24.10.2024 | 10:36
576
FIDOYI MA’RIFATPARVARNING ACHCHIQ QISMATI
Yunusjon Og‘aliqov 1884-yil 10-yanvarda Qo‘qon shahrida tavallud topgan. Uning otasi Ho‘qandi latifning taniqli do‘kondorlaridan biri edi. Og‘aliq atamasi esa bir vaqtlar xonlik zamonida bobolarining egallagan lavozimidan qolgandi. Yunusjon Qo‘qon shahridagi maktab va madrasalarda o‘qib, ilm tahsil qildi. So‘ng ota kasbi bo‘lgan savdo bilan shug‘ullanib, el nazaridagi saxiy boylar safidan joy oldi. Mintaqada jadid taraqqiyparvarlik g‘oyalarining tarqalishi ortidan Yunusjon hoji ham bu harakat ishtirokchilarining yelkadoshi bo‘ldi. Jadid maktablari va muallimlarini doimiy ravishda moddiy va ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatladi.

Tatar diyorlarida chop etilgan jadid gazeta-jurnallarining Farg‘ona vodiysiga yetib kelishini ta’minladi. Zohiriy, Abduvahhob Ibodiy kabi muallimlarning Qrim, Ufa, Orenburg shaharlariga ilmiy-ijodiy safarlarini tashkillashtirdi. O‘zi esa “Tarjimon”ga muntazam Turkistondagi ijtimoiy-madaniy hayot, jadid maktablarining ahvoli, tarixi haqida maqolalar yuborib turdi.
Yunusjon hoji Og‘aliqov 1916-yil mardikorlikka qarshi xalq qo‘zg‘oloni vaqtida aholi tomonida bo‘ldi. 1917-yil mart oyidan “Sho‘royi Islom” tashkiloti a’zosi sifatida siyosiy harakatlarga bosh qo‘shdi. Qo‘qonda Turkiston Muxtoriyati hukumati tadbirlarida faol ishtirok etdi. Muxtoriyatning nashri bo‘lgan “El bayrog‘i” gazetasini tarqatish va targ‘ib qilishga mas’ul bo‘ldi.
Yunusjon hoji Og‘aliqov Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgach ham o‘zining istiqlol orzusidan voz kechmadi. Qo‘qon shahrida qolib milliy istiqlol uchun qo‘liga qurol tutib jangga kirgan insonlarni qo‘llab-quvvatladi. 1921-22-yillarda do‘sti Ashurali Zohiriy texnik muharrir bo‘lgan “Farg‘ona” gazetasida ekspeditor sifatida ish olib bordi. Ayni paytda “Ko‘mak”, “Nashri maorif” kabi ma’rifiy jamiyatlar tadbirlarida faol ishtirok etdi. O‘zi kabi davlatmand insonlardan pul yig‘ib, ko‘plab yoshlarning xorij va markaziy Rossiya shaharlarida joylashgan ilm dargohlarida ta’lim olishlari uchun yordam qo‘lini cho‘zdi. Biroq sho‘ro hukumati mustahkamlanib borishi bilan Yunusjon hoji Og‘aliqov kabi insonlarning boshiga turli sinovlar kela boshladi. 1926-yil aksilinqilobiy “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi degan ayblov bilan qamoqqa olinib, 6 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm etiladi. Yunusjon Og‘aliqov jazoning 3 yilini Kompirmat okrugida, 3 yilini Orenburg shahrida o‘taydi. So‘ng bir muddat Chimkentda yashab, 1932-yilda ona shahri Qo‘qonga qaytib keladi.
Yunusjon hoji Og‘aliqov 1935–37-yillar Qo‘qonda Ashurali Zohiriy, Erkin Nosir, Yaqub Omon bilan aloqalarini tiklaydi. O‘zbekiston davlat nashriyotiga tegishli kitob savdosi do‘koni mudiri sifatida ish olib bora boshlaydi. Yunusjon hoji Og‘aliqov sovetlarning qanchalik razolatga botganini, sho‘ro hokimiyatiga qarshi chiqqan har qanday kuchni xohlagan yo‘l bilan mahv etishi mumkinligini o‘zining taqdirida ko‘rdi. Shuning uchun oilasi va yaqinlari kelajagidan xavotirda bo‘lib, imkon qadar o‘zini ko‘rsatmaslikka intildi. Biroq u millat va xalq manfaatiga zarar keltiradigan har qanday qilmish oldida tilini tiya olmadi. Qo‘qon shahridagi sovet qurilishlarini kuzatar ekan: “Bu hech qanday ta’mir emas, sovetlar madrasalarimizni bir-bir yiqayaptilar. Yaqinda Eski Qo‘qondan hech narsa qolmaydi. Xalqqa Eski shaharni butunlay unuttiradilar. Shu bahonada qadimiy binolarimizni yo‘q qilib, milliy arxitekturamizni, umuman olganda esa bular bizning tariximizni yo‘q qilmoqchilar”, deydi.
Albatta, bu gaplar uning yoniga kiritilgan maxsus xufyalar tomonidan oqizmay-tomizmay kerakli tashkilotga yetkazib turilgan.
1937-yil 21-avgust kuni bitilgan order asosida Yunusjon hoji Og‘aliqov yana hibsga olindi. Qo‘qon shahri, Hurriyat mahallasida joylashgan xonadonidan deyarli hech narsa topilmadi. Turmush o‘rtog‘i Faxriya Dadaboyeva ikki farzandi bilan uning ortidan zor yig‘laganicha qoldi. Yunusjon hoji o‘ziga qilinayotgan bo‘htonlarni har qanday holatda ham tan olmasligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng sovet tergovchilari uni tinch qo‘ydi va boshqalarning ko‘rsatmalarini olishga jon-jahdi bilan kirishdi.
1937-yil 26-avgust kuni guvoh sifatida jalb qilingan kishilardan biri so‘roqda 1936-yil Yunusjon hoji Og‘aliqov o‘zining do‘konida “…agar bizning yaxshi tashkilotlarimiz bo‘lganida xonliklarimizni chor Rossiyasi bosib ololmas edi”, 1937-yil esa do‘konida Ashurali Zohiriy, Soliyev davrasida “…Sovetlar so‘z va matbuot erkinligini bermaydilar. Chor imperiyasi davrida ham bundan yaxshiroq edi. Kolxozda non yo‘q, lekin aroq dengiz bo‘lib yotibdi”, degani va Akbar Islomovning qamoqqa olinganidan ularning barchasi xafa bo‘lganligi haqida ma’lumot beradi.
1937-yil 20-noyabr kuni Yunusjon hoji Og‘aliqov o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etadi. Biroq 1937-yil 21-noyabr kuni O‘zSSR NKVD huzuridagi mash’um “uchlik” Yunusjon hoji Og‘aliqov ishini ko‘rib, uni oliy jazoga hukm qiladi va bu noxolis hukm 1937-yil 18-dekabr kuni Qo‘qon shahrida joylashgan maxsus obyektda amalga oshiriladi.
1937-yil 15-noyabr kuni qahramonimizning akasi Ne’matjon hoji Og‘aliqov ham qamoqqa olinadi. 1877-yil tug‘ilgan 62 yoshli Ne’matjon Og‘aliqovga dindor, Turkiston Muxtoriyatida ishtirok etgan deb, O‘zSSR JKning 66-moddasi, ya’ni aksilinqilobiy tashviqot ayblovi qo‘yiladi. Oradan olti kun o‘tmasdan mash’um “uchlik” yig‘ini 1937-yil 21-noyabr kuni hech bir dalil, isbot keltirmasdan uni 10 yil muddatga mehnat tuzatish lageriga hukm qiladi.
1957-yil 28-yanvar kuni O‘zSSR Oliy sudi tomonidan Yunusjon hoji va Ne’matjon hoji Og‘aliqovlar oqlandi. Biroq bu gal ham xushxabarni avlodlariga yetkazish masalasi o‘sha paytda hech kimning aqliga kelmadi…
Zamonlar o‘tdi. Qo‘qonlik mashhur jadid muallimi Muhammadjon Xoliqiyning farzandi, shifokor va shoir Midhatjon aka otasi va uning safdoshlariga bag‘ishlangan “Avlodlar ehtiromi” dostonida ularning achchiq qismatini afsus, nadomat bilan aks ettiradi.
Bahrom IRZAYEV,
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bosh ilmiy xodimi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 18-oktyabrdagi 43-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



