Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 9°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.04.2024 | 16:58

img566

YANGI O‘ZBEKISTONNING YANGI TOSHKENTI

Yaxshi niyat va orzularning ro‘yobi kishi qalbini cheksiz quvontiradi. O‘zbekis­ton ahli obodlik ko‘ngillardan boshlanib, moddiyatga ko‘chishdek yangilik va tarixiy hodisalarga yaqin o‘tgan bir necha yil davomida guvoh bo‘lib turibdi. Yana bir muhim yangilik. Kechagi kun — 2024-yil 3-aprel Yangi O‘zbekiston tarixiga zarhal harflar bilan bitiladigan quvonchli kundir. Unutilmas bu kunda Respublika Prezi­denti qadim Shoshga tutash hududda ­Yangi Toshkent shahri yuragi, ma’naviy gultoji bo‘lajak ilmu irfon maskanlari, madaniy inshootlar tamal toshini qo‘ydi. Respublika Prezidenti uch yil avval so‘z­lagan nutqida “Biz sekin-asta “Yangi Toshkent”ni quramiz”, degan fikrni aytgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Zero, niyat va rejaning amalga oshi­shi, bu millionlab mamlakat ahli oldida aytilgan so‘zning ijrosi demakdir. Bunday bunyodkorlik uchun mo‘ysafid otaxonlar, tabarruk onaxonlar shunday Ro‘zai Rama­zon kunlari, albatta, xayrli duolar qiladi.  Qadim va muhtasham Toshkent o‘ziga yondosh hududlar evaziga Sharqqa tomon kengayib borishida, shaharning quyoshga, osmono‘par tog‘lar tomon intilayotganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, yangilik, obodlik va bunyodkorlik – oydinlik, nurli yo‘l va yuksalish deganidir. Darhaqiqat, mamlakat yuragi havoga to‘yinishi uchun Toshkent shahri batamom “yashil hudud”ga aylanmog‘i lozim. Kampus o‘zining betakror-zamo­naviy kompozitsion tarhi, bog‘lari, og‘ochzorlari, gul-bo‘stonlari, suv hav­za­lari bilan, deylik, azim Toshkentni bamisoli kaftida avaylaydi. Yangi Toshkent hududida “Yangi O‘z­bekiston” universiteti, Toshkent dav­lat pedagogika universitetining kam­puslari, Milliy kutubxona, Milliy teatr, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi, ijod maktabi hamda Milliy maqom markazi qad rost­laydi. Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahridagi ilk inshootlar qurilishini boshlab berar ekan: “Bular ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyamizning asosi va namunasi bo‘ladi”, degan juda muhim fikrni aytdi. Darhaqiqat, jahondagi taraqqiy etgan mamlakatlar o‘zlarida bunyod qilingan ma’rifat, ma’naviyat, madaniyat maskanlari shuhrati bilan dunyo ahlini o‘ziga qaratadi. Ko‘plar­ning havasini keltiradi. Kuch-qudrat, yangilangan tafakkur mahsuli bo‘lgan ezgulik binolarining qurilishi o‘zbek xalqi uchun bobomeros qadriyatlar sirasiga kiradi. Zero, bugungi tarixiy kundagi yangilanishlarni ko‘rgan har bir yurtdoshimiz xayoliga “Kuch – ado­latda” iborasini hayotiy tamoyiliga aylantirgan buyuk Amir Temurning: “Agar bizning qudratimizga shubha qilsang, biz qurgan imoratlarga boq”, degan fikrlari kelsa ajab emas. Muhtasham binolarni ilm-fan, ma’naviyat, ma’rifat, adabiyot va san’atga daxldor betakror mazmun yashnatadi, albatta. Mamlakatimiz Prezidenti yoshlar kela­ja­gi­ni, ma’naviy-axloqiy tarbiyasini o‘y­lab, bu yangi maskanda birinchilar qa­to­ri­da Toshkent davlat pedagogika uni­ver­si­tetining yangi kampusi quri­li­shiga diqqat qaratdi. Bu kampus 20 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv bino­lari, 5 ming o‘rinli yotoqxona, 300 o‘rinli bog‘cha, 616 o‘rinli maktab, 588 o‘rinli akademik litsey, zamonaviy sport kompleksi, madaniyat saroyi, amfi­teatr va boshqa inshootlarni qamrab oladi. Dunyoning ko‘p mamlakatlarida mavjud bo‘lgan “bog‘cha – maktab – universitet” uyg‘un tizimining bir joyda jamlanishi, tabiiyki, o‘zining jahoniy samarasini beradi. Zotan, yangi quriladigan shaharga ham, o‘quv dargohlari va uning sayil­goh­lari hamda bog‘lariga yangi davr yoshlarining poyqadami juda-juda yarashadi. “Yangi O‘zbekiston” universiteti Yangi Toshkent uchun yangicha tafakkur, ilg‘or ilm-fan markazi bo‘lishi aniq. Bu universitet kampusida 10 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari, 1 ming 150 o‘rinli oshxona, kutubxona va ix­cham muzey, sport majmuasi, olim­piya suzish havzasi barpo qilinadi. Bunday shart-sharoit, yoshlar­ning ilm olishi, tarbiya topishiga mos imkoniyatlarni ko‘rgan kattalar beixtiyor “Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi”, deb havas qilishlari tabiiy. Kitobxonlikka juda katta diqqat qili­nayotgan mamlakatimizda kutubxo­na­lar­ning qurilishi – ma’naviy taraqqiyot uchun benihoya ulkan zarurat sanaladi. Yangi Toshkentda umumiy ko‘lami 30 ming metr kvadrat maydonni qamrab oladigan O‘zbekiston Milliy kutub­xonasi O‘zbekiston ahlini chin ma’nodagi kitob­xon millatga aylanishi, ko‘ngillar obod­li­giga beminnat xizmat qilishi ta­yin. Darvoqe, Yangi Toshkent hududida hazrat Alisher Navoiy nomi bilan yuritiladigan Xalqaro ilmiy tadqiqot markazining barpo qilinishi nafaqat yurtimiz adabiyotshunoslari, balki dunyoning barcha hududlarida ishlab, istiqomat qilayotgan navoiyshunoslar uchun ham tuhfa bo‘ladi. Alisher Navoiy va boshqa allomalar­ning hayoti hamda ijodi tadqiqi, bo‘lganida ham, xalqaro darajada o‘rganilishi o‘tganlar ruhini shod etadi, ikkinchidan, bugungi tahlikali zamonda har bir insonni kamolot sari boshlaydi. Xalqimizning suyukli shoirasi Zulfiya­xonimning bir she’rida “Bu bog‘lar – bir bog‘lar bo‘ladi hali…” degan misra bor. Shunga monand bu shahar bir go‘zal maskan, dunyoga dong taratadigan madaniyat, ma’rifat shahri o‘laroq dunyoga dong taratadi. Milliy teatrning katta binosi qurilishi san’at ahlini naqadar mamnun qilsa, dramaturglarga ilhom bag‘ishlaydi, tomoshabinlarga esa zavq. Shuningdek, Yangi Toshkentdagi ma’­­­­na­­­viyat majmuasi tarkibida zamon ta­­­lablariga mos alohida ijod maktabi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazining barpo etilishi ham ma’ri­fat­ga, adabiyot va san’atga, bir so‘z bilan ayt­ganda, ko‘ngil obodligiga daxldor insonlarga shodlik ulashadi.   Prezident Sh.M.Mirziyoyev ayni ta­rixiy kunda: “Bugun poydevori qo‘yi­­layot­gan maskanlar ko‘p yillar xalqimiz ma’naviyatini boyitish, yoshlarimizni har tomonlama yetuk va barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Yangi Toshkent shahri­ning nafaqat yurtimiz, balki min­ta­qamizda ham chinakam ilm-ma’rifat va madaniyat markaziga aylanishiga katta hissa qo‘shadi, deb ishonaman”, degan gapi chuqur hayotiy asosga ega, albatta. Azal-azaldan binolar, kutubxonalar, masjidlar, ko‘priklar qurganlar e’zoz­langan. Qurilishiga sababchi bo‘lgan va qur­ganlar uchun beqiyos savob yog‘i­lib turadi. Iste’dodli shoirimiz Maqsud Shayxzodaning: “Shaharlar boqiydir, umr – o‘tkinchi, Daryolar sobitdir, suvlar – ko‘chkinchi”, degan mashhur misralari bor. Suvlar oqib ketadi, manziliga yetadi. Ammo shaharlar, xususan, yangi bunyod bo‘ladigan Yangi Toshkentdek zamonaviy shaharlar boqiy bo‘lib qolajak.

TAHRIRIYAT

“Jadid” gazetasi 2024-yil 5 -aprel 15-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img108

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img618

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img614