31.01.2025 | 09:43
451
“YER BU – ULKAN SIR”
Sayyoramizda yil davomida yuz minglab turli sezimdagi zilzilalar sodir bo‘ladi. Ularning aksari faqat seysmograflargina ilg‘aydigan tebranishda bo‘lib, oddiy aholi payqaydigan darajaga yetmaydi. Lekin har qanday yer silkinishi tirik mavjudotni tahlikaga solishi tayin.
Eramizning 115-yilida 260 ming rimlik umriga zomin bo‘lgan Antioxiya; 856-yili 200 ming fors aholisining yostig‘ini quritgan Damg‘on, 1556-yili 830 mingdan ortiq xitoylikni hayotdan olib ketgan Shensi fojiasi va boshqa ko‘plab mudhish zilzilalar haqida tarixiy ma’lumotlar bugungacha yetib kelgan.
2023-yilning 6-aprelida Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila inson savqi tabiiysiga o‘rnashgan xavotirlarning o‘rinli ekanini isbotladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Gʻani Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti direktori, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor Vohidxon Ismoilov bilan suhbatimiz seysmik xavfsizligimiz borasida bo‘lib o‘tdi.

– Vohidxon aka, 5,2 Rixter shkalasi bo‘yicha sodir bo‘lgan mash’um Toshkent zilzilasi sabab O‘zFA tarkibida ayni paytda siz rahbarlik qilayotgan Seysmologiya instituti tashkil etilgan. Bu institut qariyb 60 yillik faoliyati davomida qanday yutuqlarga erishdi?
– So‘zni bizning hududlarga seysmologiyaning kirib kelishidan boshlasak. 1865-yilda chor Rossiyasi Toshkentga bosqinchilik yo‘li bilan kiradi. Ular ko‘p yillar bu tinch, xavf-xatarsiz joyga egalik qilamiz, deb o‘ylashgan. Lekin uch yil o‘tib, Toshkentda 6,3 magnitudali dahshatli zilzila sodir bo‘ladi. Bu vayronkor hodisa tabiiyki, zilzila sirlarini o‘rganishni talab etgan va 1872-yilda Toshkentda ilk bor seysmologik uskuna o‘rnatilgan. 1886-yilga kelib yanada kuchliroq yer qimirlashi ro‘y bergach, bu hududni jiddiyroq tadqiq etish kerak ekan, degan vahima bilan o‘sha davrning takomillashgan zamonaviy uskunasi olib kelingan. Shu tariqa 1902-yilda Toshkentda birinchi seysmik stansiya barpo bo‘ladi. Ana shu vaqtdan O‘zbekistonda seysmologiya sohasidagi instrumental tadqiqot ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Afsuski, yaqin o‘tmishda bizda mikrohududlashtirish ishlari to‘xtab qolgan edi. Oxirgi mikrohududlashtirish xaritasi 1996-yilda tuzilgan. Mana shu ishni yana davom ettirdik, respublikamizdagi 24 ta shaharni mikrohududlashtirdik. O‘zbekiston hududi uchun yangi tipdagi tektonik, geodinamik, seysmologik xaritalar yaratdik. Bu juda katta yutuq va yaxshigina mablag‘ evaziga amalga oshirildi. Har bitta xarita uchun 100-150 million so‘mdan pul ajratildi. Bu balki juda katta mablag‘ bo‘lib tuyulmas, lekin eng zarur, kerakli ishlar uchun doimiy ravishda bunday summalar ajratilishi yaxshigina natija beradi.
Shuningdek, 2023-yili respublikamizda seysmik stansiyalarimiz soni 48 tani tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan bir yilda 80 taga yetdi. Qo‘shni respublikalardagi kasbdoshlarimiz bunga qanday erishayotganimizni so‘rashadi. Ochig‘ini aytamiz, davlatimiz tomonidan moddiy va ma’naviy e’tibor baland.
– Vohidxon aka, seysmik stansiya Toshkentda bor bo‘la turib, nega zilzilaga tayyorgarlik ko‘rilmagan? Qurbonlar soni kam deymiz, lekin mamlakat juda katta iqtisodiy zarar ko‘rgan…
– To‘g‘ri, bor edi. Lekin bu stansiyalar ma’lumotni zilziladan avval to‘g‘ridan to‘g‘ri Moskvaga uzatardi. Toshkentni seysmik mikrohududlashtirish ishlari amalga oshirilgan edi-ku, lekin unga ko‘ra o‘sha paytda bino va inshootlar 7 ballga mo‘ljallab qurilgan. Zilzila kuchi esa 7 emas, 8 ballga chiqqan.
Toshkent zilzilasining yana bir jihati bor. 2022-yilda Boysunda 5,6 magnitudali yer silkinishi qayd etildi. Bu Toshkent zilzilasidan ancha kuchli edi. Lekin hodisa haqida birov bilib, birov bilmagan. Chunki bu hodisa dala joyda, aholi yashamaydigan ochiq yerlarda sodir bo‘ldi. Unda nega Toshkentdagi zilzila buncha talafotli va vahimali bo‘lgan dersiz? Sababi, Toshkentda ayni aholi yashaydigan hududda yer qimirlagan. Bundan tashqari, uning o‘chog‘i juda sayoz joylashgan edi.
Bir narsaga e’tibor qaratish kerak, o‘sha zilzilada beton yoki pishiq g‘ishtli binolar buzilmagan. Asosan nobop qurilgan uylar, eski imoratlar qulagan.
Undan keyin ham O‘zbekiston hududida kuchli yer silkinishlari bo‘lib turdi. Masalan, 1976-yilda magnitudasi 7,2 bo‘lgan Gazli zilzilasini olsak, u shaharning deyarli barcha binolarini vayron qildi. Taassufki, o‘shanda talafot katta bo‘lgan.
1966-yilgi zilzila yurtimizda Seysmologiya instituti ochilishiga turtki bo‘ldi. Birinchi galdagi vazifalardan biri, albatta, zilzilani mumkin qadar oldindan aytib berish, ya’ni prognoz masalalarini o‘rganish bo‘lsa, ikkinchisi – hududlarimiz bo‘ylab seysmik xavfni baholash va uning xulosalarini qurilish qo‘mitasiga taqdim qilib, shaharsozlik ishlarini shunga mos xavfsiz olib borish bo‘lgan.
Albatta, o‘tgan oltmish yil ichida sohamizda juda ko‘p tadqiqotlar amalga oshirildi. Aytish mumkinki, o‘z vaqtida olamshumul ilmiy kashfiyotlar ham qilinib, xalqaro miqyosda tan olingan. Poytaxtimiz ostida, yer qobig‘ining 1700-2200 metr chuqurligida senoman suvlar bor. Buni xalqimiz “Toshkent mineral suvi” deydi. O‘sha paytdagi kuzatuvlar zilzila arafasida bu suv tarkibida har xil gazlarning anomal tarzda oshishini ko‘rsatgan. Bu 1973-yillarda muhim kashfiyot bo‘lib, dunyo olimlarini hayratda qoldirgan. Yer osti jarayonlarida shu suvlar tarkibida radon gazi oshishi zilziladan darak berishi o‘sha davrning katta yangiligi deb e’tirof etilgan. Mazkur xulosa yer silkinishining prognoz imkoniyatlari rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Shuningdek, institutimizda 70-yillarda juda katta ilmiy-amaliy ishlar bajarildi va 1978-yildagi Oloy, 1984-yildagi Pop zilzilalarining yuz berishi ehtimoli oldindan bashorat qilindi. O‘zbekiston hududida geomagnit maydonda yer qimirlashidan oldingi o‘zgarish qonuniyatlari o‘rganilishi izchil davom etyapti. Bundan boshqa amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘p. Shu ma’noda institutimiz zimmasidagi vazifalarni uddalayapti, deb aytishimiz mumkin.
– Toshkent zilzilasi 78 ming oilani boshpanasiz qoldirgan. Bugun osmono‘par binolar va ko‘p qavatli turarjoylar qurilishi jadal ketayotgan bir paytda, ya’ni o‘tgan yilning 17-aprelida Prezidentimiz “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Ushbu qaror ijrosi yuzasidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar qanday ketyapti?
– Zilzilaning turli darajasi, uning xavf tug‘dirish ehtimolini inobatga olish, qurilayotgan binolarning seysmik chidamliligi va mustahkamligini ta’minlash – dolzarb masala. Bugungi kunda institutimiz hududlar bo‘ylab zilzila xavfini baholab berish imkoniga ega. Faqat qurilish kompaniyalari shu xavfga mustahkam tura oladigan loyihalarni amalga oshirishlari kerak.
Institutimiz 24 ta viloyat markazi va shaharlar uchun seysmik mikrohududlashtirish xaritalarini ishlab chiqdi. Ular hozirgi kunda eski sovet davridagidek makroseysmik ballarda emas, balki muhandislik parametrlarida, tebranish spektrlarida, cho‘qqi tezlanishi maksimal qiymatlarida baholangan holda tuzilmoqda. Ana shunday normativ hujjatlar va xaritalarni quruvchi-tadbirkorlarga yetkazib beryapmiz. Asosiy maqsad – zilziladan oldingi choralarni ko‘rib qo‘yish, ehtimoliy talafotlarning oldini olish.
Ilgari Toshkentda 16 qavatli 6 tagina monolit bino bor edi. Hozirgi kunda esa bunday binolar soni 100 dan oshib ketdi. O‘sha davrda baland imoratlar qurilayotganida maxsus seysmik tadqiqotlar olib borilgan. Hozirda ham xuddi shu usuldagi tekshiruvlardan foydalangan holda, 12 qavatdan yuqori bo‘lgan har bir bino qurilishida obyekt joylashgan yer maydoni bo‘yicha geologik va seysmologik tadqiqot amalga oshiriladi. Binoni zilzila vaqtidagi kuchlanishga mo‘ljallab qurish sharti bor. Biz beradigan ma’lumotlar quruvchi tashkilot uchun birlamchi va o‘ta muhim hujjat vazifasini o‘taydi. Bu xulosani olgandan keyin talabga javob beradigan loyiha ishlarinigina amalga oshirish kerak. Loyiha ishlari tasdiqlangach, o‘z-o‘zidan qurilish boshlanmaydi. Chunki hali bu ishning ekspertizasi ham bor.
Vazirlar Mahkamasining 603-son qarori bilan ekspertiza ishlari ham Fanlar akademiyasi institutlariga topshirilgan. Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida ekspertlar guruhi loyihalarni har tomonlama o‘rganib chiqib, shundan keyingina qurilish ishlariga ruxsat beradi. Bu guruh hozirgi kungacha O‘zbekiston bo‘yicha 260 ga yaqin bino va inshootni ekspertizadan o‘tkazdi. Mavjud binolarni renovatsiya, ya’ni yo buzib, yoki qayta ta’mirlash masalalarini ham o‘rganib chiqsak, yer silkinishi xavfiga qarshi puxta tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lamiz. Ana shundagina zilzila ssenariysi biz uchun unchalik qo‘rqinchli bo‘lmaydi. Talafotlar nisbatan kamayadi.
Zilzila bu – avvalo, iqtisodiy talafot. Ehtimoliy zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish orqali davlat mablag‘lari tejaladi.
– O‘zbekiston, xususan, Toshkent – seysmologik faol hudud. Yaqin yillar ichida yurtimizning seysmik xavfi haqida aniq ma’lumot bera olasizmi?
– O‘zbekiston O‘rta Yer dengizi seysmogen zonasida joylashgan. Shuning uchun zilzilalar doimiy sodir bo‘lib turadigan hudud hisoblanadi. Yer yuzida uchta seysmik kamar bo‘lib, O‘zbekiston uning ikkinchisi ichida joylashgan. Bu nazariy jihatdan hududda 8-9 balli zilzilalar bo‘lishi mumkin ekanini tasdiqlaydi. Hatto bizning institutimiz ham zilzila o‘chog‘ida joylashgan. Farg‘ona vodiysi esa boshqa viloyatlarga qaraganda seysmik faol hududdir. Tagzaminimizda tektonik yoriqlar va katta seysmik kuchlanishlar bo‘lgani uchun tez-tez zilzila bo‘lib turishi muqarrar. Chunki bir tomondan Yevrosiyo, ikkinchi tomondan Hindiston plitasi o‘rtasidagi bir-biriga qarama-qarshi harakat natijasida yuzaga keladigan katta yer osti zo‘riqishlari yangi silkinish o‘choqlarining paydo bo‘lishiga olib keladi.
Zilzila o‘chog‘idan chiqqan to‘lqinlar qanday tarqaladi, baland imoratlarga, binolar va inshootlarga qanday ta’sir ko‘rsatadi, buni o‘rganamiz. Qisqa muddatlarda zilzilalarni prognoz qilishga hozircha dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari ham qodir emas. Chunki Yer bu – ulkan sir.
– Xorijiy davlatlar bilan seysmologiya taraqqiyoti yo‘lidagi ilmiy-amaliy aloqalar borasida gaplashsak…
– Boshqa mamlakatlarga borganimizda biz guvoh bo‘lgan muvaffaqiyatlar asosida o‘z faoliyatimizni tahlil qilamiz. Mana, yaqinda Yaponiyada bo‘lib, bizga aloqador yettita universitet va markazga bordik.
Ma’lumki, dunyodagi eng kuchli zilzilalarning 20 foizi Yaponiyada sodir bo‘ladi. Bu orol davlatda mavjud 3000 ga yaqin tektogen yer yoriqlari harakatdagi va harakatsizga bo‘linadi. Biz ham o‘zimizdagi yer yoriqlarini toifaga ajrata bilishimiz shart. Buning uchun esa har bitta tektogen yoriqning pasportini yaratishimiz kerak. Ularda ana shunday yoriqlar uchun 232 ta pasport yaratilgan ekan. Biz ham bu ishni o‘zimizga tatbiq qildik. Mana, ikki yildan buyon bitta laboratoriya alohida shu vazifa bilan shug‘ullanyapti. Hozirgi kungacha Farg‘ona vodiysi va Toshkentoldi hududida 36 ta faol tektogen yoriqlar pasportini yaratdik. Albatta, bu hali to‘liq emas.
– Bu nimaga kerak?
Zilzila o‘choqlari aynan shu tektonik yer yoriqlarida hosil bo‘ladi. Agar biz bu yoriqlarning joylashuvini aniq bilsak, zilzila ssenariysini ishlab chiqishga erishamiz.
Yaponlarning 30 million aholi joylashgan, hududiy jihatdan katta, shuningdek, binolari juda baland qurilgan Tokio shahrining kuchli zilziladagi holatini modellashtirganini ko‘rdik. Butun dunyo ilm ahli modellashtirish tizimiga o‘tishga harakat qilyapti. Shu jihatdan institutimiz ham shu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlarni boshladi. Lekin faqat bizning izlanishimiz bilan ish bitmaydi, bunga Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti, Arxitektura va qurilish universiteti, Turin politexnika universitetining Toshkent filiali, O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi ham jalb qilingan. Hozir ana shunday katta hajmdagi amaliy ishlarni bajaryapmiz.
Seysmologiya – eng dolzarb va o‘ta muhim soha. Bugungi kunda institutda 129 nafar xodim faoliyat olib boryapti. Ular orasida akademik, fan doktori, professor-olimlardan tortib, ilmiy izlanishdagi o‘nlab tadqiqotchilar seysmologiya rivojiga hissa qo‘shmoqda. Bu sohaga qiziqayotgan yoshlarimiz ham ko‘p.
– Domla, mazmunli suhbatingiz uchun gazetxonlar nomidan minnatdorlik bildiramiz. Yurtimiz tinch, zaminimiz osoyishta, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Muhayyo RUSTAM QIZI suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-yanvardagi 4-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



