06.10.2025 | 09:28
1031
NOZIMAXONIM NIDOSI
Nozimaxonimning tabarruk ismi mumtoz shoiralar safining oxirida va XX asr ijodkor ayollari ro‘yxatining avvalida keladi. U xonliklarning tugatilishi, Turkiston Muxtoriyati va sovet hukumatining tashkil etilishi pallasida umr o‘tkazdi. U ijodini salaflari singari sham shu’lasida aruzdan boshlab, xalaflari kabi elektr chiroq nurida barmoq vaznida tugatdi. Ha, u xalqimizning ikki asr oralig‘idagi turmushini o‘zidan o‘tkazib ko‘rdi. Natijada, davrning nazmda ifodalash mumkin bo‘lmagan, hali o‘zbek adabiyoti duch kelmagan voqealarini publitsistikada bayon etishga tushdi va bu borada salmoqli ishlarni amalga oshirdi.

Jadid maktabidan chiqqan turkistonlik ziyoli ayollarning yorqin vakilasi, shoira Nozimaxonim zamonasining ilg‘or shaxslaridan edi. Yozgan maqolalari, kuyunchak so‘zi, salmoqli ijodi ko‘z o‘ngimizda uning erkparvar qiyofasini chizib beradi.
Nozimaxonim 1870-yilda Toshkentning Beshyog‘och dahasida davrining peshqadam ziyolisi Mulla Said Ahmad xonadonida dunyoga keladi. Keng fikrli, ilm-u ma’rifatga oshno ota qizining kelajagiga katta umid bog‘lab, uning har tomonlama to‘liq bilim olishi uchun barcha imkoniyatni yaratadi. Qahramonimiz avvaliga mahalladagi qizlar maktabida otinoyi qo‘lida saboq oladi, keyin rus-tuzem maktabida o‘qib, dunyoviy bilimlar bilan tanishadi. Bolalikdan ilmga tashna qizaloq arab, fors, rus va tatar tillarini puxta o‘zlashtiradi, turli tillardagi nashrlar bilan tanishib boradi va shu orqali dunyoqarashini boyitadi.
Adabiyot va jurnalistikaga bo‘lgan mehri uning vaqtli matbuotda nom qozonishida turtki bo‘ldi. Zamonaning og‘riq nuqtalarini yoritish asnosida qahramonimiz ilm-ma’rifat, tenglik va ozodlik jarchisi sifatida bo‘y ko‘rsata bordi. Shu tariqa, matbuotimiz tarixida ilk publitsist ayol sifatida e’tirof topdi.
Uning faoliyatida ma’rifatparvar Omina Bonu bilan fikran yaqinlik va mustahkam do‘stlik muhim o‘rin tutgan. Omina Bonu unga maktub yo‘llarkan: “She’rlaringiz menga juda ma’qul bo‘ldi, biroq shu bilan birga gazeta sahifalariga maqola berib tursangiz, ko‘p ulug‘ va savob ish bo‘lur edi”, deya da’vat etadi. Ana shu chorlov samarasi o‘laroq, matbuot nashrlarida “Beshyog‘ochlik Nozimaxonim” imzosi paydo bo‘ladi.
Nozimaxonimning 1904-yili “Turkiston viloyatining gazeti”da chop etilgan maqolalaridan biri “Insonga qancha erk darkor?” deb nomlanadi. So‘ngra mahalliy matbuot sahifalarida “Xotinlar huquqiga oid”, “Ilm va maorif borasida bir-ikki so‘z” kabi maqolalari bosmadan chiqadi. Bu maqolalar o‘zining teran mazmuni va o‘tkir ruhi bilan Turkistonda ozodlik g‘oyalarining yoyilishi, xotin-qizlar o‘rtasida demokratik intilishning kuchayishiga xizmat qiladi.
“Taraqqiy” gazetasining 1907-yilgi sonlarining birida uning “Afsus” nomli she’ri e’lon qilinadi. Shoira ushbu she’r orqali haq so‘zni xotin-qizlarga yetkazmoq umidi bilan: “Ki, shoyat zulm tuni barham bo‘ldi”, deb yozadi. Nozimaxonim “Turkiston viloyatining gazeti”, “Taraqqiy”, “Shuhrat”, “Xurshid”, “Hurriyat”, “Osiyo”, “Sadoyi Turkiston”, “Ulug‘ Turkiston”, “Samarqand” kabi gazetalarda, shuningdek, Mahmudxo‘ja Behbudiy muharrirlik qilgan “Oyina”, Ufada chop etilgan “Sho‘ro” va Ozarbayjonda chiqarilgan “Irshod” jurnallarida g‘azallari, hajviy she’r va publitsistik maqolalari bilan faol ishtirok etadi.
Shu o‘rinda, qahramonimizning matbuotda “Ayollarga erk darkor” deb baralla chiqishini o‘sha qaltis davrdagi haqiqiy jasorat namunasi edi, deyish mumkin. Maqolada o‘tmish tuzumning ayollarni cheklovchi qoidalari keskin tanqid qilinadi. Bunday qat’iyat ortidan el orasida tez tilga tushgan Nozimaxonim ijodini kutadiganlar soni kun sayin oshib boradi.
1907-yili “Shuhrat” gazetasida chop etilgan “Ilm va maorif borasida bir-ikki so‘z”da Nozimaxonim Turkiston jamiyatining og‘riqli muammosiga – ta’lim va ma’rifat ahvolotiga yuzlanadi. “Sadoyi Turkiston”da ham, xususan, nashrning 1915-yilgi 13-sonida ilm-ma’rifatga doir keng qamrovli mulohaza bilan chiqadi. “Zamonning ahvoli, o‘zga xalqlarning turush-turmushlari, o‘z ona-singil va qizlariga bo‘lmish yaxshi munosabatlar haqida ba’zi xabarlarni o‘qishga muyassar bo‘ldik. Illo, bunday holatlar bizning Turkiston muzofotida jamiyat orasida hali yuz ko‘rsatmamishdir”, deya kuyinadi. Ayni vaqtda, “Jamiyatimiz ahvoli ruhiyasinda o‘shandek holatlarni vujudga keltirish uchun… elimizning ma’rifatli, oqil va dono arboblarining sa’y-harakat qilmoqlariga vaqt yetmadimikan?”
Nozimaxonim maktabdorlik – otin sifatida ham jamiyatda katta iz qoldirdi. Qahramonimiz shogirdlaridan oxunguzarlik Manzurabonu Majidovaning “Toshkent oqshomi” gazetasida 1966-1967-yillarda chop etilgan “Tabarruk odam edilar” va “Ustozim haqida” nomli xotiralaridan ma’lum bo‘lishicha, Nozimaxonim rus va tatar tillarida yaxshi gaplashar va o‘qir edi. “Ruscha qiziq-qiziq rasmli kitoblarni ko‘rsatar, o‘qib hamda tarjima qilib, biz qizlarga tushuntirib berar edi”, deyiladi yodnomalarda. Va yana keltirib o‘tiladiki, u shogirdlariga tatarcha gazetalarni ham o‘qib turish kerakligini aytar, “tatar ayollarining maktabda ochiq o‘qib, teatrga bemalol borishlari mumkinligi, hatto sahnaga qo‘rqmay chiqib rol o‘ynashlarini” ham havas bilan so‘zlab bergan.
Nozimaxonim yon atrofdagi mahalla qizlarini ham o‘qitib, ularga har tomonlama chuqur bilim berishga, ularni diniy va dunyoviy fanlar, badiiy adabiyot, tarix va geografiya bilan oshno etishga harakat qilib, dunyoda bo‘layotgan voqea-xodisalardan muntazam xabardor qilib borgan.
Manzurabonu tag‘in eslaydi: “1916–1917-yillar edi. Otincha ayam (biz Nozimaxonimni shunday atashni odat qilgan edik) qo‘l ostida 12 nafar qiz o‘qir edik. Shu qizlardan yettitasi shoira bo‘lib yetishdi va biz Otincha ayamdan she’r qonun-qoidalarini puxta o‘rganar edik.
Nozimaxonim ko‘pincha bizni bir yerga o‘tqazib, o‘zaro mushoira qilar edilar. Dastlab birimiz bayt aytardik, qolganlarimiz esa shu baytga munosib yana bir bayt qo‘shib ketaverardik. Shunday qilib yetti baytdan iborat bir g‘azal bunyod bo‘lardi… Otincha ayam eng yaxshi chiqqan mushoiralarimizni bizdan xotira sifatida o‘z daftarlariga ko‘chirib qo‘yar edilar. O‘sha shoira deganlarimizning ismlari mana bunday edi: Muattar, Gulchehra, Nasiba, Parivash, Sayyora, Surayyo. Biz yetti shoira birgalikda qirqdan ortiq mushoira – she’r ijro etgan edik. Afsuski, ularning birortasi ham menda saqlanib qolmagan” (“Nozimaxonim haqida xotiralar”dan. “Toshkent oqshomi” gazetasi, 1960-yil 2-yanvar).
…1924-yili ellik to‘rt yoshida hayotdan ko‘z yumgan publitsist, ma’rifatparvar shoira Nozimaxonimning she’rlari adabiyotshunos To‘xtasin Jalolov tuzgan “O‘zbek shoiralari” to‘plamiga kiritiladi. Biroq shunga qaramay, qalblarni o‘z she’rlari bilan munavvar etib, o‘z davri ma’naviy hayotida o‘chmas iz qoldirgan bu fidoyi ayol haqida mufassal tadqiqot ishlari yo‘qligi kishini o‘yga soladi. Nozimaxonim ijodi haqida ma’lumotlar turli maqola va xotiralarda parchalar holicha saqlanib qolgani bois, uning adabiy merosini chuqur o‘rganish zarurati hali ham dolzarbligini yo‘qotmagan.
Shoiraning tug‘ilgan yili xususida ham turli manbalarda zid ma’lumotlar uchraydi. Ayrim manbalarda uning 1870–1920-yillarda yashagani qayd etilsa, 1999-yili Abdulla Qodiriy nomidagi xalq nashriyotida chop etilgan “Sharqning yetti yog‘dusi” kitobida boshqa sana (1869–1924) ko‘rsatilgan. Ana shu noaniqlikning o‘ziyoq Nozimaxonim hayoti va ijodi yuzasidan jiddiy ilmiy tadqiqot olib borish zarurligini anglatadi.
Agar o‘sha davrning vaqtli matbuot nashrlariga murojaat qilinsa, nomlari keng jamoatchilikka hali noayon o‘nlab ayol ijodkorlarning boy she’riy va ma’rifiy merosi kashf etilishi mumkin. Ular asarlarida zamonning ijtimoiy hayoti, xotin-qizlar taqdiri va ma’naviy qiyofasini jonli tarzda aks ettirganlar.
XX asrning 20-yillarida xotin-qizlar matbuoti va umumiy vaqtli nashrlar sahifalarida yangi bir avlod ayol ijodkorlar ismlarini o‘qiymiz: Xosiyat Tillaxonova, Muzayyana Alaviya, Oydin, Mahbuba Rahim qizi, Zarifa, Erkin, Yolqin, Nazokat, Matluba, Oftobxon Xolbotirova… Ular nafaqat she’r yozgan, balki jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni, ma’rifat, tenglik va ozodlik masalalari haqida ham faol fikr bildirganlar.
Shubhasiz, Nozimaxonim shaxsiyati va ijodi orqali biz XX asr boshlaridagi ayol ijodkorlar olami, ma’naviy uyg‘onish jarayonlari va milliy taraqqiyot masalalari haqida tasavvurga ega bo‘lamiz. Shu jihatdan qahramonimiz hayoti bizga ilm, ma’rifat va ozodlik yo‘lidagi harakat har qanday davrda ham qimmatli ekanini o‘rgatadi.
Marhamat ALIMOVA,
tarix fanlari nomzodi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 26-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
108
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
618
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
614



