22.02.2024 | 17:09
246
MALAKALI MOLIYACHI NARGIZA MURATOVA: DOIMO BILIMLARNI YANGILASH – KASBNING BIR QISMI
Bugungi iqtisodiyotda har bir kasb egasidan doimiy o‘sish va yangilikka moslashuv talab qilinadi. Ayniqsa buxgalteriya sohasida bilimlar tez eskiradi, tizimlar yangilanadi. Shu sabab o‘z ustida ishlash, yangi malakalarni egallash – har bir mutaxassis uchun zarurat.
Sal kam 20 yillik tajribaga ega buxgalter Nargiza Muratova bu tamoyilni butun faoliyati davomida amalda isbotlab kelmoqda.

Boshlanish: milliy tizimdan xalqaro mezonlargacha
Nargiza Muratova o‘z faoliyatini 2004-yilda milliy buxgalteriya hisobi standartlari (MBHS) davrida boshlagan. O‘sha paytda hisobotlar qo‘lda yuritilar, jarayonlar ancha murakkab edi.
U dastlab xususiy sektorda ishlagan, keyinchalik turli tashkilotlarda buxgalteriya tizimlarini takomillashtirish bilan shug‘ullangan.
“O‘sha davrlar meni aniqlikka va tizimlilikka o‘rgatgan. Bu keyinchalik xalqaro standartlarga o‘tishimda juda kata yordam bo’ldi”, – deydi u.
Doimiy o‘qish: kurslar, malaka va tajriba
Nargiza Muratova faoliyati davomida 10 dan ortiq malaka oshirish kurslarini tamomlagan.
2007-yilda Moliya vazirligi va USAID hamkorligidagi Professional buxgalterlarni sertifikatlash dasturida qatnashgan. Shu davrda O‘zbekiston Buxgalterlar va Auditorlar Milliy Assotsiatsiyasi (O‘BAMA) orqali ham bir necha bosqichli o‘quv dasturlarini yakunlagan.
Keyinchalik ABCO Academy’da xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (MHXS) kurslarini tugatgan va u yerda qisqa muddat dars ham bergan.
2022-yilda IAPBE sertifikatini, 2023-yilda esa ACCA DipIFR diplomini qo‘lga kiritgan.
O‘zining ta’kidlashicha, har bir yangi kurs u uchun faqatgina hujjat emas, balki yangi qarash, yangi fikrlash tarzi demakdir.
Mentorlik va ta’sir
Nargiza Muratova o‘z bilimini boshqalar bilan bo‘lishishni ham kasbiy burch deb biladi. U o‘nlab yosh buxgalterlarga yo‘l ko‘rsatgan, ulardan ba’zilari bugun yirik kompaniyalarda rahbar lavozimida ishlamoqda.
Aziza Nabieva (ABCO Academy, 2021):
2021-yil yanvar oyida ABCO o‘quv markazida MHXS (Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari) yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olishni boshlaganman. Moliya sohasidagi ilk ustozim Nargiza opa Muratova bo‘lgan. Ularning bu sohadagi chuqur bilimlari va keng fikrlash doirasi sifatli ta’lim olishimda mustahkam asos bo‘ldi.
O‘qishni endigina boshlaganimda juda tortinchoq, o‘zimga ishonchi past inson edim. Nargiza opaning daldalari va ko‘rsatmalari tufayli bugun nufuzli xususiy firmada bosh buxgalter lavozimida faoliyat yurityapman.
Nigora Kutlumurodova (ABCO, 2021):
2021-yil fevral oyida MHXS (Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari) o‘quv kursiga yozildim. ABCO o‘quv markazida dars bergan ustozim Nargiza opa bo‘lgan. Boshlang‘ich buxgalterlik tajribam bor edi va uni xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarishni maqsad qilganman.
Bu yo‘lda Nargiza opa chuqur va asosli bilim berdilar. Ularning ta’lim berishdagi strategik yondashuvi, pragmatik fikrlashi, kamchiliklarga tanqidiy qarashlari va yuqori sifatga intilishlari hayotimda ham, ish faoliyatimda ham o‘zimni topishimga asos bo‘ldi. Buning uchun ulardan cheksiz minnatdorman.
Shohista Yakubova:
2007-yilda Nargiza Muratova bilan xalqaro o‘quv dasturlarida birga o‘qib tanishganmiz. O‘shandan beri do‘stona aloqadamiz. Bunga sabab – ularning oilada olgan go‘zal tarbiyasi, og‘ir-bosiqligi va o‘ylab gapirishdek fazilatlari, ilm olishdagi tirishqoqligi hamda karyera yo‘lida tinmay mehnat qilishga intilishlaridir. Nargiza men uchun ham kuchli motivatsiya bo‘lgan. Aynan ular sabab ko‘proq o‘qishga, o‘z ustimda ishlashga qiziqib qoldim va hozirda o‘zim ham shu sohada pedagoglik faoliyatini olib bormoqdaman.
Yangi qiziqishlar: ESG va “green accounting”
So‘nggi yillarda Nargiza Muratova xalqaro buxgalteriyada yangi yo‘nalish – ESG (Environmental, Social, Governance) va “green accounting” mavzulariga qiziqib kelmoqda.
U bu borada mustaqil tadqiqotlar olib boradi, xorijiy tajribani o‘rganadi.
“Mazkur yo‘nalish hali O‘zbekistonda keng joriy etilmagan, lekin bu – kelajak masalasi. Kompaniyalar nafaqat foyda, balki ijtimoiy va ekologik ta’sirni ham hisobga olishi kerak”, – deydi qahramonimiz.
Xulosa o‘rnida
Bugun Nargiza Muratova o‘z faoliyatini davom ettirarkan, o‘qish, o‘rgatish va yangilikka ochiqlikni kasbiy hayotining ajralmas qismi deb biladi.
Uning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, malaka oshirish – hech qachon to‘xtamaydigan jarayon.
“Mukammallikka erishish emas, o‘rganishdan to‘xtamaslik muhim”, – deydi u.
Muallif: Saodat Abdurahmonova
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
99
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
136



