Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.10.2025 | 10:14

img1298

TAKLIF VA TASHABBUSLAR SAMMITI

Ozarbayjonning Gabala shahrida “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” shiori ostida o‘tkazilgan navbatdagi sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarini kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi. O‘zbekiston yetakchisi bu safar ham turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va birodarlik to‘g‘risida shartnoma ishlab chiqishni taklif qildi. Albatta, mazkur tashabbusning ahamiyati beqiyos. Shartnoma xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga, ko‘p tomonlama hamkorligimizning uzoq muddatli huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yana bir omilni esdan chiqarmaslik kerak. Dunyoda avj olayotgan, oxiri ko‘rinmayotgan nizo va urushlar bizning davlatlarimizga ham salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Har qanday mojaro o‘z chegaralarida qolmay, zanjir reaksiyasini keltirib chiqarishi mumkinligini inobatga olsak, Prezidentimizning global vaziyatni chuqur tahlil etish va kerakli qarorlar qabul qilish maqsadida tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borish, birinchi qo‘shma uchrashuvni kelgusi yili Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqani muhim ahamiyatga ega ekaniga amin bo‘lamiz.

Prezidentimiz turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tuzish va uning loyiha ofisini Toshkentda joylashtirish, yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini shakllantirib, turkiy davlatlarning sanoat alyansi, “Turkiy yashil yo‘laklar” tizimi va “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish bo‘yicha ham real va aniq tashabbuslarni ilgari surdi.

Doimiy kengash va loyiha ofisi iqtisodiy rejalarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish uchun mustahkam platforma yaratadi. Bu esa savdo, investitsiya va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi. Sanoat alyansi turkiy davlatlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va raqobatbardosh tarmoqlarni yaratishga yordam beradi. “Turkiy yashil yo‘laklar” tizimi savdo jarayonlarini soddalashtiradi, bojxona tartib-qoidalarini uyg‘unlashtirib, tovarlarning tez va samarali harakatini ta’minlaydi. “Yashil transformasiya” konsorsiumi turkiy davlatlarni ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va barqaror rivojlanishga undaydi. Bu tashabbuslar turkiy davlatlarning jahon iqtisodiyotidagi rolini mustahkamlaydi, ularning global muammolarni hal qilishdagi ishtirokini kengaytiradi.

Prezidentimizning organik qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ekspertlar guruhini tashkil etish va turkiy organik mahsulotlarning yagona brendini jahon bozoriga olib chiqish taklifi oziq-ovqat xavfsizligiga xizmat qiladigan muhim tashabbusdir. Ekspertlar guruhi turkiy davlatlarda organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi, tajriba almashadi va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga yordam beradi. Yagona brend organik mahsulotlar sifatini nazorat qilish va standartlarni uyg‘unlashtirish imkonini beradi, bu esa iste’molchilarning ishonchini oshiradi. Shuningdek, organik mahsulotlar sog‘lom ovqatlanishga va ekologik toza ishlab chiqarishga hissa qo‘shadi.

Bu tashabbus hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. Yagona brend turkiy davlatlarning jahon bozoridagi imijini yaxshilaydi va ularni sifatli, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar sifatida tanitadi.

Davlatimiz rahbari Gabala sammitida tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq bitim va kelishuvlar ishlab chiqish lozimligini qayd etdi. Gap shundaki, bugungi kunda TDT mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo ko‘lami yil sayin ortib borayotganiga qaramay, mavjud salohiyatimizga nisbatan yetarli darajada emas. Hozirda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo hajmi 58 milliard dollarga yetgan, ushbu ko‘rsatkich turkiy davlatlar umumiy tashqi savdo aylanmasida atigi 7 foizni tashkil etadi. Shu bilan birga, tashqi savdoning katta qismi uchinchi mamlakatlardan qilinadigan importga to‘g‘ri keladi. 

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston yetakchisining tashabbuslari o‘zaro savdoni oshirish borasida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish, eksport va import hajmlarini oshirishning yangi mexanizmlarini joriy etish hamda bu jarayonlarga ilg‘or texnologik platformalarni kengroq jalb qilish imkonini beradi. Mavjud salohiyat va imkoniyatlar ishga solinganda, tashkilot a’zolari o‘rtasida ichki savdoni yaqin istiqbolda 100 milliard dollarga ko‘tarish mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston Prezidenti Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish, xalqaro va milliy moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini qabul qilishni tavsiya etdi. Ta’kidlash joizki, 2023-yili 500 million AQSH dollar (Vengriyadan yana 100 million dollar) kapital bilan tashkil etilgan Turkiy investitsiya fondi ham hozircha real faollikni namoyish etmayapti: investitsiya loyihalari muhokama bosqichida qolmoqda, amaldagi ijro mavjud emas. Demak, jamg‘arma hisobidan TDT doirasida loyihalarni maqsadli va tizimli aniqlash mexanizmini ishlab chiqish zarur.

Tan olish kerak, keyingi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan qo‘shma investitsion loyihalarni ro‘yobga chiqarish borasida yaxshi natijalarga erishdi. Masalan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston birgalikda Qambarota GESi qurilishi va ekspluatatsiyasi loyihasini amalga oshirmoqda, hamkorlikda qo‘shma avtomobil zavodlari ishga tushdi. Ushbu amaliy tajribani TDT doirasida qo‘llash xorijiy investitsiya hajmini oshirishga imkon yaratadi. Tashkilotning barqaror investitsion makon sifatidagi nufuzini yuksaltiradi, o‘zaro sarmoyaviy hamkorlikning real mexanizmlarini yaratadi, shuningdek, bugungi global savdo zanjirlarining uzilishi fonida qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish borasidagi salohiyatini kengaytiradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-tranzit salohiyatidan unumli foydalanish borasida ham qator takliflarni o‘rtaga tashladi. Jumladan, O‘rta koridor bo‘ylab tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralardan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qo‘shma operatorlarni yaratish shular jumlasidan. Bugungi kunda O‘rta koridor bo‘ylab tashilayotgan yuk hajmi qariyb 3 million tonnaga yaqin, kelajakda bu ko‘rsatkichni 10 million tonnagacha oshirish kutilmoqda. Biroq infratuzilmaning hali to‘liq rivojlanmagani sababli, O‘rta koridorni mintaqaviy yo‘nalishdan qit’alararo tranzit arteriyasiga aylantirish jarayoni biroz sust kechyapti. Jumladan, hozirgacha mazkur loyihada ishtirok etuvchi davlatlar hududidan o‘tuvchi yuk tashishning atigi 4-5 foizi qit’alararo savdoga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonning tashabbuslari Osiyo va Yevropa o‘rtasida strategik ko‘prik sifatida e’tibor qozonayotgan ushbu muhim transport yo‘lagini rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu transport yo‘lagining samaradorligini oshirish orqali TDT mamlakatlari nafaqat xalqaro tranzit, balki mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaning muhim ishtirokchilari sifatida ham mavqeyini mustahkamlashi mumkin bo‘ladi.

Davlatimiz rahbarining sammitdagi O‘rta koridorni rivojlantirish va uni Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi loyihalari bilan bog‘lash taklifi mintaqaning tranzit salohiyatini oshirish va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan. O‘rta koridor – Xitoydan Yevropaga Markaziy Osiyo va Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi muhim transport yo‘lagidir. Bu yo‘lning rivojlanishi mintaqa davlatlariga savdo aloqalarini kengaytirish, eksport-import operatsiyalarini osonlashtirish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbarining ta’kidlashicha, bojxona tartibotlarini raqamlashtirish va tariflarni optimallashtirish ham O‘rta koridorning samarali faoliyatini ta’minlash uchun muhimdir. Raqamlashtirish jarayonlarni tezlashtiradi, byurokratiyani kamaytiradi va korrupsiya xavfini pasaytiradi. Tariflarni optimallashtirish esa transport xarajatlarini kamaytirib, O‘rta koridordan foydalanishni jozibali qiladi. Mamlakatimiz rahbari turkiy davlatlarni raqamlashtirish bilan shug‘ullanishga uzoq vaqtdan beri chaqirib keladi. Mutaxassislarning fikricha, 2028-yilga borib raqamli iqtisodiyot hajmi 16,5 trillion dollarga yetib, jahon yalpi ichki mahsulotining 17 foizini tashkil qiladi. Ya’ni, raqamlashtirishning iqtisodiy samaradorligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning TDTga a’zo va kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalari dinamik ravishda o‘sib borayotganini kuzatish mumkin. Tashkilotning O‘zbekiston umumiy tashqi savdosidagi ulushi 16 foizga yetdi. E’tiborlisi, TDT mamlakatlari, xususan, Qozog‘iston va Turkiya O‘zbekistonning tegishlicha uchinchi va to‘rtinchi asosiy tashqi savdo hamkorlari hisoblanadi. Qolaversa, O‘zbekiston TDTda ishtirok etuvchi qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, shuningdek, Ozarbayjon bilan erkin savdo rejimi, Turkiya va Vengriya bilan eng ko‘p qulaylik rejimi shartlari asosida savdo-iqtisodiy munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston va boshqa TDT mamlakatlarining qulay geografik joylashuvi ularning global ishlab chiqarish va savdo zanjirlarida asosiy bo‘g‘in bo‘lish imkonini beradi. Misol uchun, O‘zbekiston Markaziy Osiyo va TDT makonida transport-logistika hamda o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlashda alohida ahamiyatga ega. Qozog‘iston va Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga, Vengriya Yevropa Ittifoqiga, Turkiya esa Yevropa Ittifoqining bojxona ittifoqiga a’zo hisoblanadi. Shuningdek, Turkmaniston va Ozarbayjon Kavkaz va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi muhim davlatlardir.

Madaniy-gumanitar mavzular hech qachon davlatimiz rahbarining e’tiboridan chetda qolmaydi. O‘zbekistonda qo‘shma tadqiqotlar va innovatsiyalar maydoniga aylanadigan Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish tashabbusi ilmiy salohiyatni birlashtirish va tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan. Bu yerda qo‘shma tadqiqotlar olib boriladi, innovatsion loyihalar ishlab chiqiladi va turkiy dunyo uchun dolzarb bo‘lgan muammolarga yechim izlanadi. Universitet turkiy davlatlar uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlaydi, ular iqtisodiyot, texnologiya va boshqa sohalardagi muammolarni yechishga qodir bo‘ladi.

2026-yilda “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi – Turkiy dunyo ma’naviy hayotida” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi muhim ahamiyatga ega. Bu ikki buyuk siymo butun turkiy dunyo uchun ardoqli mutafakkirlardir. Ularning ijodini targ‘ib qilish turkiy xalqlarning umumiy madaniy merosini asrash va rivojlantirishga xizmat qiladi. Anjuman doirasida turli davlatlardan kelgan olimlar Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodini chuqur o‘rganish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashadilar. Konferensiya turkiy xalqlarning ma’naviy birligini mustahkamlashga, umumiy qadriyatlarni qayta kashf etish va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yordam beradi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammitda so‘zlagan nutqi nafaqat tashkilot, balki butun Yevroosiyo mintaqasi uchun aniq, puxta o‘ylangan va eng muhimi, pragmatik harakatlar dasturi sifatida yangradi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. O‘zbekistonning takliflari shunchaki tashabbuslar yig‘indisi emas, balki turkiy dunyoni madaniy-tarixiy birlikdan real iqtisodiy va strategik kuchga aylantirishga qaratilgan yaxlit dasturilamal sifatida o‘rtaga tashlandi.

Bugungi kunda TDT – o‘sib borayotgan siyosiy va institutsional ahamiyatga va katta salohiyatga ega bo‘lgan to‘laqonli tashkilotdir. Bu salohiyat nafaqat umumiy manfaatlar va siyosiy intilishlarning mosligiga, balki uni boshqa xalqaro birlashmalardan ajratib turadigan betakror poydevorga ham asoslangan. Pragmatik manfaatlar atrofida shakllangan ko‘plab xalqaro birlashmalardan farqli o‘laroq, turkiy davlatlarni tarixiy xotira, etnik ildizlar va madaniy qarindoshlik birlashtiradi. Bu omil nafaqat ramziy birlikni ta’minlaydi, balki chuqur integratsiya uchun ham sharoit yaratadi.

Tashkilotning o‘ziga xosligi yana shundaki, barcha a’zo davlatlarda siyosiy barqarorlik ta’minlangan va o‘zaro do‘stona munosabatlar o‘rnatilgan. Bu xalqaro amaliyotda kam uchraydigan holat, ya’ni hamkorlik qarama-qarshiliklarni bartaraf etish emas, balki manfaatlarning tabiiy uyg‘unligi va tarixiy yaqinlik asosiga qurilgan. Shu sababli, O‘zbekiston uchun tashkilot faoliyatini – bu energetika, transport yoki madaniy loyihalar bo‘ladimi – aniq mazmun bilan to‘ldirish o‘ta muhim.

Boshqacha aytganda, gap shunchaki ramziy ittifoq emas, balki tashabbuslarni ishlab chiqish va aniq natijalarga erishishga qodir bo‘lgan jonli mexanizm haqida ketmoqda. Aynan TDTda qarama-qarshilikka emas, balki umumiy ildizlarga, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va pragmatizmga asoslangan hamkorlikning muqobil modelini taklif qila oladigan birlashmaga aylanish uchun noyob imkoniyat mavjud.

Davlatimiz rahbarining dolzarb tashabbuslari esa, tashkilot samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarishga, yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Sitora BARLIBOYEVA,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 3-oktyabrdagi 40-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img55

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img129

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img319