27.09.2025 | 14:44
4796
RO‘YXATDAGI 9-MAHBUS
Tarix sharafli nomlarda mujassam. Ismoil G‘asprali deyishimiz bilan butun bir ma’rifatparvarlik to‘lqini, tafakkur islohoti va ijtimoiy uyg‘onish jarayoni ko‘z oldimizda gavdalanadi. Professor Begali Qosimov ta’kidlaganidek: “Bu nom yuz yil muqaddam turkiy dunyodagi eng mashhur nom edi. Uni Qashqardan Londongacha, Sankt-Peterburgdan Bombeygacha bilar edilar”.

Ismoil G‘aspralining Qrimda boshlagan jadidlik harakati bir muddat o‘tib, Xorazmga ham kirib keldi. Xiva xoni Feruzxon, valiahd Asfandiyorxon, qozikalon Salimoxun, Mamat mahram va bosh vazir Islomxo‘ja kabi davlat arboblari xayrixohligi tufayli Xiva, Yangi Urganch va boshqa hududlarda jadid maktablari tashkil etildi. Jadidlik harakati bu yerda ham dastlab ma’rifiy yo‘nalishda quloch yoyib, tobora ijtimoiy ahamiyat kasb eta bordi. Har bir hududning o‘z yetuk namoyandalari yetishib chiqdi.
Ana shunday tarixiy muhitda, jadidlik g‘oyalari Xorazmda asta-sekin ildiz otayotgan bir pallada, 1898-yili Xiva xonligining Qo‘ng‘irot bekligida qahramonimiz Menlihoji Ibniaminov dunyoga keldi. U chorvador oilada tug‘ilgan bo‘lsa-da, bu uning jadidlik g‘oyalaridan yiroq o‘sganini anglatmaydi, aksincha, tarbiya topgan muhitida zamon talab qilayotgan islohotlarga ehtiyoj kun sayin kuchayib borar, shu jihatdan, Menlihoji kabi yoshlarning ilg‘or g‘oyalar ta’sirida o‘sib-ulg‘ayishi tabiiy jarayon edi.
Hujjatlarda Menlihoji Ibniaminov tahsili borasida aytarli ma’lumot uchramaydi. Qaydlar uning 1921-yili Xorazm Xalq Sovet Respublikasi xalq vakillari qurultoyida Vazirlar Kengashi raisi etib saylanganiga bog‘lanib ketadi. Qahramonimiz o‘shanda bor-yo‘g‘i 23 yoshda edi. Avvalo, navqiron yosh ortida jadid muhitida shakllangan, ta’lim orqali dunyoqarashi teranlashgan, siyosiy voqelikka befarq qaramaydigan shaxs qiyofasini ko‘ramiz. Qolaversa, bu mavqe jadidlik g‘oyalarining amaliy kuchga aylanib borganini ham anglatadi. Buni qay o‘rinlarda ko‘ramiz?
1921-yilning oktyabrida RSFSRning Favqulodda komissiyasi Xorazm Xalq Sovet Respublikasiga keladi. Bu “tashrif” RKP(b) Markaziy Komitetining Turkiston byurosi va Turkiston ishlari bo‘yicha komissiyasi raisi Adolf Ioffe rahbarligida amalga oshiriladi. Aslida, bu harakat Xorazm hukumati olib borayotgan ichki siyosatni nazorat ostiga olishga qaratilgan edi. Biroq XXSR bunday hukmfarmonlikka jim qarab turmay, o‘z munosabatini bildiradi. Xususan, bosh vazir Menlihoji Ibniaminov va Markaziy ijroiya komiteti raisi Otamaxsumoxun Muhammadrahimov keskin qarshilik ko‘rsatadi.
RSFSRning Xorazmdagi muxtor vakili Iosif Bik 1921-yil 10-noyabrda o‘zining tashqi ishlar xalq komissarligiga yozgan xatida: “Hozirgi Xorazmning hukumat rahbarlari Xorazm uchun kerak emas. Hukumat butunlay Menlihoji Ibniaminov va Otamaxsumoxun Muhammadrahimov qo‘liga o‘tdi. Milliy masala bilan ayrim intelligentsiya shug‘ullanadi”, deb yozadi.
19-noyabr kuni Iosif Bik ichki ishlarga aralashgani uchun uning vohaga qaytib kelmasligi talab qilinib, markazga murojaat yo‘llanadi. Ammo bunga vaqtida munosabat bildirilmaydi. 22-noyabrda sovet hukumatiga navbatdagi radiotelegramma yuboriladi. Unda Iosif Bik o‘z vakolati doirasidan chiqib, Xorazm hukumatini xalq dushmani sifatida targ‘ib qilayotgani, millatlar orasida adovat qo‘zg‘atayotgani aytiladi. Shu bois, uni zudlik bilan chaqirib olish qat’iy talab qilinadi. Agar masala yechimini topmasa, “o‘ziga yaxshi bo‘lmasligi” haqida ogohlantiriladi. Biroq avval bo‘lgani kabi, bu murojaat ham e’tiborsiz qoldiriladi. Natijada vaziyat yanada keskin tus oladi.
1921-yil 23-noyabrda Otamaxsumoxun Muhammadrahimov, Menlihoji Ibniaminov boshchiligida hukumat yig‘ilishi o‘tkazilib, Iosif Bik 24 soat ichida XXSR hududini tark etishi bo‘yicha qaror imzolanadi. Ushbu qaror radio orqali ham o‘qib eshittiriladi. Shundan so‘nggina vaziyat tarangligini sezgan markaz qo‘zg‘aladi – Iosif Bikni qaytarishni rasman ma’lum qiladi.
Ammo Bik qarorga bo‘ysunmay, 27-noyabr kuni Xivadagi qizil armiya qo‘shinlariga tayangan holda, favqulodda majlis chaqiradi. O‘sha kunning o‘zida uyushtirilgan fitnaga ko‘ra, bir qator shaxslar “xalq dushmani”ga chiqarilib, qamash va otib tashlashga qaror qilinadi. Bik shundan so‘ng Xivadagi pulemyot va miltiq bilan qurollangan 300 nafar qizil armiya qo‘shinini ishga soladi. Avvaliga, harbiy nozir Mirkomil Mirsharopovning uyiga bostirib kirib, butun hovlini o‘qqa tutdiradi. Uni ko‘chada olomon ko‘z o‘ngida do‘pposlangan holda olib ketishadi. Keyin Otamaxsumoxunning uyi nishonga olinadi, biroq o‘zini topishning iloji bo‘lmaydi.
Notinch siyosiy vaziyat oqibatida Menlihoji Ibniaminov ham turli ayblovlarga duchor bo‘ladi. “Panislomchilik”, “Milliy ittihod” tashkilotida faol ishtirok etganlikda ayblanib hibsga olinadi hamda harbiy sudga topshiriladi. Sud uni dastlab otuvga hukm qiladi. Biroq tez orada ish qayta ko‘rib chiqilib, jazo 10 yillik qamoq bilan almashtiriladi. Tekshiruvlarda bo‘yniga ilingan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topavermagach, qahramonimiz ozod etilib, yana lavozimga qaytadi. Xususan, 1921-yil 27-noyabrda XXSR Markaziy ijroiya komiteti tomonidan Xalq kengashi vaziri o‘rinbosari vazifasiga tayinlanadi.
Menlihoji Ibniaminov 1923-yil 20-oktyabrda chaqirilgan Xorazm sovetlari syezdida Markaziy ijroiya komiteti a’zoligiga saylanadi. Ortidan 22-oktyabr kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra, XXSR Ichki ishlar vaziri lavozimiga qo‘yiladi.
1924-yilning martida RKP(b) Markaziy qo‘mitasining O‘rta Osiyo byurosi raisi R.I.Karklin Xorazmga keladi. Boshqacha aytganda, bu holni markazning siyosiy vaziyatni o‘z yo‘nalishiga solish borasidagi qat’iy harakatlaridan biri sifatida baholash mumkin.
Bu jarayonda Menlihoji Ibniaminovning yuqori mansablarni egallashi uning hokimiyat tizimidagi nufuzini yanada mustahkamlaydi. Bir tomondan, ushbu tayinlov qahramonimiz tajribasi tan olinganini ko‘rsatsa, boshqa tomondan, markazning unga nisbatan ishonchini saqlayotganini ham anglatardi.
Menlihoji Ibniaminov 1925-yildan boshlab savdo sohasidagi mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritadi. Bu yillarda uning ma’muriy sohadagi tajribasi, tashkiliy salohiyati yanada yuksaladi. Hukumat tizimida uzluksiz ishlashi uni turli sohalarda: siyosat, maorif, savdo, iqtisodda yetuk boshqaruvchi sifatida kamol toptiradi.
…1937-yili avj olgan qatag‘on to‘lqini Xorazm va Qoraqalpog‘iston mintaqasini ham qamrab, sentyabr oyida Menlihoji Ibniaminovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi. Yetti oy davom etgan qiynoqlardan so‘ng, 1938-yil 14-aprelda Qoraqalpog‘iston ASSR Ichki ishlar xalq komissarligi huzuridagi davlat xavfsizligi organlari tomonidan Ibniaminovga O‘zbekiston SSR Jinoyat Kodeksining 63-64-moddalari bilan ayblov hukmi e’lon qilinadi.
1938-yil 13-oktyabrda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining ko‘chma sessiyasida O‘zbekistondagi 42 mahbus otuvga hukm qilinadi va ro‘yxatdagi 9-mahbus Menlihoji Ibniaminov, u bilan birga el ozodligi uchun kurashgan Safarboy Nurjanov, Ollonazar Pirnazarov, O‘razinbet Dinmanov, Mambet Jaxsimurodov, Allaniyoz Ayteshev, Abu Qudaboyev, Ander Tashenov va boshqalar qatl qilinadi.
Biz bir og‘iz “qatl” degan so‘zni umummillat fidoyilari taqdiriga tegishli ekanini, bu ifoda ortida fidoyi inson qismati bilan birga bosqinchilarning vahshiyona siyosati, yerli aholini odam o‘rnida ko‘rmasligi, qolaversa, har bir “xalq dushmani” tamg‘asi bosilgan shaxs ortida qolgan oilasi: ota-onasi, jigarlari, ahli ayoli, murg‘ak bolalarining ham umri uqubatga aylanganini tasavvur qilishimiz kerak. Bu fojialarning bari mustamlaka kasofati, el-elatning yagona g‘oya atrofida birlashib, yakdil bo‘la olmagani, fikriy parokandalik va mahalliychilik kabi illatlar tufayli millat boshiga tushganini unutmaslik shart. Zero, har bir qatag‘on qurboni timsolida bugungi avlod uchun ibratli tarix sabog‘i mujassamdir.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-sentyabrdagi 38-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596
