.02.2026 | 10:26
1473
BIR ASHULA HAQIDA
Alisher Navoiyning “Badoye’ul vasat” devonidagi 615-g‘azal yor hijronidan yurakzada oshiqning dilidan kechayotgan o‘ylar, vahm-iztiroblari tasviriga bag‘ishlangan. Oshiq yorni ko‘zda tutib, “o‘lturgusi” der ekan, uning hajri – qotilvash, visoli – halokangiz ekanini aytadi. O‘tmish adabiyotimizda ko‘p shoirlar bu g‘azaldan ta’sirlanib, ayni vazn va “o‘lturg‘usi” radifida talay g‘azallar bunyod etganlar. Chunonchi, Andalibning bir va Uvaysiyning ikki g‘azali ma’lum.

Gʻazal baytlari tabdiliga o‘tamiz:
Bir kun meni ul qotili
majnunshior o‘lturgusi,
Usruk chiqib, javlon qilib,
devonavor o‘lturgusi
Bir kuni meni ul majnunlik
da’vo qiluvchi qotil o‘ldirgusi,
Mast bo‘lib oldimdan chiqib,
raqslarga tushib, devonaday o‘ldirgusi.
Yor – sho‘x, u ma’shuqni shaydo etish, vola qilish, kuydirish uchun ming turli noz-firoqlar o‘ylab topadi, uni qiynaydi, azoblaydi, ming balolarga duchor etadi. Baytda tasvirlanishicha, yor o‘zini dalli-devona qilib ko‘rsatadi, javlon uradi, oshiqni halok bo‘lish holatiga yetkazadi.
Gar za’f ila ojizlig‘im ko‘ngliga rahme solsa ham,
Boshimg‘a yetkach, sekretib beixtiyor o‘lturgusi.
Garchi zaiflig-u ojizligim
uning ko‘ngliga rahm solsa ham,
Boshim uzra kelgach, (ot) sakratib,
beixtiyor o‘ldirgusi.
Albatta, ojizlik rahm-shafqat, muruvvat hissini uyg‘otadi. Yor ham bunday olijanoblikdan begona emas. Ammo u goho jabr-u jafoni beixtiyor ham qiladi – oshiqning boshi ustiga shiddat bilan bostirib kelgach, sur’atini bosa olmay, ot sakratib, beixtiyor oshiqni halok etadi, bu bor gap.
Vasli aro gar o‘lturur, jonimg‘a yuz ming shukr erur,
Chun qolsam andin bir zamon, hijroni zor o‘lturgusi.
Agar vasli ichra o‘ldirsa,
jonimga yuz ming shukr qilsam bo‘ladi,
Ammo undan tirik qolsam,
unda hijroni bir lahzada zor o‘ldirgusi.
Ko‘ramizki, oshiqning oldida ikki yo‘l bor: yor vasli ichra o‘lmoq yoinki yor hajrida zor-zor yig‘lab halok bo‘lmoq. Oshiq, agar yor vasli ichra o‘lmasa, hijron azobida halok bo‘lishini biladi; tabiiyki… u vaslni tanlaydi.
Oshiq bo‘lurda bilmadim, men notavoni xastakim,
Hajr o‘lsa, g‘am kuydurgusi, vasl o‘lsa yor o‘lturgusi.
Oshiq bo‘lgan chog‘da, men notavon va
xasta odam, bilmagan edimki,
Hijronda g‘am kuydirishini va
vasl nasib bo‘lsa, yor o‘ldirishini.
Ishq – iztirobdir. Hatto eng baxtiyor oshiqning ham, bir lahza bo‘lsin, halovati yo‘q: rashk, yor iltifotidan umidvorlik, g‘azabidan har dam qo‘rqib turish, loaqal shu saodatli damlarining tugab qolishidan sarosima uni hamisha qiynaydi. Bunday oshiq visol ayyomida yorning o‘ldirishi-yu, hijronda esa g‘am ado qilishini biladi, shu ikki o‘t aro mudom qovriladi.
Maydon aro, ey ahli din, kirmang tamoshosig‘akim,
Yuz ko‘rmayin ul kofiri chobuksuvor o‘lturgusi.
Ey, din ahli, bu maydon ichra
uning tomoshasiga kira ko‘rmangki,
Ul usta chavandoz kofir yuz ko‘rmay
turiboq o‘ldirib tashlaydi.
Ey musulmonlar, bu ishq maydoniga hatto tomosha qilish niyatida ham kirmang, nechukki, bu maydonda ot o‘ynatuvchi din g‘oratgari yuz ko‘rib-netib o‘tirmayoq, sizni halok qilishi – ishq qurboniga aylantirishi muqarrar.
La’ling zakoti – may tutub tirguzmasang, ey mug‘bacha,
Dayr ichra men dilxastani ranji xumor o‘lturgusi.
Ey mug‘bacha, la’li (lab)ing zakoti bo‘lgan
may berib, tiriltir,
Yo‘qsa, bu dunyoda men dilxastani
xumorlik ranji o‘ldiradi.
Mug‘bacha – otashparast bola degani, mayxona yugurdagi ham mumtoz she’riyatda mug‘bacha deb ataladi va u ma’shuqa timsoli sifatida qo‘llanadi. Bu atama zamirida o‘tmish hayotimizdagi muayyan holatlar namoyon. Ma’shuqaning lablari shu qadar qip-qizilki, gulgunrang may uning zakoti – qirqdan bir hissasi bo‘lishi mumkin. Shoir ana shu maydan berib, jon baxsh etgil, usiz esa o‘sha mayga xumorlik mashaqqati meni halok etadi, deydi.
Derlar, Navoiy qatlig‘a gulgul ochibtur orazin,
Ko‘rguncha oni, voykim, bu xorxor o‘lturgusi.
Navoiyni qatl etish uchun (yor)
gul-gul yuzini ochibdi, deydilar.
Evoh, u gulyuzni ko‘rguncha bu intizorlik
uni xor qilib o‘ldiradi-ku.
May rangi – qizillik motivi yana davom etadi. Baytda aytilishicha, Navoiy qonini to‘kmakka chog‘lanarkan, yor qizil kiyinadi, gulgul (qizg‘ish) yuzini ochadi. Ammo shoirning armoni shundaki, yor orazini ko‘rgunicha ham bo‘lmay, bu intizorlik, tashnalik iztirobi – xorxor uni xor qilib o‘ldiradi-qo‘yadi. Xorxor so‘zi bu o‘rinda ko‘p ma’noli: orzu, tahlika, ko‘ngil hayajoni hamda g‘am-qayg‘u o‘tmishda “xorxor” deb ifodalangan. Shu tufayli, ayni baytdan bir necha xil ma’no chiqishi mumkin (chunonchi, jallodning qizil kiyim kiyib maydonga chiqib kelishi, uning vahmidan mahkum boshiga qilich tushmasidan avval yuragi yorilib o‘lishi). Bu baytning yana bir ma’nosi – gulning tikani doim bor. Gul esa bir fursatga ochilib, jilva qiladi. Gul yuzini ko‘raman, degan oshiq unga talpinar ekan, tikanlari sanchilib, uni halok etishi mumkinligiga ham ishora bor.
Shuningdek, mahkumni jazo maydoniga olib kelib, uni qatl etish onida olisdagi ayollar chimmat ko‘zini to‘sgani uchun uni chetga surib, yuzini ochganlar, degan nukta ham bor ushbu satrlarda. Biz bu o‘rinda bosh ma’noni talqin etish bilan kifoyalandik.
* * *
Ana endi ushbu g‘azalning musiqali talqini – ashula ijrosi haqida. Biz shu ashula misolida o‘zbek mumtoz qo‘shiqchiligidagi g‘alati bir hodisa haqida gapirmoqchi edik. G‘azal kuyga solib, ashula qilib aytiladigan bo‘lsa, nima uchundir qariyb yarmi olib tashlanadi, aytilmaydi. “Yarimta g‘azal ashulachiligi” avjida. Shu darajadaki, mingta g‘azal ashula bo‘lsa, kamida to‘qqiz yuztasi cho‘ltoq, “pati yulingan”. Jumladan, siz hozirgina o‘qigan g‘azalning ham to‘rt bayti ashulada bor, qolgan uch baytiga “joy tegmagan”, ortiqcha deb topilgan. Natijada, mazmun deyarli anglashilmaydi, shoirning muddaosi ro‘yobga chiqmay, chala qolib ketgan.
Bizda ashula uzog‘i bilan besh daqiqa ijro qilinadi, ko‘pincha o‘shanga ham yetib bormaydi. Holbuki, shu ruhdagi afg‘on, uyg‘ur, eron, urdu va boshqa ellarda ashula xiyla davom etadi, tinglovchiga uning butun ruhi singdiriladi.
Bunga nima sabab bo‘lgan ekan? Ehtimol, ba’zi baytlar matnida “yo Olloh!” deganday so‘zlar bo‘lsa, eski zamonda kuy bastalayotgan san’atkor o‘sha baytdan voz kechishga majbur bo‘lgandir? Zero o‘tgan asrdagi holat ma’lum.
Lekin matnni o‘qisangiz, bu gap asossiz ekani ayon bo‘ladi. Masalan, shu g‘azalning 1-, 2-, 5- va 7-bayti aytilib, 3-, 4- va 6-bayti qisqartirib ketiladi, ya’ni 43 foizi “optashlangan”. Holbuki, o‘sha baytlarning birovni g‘ijintiradigan joyi yo‘q. Xonandalar yoki kuy bastalab, ashula holiga keltirgan mug‘anniylar shu darajada o‘zboshimchaki, Navoiyni ham, Bobur, Furqatni ham shartta qisqarta beradi, chunki hoy deydigan odam yo‘q.
Tasavvur qiling, kinofilm ko‘ryapsiz. Televideniye uning yarim-yortisini kesib tashlab efirga uzatsa, asarni qanchalik tushuna olasiz? Mavzu ma’lum, ammo ma’nosi-chi? G‘azalni qisqartib aytish ham shu kabi bir holat, aslida.
Yil osha Samarqandda o‘tadigan “Sharq taronalari”da ko‘ramizki, hech qaysi chet ellik xonanda va sozanda biz kabi “kesib” xonish qilmaydi, har bir ashula uzoqqina davom etadi. Biz esa, go‘yo xijolat bo‘lganday, boshlaboq, tugatib qo‘ya qolamiz, bori shu, deganday.
Yana bir illat – aksar ashulachilarning savodi chatoq. G‘azalni o‘qishga, tushunishga hafsala qilmaydi, avvalgi xonanda qanday aytgan bo‘lsa, o‘shani magnitofondan eshitib, yodlab oladi-qo‘yadi. Xudo ko‘rsatmasin, birinchi hofiz nuqsli aytgan bo‘lsa, qirq yildan so‘ng ham bu xato takrorlanaveradi.
Jumladan, ulug‘ hofiz Komiljon Otaniyozov ushbu g‘azalni boshqa bir kuy yo‘lida chiroyli ijro etgan. Yana tahsinga sazovor jihati shuki, hech bir baytni “tashlab” ketmagan, barini to‘liq aytgan. Ammo ayrim so‘zlarni boshqa bir so‘z bilan almashtirib kuylagani afsuslanarli.
Bugun “Mustahzod” ijrosida ham shu holni ko‘ramiz. Shoir Chokar:
Husning guli to bo‘ldi jahon mulkida paydo,
ey sho‘xi parizod,
Soldi ani ishqi boshima kulfati savdo,
qilg‘il manga imdod, –
desa, Ma’murjon Uzoqov so‘nggi uch so‘zni “qilg‘il anga faryod” deb kuylagan…
Kamina bir tinglovchi, mumtoz qo‘shiqlar ixlosmandi sifatida, o‘zbek ashulachiligidagi ijroni uch turga ajratgim keladi.
Birinchisi – ashulada ovoz muhim, degan xonandalar. Ularda qo‘shiqning avjli joylarini baland tovush bilan, uzoq cho‘zib aytib, shu orqali tinglovchilarni qoyil qoldirish maqsad bo‘ladi.
Ikkinchi toifa esa – musiqa, kuy birlamchi, deydiganlar. Bunda qo‘shiq bir yoqda qolib ketib, doiraning o‘zi yakka taraklatiladi, nay alohida ajrab chiqib, “solo” tarzida nola qiladi, so‘ng g‘ijjakchi qiyshanglab kamon tortishga tushib ketadi, olqish olib, qiyqiriq qo‘zg‘ashga harakat qiladi.
Uchinchi toifa esa ashulada so‘z birlamchi, deb biladi. Qo‘shiqning so‘zlarini, g‘azalning ma’nosini uqtirishga intiladi. Hojixon Boltayev, Ma’rufxo‘ja Bahodirov ana shu toifaga mansub xonandalardan edi. Bu xil qo‘shiqchilar g‘azalni teran tahlil qilishgan, davralarda ayrim bayt, misra va bayt ma’nolarni talqin etib, fikr bayon etishgan, so‘ng… kuylashgan.
* * *
Navoiy davri tarixga aylangach, uni anglaydigan, shoir bunyod etgan ma’nolar xazinasining qadriga yetadigan zamon yo‘qlikka yuz tutdi. XVII–XIX asrlar – shu uch asr o‘zbek xalqi turmushining og‘ir davri bo‘ldi. U zamonni Abdulla Qodiriy “tariximizning eng kirlik, qora kunlari” deb baholagan. Albatta, u holda ulug‘ shoir asarlarini o‘rganish va ommalashtirishning iloji yo‘q edi. O‘sha tushkunlik asrlarida Navoiyning ijodi oddiy xalq e’tiboridan chetroqda qolgani chin.
Alisher Navoiy ijodini har taraflama tadqiq etish va ommalashtirish o‘zbek olimlari orasida bundan bir asr avval – Cho‘lpon 1924 yili “500 yil” degan maqolacha yozib, uni O‘zbek bilim hay’atiga yo‘llaganidan boshlangan. Ammo, afsuski, sovet davrida Navoiy asarlari xo‘p qisqartirildi, “feodal-klerikal” yo “diniy-mistik” ijodkor emasligini dalillash, malomatdan asrab qolish, ishqilib, elga yetkazish uchun uning “dunyoviy” sevgisi o‘ylab topildi, podshoh bilan nizosi “uyushtirildi” va hokazo…
Navoiyning yozganlarini teran idrok etadigan, bu ulug‘ ijod dunyosining sir-asrorlarini bus-butun inkishof etadigan davr endi kelgan bo‘lsa, ajab emas. Axir, mustaqilmiz, Navoiyni millat quyoshi deb ataymiz.
XX asrdagi bir necha avlod navoiyshunoslarning purzo‘r mehnati va erishgan ilmiy natijalarini e’tirof etgan holda, aytishimiz kerakki, xalqimiz orasida Navoiy nomining keng yoyilishiga avvalo uning g‘azallariga bastalangan necha yuzlab ashulalar, shuningdek, Uyg‘un va Izzat Sulton qalamiga mansub “Alisher Navoiy” dramasi (1942) eng ko‘p hissa qo‘shdi. Binobarin, zamona shu ekan, deb opera va estradaga sho‘ng‘ib ketmay, Navoiyga ixlos qo‘ygan ulug‘ san’atkorlar ruhiga hamisha tasanno aytamiz.
Ammo, ma’lumki, bugun Navoiyning barcha asarlari to‘liq nashr etilyapti, biron misra olib tashlanmaydi. Dostonlarining boshi va oxiri “kesib” nashr etiladigan zamonlar ortda qoldi. Shoirning har bir bayti – xalqimiz uchun tabarruk. Shu holda, mumtoz ashulalar ijrosida kaltagina qarichimizni mezon deb bilib, istagan baytni “kesish” davom etayotgani taajjublanarli. Axir, o‘sha baytga zarurat bo‘lmasa, Alisher Navoiy uni bitmas edi, shekilli? Qaysidir baytni “hatlab”, boshqa baytni kuylash Navoiyni… tahrir qilishga da’vo emasmi? Oqibatda, Navoiy nima deganini tinglovchiga yetkaza olmayapmiz.
Nazarimda, endi har bir g‘azalga bitilgan ashulani to‘liq ijro etish davri keldi. Ixlos qo‘ygan, ruhan shoirga yaqin bo‘lganlar eshitishdan aslo toliqmaydi.
Yana. Navoiyning – o‘zi navo. Uning g‘azallari ijrosida kekirdakka yo g‘ijjakka zo‘r berish aslo shart emas. Bunday qiliqlar shoir ruhiga ozor yetkazadi. Undan ko‘ra, shu g‘azalni takror-takror, obdon o‘qib, ruhiga kirib, samimiyat va hayajon bilan ijro qilishga hech narsa yetmaydi.
Zuhriddin ISOMIDDINOV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 30-yanvardagi 5-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
593
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



