19.04.2024 | 09:37
1924
QODIRIYSHUNOS – QADRSHUNOS

1
Zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligi va yaqin o‘tgan davr adabiy tanqidi tarixi zahmatkash olim, professor Umarali Normatov adabiy-ilmiy faoliyati bilangina tugal tasavvur qilinadi. Adabiyotshunos olimning o‘zbek ilm-fani, filologik ta’lim uchun qilgan xizmatlari beqiyos. Yuzlab adabiy maqolalar, risolalar, monografiyalar, o‘quv qo‘llanmalar, darsliklar, olim rahbarligida himoya qilingan o‘nlab ilmiy tadqiqotlar, respublikamiz va yaqin xorijdagi yuzlab shogirdlar – bularning sanog‘iga yetish qiyin. Bularning bari bir inson umrining bezagi. Bularning hammasi olimning o‘ziga xos olami – bebaho ma’naviy xazinasi. Aslida ulkan san’atkor adiblarning bebaho asarlari ta’siridan qalb larzaga keladi, sehrlanadi, zavq-shavqqa to‘ladi. Haqiqiy badiiy asar kuchi bois ko‘ngilda o‘zgacha bir harorat va yorug‘lik paydo bo‘ladi. Ichkarida obrazlar yoki voqelik mohiyati bilan g‘oyibona muloqotlar, bahs-tortishuvlar boshlanadi. Adib va uning ijodini anglash, asarlari ortidan kelgan bir olam go‘zal taassurotlarni bayon etish, tushuntirish baxti hammaga ham nasib qilavermaydi. Professor Umarali Normatov butun ilmiy-ijodiy faoliyati davomida ana shu saodatli damlardan bahra topdi. Haqiqiy umrboqiy, yaxshi asarlar domlaning ko‘ngil sirdoshiga va hayot yo‘lida yo‘ldoshiga aylandi. Domla o‘z kitoblarida yozuvchi yoki shoir, ustozi yo shogirdlari to‘g‘risida yozadimi, adabiy gurung qiladimi – barchasida samimiyat yolqini balqib turadi. Qadri baland ilmiy-adabiy kitoblari o‘quvchiga manfaatli, ularda kitob o‘qish va uqish madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishi tabiiy.
2
Go‘zal asarlar jozibasi oddiy kitobxonni o‘ziga maftun qiladi, adabiyotshunos olimga tinchlik bermaydi. Olim qalb tug‘yonlarini, haroratli so‘zini boshqalarga aytishga, yozuvchi mahoratidan, adabiy qahramonlar qismatidan so‘z ochishga ehtiyoj sezadi. Shu zaylda turli – yangicha adabiy tahlil va talqinlar maydonga keladi. Professor Umarali Normatovning Abdulla Qodiriy haqida yozgan “Qodiriy moʻjizasi”, “Qodiriyning so‘nggi iltijosi” kabi kitoblari ayni jihati bilan e’tiborga molik, albatta. Ma’rifattalab o‘quvchi bundagi bayonlar orqali olimning zavq-shavqqa to‘la hayajonli adabiy-ilmiy tahlillariga guvoh bo‘ldi. To‘g‘risi, bunday asarlar bir-ikki yilda yoki bir o‘tirishda yozilmaydi. Ular uzoq izlanishlar, qayta o‘qishlar, o‘ylanishlar, ichki bahs-munozaralar izidan bunyod bo‘ladi. Abdulla Qodiriy hayoti va ijodining barcha qirralarini, adibga munosabat bildirgan ilmiy asarlarni o‘rganish, tadqiq etish – bu oson ish emas. Ustozning vaqtli matbuotda bosilgan maqolalarining soni olti yuzdan ko‘p, alohida kitob holida nashr qilingan asarlarining soni o‘ttizdan ortiq. Mening nazarimda, Abdulla Qodiriyga oid kitoblari – bu mutlaqo o‘zgacha, maroq bilan, zavq-shavq bilan, to‘lib-toshib, mehr-muhabbat bilan yozilgani bilan boshqa tadqiqotlardan ajralib turadi. Unda yozuvchining hayot yo‘lini, boshidan o‘tgan yaxshi-yomon kunlarni, fojiaviy qismatini yoritar ekan, domla adib yashagan murakkab adabiy-ijtimoiy muhit ruhini, uning atrofida kechgan ig‘voy-u malomatlar mohiyatini chuqur his etib kuyinib yozadi: “Qamoqda, tergov paytida ustiga bo‘htondan iborat ayblar qo‘yilganda, ayniqsa, hamkasblarining yuzsizlarcha munofiqlik qilayotganini ko‘rganda adib qanday ahvolga tushganini, bu imoni butun, o‘ta halol, rostgo‘y, mard yigit qalbida qanday tug‘yonlar kechganligini xayolan tasavvur qilish mumkin. Agar o‘sha keskin dramatik ruhiy holat to‘la tiklansa, shekspirona tragediya tug‘ilishi aniq”. Bunday aniq va keskin fikr-mulohazalarni manbalarni chuqur o‘rgangan va yozuvchining ruhiy-psixologik kayfiyatini xayolan tugal tasavvur qilgan olimgina yoza oladi. Chinakam san’at asarlariga qayta nazar solinsa, qayta o‘qilsa, avval xayolga kelmagan yangi ma’nolar paydo bo‘ladi, natijada ularni yangidan baholashga zarurat ham tug‘iladi. Umarali Normatov Abdulla Qodiriyning asarlariga, arxiv hujjatlariga, mavjud ilmiy tadqiqotlar va biografik ma’lumotlarga nazar tashlar ekan, adibning badiiy tafakkur tarzini, ham iste’dodli ijodkor, ham o‘z zamonasining kishisi sifatidagi fazilatlarini teran tushunadi. Adib dunyoqarashi shakllangan muhit ob-havosi haroratiga, ta’lim-tarbiya maskanlarining saviyasiga to‘g‘ri tashxis qo‘yadi; bir qancha chigal masalalarga oydinlik kiritadi. Olim o‘z talqinlarida ijod psixologiyasiga, ijodkor inson tabiatiga xos barcha mayllarni inobatga oladi. Umarali Normatov yozuvchining “O‘tkan kunlar” romani negizida, istiqbol qayg‘usi bilan yashayotgan qahramonlar orzusida “istiqlol qayg‘usi”ni ko‘radi. Romanda tasvir etilgan ijtimoiy muhitning muhim bir qirrasi – millat istiqboliga urg‘u beradi. Tabiiyki, shu olamshumul fikr – badiiy g‘oyaning ildizlari Abdulla Qodiriy shuurida, asl maslagi va uning hamfikr maslakdoshlari ichkarisida mavjud edi. Bunday sahifalarda jadid adiblarining orzu-armonlari kuzatiladi, bunday o‘rinlarda davrdosh davradoshlarning darddoshligi va maslakdoshligi oydinlashadi. Abdulla Qodiriyning donishmand qahramonlaridan biri “umr – otilg‘an o‘q emish”, deydi. Har o‘tgan kun, har o‘tgan davr tarixga, xotiraga aylanadi. Xotiralar esa oradagi masofa kengayib borgani sari soviydi, xira tortadi, yoddan ko‘tariladi. Eng qizig‘i, agar ijod ahliga oid xotiralar sun’iy, to‘qilgan, g‘ayritabiiy bo‘lsa, garchand ular zar muqovali kitoblar ichiga joylab qo‘yilsa ham, baribir, esdan chiqadi. Chunki ijodkorning insoniyat xotirasiga abadiy muhrlanishi uchun eng avvalo o‘quvchilar izlab, topib, suyib, o‘ylab, quvonib, yig‘lab o‘qiydigan asarlari, adabiy durdonalari bo‘lishi lozim. O‘zbek millati manglayiga bitilgan Abdulla Qodiriydek iste’dod egasi oradan asrlar o‘tsa ham odamlar xotirasidan o‘chmaydi. Buning eng asosiy omili – adib yozgan go‘zal san’at asarlari. Umarali Normatov qodiriyshunos va qadrshunos sifatida Habibulla Qodiriy bilan Mas’ud Abdullayevning otalarini eslab yozgan asarlari hamda adibga zamondosh kishilarning maqolalariga diqqat qaratadi. Bu manbalar Qodiriyning tabiati, asl maslagi, iymon-e’tiqodi, ijod laboratoriyasining ayrim qirralarini ochishga yordam beradi. Zero, psixobiografik tadqiq usuliga ko‘ra maktublar, turli qo‘lyozmalar, kundaliklar, shaxsiy arxiv manbalari qatorida ijodkorning yaqinlari va zamondoshlari yozgan esdaliklarning yozuvchi badiiy olamini tushunishdagi qadr-qiymati beqiyos. Nemis olimlari uchun I.P.Ekkermanning “Gyote bilan gurunglar” asari bebaho xazina, ulug‘ adibning ma’naviyat mulkiga kirishda sehrli kalit sanaladi. Bir mahal ikki rus adibi – A.P.Chexov bilan M.Gorkiy o‘zaro suhbatlarida nemislarga havasi kelib, Lev Tolstoyning dono fikrlari isrof bo‘layotganidan, unga fidoyi kotib yetishmaganidan afsuslanadi. Gyotega nasib etganidek, deylik, L.Tolstoy va A.Qodiriydek ulkan iste’dodlar yonida “ekkermanlar”ning yashashi milliy adabiyotni boyitgan bo‘lardi. Jahon adabiyotidagi juda ko‘p adiblar umrining oxirgi pallalari batafsil yozib qoldirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, I.Gyote umrining so‘nggi damlarida ko‘proq yorug‘lik va toza havo so‘raydi. L.Tolstoy esa “Nima qilishimni bilmay qoldim!” deganicha boqiy dunyoga safar etadi. Xo‘sh, Abdulla Qodiriyning so‘nggi kunlari, oxirgi nafaslari xususida nimalar bilamiz? Shu paytgacha hujjatli, aniq tafsilotli ma’lumot topilmadi. 1937-yil 31-dekabrida uyidan olib ketilgani, tergovlar; tanish-bilishlarning ko‘rsatmalari, 1938-yil 4-oktyabrida otilgani xususida umumiy ma’lumotlar bor, xolos. Nazarimda, Umarali Normatovning silsila xotiralar asosida yozgan “Qodiriyning so‘nggi iltijosi” maqolasi adib umrining oxirgi lahzalari yuzasidan yaxshi tasavvur uyg‘otadi; ko‘ngilga taskin beradi. O‘quvchi maqola ta’sirida “inson uchun dunyoda o‘lumdan qo‘rqunch narsa yo‘q”ligini juda teran his etgan shaxsning mardligi va jasoratiga tahsin aytadi. Qolaversa, bu manzara “Mehrobdan chayon” romani bosh qahramoni, o‘limga hukm qilingan Mirzo Anvar holatiga oid bir epizodni ham esga soladi. “Dor ostida Anvarning qo‘li yechilib, tahorat olish uchun unga suv berildi. Chunki bu mahkumning qonuniy haqqi edi… Anvar tahoratlanib, ustidagi to‘nini yerga yozdi. Jallodlar doirani bir oz kengaytib, Anvar ikki rakat namoz o‘qidi…” Abdulla Qodiriy suyukli qahramoniga o‘limi oldidan, dor ostida shunday bir qonuniy huquqni “bergan” ekan, o‘zi ham o‘limi oldidan hukm ijrochisidan, avvalo, o‘z “qonuniy haqqi”ni so‘rashi, ikkinchi tarafdan, “qayralayotgan pichoqqa butunlay parvosiz, qo‘rquvsiz” qarashi ancha ishonchli va tabiiy ko‘rinadi. To‘g‘risi, menda Mas’ud Abdullayevdan meros – og‘zaki xotira asosida yozilgan bu maqola, mash’um vaziyat tafsiloti – mahkum adibning suv so‘rashi, tahorat olib ikki rakat namoz o‘qishi, taqdir hukmiga bo‘yin egishi va tuproqdan tashqarida bir oyoqning ko‘milmay ko‘rinib qolishi – barcha-barchasini aniq-tiniq tasvirlagan fojiaviy pafosli yaxshi bir hikoya o‘qilganidek taassurot qoldirdi. Chunki tuhmat va xiyonatlarga bardoshli adib to‘qqiz oylik ruhiy azoblarga qiyosan jismoniy o‘lim qarshisida mardona tura olishi mumkin edi. Alloh zikri bilan kalimai shahodatni aytib jon taslim etish, jannatdan umidvorlik iymonli odam tabiatiga xos. Shu ma’noda Qodiriy umrining so‘nggi lahzalari to‘g‘risida har qanday boshqa, turli versiyalar bo‘lmasin, maqolada bayon qilgan voqea mantiq kuchi bilan ajralib turadi. Bu “so‘nggi iltijo” adib muxlislarining yuragini o‘rtab, zirqiratib… xotirjam qiladi. Qolaversa, domlamiz kelajakda bunga qaraganda ishonchli manba topilish ehtimolini inobatga olib, xolislik yuzasidan, oldindan uzrini aytadi va ular uchun ham tadqiqlar eshigini ochiq qoldiradi.
3
O‘ylab ko‘rsam, men professor Umarali Normatovni “Sharq yulduzi” jurnali orqali maktabni bitirish arafasida – o‘tgan asrning 80-yillarida tanigan ekanman. O‘qilgan qaysidir roman qahramoni ismi ta’siridanmi, hartugul, keyinchalik bir jamoada baqamti ishlash, ustoz-shogird tutinishimiz mutlaqo xayolimga kelmagan Umarali Normatov ismi ortidagi munaqqid o‘sha g‘oyibona tanishuv mahalida juda yosh va navqiron bo‘lib ko‘ringan edi. Universitetga o‘qishga kirib qarasam, Umarali Normatov ulkan olim, professor, kafedra mudiri, fan arbobi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi ekan. Biroq o‘quvchilik tasavvurimdagi o‘sha dastlabki beg‘ubor sifat, to‘g‘risi, ko‘p yillar o‘zgarmadi. Yurakdan chiqqan samimiy ma’ruzalar, maroqli va jo‘shqin suhbatlar… Ijodkor inson uchun yozganlari o‘ziga va o‘zi yozganlariga o‘xshasa – bu ham saodat. Havasdan ko‘ngil o‘sadi, bu ajib fazilatdan bog‘lar mevaga kiradi. Havas – benihoya go‘zal insoniy fazilat. Umarali Normatov tabiatida havas kuchli. Birovga hasad qilgani yoki bema’ni g‘urbatlarga berilgan holatlarini aslo eslay olmadim. Agar gurunglar biror sabab nojo‘ya tomon burilib qolsa, so‘z o‘nqovini poylab, ustoz sekingina o‘zining beg‘ubor va davomli kulgilari bilan davra ahlining fikrini, suhbat yo‘rig‘ini boshqa tarafga yo‘naltirganlarini ko‘p kuzatganman. Umarali Normatov tabiatida haqqoniylik kuchli. Fikr bayonlarida, biror asar ta’rif va tavsiflarida ba’zan mubolag‘a bo‘ladi. Bu mubolag‘a domladan suhbatdoshiga ham yuqadi. Ammo ustozning birovni aldashi, nomiga bo‘lsa ham yolg‘on gapirishlari – bular aslo bizlarning tasavvurimizga sig‘maydi. Zero, chin ustozlik, chin muallimlik ham ulkan saodatdir. Bunday saodat darajasiga zinama-zina chiqiladi. Bunday saodat sha’ni misqollab yig‘iladi. Umarali Normatov el-yurt ardog‘i-ehtiromiga, shon-shuhratga erishdi, ma’naviyat pillapoyalaridan yuksak bir rutbaga ko‘tarildi. Bu daraja va martabaga aslo zaha yetmadi. Holbuki, ustozimiz ham inson o‘laroq qanchadan-qancha qaltis vaziyatlarga duch keldi, muhit girdobiga tushdi. Umr yo‘ldoshlari, o‘z vaqtida adabiyot muallimasi bo‘lib o‘quvchilarga saboq bergan Munira opamiz domlaning ilm va ijod yo‘llarida ustozga umr bo‘yi chinakam maslakdosh, fikrdosh va yo‘ldosh bo‘ldi. Shu sababli hali shu kunga dovur Umarali Normatov uylari ostonasidan qo‘ni-qo‘shnilar, tanish-bilishlar, hamkasblar, shogirdlar qadami uzilmaydi. Buning o‘zi e’tirof va e’tibor, shuning o‘zi ham ulkan baxtu iqboldir aslida. Yaxshi insonning yodga olinishi va odamlar xotirasida yashashi – bunda ham hikmat va ibrat bor, albatta.
Bahodir KARIMOV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasi 2024-yil 5-aprel 15-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



