Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.10.2025 | 09:04

img619

SAVOB VA TAVOB

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori,“Shahidlar xotirasi” jamoat fondi raisi Baxtiyor HASANOV bilan suhbat.

– Ayni kunlarda Xotira va tarbiya haftaligi davom etmoqda. Bu tadbir Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga bevosita daxldordir. Suhbatni ushbu muassasaning bugungi faoliyatidan boshlasak.

– Muhtaram Prezidentimiz joriy yil Shahidlar xotirasi xiyobonida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar bilan uchrashib: “Vatanimiz fidoyilarini ulug‘lash, xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilyapmiz. So‘nggi sakkiz yilda 1 ming 200 dan ziyod jafokash bobolarimiz nomi oqlandi. “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilinib, minglab yangi hujjatlar bilan to‘ldirildi. Hududlarda ham shunday muzeylar tashkil etildi. Bu yil jadid harakati yo‘lboshchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlayapmiz. Buxoro shahrida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil qilinmoqda. Endi bularning mazmunini, “tirik” tariximizni xalqimizga kengroq yetkazish kerak”, deya ta’kidlagan edi. Muzeyimiz jamoasi ana shu tarixni xalqqa yetkazish masalasi bilan bevosita shug‘ullanib kelmoqda.

Bugunning muzeyi turg‘unlikni ko‘tarmaydi. U faqat mavjud eksponatlar bilan cheklanib, ularni qo‘riqlab o‘tiradigan bo‘lsa, ko‘pga bormay mavqeyini ham, tashrif buyuruvchilarini ham yo‘qotadi. Bunda, albatta, xodimlardan fidoyilik talab etiladi, biroq davlat tomonidan e’tibor va moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘lmasa, oldinga siljish imkonsiz.

Shu ma’noda, so‘nggi sakkiz yilda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Muzey faoliyatini jonlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, vakolatlarini kengaytirishga doir o‘ndan oshiq maxsus hujjatlar imzolandi. Yaratib berilgan imkoniyatlar samarasi o‘laroq, mazkur muzey va hududlardagi 13 ta muzey yangi ish uslubida faoliyat yuritmoqda.

Olimlarimiz qatag‘on siyosati va uning qurbonlari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshiryapti. Izlanishlar natijasida hali oqlanmagan davlat va jamoat arboblari, jadidlar faoliyatiga urg‘u berilmoqda.

– Qatag‘on qurbonlari deganda, odatda, ko‘pchilik keng jamoatchilikka tanish bo‘lgan 10–15 chog‘li ziyolini ko‘z oldiga keltiradi. Ma’lumki, o‘sha mash’um yillarda 100 mingdan ziyod begunoh vatandoshimiz qatag‘on qilingan. Ularning ortidan minglab ayollar yesir, bolalar yetim bo‘lib qolgan. Oradan qariyb bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, o‘sha mudhish davrni chuqur iztirob bilan esga olamiz.

– Darhaqiqat, qatag‘on haqida gap ketganda, hatto olim-u ijodkorlar ham siz aytgan taniqli shaxslardan nariga o‘ta olmasdi. Chunki arxivlar yopiq edi, manbalar yetarli emasdi. Qolaversa, yaqin o‘tmishga nisbatan hadik bilan qarardik. Qatag‘on qilingan yurtdoshlarimizga bo‘lgan munosabat uzil-kesil hal etilmagandi.

Davlatimiz rahbari mana shu mavhum kayfiyatga nuqta qo‘ydi. U kishi qatag‘on qurbonlari, xususan, jadidlar hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish, xalqqa yetkazishni oldimizga vazifa qilib belgiladi. Buning uchun nimayiki lozim bo‘lsa, barcha sharoitni yaratib berdi. Soha mutaxassislari bilan muloqotlarda tariximizga oid bir parcha qog‘oz topilsa, dunyoning narigi chetidan bo‘lsa ham topib kelinglar, deya bizga nafaqat maxfiy arxivlarni, balki, dunyo eshiklarini ham ochib berdi. Ma’lum bo‘ldiki, bu yo‘nalishda jahon ilmiy doiralarida ham tadqiqotlar olib borilayotgan ekan. Ular bilan bog‘landik, mushtarak maqsad yo‘lida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik.

Qisqa fursatda O‘zbekiston jadidlar merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ikkita yirik xalqaro konferensiyaga mezbonlik qildi. Eng hayajonli, mehmonlarni ham quvontirgan, ham hayratga solgan jihati – Prezidentimizning har ikki anjuman ishtirokchilariga tabrik yo‘llagani bo‘ldi.

Konferensiyalar natijasida dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan hujjatlar, fotosuratlar va boshqa manbalar muzeyimiz fondini boyitdi. Olimlarimizning qarashlari, farazlari o‘zgardi. Asosiysi, yangi nomlarni topdik.

Jumladan, minglab shahidlar qatori shaxsi pinhon tutilgan Nosirxon to‘ra Kamolxon to‘ra o‘g‘li nomi tiklandi. Bu shaxs Turkiston Muxtoriyatining moliya vaziri bo‘lgan, yettita tilni bilgan. 1931-yilda 92 nafar safdoshi bilan Toshkentga keltirilgan. Ularning ayrimlari otib tashlangan, ayrimlari uzoq yilga qamalgan. Bugungi kunda Nosirxon to‘ra boshchiligida barcha safdoshlari oqlandi.

Ma’rifatparvarlar safida bo‘lgan Sanjar Siddiq, A’zam Ayubni ham ko‘pchilik bilmaydi. Ular o‘z davrida zamondoshlariga nisbatan katta bilim va keng dunyoqarashga ega bo‘lgan. Ijodiy faoliyati davomida Shimoliy muz okeani, oq ayiqlar, Amerikadagi hindular haqida maqolalar yozgan. Xalqni jahon bilan, jahondagi ahvol bilan tanishtirishga astoydil harakat qilgan.

Biz bilmagan yana qanchadan qancha shahidlarimiz bor. Ularning hammasiga “aksilinqilobchi”, “xalq dushmani” tamg‘asi urilib, O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 57-, 58-, 66-, 67-moddalari bilan hukm o‘qilgan.

Bugungacha Davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura, sud organlarining yordami bilan 1 ming 200 nafardan ziyod yurt ozodligi uchun jon fido qilgan insonni oqladik.

O‘tgan yili “XX asr boshlarida Turkiston va milliy ziyolilar” nomli kitobim chop etildi. Bu kitobni nega yozdim? XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy murakkab vaziyat, milliy zulm va mustamlakachilik kayfiyatining eng yuqori cho‘qqiga yetishi turkistonlik milliy ziyolilarning hurriyat eshigini qattiqroq taqillatishlariga, xalqning haq-huquqlarini balandroq tovushda talab etishlariga olib keldi. Ushbu kitob turkistonlik milliy ziyolilarning ana shunday murakkab jarayonlardagi sharafli xizmatlarini yoritishni maqsad qilgan.

– Siz faqat rahbar emas, tarix fanlari doktori, professorsiz. Ilm olish mashaqqatini yaxshi bilasiz. Ammo XX asr boshida Germaniyaga o‘qishga yuborilgan yigit-qizlar taqdiri boshqa zamonlardan ko‘ra murakkab bo‘lgan. Shunday emasmi?

– Prezidentimiz ular haqida to‘xtalib, “O‘tgan asrning 20-yillarida Germaniyada tahsil olgan turkistonlik talabalar qatag‘on qilinmaganida, butun jamiyatni o‘zgartirardi”, deya bejiz armon bilan so‘zlamagan.

1922-yilda Fayzulla Xo‘jayev va Fitrat boshchiligidagi ziyolilar saralangan yigit-qizlarni Germaniyaga o‘qishga yuborgan. Ularning ko‘pi 15–18 yosh edi. Afsuski, ular qaytib kelgach, “josus”, “germanofil”, “xalq dushmani”, “Vatan xoini”, “zararkunanda” deb yo‘q qilingan. Qarang, besh-olti yil xorijda yurib, omon qaytganlar o‘z tuprog‘ida qatl etilgan.

O‘sha paytda turkistonlik yoshlar bilan bir safda Yaponiya imperatori Meydzi tomonidan Germaniyaga jo‘natilgan yaponlar ham tahsil olgan ekan. Ular yurtlariga qaytib kelishganida, poyondoz to‘shab kutib olishgan, nazariyani amaliyotga tatbiq qilish uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Natijasi esa o‘zingizga ayon. Chunki XX asr boshlarida dunyoda ilm-fan cho‘qqisiga chiqqan davlat Germaniya bo‘lgan.

Yoshlardan Sattor Jabbor kimyo bo‘yicha o‘qigan. Lekin uyidan bir tiyin olmagan. Nemis tilini o‘rganib, jurnalistika orqasidan topgan puliga o‘zini eplagan. Qoyil qolasizmi? Bugun-chi? Ayrim talabalar Toshkentda salgina qiynalsa, ota-onasining yuragini siqadi, ularni moddiy ta’minotchiga aylantirib olgan.

Masalan, Fayzulla Xo‘jayev Germaniyada tahsil olayotgan yoshlarga yotoqxona olib bergan. Lekin Xayriniso Majidxonova ismli intiluvchan toliba o‘z ixtiyori bilan nemis xonadoniga joylashadi. Sababi, shu yo‘l bilan tilni chuqur o‘zlashtirmoqchi bo‘ladi. Shu qiz hatto Shillerning “Makr va muhabbat” spektaklida Luiza rolini Berlinda o‘ynagan. Nemis tilida! Uning kiyimlari, anjomlari muzeyimizda turibdi.

Endi, yana yoshlarga qarab o‘ylanib qoladi kishi. Mashhur she’rda yozilganiday, “O‘shalar bizlarning bobolarmikan? Bizdan o‘zlarini topolarmikan?”

– Muzey va ziyoratchilar o‘rtasida tahliliy muloqotlar o‘tkazib boriladimi?

– Albatta! Xalqdan uzilib qolgan muzey kimga xizmat qiladi? Qolaversa, aholi tomonidan ham qimmatli ma’lumotlar, eksponatlar topshiriladi bu yerga.

Bugun zamon yaxshilanib, odamlarning ham dunyoqarashi o‘zgardi. Odamlarning o‘zi tashabbus bilan chiqib, qatag‘on qurbonlari xotirasini tiklashga yordam bermoqda. “Shahidlar xotirasi” jamoat fondiga yuzlab xatlar keladi. Ba’zilarida ism-shariflar bo‘ladi, ba’zilarida xira surat, ba’zilarida esa bir asrlik buyum.

Sekin-asta jadidlarimizning oila a’zolari, avlodlari o‘zini oshkor qilyapti. Bobolari, momolari haqida qimmatli va qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etyapti. Shu paytgacha qayerda edi ular? Shu yerda. Faqat ishonch yo‘q edi. Endi bo‘lsa, jadidlar merosini o‘rganish siyosat darajasiga ko‘tarildi.

Afsuski, qatag‘on qilinganlarga tegishli hujjat va boshqa qog‘ozlar yoqib tashlangan, yo‘q qilingan. O‘zFA Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozma asarlar fondini bebaho xazina deb aytish mumkin. U yerdan jadid ota-bobolarimizning qo‘lyozmalarini topdik. Izlanishlar va hamkorlik natijasida Elbekning e’lon qilinmagan asarlarini jamlab, uch jildda chiqarishga muvaffaq bo‘ldik. Bu ishlar davom etyapti.

– Qatag‘on qurbonlari mavzusi juda keng qamrovli. Savollar ko‘p. Agar o‘zingiz aytmoqchi bo‘lgan zarur fikrlar bo‘lsa, marhamat.

– Qatag‘on qilinganlarning maqsadi, orzusi nima edi? Ular mustaqil Vatanni orzu qilgan edi. Mana, biz o‘sha Vatanda yashayapmiz. O‘zbekiston xalqaro huquqning teng huquqli subyekti sifatida butun dunyoda tan olingan. 

Agar bir asr oldin bir guruh sanoqli yoshlar ne-ne mashaqqatlar bilan Germaniya, Ozarbayjon, Rossiyada o‘qigan bo‘lsa, bugun AQSHning o‘zida “El-yurt umidi” stipendiatlari soni 500 nafardan oshibdi. Bu safga Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Singapur va boshqa davlatlarda bilim olayotgan yigit-qizlarni qo‘shing. Istiqlol bu shukrona degani, mushohada va mulohaza demak.

– Rahmat, domla, xalq manfaati yo‘lidagi savobli ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilaymiz! Sog‘ bo‘ling!

Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605