22.12.2025 | 10:52
1362
ILM OLISH JINOYATMIDI?
Siyosiy va iqtisodiy qaramlik botqog‘iga botgan qadim Turkiston xalqini uyg‘otish va yurt ozodligiga erishishni eng oliy maqsad deb bilgan jadid bobolarimiz o‘z faoliyatlarini maktablar ochishdan, vaqtli nashrlar orqali ma’rifat tarqatishdan boshlaganlari bejiz emas. Bu ishlar jadid harakatida birlamchi bosqich bo‘lsa, ikkinchi bosqich yangi maktablarda o‘qigan, ilmga tashna yoshlarni xorijga o‘qishga yuborish, ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash edi.

Afsuski, jadidlar sa’y-harakati bilan chet ellarda tahsil olgan insonlar boshiga keyinchalik qora kunlar tushdi. Boshqa davlatda tahsil olgani uchungina “xalq dushmani”ga chiqarish, ilm olgani uchungina qamoqqa tashlashdek manfur siyosat xalqimiz boshiga qanday og‘ir kunlar solgani bugun barchamizga ayon.
…1891-yilda Fransiyaning Tuluza shahridagi suv kollejiga o‘qishga yuborilgan bir guruh yoshlar orasida to‘rtko‘llik Muhammad hoji Aminaddin o‘g‘li ham bor edi. U mazkur dargohda to‘rt yil tahsil oladi, dunyo ko‘radi va keyinchalik Xonqa bekligida 18 yil hokim, xonlikning bosh mirobi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasida ziroat (qishloq xo‘jaligi) vaziri bo‘lib ishlaydi. Xorazmlik jadidlarning taniqli vakili bo‘lgan bu inson 1937-yilda qatag‘onga uchrab, Zangiota hibsxonasida vafot etadi.
Yevropaning rivojlangan davlatlarida o‘qigan yoshlar o‘z davriga xos zamonaviy texnologiya va yangiliklarni o‘zlashtirishi va yurtga qaytgach, ularni amaliyotga tatbiq qilishi shubhasiz edi, albatta. Ko‘plab yoshlarni Germaniyaga o‘qishga yuborish g‘oyasi zaminida shu ezgu maqsad yotardi.
O‘tgan asr boshlarida Germaniya oliy ta’lim sohasida dunyodagi yetakchi davlatlardan biri sanalardi. Shu sababli, jadidlar ko‘plab yoshlarni aynan Germaniyadagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga yuborgan. Ushbu ta’lim muassasalarida saboq berayotgan olimlar orasida turkiyaliklar ko‘pchilik bo‘lib, bu esa turkistonlik talabalar uchun tez fursatda til o‘rganish va saboqlarni o‘zlashtirishga yordam berardi. O‘sha davrda ilm olish uchun yuborilgan yoshlarning bir guruhi Turkiyada o‘qigani ortida ham til va din birligi yotardi.
Bekchon Rahmonov ham Turkiyada tahsil olgan yoshlardan biri edi. U keyinchalik jadidlar ta’sirida yuzaga kelgan “Yosh xivaliklar” harakatining yetakchilaridan biriga aylanadi, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi Nozirlar kengashida faoliyat yuritadi, vazir bo‘lib ishlaydi. Ayni shu inson vohada ilk gazeta tashkil etib, unga bosh muharrirlik qiladi.
Jadidlarning ilmga chanqoq xotin-qizlarni xorijga o‘qishga yuborish amaliyotini boshlab berganini o‘z davri uchun inqilobiy harakat deb baholash mumkin. Xiva xonligining nisbatan chekka qishlog‘ida dunyoga kelgan Maryam Sultonmurodovaga Yevropada tahsil olgan o‘zbek qizlaridan birinchisi bo‘lish nasib etdi. U Germaniyada to‘rt yil tahsil olib qaytgach, yangi tuzilgan respublika boshqaruv tizimida xotin-qizlar sho‘basini shakllantirishga munosib hissa qo‘shdi. “Saodat” jurnalida ishlagan davrida ma’naviy-ma’rifiy mavzularda maqolalar yozib, xotin-qizlar muammolarini dadil ko‘tarib chiqdi. Ammo, u ham qatag‘onga uchradi. Uning bor-yo‘q “ayb”i chet elda tahsil olgani edi. Adolatsiz jazo muddatini o‘tab qaytgach, u o‘zi tug‘ilgan qishloqda oddiy tibbiyot hamshirasi bo‘lib ishladi…
Jadid harakati keng quloch yoya boshlagan davr – o‘tgan asrning birinchi va ikkinchi o‘n yilliklari orasida yuzlab yoshlar xorijdagi oliygohlarda ta’lim olib ulgurdi. Yoshlarni chet elga ta’lim olishga yuborish yildan yilga oshib, ayrim yillari 20-25 nafarga yetdi. Xorijda tahsil olib qaytgan yoshlarga havas qiluvchilar, ergashuvchilar ham, ularni “ma’rifat qaldirg‘ochlari” deb ulug‘lab, moddiy va ma’naviy qo‘llovchilar ham osha bordi. Ammo… Ilm olish – “g‘oyaviy buzg‘unchilik”, muhim tarmoqlar bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish – “sovet mafkurasiga zid” deb topildi. Turkiyada tahsil olgan talabalarga yoppasiga “panturkist” degan yorliqlar yopishtirildi, barchasi “xalq dushmani”ga aylantirildi…
Chorak asr avval bir do‘stimning farzandi Angliyadagi universitetga o‘qishga kirgani tumanimizda rosa shov-shuv bo‘lgandi. O‘shanda do‘stim: “O‘g‘lim aytganimni qilmadi, shu o‘qishga ketadigan bo‘ldi. Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin”, deya hadiksiragani esimda. Men ham o‘shanda tarixdan yaxshi xabardor do‘stimning bezovtaligini to‘g‘ri tushundim, lekin endi zamon va siyosat o‘zgargani, u qora kunlar qaytib kelmasligini aytib, uni xotirjam qilishga urindim. Qarang, do‘stimning shu o‘g‘li hozir katta tadbirkor – poytaxtda kichik zavodi, qishloqda bir qancha xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bor. Jiyanimning o‘g‘li o‘tgan yili Kembrij universiteti talabasi bo‘lganidan yarim yil o‘tgach xabar topdim…
Zamonaning, siyosatning qanchalik o‘zgarganiga qarang! Bugun ilmga havasmand yoshlarimiz dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olyapti, ilmiy ishlar yoqlayapti. Jadid bobolarimiz orzu qilgan, boshlab bergan ezgu ishlar endilikda odatiy holga aylanib ulgurdi. Ming shukur!
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-dekabrdagi 50-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



