08.10.2025 | 12:23
1254
“O‘TKAN KUNLAR” BOSHIDAN O‘TGAN KUNLAR
1
Stalin hukumati otamiz Habibullo Qodiriy (1918–1988)ni ham “xalq dushmanining o‘g‘li” degan tamg‘a bilan qamagan. U kishi hayotining o‘n yilini mahkumlikda o‘tkazgan. Otam o‘sha yerda bo‘lgan bir voqeani quyidagicha eslagandi:
“1949-yilning oxiri – 1950-yilning boshlari edi. Shimoliy O‘rol lagerlaridagi (unda qirqdan ortiq lager bor edi) barcha siyosiy mahbuslarni etap qilib, qizil vagonlarga ortib Qarag‘anda shahriga keltirdilar.

…Kunlarning birida peshinlik qilib tibbiy bo‘limga kelsam, bir kishi meni kutib o‘tirar edi. Ko‘rishib, so‘rashdik. U toshkentlik, o‘zbek, bugun etap bilan lagerimizga kelgan ekan. Ism-sharifi xotiramda qolmagan, past bo‘yli, moshguruch soqol-murtli, shilpiq ko‘z, ellik yoshlardagi kishi edi. U bizga yaqin bo‘lgan O‘qchi mahallasida turar va shu mahallaning raisi bo‘lgan ekan.
– Etapdan lageringizga kirib, “O‘zbeklar bormi?” – deb so‘rasam, sizni aytishdi. Yotoq yerimni tayin qilib, ovqatlanib, to‘g‘ri oldingizga keldim.
U bu so‘zlarni shu qadar sekin, qo‘rqib aytar ediki, ikki gapning birida “birov eshitayotgani yo‘qmi” deganday, atrofga qarab olar edi. Men ham Toshkentning qayerida turishimni aytdim va kulib so‘radim:
– Xo‘sh, nima jinoyat qildingiz?
– Ey, mening jinoyatim yo‘q, doktor.
– Aybsiz qamamaydilar-ku…
– Aybim bo‘lsa ham, juda arzimaydigan…
– Xo‘sh?
U yana atrofga bir qarab olib, asta dedi:
– O‘qchidagi choyxonada kechasi to‘rt-besh o‘rtoqlar to‘planib, “O‘tkan kunlar” romanini o‘qigan edik. Ichimizda bitta-yarimta xufiya bor ekan, shekilli, tegishli joylarga yetkazibdi. Barchamizni qamab, uch-to‘rt kun so‘roq qildilar. Hammamiz kitobni o‘qiganimizni bo‘ynimizga oldik. Darhol sud qilib, barchamizni shu yoqqa jo‘natdilar.
– Necha yilga kesdilar?
– Hammamizga birdek, yigirma yildan.
– Hoo, juda barakali qilib berishibdi-ku, – dedim kulib. – Mayli, hechqisi yo‘q. Sizlar albatta bu muddatni o‘tamaysizlar. Xohlasangiz, Moskvaga bir shikoyat ariza yozib beray?!
– Mayli, rahmat, – dedi va uh tortib qo‘shib qo‘ydi: – Bir qizimni to‘y qilaman deb turgan edim-a…
Men u kishiga ariza yozib berdim. Muddatim bitib uyga qaytgach, bir kuni ko‘chadan kelsam, uydagilar:
– O‘qchilik bir o‘rtog‘ingiz qamoqdan kelibdi. Sizga rahmat aytib, mehmonga aytib ketdi, – deyishdi. Men mehmonga bormasam-da, u kishi bilan ba’zan ko‘chalarda ko‘rishib yurdim…”
2
Adibning kichik o‘g‘li Ma’sud Abdullayev (1924–1997) xotiralaridan:
“Men boshlang‘ich sabog‘imni qo‘shni Suzuk ota mahallasidagi (hozirgi 23-sonli bog‘cha o‘rnida) maktabda olganman. Maktab to‘rt-besh xona (sinf)dan iborat bo‘lib, yanglishmasam, Mahkamboy deganning hovlisida ochilgan edi.
Birinchi yo ikkinchi sinfda o‘qib yurgan chog‘larim edi. Muallima opam (ismlarini unutganman) bir kuni darsdan so‘ng:
– O‘g‘lim, sen Abdulla Qodiriyning farzandi ekansan. Men dadang yozgan “O‘tkan kunlar” kitobini o‘zimda yo‘qligidan birovdan olib o‘qib chiqdim. Endi shu kitob menda ham bo‘lsa, degandim. Dadangda bo‘lsa, olib kelsang. Bu iltimosimni oyingga aytgin, – deb takror-takror tayinladilar.
Men “xo‘b” deb va’da berdim. Maktabdan keliboq oyimga:
– Oyi, muallima opam men bilan alohida gaplashdilar. Men endi katta bola bo‘lib qoldim, – deb maqtanib, ularning iltimoslarini aytdim.
Oyim kulib:
– Xo‘b. Agar uyda bo‘lsa, dadangdan so‘rab olib beraman, – dedilar.
Oradan ikki kun o‘tdi. Kitobdan darak yo‘q. Men va’damni bajara olmaganimga muallima opamdan uyalib, maktabga bormay qo‘ydim. Oyim:
– O‘g‘lim, kitob dadanglarda hozir yo‘q ekan. Topib berishga va’da berdilar. Sen ertaga o‘qishga boraver, – dedilar.
Menga muallima opamning so‘zlari qonundek tuyulgani uchun qaysarligim tutib maktabga bormadim. Kechlik mahali oyim dadamga:
– O‘g‘lingiz yana maktabga bormadi, – deb shikoyatlandilar.
– Qo‘yaver, o‘zim gaplashaman, – dedilar dadam kulib.
Ertasiga nonushtadan so‘ng dadam meni yetaklab maktabga yo‘l oldilar. Borsak, dars boshlangan ekan. Dadam:
– Mayli, biroz kutamiz, – dedilar.
Bir mahal muallima opam (sinf oynasidan bizni ko‘rib) chiqib, dadamga salom berdilar. Dadam alik olib:
– Ma’sud o‘g‘lingiz mening aybim bilan darslarga kelmay qo‘yibdi. So‘ragan kitobingiz o‘zimda yo‘q edi. Sababi, siz kabi muxlislar kitobimning so‘nggisini ham olib ketishgandi. Uzr, men albatta kitobni topib, Ma’sud orqali berib yuboraman, – dedilar.
Muallima opam:
– Sizdek aziz insonni ovora qilibman, – deb qayta-qayta uzr so‘radilar. Dadam:
– Yo‘q, xijolat bo‘lmang. Asarimni o‘qib qadrlayotganingiz uchun sizga rahmat aytish mening burchim. Sizga rahmat, – dedilar. Menga:
– Ma’sud, muallima opangga quloq sol. Yaxshi o‘qigin. Qani, darsga kira qol, – deb muallima opam bilan xayrlashib, maktabdan chiqib ketdilar.
Mualima opam meni quchoqlab, yuzimdan o‘pib:
– Dadang bilan birinchi bor suhbatlashishim. U kishi kamtarin inson ekanlar. Sen kabi yoshlarimiz baxtiga omon bo‘lsinlar, – deb ichkariga boshladilar. Xonadagi jim o‘tirgan bolalarga qarab:
– Aziz bolalar! Yaxshi o‘qinglar, odobli bo‘linglar. Kelajakda Abdulla Qodiriydek kamtarin inson bo‘lib yetishinglar, – deb darsni davom ettirdilar. Oradan ikki-uch kun o‘tgach, kechlik mahali oyim:
– Kitobni topdingizmi? – deb so‘radilar. Dadam:
– Ha, bir do‘stimdan lotin alifbosida bosilganini so‘rab oldim, – dedilar.
Ertasiga nonushtadan so‘ng, qog‘ozga o‘ralgan kitobni jildimga solib yo‘lga tushdim. Maktabga borib muallima opamga kitobni berdim. Opa “Rahmat” dedilar. Darsdan so‘ng muallima opam: “Oyingga bergin” deb, buklangan qog‘oz berdilar.
Keyin bilsam, o‘sha qog‘oz “O‘tkan kunlar” uchun yozilgan minnatdorlik xati ekan”.
3
Ma’sud Abdullayev yana shunday xotirlaydi “Dadamni ikkinchi marta qora kursiga o‘tqazganlarida, yozgan asarlarini ham badnom qilishga urinishgan. “Xalq dushmanining yozgan asari” deb, kitobxonlar qo‘lidan tortib olishgan. Biroq, muxlislar kitobni o‘qish man etilgani va o‘qiganlari uchun jazolanishlariga qaramay, bir-birlaridan olib, yashirib o‘qiyverishgan.
Jumhuriyatda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi A’zamxon Rustamov bir suhbatda shunday hikoya qilgandi:
– O‘sha qatag‘on yillarida qancha-qancha odamlar dadangizning asarlarini o‘qiganlari uchun qamalib, azoblandilar… Mening ukamni ham “O‘tkan kunlar” romanini uyida saqlagani uchun qora kursiga o‘tqazgandilar…
1990-yili Shayxontohur tumanidagi 84-o‘rta maktabda otamizning 96 yillik tavalludlariga bag‘ishlangan yig‘ilishga meni ham taklif etishgandi. Anjumandan so‘ng bir piyola choy chog‘ida direktor hikoya qilgandi:
– 1945-yili 7-sinfda o‘qir edim. O‘sha paytda taqiqlangan bo‘lsa-da, adabiyotga qiziqishim tufayli uyda “O‘tkan kunlar”ni o‘qiy boshladim. Kitobni tugata olmaganimdan davomini ertasiga matematika darsida ham o‘qiyverdim. Qiziqib ketib, domla tepamga kelib qolganini ham sezmabman. Domla: “Nima o‘qiyapsan?” deb qo‘limdan kitobni tortib oldi. Ertasiga direktor xonasiga chaqirib, matematika domlasi: “Nima qilib qo‘yganingni bilasanmi? Xalq dushmanining taqiqlangan kitobini o‘qiding-a?!” deb do‘q urdi… Ular: “Ertaga otangni olib kel!” deb kitobni olib qolishdi.
O‘sha kuni kechqurun sinfdoshim uyimizga kelib: “Seni tog‘am chaqiryaptilar”, deb aytib ketdi. Borsam, direktor uyda ekanlar. Meni yaxshi muomala bilan kutib oldilar-da, xoli xonaga olib chiqib dedilar:
– O‘g‘lim, o‘qiyotganing o‘zbek xalqining sevimli “O‘tkan kunlar” kitobi. Men ham uni sen kabi berilib o‘qiganman. Ming afsuski, senlarning davringda bu kitob man etildi. Albatta, sen buni bilmagansan. Kimda kim ushbu kitobni o‘qisa yoki saqlasa, boshiga qora kunlar tushadi. Agar bu ishingni birov eshitsa, dadang va men javobgar bo‘lamiz. Senga maslahatim, o‘qigan kitobingning muqovasiga o‘xshash boshqa kitob topib, borib almashtirib qo‘yasan. Kitobingni xonamdagi javonning tepasiga, ko‘zga ko‘rinadigan joyga qo‘yganman. Xona derazasini omonat berkitganman. Sen o‘sha yerdan tushgin.
Men o‘rnimdan turdim. Domlam xayrlasha turib:
– Seni erta-indin otang bilan xonamga chaqirishlari mumkin. O‘sha kitob haqida so‘rasalar: “Bilmayman, o‘qimaganman” degin, – deb tayinladilar.
Men o‘sha tunda direktor aytgan ishni bajarib qo‘ydim. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach, meni direktorning xonasiga chaqirishdi. Unda direktor, matematika domlasi va charm paltoli notanish kishi o‘tirar edi. Notanish kishi:
– Sen qanday kitoblar o‘qiysan? – deb so‘radi. Men javob berdim.
– Nega taqiqlangan kitob o‘qiding? – deb do‘q urdi.
– Men unaqa kitobni bilmayman, o‘qimaganman, – dedim.
– Sen yosh bo‘la turib, yolg‘on gapiryapsan. Mana guvoh bor, – dedi u matematika domlasiga ishora qilib.
– Qani, o‘sha kitobni ko‘rsating! – deb buyurdi. Matematika domlasi o‘rnidan turib, javon ustidan kitobni olib, uning qo‘liga tutqazdi. Ular ikkovi kitobning u yoq-bu yog‘ni ko‘rishib, hayron bo‘lishdi…
Qaltirab o‘tirgan direktorga jon kirib, o‘rnidan turdi-da, domlaning yoniga kelib:
– Balki anglashilmovchilik bo‘lgandir. Bu yoshdagi bolalar unday kitobni o‘qiganlarida ham hech narsa tushunmaydilar, – deb meni qutqarib qolgandi”.
Sherkon QODIRIY tayyorladi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 3-oktyabrdagi 40-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



