Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.11.2025 | 10:10

img558

IKKI DONA KO‘RAK… yoxud achchiq xotira

Ro‘zimboy HASAN

Hazorasp mol bozorida g‘alati savdoni ko‘rib, bir zum angrayib qoldim. Simto‘r tortilgan tirkagich oldida turgan traktorchi atrofini o‘ragan odamlar orasida ko‘rak savdosini qizitardi: “Bir kilogramm kunjara yetti ming so‘m. Kunjara degani chigitning qoldig‘i bo‘lsa. Mana, bir pritsep ko‘rak – uch tonnadan kam emas. Kilosiga ming so‘mdan so‘rayapman”.
Angrayganim sababi taqvimda hali oktyabr oyi yakunlanmagani, ayrim joylarda paxta terimi davom etayotgani, to‘g‘risini aytsam, shu yoshga kirib ochiqdan ochiq, yana bozorda ko‘rak sotilayotganini ilk bora ko‘rib turganim edi. Axir ikki dona ko‘rak sabab yaqin o‘tmishimizda qancha insonlarning taqdiri barbod bo‘lgan: urilish-surilishlar mayli, qamalib ketganlarni ham bilamiz.
…1957-yilning yakunida o‘sha vaqtdagi respublika rahbari N.Muhiddinov paxta rejasini bir amallab bajargan voha dehqonlarini qutlash, kelgusi hosil tadorigi bilan tanishish uchun Xorazmga keladi. Bizning Qulon Qorabog‘ qishlog‘iga yo‘li tushganida, g‘o‘zapoyadan bo‘shagan maydonlar shudgor qilinayotgan bo‘ladi. Respublika rahbari shudgor sifatini ko‘zdan kechirish uchun otizga kiradi va yangi haydalgan tuproq orasidan ikki dona ko‘rak topib oladi. Ertasi kuni viloyatda o‘tgan tezkor yig‘ilishda “ikki ko‘rak masalasi” muhokama qilinadi. N.Muhiddinov “sotsialistik mulkka zarar yetkazgan” xo‘jalik raisi N.Saidovni partiyadan o‘chirish va javobgarlikka tortishni taklif qiladi.
Urushdan buyon xo‘jalikka raislik qilib, uni ilg‘orlar safiga olib chiqqani uchun ikkita orden bilan taqdirlangan qirq yashar rais boshiga tushayotgan taqdir zarbasidan o‘zini yo‘qotib, majlisda besh daqiqa bosh yalang‘ochlab turgan onlarida qand kasalini orttiradi va so‘ng bevaqt vafot etadi. Nurilla Saidovning ajdodlari uzoq umr ko‘ruvchilar bo‘lib, otasi Said buva to‘qson uch, amakilari Jumaboy va Ahmad salkam yuz yoshga kirishgan. Ikki dona ko‘rak voqeasi qirq yashar yigit umrini bir lahzada teng yarmiga qisqartirib yuboradi. Hosildan bo‘shagan maydon shudgor qilingan sanaga e’tibor bering: 1957-yilning 27-dekabri.
Bog‘otning Qorayantoq qishlog‘ilik Jahongir Madaminov ijodkor o‘qituvchi bo‘lib, tuman va viloyat gazetalarida turli mavzulardagi maqolalari ketma-ket chop qilinar, o‘zbek tili va adabiyotini maktablarda o‘qitish bo‘yicha uslubiy risola ham yozgandi. Tumanda bo‘layotgan nohaqliklar haqida yuqoriga ariza yozadi-yu boshiga qora kunlar tushadi – qamalib ketadi. Uning bor-yo‘q “jinoyat”i uyida so‘qimga boqayotgan ho‘kizi qornidan ikki dona ko‘rak chiqqani edi. Aslida, o‘sha ikki dona ko‘rakni organ xodimlari  cho‘ntagida olib kelib, ho‘kizga yedirishgan. Ho‘kiz qornidan topilgan ikki dona ko‘rak ijodkor o‘qituvchi umrini zoye qiladi. U besh yil qamoqda yotib qaytgach, maktabga borishdan uyalib, boshqa sohalarda ishlashga majbur bo‘ladi.
Naymanlik bir brigada boshlig‘i dala boshida kolxozchilarga g‘o‘za chekankasini tezroq yakunlash haqida topshiriq berayotgan vaqtida minib kelgan oti pushta chetidagi g‘o‘zapoyaga tumshuq urib, ikki-uch ko‘ragini yeydi. Kimdir darhol “chaquv” beradi. Otni so‘yib ko‘rganlarida, qornidan ikki dona ko‘rak qoldig‘i chiqadi. Ot kolxozga tegishli bo‘lgan, ammo brigadir “mas’uliyatsizlik bilan kolxoz mulkiga zarar yetkazgani” uchun besh yilga qamalib ketadi. Bu voqea o‘tgan asrning 60-yillari boshida ro‘y bergan.
Yana bir ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqea: 1970-yil yoz adog‘ida respublika rahbarlari vohaga kelib, paxta yetishtirish jarayoni bilan tanishadi. O‘sha vaqtda respublika Oliy Soveti Prezidiumi raisi bo‘lib ishlagan Y.Nasriddinova boshchiligidagi guruh Bog‘ot tumanida g‘o‘zalar ahvoli bilan tanishib yurganlarida nogoh Narimonov nomidagi xo‘jalik paxtazorida bo‘sh yurgan sigirni ko‘rib qoladi. Nasriddinova xo‘ja­lik­ning mashhur Qahramon raisi I.Do‘sovga brigadirni partiyadan o‘chirib, mahkamaga tortish buyrug‘ini beradi.
Ertasiga Xiva tumanida respublika ishchi guruhi o‘rganishlari natijasiga bag‘ishlagan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Nasriddinova joylardagi ahvol bo‘yicha ma’ruza qilar ekan, kutilmaganda Do‘sovdan: “Kecha paxtaga mol qo‘yib yuborgan brigadir partiyadan o‘chirildimi, jinoiy javobgarlikka tortildimi?” deb so‘rab qoladi. Do‘sov “sigir voqeasi” bu darajaga borishini o‘ylamagan, urushdan buyon yonma-yon ishlab kelayotgan, ilg‘orligi uchun orden-medallar bilan taqdirlangan brigadirga tanbeh berish bilan cheklangandi. Qaltis vaziyatda buni aytish boshiga balo bo‘lishini anglagan rais to‘satdan tiliga kelgan gapni aytib yuboradi: “Brigadir qilgan ishidan ko‘p pushaymon bo‘lib, rosa ichikkan ekan, kecha omonatini topshirdi”. Raisning yolg‘oni sabab omon qolgan brigadir yana chorak asr umr ko‘rdi. O‘sha sanada “vafot etgani haqidagi ma’lumotnoma”ni keyin tengqurlariga ko‘rsatib, kulib yurdi…
Jamoa xo‘jaliklari tugatilib, yerlar xususiy mulkka aylantirilgan davrda qisqa muddat paxta va bug‘doychilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tashkil qildim. Kech kuzda, noyabr oyi oxirlarida paxta rejasini bajarib, dalani g‘o‘zapoyadan tozalash vaqtida aynan “ikki ko‘rak” mojarosi mening ham boshimga tushdi. Daladagi g‘o‘zapoyani yig‘ishtirib yurgan ayolim poyada qolgan besh-olti ko‘rakni peshkiliga soladi va uy tomonga kelayotganida tasodif tuman hokimi o‘rinbosari peshkilini ko‘zdan kechirib, ichidan chiqqan olti dona ko‘rakni “jinoyatni aks ettiruvchi ashyoviy dalil” sifatida bayonnoma tuzib, olib ketadi. “Ko‘rak mojarosi” uchun hokimlikka qatnab, tushuntirishlar yozdim va “birovlarni o‘rtaga qo‘yib”, jarima bilan zo‘rg‘a qutuldim.
Bugun (to‘g‘rirog‘i, bu yil) bozorda ko‘rak ochiqdan ochiq sotilayotgani ham, aslida, qishloq xo‘jaligida so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlarning samarasi. Bu mavsum vohada ko‘z ochib-yumguncha o‘tdi – reja bir oydan sal ko‘proq vaqtda uddalandi. Xorijdan keltirilgan va mahalliy paxta navlarining tezpisharligi, hosildorligi natijasi bu. Bir terimdayoq 50 sentnerlik xirmon uygan fermerlar bo‘ldi. Hatto ayrim fermerlar yetishtirgan hosil rekord ko‘rsatkichlarni qayd etdi – 75 sentnerlik marra ilk bora uddalandi. Va yana, voha tarixida ilk bor sentyabr oyi adog‘idayoq paxtasi terib olingan dalalar g‘o‘zapoyalardan tozalanib, ochiq maydonlarga kuzgi bug‘doy urug‘i sepildi. Viloyat tarixida hech qachon aqrab boshlanmasdan g‘o‘zapoya chopig‘iga ruxsat berilmagandi.
Rejani oshirib bajargan fermerlar dalada qolgan ortiqcha paxtani aholiga terib olib, ro‘zg‘orda ko‘rpa-to‘shakka ishlatishga ruxsat berishganiga nima deysiz? Axir, yaqin-yaqinlargacha ham reja bajarilmasa, ichki ishlar xodimlari uyma-uy yurib, paxta izlashardi. Uyidan yarim qop paxta chiqqan bechoralar mahkamaga tortilardi.
Istiqlol lug‘atimizga ajdodlardan meros bo‘lgan “xususiy mulk” so‘zini qaytardi. Xususiy mulk fuqaroning ilkidagi mulki bo‘lib, uni o‘zi istaganicha tasarruf etish huquqiga ega. Xohlasa, o‘zi ishlatadi, xohlasa, sotadi, xohlasa, ehson qiladi. Fermer xo‘jaliklari egalari ham, shu ma’noda, o‘zlari yetishtirgan hosil o‘zlariga tegishli ekanini ayni shu mavsumda tushunib yetishdi, deyish mumkin. Avval fermerlar garchi rejani bajargan bo‘lsalar-da, toki viloyat yoki tuman rejadan chiqmaguncha, paxta topshirish majburiyatidan qutulmasdi. Eng yomoni, oktyabr oyida rejani bajargan fermer dekabr oyi o‘rtalarigacha dalasini g‘o‘zapoyadan tozalab, yerlarni shudgor qilishga kirisha olmasdi. Eski zamonlardan qolgan “so‘nggi chanog‘igacha yig‘ishtirib olish” siyosatiga barcha birdek amal qilardi. Shu bois, fermer kuzgi bug‘doyni ikki marta terib olingan g‘o‘zapoya oralig‘iga ekishga majbur bo‘lar, bu usulda ekilgan urug‘ dalaga tekis tushmas, hosili ham shunga yarasha tosh bosardi. Sababi, so‘nggi terim vaqtida nimjon bug‘doy nihollari oyoqosti bo‘lar, qish adog‘ida g‘o‘zapoyani o‘rib olish vaqtida ham anchagina nihollar boy berilardi. Bu yil ilk marta sentyabr oxirida g‘o‘zapoyasi yig‘ishtirilgan ochiq maydonlarga bug‘doy ekildi.
O‘tgan asrning 50-yillarida o‘rtaga tashlangan “Paxta – milliy boyligimiz!” shiori istiqlol davrida ham uzoq vaqt ta’sir kuchini saqlab qoldi. Yaqinlargacha ham “paxtazorda mol boqqan” yoki “ko‘rag-u paxtasini o‘g‘irlagan” kabi ayblovlar jinoyat hisoblanib, o‘sha sigir yoki qo‘ylar musodara qilinar, egasi jazo olardi. Boqayotgan jonivori nogoh arqonini uzib o‘zini dalaga urishidan hech kim kafolatlanmagan, aslida. Shu mantiqsiz jazo yigirma yillar bug‘doyzorlarda kuz-qish oylarida uchragan chorvaga nisbatan ham qo‘llanildi. Arqonini uzib bir qarich bo‘y tortgan bug‘doyzorga kirgan chorva mollari shu yerdayoq so‘yilib, go‘shti ehtiyojmand oilalarga tarqatilgani haqidagi xabarlar “oynayi jahon” orqali namoyish qilinardi.
Kimlardir o‘ylab topgan bu jazoni mantiqsiz deyishimizga sabab, bu yoqda iqtisodiy jinoyat sodir qilgan mas’ullar yetkazgan zararni qoplasa jazodan ozod qilinishi qonuniylashtirilgani-yu, u yoqda ikkita ko‘rak uchun misli ko‘rilmagan jazo turlari… O‘sha ikkita ko‘rakdan chiqadigan paxta sovet davri narxlarida bir tiyin, istiqlol zamonida bir necha yuz so‘mga yaqin turardi. Qolaversa, endilikda o‘sha ko‘rak davlatniki emas, fermerga tegishli. Qaysi fermer o‘zi dehqonchilik qilayotgan hududda yashovchilarni qon qaqshatishni istaydi, deysiz! Shunday holat ro‘y bersa, chorva egasini ogohlantirish bilan cheklanardi, xolos. Masala bilan huquq organlari shug‘ullanganida, ish jiddiy – siyosiy tus olib ketardi. 
Uzog‘-u yaqin o‘tmishda millatimiz boshiga tushgan ko‘pgina kulfatlar aynan “paxta zulmi” bilan bog‘liq bo‘lgani yuqoridagi misollarda yaqqol ko‘rinadi.
Bozorda ko‘rak sotayotgan traktorchi voqeasiga qaytamiz. Traktorchi bu ko‘rakni qaydandir o‘g‘irlab olmagan. Qaysidir fermer rejani oshig‘i bilan bajargan va qolgan-qutgan ko‘raklarni yig‘ishtirib olishga ruxsat bergan. Bir tomondan, ko‘rakni sotish orqali qo‘shimcha daromad qiladi, chorva boqayotgan odamlarga nafi tegadi. Ikkinchi tomondan, o‘sha “so‘nggi chanoqlar”ni yig‘ishtirib olish fermerga zarar keltiradi. Chala pishgan ko‘raklar ochilishini kutishi kerak. Undan chiqqan paxtani zavodlar eng so‘nggi navlarga qabul qiladi – beradigan puli xarajatining yarmini ham qoplamaydi.
Joriy mavsumda qaysidir viloyatda hosildan bo‘shagan g‘o‘zapoyalarni yoqib tashlash orqali dalani qo‘shimcha mineral o‘g‘itlash tajribasi qo‘llangani haqida ham xabarlar chiqdi.
Bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlar inson manfaatiga xizmat qilishi haqida ko‘p gapiramiz. Ana shu insonparvarlik g‘oyalariga yo‘g‘rilgan siyosat samarasini kun sayin anglayapmiz, ro‘y berayotgan voqeliklarda kuzatyapmiz. Kuni kecha “million egatlarga sochilgan o‘zbek” bugun o‘z qadr-qimmatini angladi, topdi. Ikki dona ko‘rak uchun javobgarlikka tortilib, taqdiri poymol bo‘lgan insonlar haqidagi voqealar go‘yo ertakka aylandi. 

«Jadid» gazetasining 2025-yil 7-noyabrdagi 45-soni


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img113

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img143