18.04.2024 | 16:51
625
BIR ROMAN SABOG‘I

Abdulla Qodiriyning romanchilikdagi ustozlaridan biri – livanlik mashhur yozuvchi Jurji Zaydon (1851-1914) ekani o‘zbek adabiyotshunosligida ko‘p bor e’tirof etilgan. Jurji Zaydonda Sharq, jumladan, arab tarixiga qiziqish 1885-yilda, u Damashqdagi madrasada tahsil olayotgan davrida uyg‘onadi. Talabalik yillarida u ibroniy va suryoniy tillarini puxta o‘rganib, shu tillarda bitilgan qo‘lyozmalarni o‘qishga kirishadi. 1886-yili Londonga qilgan safarida ham ko‘p vaqtini kutubxona-yu arxivlarda Sharq va arab tarixiga oid qo‘lyozmalar mutolaasi bilan o‘tkazadi. Yevropa sayohatidan qaytgan Jurji Zaydonga “Nega Sharqda mahdudlik hukmron?” degan savol tinchlik bermasdi. Bunday mahdudlikdan qutulish yo‘lini u xalqni savodli qilishda ko‘radi va buning uchun, avvalo, odamlarga o‘z tarixini o‘rgatish lozim, degan xulosaga keladi. Biroq, taassufki, o‘sha kezlarda arab tarixini, asosan, Yevropa olimlari yozar edi. “Arablar o‘tmishini ovropalik olimlar yozayotgani biz uchun uyat. Biz har bir xalq, mamlakat tarixini o‘z olimlari, adiblari yaratadigan darajaga yetmog‘imiz lozim”, deydi u kuyunchaklik bilan. Jurji Zaydon fikricha, xalqqa o‘z tarixini qaytarishning eng samarali yo‘li uni badiiy asar, to‘g‘rirog‘i, romanlar shaklida taqdim etish edi. U tarixiy romanning asosiy prinsipini quyidagicha belgilaydi: “Biz Yevropa adiblaridan farqli ravishda, qahramonlarni birinchi planga olib chiqib, tarixiy voqealarni ikkinchi o‘ringa surib qo‘ymaymiz, – deb yozadi adib. – Biz uchun tarixiy voqealar birinchi o‘rinda turadi, qahramonlar esa o‘sha real o‘tmish voqealari orasida harakat qiladi”. U Yevropa adiblari deganda ingliz va fransuz adiblari – Valter Skott, Viktor Gyugo, Aleksandr Dyuma kabi tarixiy roman ustalarini nazarda tutgandi. Jurji Zaydonning bu qarashi ancha asosli edi. Masalan, A.Dyuma romanlarida qahramonlar sarguzashtiga qiziqib ketilib, tarixiy voqealar xronologiyasiga ko‘pam e’tibor berilmas, bir-biridan yiroq davrlarda yuz bergan voqealar bir vaqtga jamlanar, keyinroq yuz bergan voqea avvalroq yuz berganidan oldinda kelar, bir davrda yashamagan va hech qachon uchrashmagan tarixiy shaxslar yonma-yon harakat qilar edi. Tarixiy romanga doir o‘z qarashlarini bayon etar ekan, Zaydon yana shunday deb yozadi: “Yevropa adiblari o‘z qahramonlariga mahliyo bo‘lib qoladi va ulkan tarixiy faktlarni faqat zarur bo‘lgan o‘rinlardagina keltirish bilan asarning real tarixga asoslanganini ta’kidlamoqchi bo‘ladi. Biz esa tarixning mayda-chuyda faktlarigacha nazardan qochirmaslikka harakat qilamiz. Mayda faktlar e’tiborga olinmas ekan, katta voqealar qanday yuzaga kelgani tushunarsiz bo‘lib qoladi. Katta yong‘in kichik uchqundan boshlanadi. Sevgi qissalarimiz esa kitobxon diqqatini asarga mixlab olish uchun to‘qiladi”. Jurji Zaydon o‘z romanlariga mavzuni Arab xalifaligi o‘tmishidan tanladi. U tarixga doir bilimlarini yana boyitish maqsadida Qohira va boshqa joylardagi kutubxona, muzey, qo‘lyozmalar arxivida saqlanayotgan, hali deyarli o‘rganilmagan manbalar bilan tanishdi, ularni o‘z asarlariga asos qilib oldi. Uning shu yo‘ldagi dastlabki dadil qadami – “Islom tamadduni tarixi” asari arablar hayotini Islomgacha bo‘lgan zamonlardan to Sharqning ilk Uyg‘onish davrigacha kechgan uzoq tarixini qamrashi lozim edi. Islom tamaddunining Sharqda – Turkistongacha, Gʻarbda – Shimoliy Afrika va Ispaniyagacha tarqalishiga hissa qo‘shgan xalifalar, lashkarboshilar, jangchilar, solnomachilar xizmatini yangicha nuqtai nazardan baholash talab etilardi. Shu asnoda biri boshqasini uzviy davom ettiruvchi besh jilddan iborat romanlar silsilasi paydo bo‘ladi. Asar shartli ravishda ikki qismga bo‘linib, birinchi qismda Bag‘dod xalifaligi shakllangungacha bo‘lgan ma’jusiyat davri, Umaviylar sulolasining gullab-yashnashi va mo‘g‘ullar istilosi sabab tanazzulga uchrashi bosqichlari aks ettiriladi. Ikkinchi qismda esa Usmonli Turk saltanati va Safaviylar sulolasi davri tarixi qamrab olinadi. Yevropalik olimlar bu ko‘pjildli asarda tarix xolis yoritilganini e’tirof etishadi. Jurji Zaydon 1892-yili “Al-Hilol” adabiy-ma’rifiy jurnalini nashr eta boshlaydi va yigirma yil, ya’ni vafotiga qadar uning bosh muharriri va noshiri bo‘ladi. Adibning yigirma ikkita tarixiy romani shu jurnalda davomli e’lon qilinib, nashr katta adadda chop etilishi va xalq orasida keng tarqalishini ta’minlaydi. Zamondoshlari uning romanlaridagi tarixiy faktlarni afsona deb qabul qilmasligi uchun u ming yillar oldin bitilgan arab solnomalaridan katta-katta iqtiboslar keltiradi. Bu iqtiboslar Ibn Batuta, Ma’sudiy, Yoqubiy, Ibn Hollikon, Yoqut Hamaviy va boshqa muarrixlar asarlaridan olingan edi. Jurji Zaydon “Ramazonning o‘n yettinchi kuni”, “Al-Ma’mun va Al-Amin”, “Xorun ar-Rashid singlisi Abbosa” kabi talay asarlari qatori “Farg‘ona kelini” romanida ham shu usulga murojaat etadi. “Farg‘ona kelini” romani O‘zbekiston tarixi, geografiyasi, etnografiyasiga taalluqli bo‘lgani sabab uni tarjimon Shoikrom Shoislomov o‘tgan asrning 60-yillarida tarjima qilgan, roman katta adadda chop etilgan edi. Adib romanni yozishda, garchi o‘zi Turkistonga kelmagan bo‘lsa-da, ammo talay solnomalardan foydalangan. Asar “Farg‘ona kelini” deb nomlansa-da, biroq uning bosh qahramoni farg‘onalik jangchi yigit – Zirg‘omdir. Uning sevgilisi – Farg‘ona hokimining qizi Jahon Bag‘dod xalifasi Mustaqimga nazira qilib yuboriladi. Sho‘rlik oshiq xalifa haramidagi behisob kanizaklardan biriga aylanishga mahkum sevgilisini qutqarish maqsadida karvon ortidan yo‘lga tushadi. O‘z sheriklari yordamida qizni o‘g‘irlab, karvonni talashga bir necha bor urinadi, ammo omadi chopmay, Iroqqa, Bag‘dodgacha ergashib boradi. Xalifaga shunday naziralar bir tarafi Xitoy sarhadlari, boshqa tarafi Atlantika qirg‘oqlariga cho‘zilgan ulkan hududdan har kuni kelar, bokira qizlar xalifa nazariga tushguncha haramda navbat kutar, agar nazardan chetda qolsa, qariguncha shu yerda yashashga mahkum edi. Jahondan umidini uzmagan Zirg‘om xalifalikning turkiy jangchilari safiga qo‘shiladi, ko‘plab janglarda qatnashib, qahramonlik ko‘rsatadi. U haramga o‘z nomidan xabar kiritib, Jahondan o‘zini asrashni iltimos qiladi. Nihoyat, Zirg‘om janglarda qahramonlik ko‘rsatib, halifaning nazariga tushadi. Bag‘dod hukmdori taqdirlamoqchi bo‘lganida u haram kanizaklari orasida yashayotgan sevgilisini ozod etishini so‘raydi…
Xalifa Mustaqim qo‘shinida turkiylar ko‘pchilikni tashkil etib, ular Mustaqimning bobokaloni Xorun ar-Rashid davridan buyon shaharning alohida qismida yashardi. Xalifalik qo‘shinidagi bu botir jangchilar Bahrom Cho‘binning avlodlari hisoblanar edi. Bahrom Cho‘bin esa eramizdan oldingi ikkinchi asrda Oltoy, Gʻarbiy Mo‘g‘uliston va Xitoyni o‘z ichiga olgan Markaziy Osiyoda xunlar quvg‘iniga uchrab, skiflar, saklar, yujechilar qatorida O‘rta Osiyoga ko‘chishga majbur bo‘lgan parfiyaliklarning avlodi bo‘lgan. Parfiyaliklar yanada g‘arbga yo‘l olib, forslarning Iskandar Maqduniy parchalagan Ahamoniylar saltanatiga teng davlat – Parfiyonani bunyod etadi. Ammo forslar yana bosh ko‘tarib, ularni bu yerlardan haydaydi va eramizning III asrida Sosoniylar davlatiga asos soladi. Lekin Parfiyonaning yuksak jangovar layoqatga ega bo‘lgan 240 nafar aslzoda beklari saroy xizmatida qoldiriladi. Bahrom Cho‘bin oradan uch yuz yil o‘tib, ana shu beklardan birining avlodiga tegishli xonadonda dunyoga keladi. “Cho‘bin” so‘zi qarg‘a ma’nosini ifodalaydi. Bahrom Cho‘bin kuch-quvvatga to‘lib, fors lashkarboshisi sifatida Buxoroni egallagach, shon-shuhrati yanada oshib ketadi. U qo‘lga kiritilgan o‘ljani bo‘lishda fors hukmdori bilan nizolashib qolgach, undan taxtni tortib olib, bir yilcha hukmronlik qiladi. So‘ngra turkyutlar shohi Yun Yolligu huzuriga borib, uning qiziga uylanadi va Balx shahrida muqim yashab qoladi. Bu yerda paydo bo‘lgan “qarg‘a-pur” – “qarg‘a avlodi” mahallasida Bahrom Cho‘bin avlodlari istiqomat qilgan. VII asrdagi arablar fathida Balx taslim bo‘lgach, Bahrom Cho‘bin avlodlaridan tuzilgan qo‘shin arablarga qo‘shilib, Movarounnahrni egallashda ishtirok etadi. Farg‘ona vodiysiga yurish paytida “qarg‘a avlodlari” shu yerda o‘troqlashib qoladi. Arablar hokim bo‘lishsa, “qarg‘a avlodlari” askar edi. VIII asrda bir yuzboshi Bag‘dod xalifasi Xorun ar-Rashidga Farg‘ona hokimidan xat keltiradi. Xatda bu mulozim va uning hamrohlari juda mohir jangchilar ekani qayd etilib, xalifadan uni davlat xizmatiga olish iltimos qilingan edi. Xorun ar-Rashid Arqoq ismli bu jangchining o‘zi xohlagan joyda o‘rnashishiga ruxsat beradi. Shunda u qadimiy ajdodlari yashagan Balx shahri atroflarida istiqomat etish uchun izn so‘raydi. Xalifa Termizga kelgan paytida Arqoq Balx atrofidagi Somon qishlog‘ini sotib oladi. Xalifa Ma’mun davrida Arqoqning nabiralariga janglarda ko‘rsatgan qahramonligi uchun Samarqand shahri va viloyati hokimligi in’om etiladi. O‘sha kezlarda Buxoro noibi Yoqub ibn Laysning tinimsiz jabr-zulmidan bezor bo‘lgan xalq unga qarshi isyon ko‘taradi. Yaqinda Samarqand hokimi etib tayinlangan Nasr bu qo‘zg‘olonni bartaraf etish maqsadida yigirma besh yoshli ukasi Ismoilni qo‘shinga bosh qilib, Buxoroga yuboradi. Buxoro xalqi uni shod-xurramlik bilan kutib oladi. Ismoil barcha aybdorlarni tutib, munosib jazolaydi. U 874-yili Buxoroda Somoniylar saltanatiga asos soladi. Keyinchalik Samarqanddan to Balxgacha bo‘lgan hududlar Somoniylar saltanati tarkibiga kiradi. “Farg‘ona kelini” romanida ayni o‘sha davr – Xalifalik tanazzulga yuz tutib, Somoniylar saltanati yuksalish pallasiga kirgan, Islom olamidagi ilk Renessans – Uyg‘onish davri boshlangan muhtasham to‘qqizinchi-o‘ninchi asrlarda yuz bergan voqealar tasvirlanadi. Jurji Zaydon romanlarini o‘qir ekansiz, u nafaqat iste’dodli adib, balki yetuk olim ham bo‘lganini his etasiz. Uning ilm bobidagi izlanishlari “Arab hazorasi tarixi”, “Arab tili tarixi”, “Arab adabiyoti tarixi” kitoblarida o‘z ifodasini topgan. U shuningdek, arab jamiyatiga Yevropani yaqindan tanishtirish maqsadida “Yevropa tarixi” asarini yaratgan. Adib Fransiya ta’lim tizimini tafsiflar ekan, arab zaminida ham ana shunday usuli jadidiya maktablari ochish zarurligini ta’kidlaydi. Shu jihatdan u turk dunyosi, chunonchi, o‘zbek jadidlari bilan hamfikr edi. Jurji Zaydon o‘limidan so‘ng qadr topgan mutaffakirlardan biridir. Uning badiiy ijodi, ilmiy faoliyati haqida ko‘plab asarlar yozilgan, ilmiy tadqiqotlar yaratilgan, tarixiy asarlari asosida badiiy va hujjatli filmlar suratga olingan. O‘zbekiston olimlari orasida zaydonshunos olima, filologiya fanlari doktori Dilafro‘z Muhiddinovaning ilmiy izlanishlari diqqatga sazovordir. Ammo shunga qaramay, ushbu adib va olimning boy merosi biz uchun deyarli ochilmagan qo‘riq bo‘lib turibdi. Jadidlik harakatining yetakchilaridan hisoblangan qrim-tatar ziyolilari Jurji Zaydon ijodiga katta ehtirom bilan qarardi. So‘fizoda, Hamza, Fitrat kabi o‘zbek ma’rifatparvarlari o‘tgan asr boshlarida xorijiy mamlakatlarga qilgan safarlari chog‘ida qrim-tatar jadidlari bilan yaqin aloqada bo‘lgani ma’lum. O‘z vaqtida Abdulla Qodiriy ham Jurji Zaydonning romanlari bilan tanishadi. Uning olgan sabog‘i qanday bebaho samara bergani haqida esa so‘zlash shart emas. Abdulla Qodiriy qahramonlarning taqdiri va xarakterini kengroq ochishga e’tibor qaratadi. Shu bois ham “O‘tkan kunlar” asari haligacha kitobxonlar tomonidan sevib o‘qilmoqda.
Olloyor BEGALIYEV
“Jadid” gazetasi 2024-yil 29-mart 14-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



