14.10.2025 | 16:36
389
ADOLAT MUZEYIDAGI SUKUT FARYODI
Xabaringiz bor, mamlakatimizda har yili oktyabr oyining birinchi haftasida siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi o‘tkazilishi belgilangan. Kuni kecha haftalik doirasida O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyiga press-tur tashkil etildi.

Unda Toshkent shahrining barcha tumanlaridan mahalla faollari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti olimlari, professorlar, magistrlar, mustaqil tadqiqotchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, jamoatchilik faollari hamda huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Press-tur davomida ishtirokchilar yurtimizda prokuratura organlarining tashkil topish tarixi, tizimning mustaqillik yillaridagi rivojlanish bosqichlari, huquqni muhofaza qilish sohasidagi islohotlar hamda prokuratura faoliyatida muhim o‘rin tutgan tarixiy shaxslar hayoti bilan tanishdi.
Ushbu muzey 2022-yilda, prokuratura organlari tashkil etilganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan bo‘lib, u 3500 dan ortiq eksponat, 1000 dan ziyod arxiv hujjatlari va tarixiy ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan.
Ikki asosiy qismdan iborat muzeyning birinchi bo‘limida davlatchilik va huquq tizimining qadim davrlardan to hozirgi kungacha bo‘lgan taraqqiyot bosqichlari, prokuratura organlarining shakllanishi va rivojlanishiga doir 36 ta stend joy olgan.
1917–1940-yillar mobaynida prokuratura tizimida faoliyat yuritgan 170 nafarga yaqin xodim siyosiy qatag‘onga uchragan, ulardan 30 nafari otuvga hukm etilgan. Ular haqda ko‘plab yangi ma’lumotlar ushbu muzey orqali jamoatchilikka ilk bor taqdim etildi. Shuningdek, Huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasida “Davlat va huquq tarixi” ilmiy yo‘nalishi tashkil etilib, prokuratura tarixi, ayniqsa, jadid prokurorlar faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar yo‘lga qo‘yildi.
Muzey haqidagi o‘z taassurotlarini bayon etar ekan: “Ushbu muzeyning tashkil etilishi va konsepsiyasini ishlab chiqish jarayonida qisman bo‘lsa-da ishtirok etganimdan faxrlanaman” – dedi tarix fanlari nomzodi, dotsent Shavkat Rahmatullayev. – Yakuniy holatini ko‘rib, bu muzey haqiqatan ham xalqimizga xizmat qiladigan ma’naviy-ma’rifiy maskanga aylanganiga ishonch hosil qildim. Muzey ekspozitsiyasida an’anaviy va zamonaviy yondashuvlar uyg‘unlashgan”.
Muzeyda tomoshabinlarni o‘tmishga olib o‘tadigan zamonaviy texnologiyalar – mapping-shou (5D ko‘rgazma), virtual ekskursovod, 3D gologrammalar, raqamli monitor va audiogidlardan foydalaniladi. Bu orqali har bir tashrif buyuruvchi qayta sahnalashtirilgan jonli voqelikka guvoh bo‘ladi.
Ekskursiya davomida yurtimizning ko‘zga ko‘ringan ijodkorlari ham muzey faoliyatiga yuqori baho berdilar. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur muzey haqida shunday fikr bildirdi: “Ijodkor sifatida ushbu muzeyning plastik yechimiga, undagi eksponatlarga san’atkorona ko‘z bilan boqqan holda, bemalol aytish mumkinki, majmua xalqaro talablar darajasida yaratilgan. Dizaynerlar va muzeyshunoslar juda puxta ish olib borishgan. Muzey orqali prokuraturamizning nafaqat tarixi, balki buguni haqida ham to‘liq tasavvur hosil qilish mumkin”.
Jizzax qo‘zg‘oloni ishtirokchilari ustidan bo‘lgan sud jarayoni, otuv va tergov sahnalari, GULAG mehnat lageri hayotini aks ettirgan sahna, “Qora qarg‘a” nomi bilan mashhur bo‘lgan tarixiy avtomobil, 1912-yilda qurilgan qamoqxona eshigi asosida tiklangan hibsxona – bularning bari tomoshabinni o‘tmishning og‘riqli, biroq unutilmas voqealariga olib kiradi.
“Hozirgina o‘zbek xalqining asl farzandi – mashhur bastakor Mutavakkil Burhonovning to‘rt nafar amakisi suratini ko‘rib qoldim. Ular ham qatag‘on yillarida nohaq ayblovlarga uchragan, – deydi O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev. – U paytda Mutavakkil Burhonov bor-yo‘g‘i 7-8 yoshda bo‘lgan, ammo shunga qaramay, uning ham iziga tushishgan. Keyinchalik u mustaqillik ruhini musiqada jonlantirgan, Cho‘lpon, Fitrat kabi o‘z davrining yetuk shoirlarining she’rlariga romanslar, kuylar va musiqiy asarlar yaratgan buyuk bastakor sifatida yuksaldi.
Bugungi kunda bastakorlar uyushmasi a’zolari ham qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlab qo‘shiqlar, musiqiy kompozitsiyalar yaratmoqda. Ushbu muzeydagi tarixiy dalillar, ayanchli taqdirlar, surat va hujjatlar qatag‘on faqat huquqshunos va ziyolilarni emas, balki san’at ahlini ham qamrab olganini yana bir bor yaqqol namoyon etadi. Arxivlarda saqlanib qolgan plastinkalar orqali o‘sha davr musiqasini asliga yaqin holda tiklash, qayta jonlantirishga harakat qildik. Shu orqali muzeyga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shganimizdan mamnunmiz”.
Ekspozitsiyalarda mamlakatimizning turli hududlarida qatag‘onga uchragan prokurorlar va ularning vatan ravnaqiga qo‘shgan hissasi namoyon etilgan. Shular qatorida Abdurahim Yusufzoda, Bobooxun Salimov, Sultonqori Jumaniyozov, Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqov, Sa’dulla Po‘latxo‘jayev kabi fidoyilarning hayotiga bag‘ishlangan mulyajlar yaratilgan. Ular faoliyatiga oid tarixiy materiallar, sud jarayonlari sahnalashtirilgan holda, audiovizual ta’sirli vositalar yordamida taqdim etilmoqda.
Ekskursiya chog‘ida fidoyilarga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirgan mehmonlar orasida qatag‘on yillarida aziyat chekkan oila vakillari ham bor edi. Ulardan biri – siyosiy fanlar doktori Ziyodilla Po‘latxo‘jayev xotiralari bilan o‘rtoqlashdi: “Sovet ittifoqi buyruqlari o‘zbek xalqini azoblashga xizmat qilgan, shunday holatlarda otam ularni bajarishdan bosh tortgan va sudlangan. Sud jarayonlarida unga qarshi ko‘rsatmalar tuhmat ekanligi ayon bo‘lib turganiga qaramay, nohaq hukm ijro etilgan. O‘shanda u kishi: “Men bu sudni tan olmayman! Bu yerda adolatsizlik bo‘lyapti!” degan. Ammo, baribir, otamni Sibirning eng og‘ir sharoitli turmalariga 10 yilga yuborishgan. Bir necha bor unga: “Agar afv so‘rasang, ozod etilasan”, deyishgan. Lekin otam har gal qat’iy: “Aybi yo‘q odam afv so‘ramaydi. Men aybsizman!” deb javob qaytargan. Ming shukurki, bugun otamning pok nomi oqlandi. Bosh prokuraturamiz rahbariyati tomonidan u kishiga general formasi taqdim etildi hamda “Prokuratura faxriysi” unvoni berildi. Ushbu muzeyda esa u kishining yorqin xotirasi uchun alohida burchak tashkil etilgan. Shu orqali otamning nomi abadiylashtirilgani uchun chuqur minnatdorlik bildiraman”.
Pastki bo‘limdagi “Oyna” installyatsiyasi qatag‘on yillaridagi jamiyat ko‘zgusini, odamlar qalbidagi xavotir, qo‘rquv va umidsizlikni obrazli ifodalaydi. Shuningdek, otuvga hukm etilgan 30 dan ortiq prokurorga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ham yaratilgan bo‘lib, ularning siymosi orqali butun bir millatning jasorat va intilishlarini his etish mumkin.
Ta’kidlash joiz, ushbu muzey bir vaqtning o‘zida ilmiy-amaliy markaz vazifasini ham bajarib kelmoqda. Unda prokuratura tarixiga oid 15 mingdan ortiq adabiyotni o‘z ichiga olgan kutubxona faoliyat yuritmoqda. Albatta, bu yosh tadqiqotchilar va talabalar uchun bebaho ilmiy maskan hisoblanadi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Davlat va huquq institutining bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlari doktori Ravshan Hakimov muzey haqidagi fikrlarini shunday ifoda etdi: “Xorijiy davlatlardagi ko‘plab muzeylarni ko‘rgan inson sifatida ishonch bilan ayta olamanki, ushbu muzey ulardan kam emas. Ekspozitsiyalarning tuzilishi, mazmun va texnik jihatdan boyligi yuksak darajada. Muzeyning tashkil etilishida ko‘plab mutaxassislar, ilmiy xodimlar, huquqshunoslar katta mehnat qilgani yaqqol sezilib turibdi. Menimcha, bu muzeyga ko‘proq yoshlar, o‘quvchilar jalb qilinishi lozim. Bu joy vatanparvarlikni, huquqiy ong va fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi”.
O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyi haqiqatni gapiradigan, o‘tmishga yuzlanib, kelajak uchun saboq chiqarishga undaydigan ma’rifiy maskandir. Bu yerda har bir detal, har bir hujjat, har bir ovoz va tasvir – adolat va jasoratning yorqin timsoli.
Shahriyor SHAVKAT
“Jadid” gazetasining 2025-yil 10-oktyabrdagi 41-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



