19.04.2024 | 10:20
583
“HAR YERDAKIM, IMORATQA QOBIL YER KO‘RSA ERDI…”

Jahon tarixining mangu chinorlaridan biri Amir Temurni boshqa ulug‘ siymolardan ajratib turadigan, insoniyatni hayratga soladigan fazilatlari juda ko‘p. Ana shulardan biri, shubhasiz, uning bunyodkorlikka bo‘lgan mehri va shijoatidir, muxtasar aytganda, uning tom ma’nodagi bunyodkorligidir. Rus sharqshunos olimi V.V.Bartold uning g‘ayratiga qoyil qolib: “Revnostny stroitel” (jonkuyar va ashaddiy bunyodkor), deb ta’riflagan edi. Betimsol bobomiz Amir Temur har ishga kirishsa, qattiq kirishar edi. Sharafuddin Ali Yazdiy ham: “Hazrat Sohibqironning biyik himmati – har ishning oxirigacha yetkurmaguncha o‘lturmas erdi”, deya bejiz yozmagan edi. Bir qiziq va ibratli voqea: hali oddiy amirlardan biri maqomida, qaysar, o‘zboshimcha va izzattalab amirlar boshini goh qovushtirishga erishib, goh qovushtira olmay Turkiston cho‘llarida ot choptirib yurgan pallalardayoq – 1365-66-yillar qishida Sohibqiron Qarshi qal’asi qo‘rg‘onini qurishga kirishdi va poyoniga yetkazdi. Temurbek bu paytda yigirma to‘qqiz yoshda edi. Uning bu harakatlari katta maqsad yo‘lida zinhor ikkilanib o‘tirmaganini, yosh amir o‘shandayoq ko‘ngliga ulug‘ umidlar joylaganini, uzoq maqsadlarni ko‘zlaganini, garchi o‘sha payt oddiy bir amir bo‘lgan esa-da, o‘zini butun mamlakat uchun mas’ul sezganini ko‘rsatadi. Chunki uning kelajakka ishonchi yuksak va sobit edi. Ma’lumki, Samarqand ham mustahkam devorlar bilan o‘ralmagan edi. Shahar saltanat markazi qilib belgilangandan keyin, Amir Temur unga poytaxt ko‘rk-u salobatini berish, obod maskanga aylantirish yo‘lida katta harakat boshladi. Bu harakat Sohibqironning butun umri davomida bir lahza tingani yo‘q, desak mubolag‘a bo‘lmas. Dastavval ko‘chalar orasta qilindi, Ko‘ksaroy bunyod etildi. “Samarqand arkida Temurbek ulug‘ bir ko‘shk solibdur, to‘rt oshyonliq, – deb yozadi Bobur Mirzo “Boburnoma” asarida. – Ko‘ksaroyga mavsum va mashhur va oliy imoratdur”. Amir Temur saltanat boshiga kelganiga bir yil bo‘lganda, milodiy 1371-yilda olti darvoza tiklandi, shaharsozlik rivojlanib ketdi, shahar mustahkam qal’a devorlari bilan o‘rab olindi. Sohibqiron Samarqandni dunyoning eng oldi shahariga aylantirmoqchi edi, bunga erishdi ham. Hatto buni ta’kidlash uchun, shahar atrofida Damashq, Bag‘dod, Misr, Sheroz, Sultoniya kabi mashhur shaharlar nomlari bilan atalgan, bog‘-rog‘larga ko‘milgan katta-katta qishloqlar barpo qildirdi. Buning tag-zaminida dunyoning mashhur shaharlari Samarqand oldida oddiy bir qishloqsifatdir, degan ma’no bor. Samarqandi firdavsmonand atrofida bunyod etilgan bog‘lar-chi, bag‘oyat shinam va go‘zal. Ularning ta’rifi muarrixlar asarlarida keltirilgan. Bog‘i naqshi jahon (Jahongir Mirzo bog‘i), Bog‘i Chinor (Saroymulkxonim bog‘i), Bog‘i Bihisht (Tuman oqa bog‘i), Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Baland, Bog‘i Davlatobod, Bog‘i Nav va boshqa bog‘lar poytaxt ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib qo‘shildi. Ularning har birida muhtasham saroy, ko‘shk va naqshinkor ayvonlar qurildi, salqin xiyobonlar barpo etildi. Bu bog‘larda bo‘lgan, go‘zal maskanlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo bari haqida o‘z kundaliklarida zavq-shavq bilan qalam tebratgan. Chunonchi, ispan elchisi Sohibqironning suyukli xotini Tuman oqaga atab bunyod etilgan Bog‘i Bihisht haqida shunday yozgandi: “Bu bog‘ning g‘ishtin va naqshin, lojuvard va oltin bilan bezatilgan baland va go‘zal darvozasi bor. Bog‘ nihoyatda katta. Unda mevali va sersoya daraxtlar ko‘p. Yog‘och panjaralar bilan ihotalangan shinam xiyobon va yo‘laklardan odamlar o‘tib turadi…” Bog‘i Nav haqida esa quyidagilarni o‘qiymiz: “Bog‘ning to‘rt tarafi baland devorlar bilan o‘ralgan, har bir burchagida g‘o‘lasifat burj-minora bo‘y cho‘zgan. Bog‘ o‘rtasida – oldida sarhovuzi bor katta chortoq uy ko‘zga tashlanadi…” Umuman, bog‘ yaratish, bunyod qilishni Amir Temur juda yaxshi ko‘rardi, ta’bir joiz bo‘lsa, bog‘lar yaratish uning sevgan mashg‘ulotiga aylangandi, yashnagan bog‘ni ko‘rib bahri dili ochilardi. Umrining oxirigacha shunday qutlug‘ ish bilan mashg‘ul bo‘lgani buning dalili. Shuni aytish joizki, barcha bog‘lar, madrasa va masjidlar qurilish loyihasi Sohibqiron rahnamoligida qo‘ligul ustalar, me’morlar tarafidan chizilar edi. 1397-yil martda Amir Temur Samarqandning shimolida Bog‘i Dilkushoni barpo etish uchun “Konigilning bir yonida bog‘i tarh solsunlar!..” deb buyruq beradi. Kichik malika, sohibjamol To‘kalxonimga atab oliy bir ko‘shk, ulug‘vor ayvon bunyod etadilar. “Ko‘shkning toq-u ravoqlari naqshinkor va sirkor g‘ishtlar bilan pardoz topdi, – deb yozadi Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida. – Bog‘ning to‘rt burchagida… serhasham shiyponlar qurildi”. “(Temurbek) Samarqand sharqida ikki bog‘ solibdur, …yovuqrog‘i Bog‘i Dilkushodir, – deyiladi “Boburnoma”da. – Andin Feruza darvozasig‘acha xiyobon qilib, ikki tarafda terak yig‘ochlari ekturubtur. Dilkushoda ham ulug‘ ko‘shk soldurubtur, ul ko‘shkta Temurbekning Hindiston urushini tasvir qilibturlar…” Muarrixlar so‘zlariga qaraganda, bog‘ jannatday oromijon, Eram bog‘idek dilkusho ekan. “Amir Sohibqiron u bog‘ va saroylarning qurilishi bilan bir oyni o‘tkazdi”, deydi Nizomiddin Shomiy o‘zining “Zafarnoma” asarida. Hayratda qoladigan joyi, saltanat yumushlari bilan nihoyatda band bo‘lgan Amir Temurday davlat arbobining bitta bog‘ barpo etishga bir oy vaqtini berishi, shunga fursat topa ola bilishidadir. Xuddi o‘sha yili Bog‘i Shimol qurilishida ham “Sohibqiron bir oy yarim (bir yarim oy) o‘zi turib jahd etar edilar” (Sharafuddin Ali Yazdiyning e’tirofi). Sohibqiron bog‘, madrasa, masjidlar qurilishiga juda jiddiy e’tibor berar, hamisha diqqat markazida tutardi. Milodiy 1399-yilda boshlangan Jome’ masjidi qurilishida ham u shunday sobitqadamlikni namoyon etgan edi. Yana Shomiy deydi: “Dorulmulk Samarqandda bir Jome’ masjidi qurib, bu xayrli ish bilan qudrat egasi (Alloh)ga yaqinlikka erishish niyatini qat’iylashtirdi… Oliy hazrat ishtiyoqining zo‘rligidan shaxsan o‘zi imorat tepasida hozir bo‘lar, uning tez bitishiga butun himmatini sarflar edi…” Sohibqiron kelganda, masjid poydevori o‘rnini qazishayotgan bahodir quruvchi yigitlarga dalda berib, so‘zlab ularning ko‘ngillarini ko‘tarar, rag‘batlantirar ekan. Yazdiy ham “Zafarnoma” asarida Jome’ masjidi qurilishiga to‘xtalib yozadi: “Sohibqiron g‘oyat ihtimomidinkim (e’tibor berganidan, diqqat qilganidan), masjid ishida taallul (bahona, sustlashish) bo‘lmag‘ay (deb), o‘zi har kun kelib ishlagonlar boshig‘a turib, ihtimom qilur erdi. Va so‘rar erdi… Masjidi juma’da to‘rt yuz sakson ustun toshdin yasab… saqfini (shifti, gumbaz) toshdin yasadilar va to‘rt yonida to‘rt minora yasadilar. Masjid tugangandan so‘ng Dilkusho bog‘iga borib to‘ylar berdi. Ustakorlarga to‘nlar kiydurub, otlar mindurdi…” Demak, bog‘ barpo qilish, masjid yo boshqa bino qurish davlat ahamiyatidagi yumushlardan hisoblangan, ayni saltanat yumushi sanalgani aniq, ikkinchidan, Sohibqiron bog‘ni ham, masjidni yoki o‘sha barpo etilayotgan inshootni ham o‘zining ko‘z oldida qurishlarini, ishning bequsur-u benuqson chiqishini qattiq istaganini ko‘rsatadi. Yana bir hayrat. Bu bog‘larda boy-u kambag‘al, xos-u om barobar emin-erkin sayr qilishlari o‘sha zamonlarda kam uchraydigan diqqatga sazovor hodisalardandir. Bog‘larda Ibn Arabshoh, Rui Gonsales de Klavixo singari tarixchilar zavq bilan kezishgan, ko‘rganlarini avlodlarga yozib qoldirishgan. Bunday bog‘larning faqat Samarqandda emas, balki bepoyon saltanatning boshqa mavzelarida ham barpo etilgani e’tiborni o‘ziga tortadi. Bular, albatta, insonparvarlikning yuksak ko‘rinishlaridandir. Sohibqiron yoshligidan aziz-avliyolarga izzatu ikrom ko‘rgizib kelardi. Uning Shayx Shamsiddin Kulol, Shayx Zayniddin Abu Bakr Toybodiy, Mir Sayyid Baraka singari zotlarga hurmat-e’tibori ma’lum. Tabarruk ziyoratgohlar, qadamjolarni obod qilishdagi sa’y-harakatlari tahsinlarga loyiq. Shahrisabzdagi Dor ut-tilovat, Dor us-saodat, Samarqanddagi Shohizindadagi Qusam ibn Abbos maqbarasi va boshqa maqbaralar, Amir Temur maqbarasi, ko‘plab xonaqohlar, Zangi ota majmui, Buxorodagi Sayfiddin Boxarziy, Chashmai Ayyub maqbaralari binolari Sohibqiron tomonidan qurilgan yo tubdan ta’mirlangan. Amir Temur o‘ziga g‘oyibona pir sanagan Shayx Nuriddin Basir (Qutbi chahordahum), Sulton Burhoniddin Qilich, Shayx Burhoniddin Sog‘arjiy, Shayx Safiuddin Yoqub Ardabiliy kabi siymolarga maqbaralar bino ettirdi. Bunday ehtirom-u izzat-ikromlarning oliy namunasi, albatta, Sohibqiron bunyod ettirgan “Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixi, maqomoti oliy va mashhur” (Navoiy) Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi hisoblanadi. Amir Temur har gal Yassi shahriga kelganida yoki har xil sabablar bilan shu tomonlarga yo‘li tushganda ziyoratni ulug‘ pirning mozoridan boshlardi. Dastavval bu yerda o‘n ikkinchi milodiy asrda qurilgan kichik maqbara mavjud edi. Sohibqiron va uning davri tarixini mukammal yoritgan Sharafuddin Ali Yazdiyning guvohlik berishicha, milodiy 1397-yil kuzida Sohibqiron Toshkent sari ravona bo‘ladi va undan o‘tib Yassi shahriga boradi. Tabarruk qadamjoni tavof etar ekan: “Bu aziz Muhammad Hanifa o‘g‘lonlaridin turur, alayhi va ala olihi vassalom”, deydi. “Buyurdikim, – deb yoziladi “Zafarnoma”da, – ul mozorig‘a ustig‘a imorati oliy soldilar va bir ulug‘ toq (gumbaz) bog‘ladilarkim, ko‘k bila so‘zlashur erdi… Va farmon bo‘ldikim, tomlarini rangin koshin bilan muzayyan qilsunlar (chiroyli bezasunlar). Va Xojaning qabrini oq tosh bila yasadilar… Ikki yildan so‘ng ul imorat tugandi. Ul imorat tugagandan so‘ng, andag‘i faqir-u miskinlarg‘a ko‘b sadaqalar berdilar…” Xoja Ahmad Yassaviy qadamjosi hamisha Sohibqiron e’tiborida bo‘lgan. Maqbaraga maxsus vaqf tayinlangan, ta’minoti uchun davlat tomonidan unumdor yer maydoni, saroy, tegirmon va boshqa zarur mol-mulklar ajratilgan. Amir Temurning bunyodkorlikka, umuman, obodonchilikka katta ahamiyat berganini uning mashhur “Tuzuklar”idan ham bilsa bo‘ladi. Bu narsa uning uchungina emas, balki butun saltanat uchun ham hayotbaxsh dastur vazifasini ado etadi va saltanat rusumiga aylanadi. “Amr etdimki, – deydi Sohibqiron, – kimki biron sahroni obod qilsa yoki koriz (yer tagidan o‘tkazilgan suv yo‘li yoki ariq) qursa, yo biron bog‘ ko‘kartirsa, yoxud biron xarob bo‘lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa (ya’ni soliq) olmasunlar… xarob bo‘lib yotgan yerlarda korizlar qursunlar, buzilgan ko‘priklarni tuzatsunlar, ariqlar va daryolar ustiga ko‘priklar qursunlar, yo‘l ustida har manzilgohga rabotlar bunyod etsunlar… katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsunlar, faqir-u miskinlarga langarxona solsunlar, bemorlar uchun shifoxona qurdursunlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasunlar. Har bir shaharda dor ul-imorat (saroy) va dor ul-adolat (qozixona) qursunlar…” Ushbu so‘zlarning zamirida olam-olam ma’nolar yashirin. Bunyodkorlik saltanatda urfga aylanib, uning hayotbaxsh ta’siri nafaqat Sohibqiron, balki amirzodalar, malikalar, a’yonlar o‘rtasida ham keng tarqaldi. Bu hayotbaxsh urfdan ruhlangan Sohibqiron egachisi Qutlug‘ Turkon oqa, rafiqalari – malikalar Bibixonim va Tuman oqa, kelinlari Gavharshodbegim, Milkat oqa (Shohruh Mirzo xotinlari) kabi va boshqa malikalarning o‘z mablag‘lari hisobiga bunyod etgan shifoxona-yu hammom, xonaqoh-u madrasa, masjid-u rabotlari haqida tarixiy kitoblarda batafsil yoritilgan. Aytilgan so‘zlar Amir Temurning bunyodkorlik faoliyatiga bir chizgilar xolos… Bu yil Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688-yilligi keng nishonlanadi. Atrofimizga boqib, beixtiyor o‘sha Amir Temur bobomiz amalga oshirgan bunyodkorliklarni eslab faxrlanamiz, ko‘ksimiz tog‘day ko‘tariladi, quvonamiz. Doim quraman degan o‘zbek xalqi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida o‘z ulug‘ farzandining hayotbaxsh an’analarini shiddat bilan davom ettirmoqda, shaharlar, saroylar, binolar, uylar, ko‘priklar va boshqa ko‘p inshootlar bunyod etilmoqda. Bundan g‘ururlanamiz, ko‘ksimiz tog‘day ko‘tariladi, quvonamiz. O‘z-o‘zidan ulug‘ muarrix Sharafuddin Ali Yazdiyning quyidagi so‘zlari xayolimga keladi: “(Sohibqiron) har yerdakim, imoratqa qobil yer ko‘rsa erdi, ul yerda albatta bir imorat solur erdi…” Bu qutlug‘ so‘zlar Amir Temurga ham, jonajon o‘zbek xalqiga ham bab-baravar tegishlidir.
Muhammad ALI,
Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 5-aprel 15-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



