09.01.2026 | 14:29
1521
ABDULLA QAHHOR IBRATI
Men atoqli yozuvchimiz Abdulla Qahhorning hikoyalariga, adibning “Yoshlar bilan suhbat” kitobidagi qimmatli maslahat va o‘gitlariga tez-tez murojaat qilib turaman, ular menga ijodkorning adabiyot oldidagi mas’uliyatini eslatib turadi.

Qolaversa, men dastlab o‘qigan va xotirlab qolgan badiiy asar “O‘jar” hikoyasi edi. O‘shanda, adashmasam, 4-sinfda o‘qirdim. Badiiyotga qiziqib, bir nimalar yozishni mashq qila boshlagan kezlarimda maktab darsliklaridagi G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Uyg‘un kabi mashhur shoir-yozuvchilarning suratlariga qarab havas qilar, ammo o‘sha paytda ularni qachondir hayotda ko‘raman, bir kuni mening ham hikoyalarim maktab darsliklariga kiradi, degan fikrni xayolimning bir chekkasiga ham keltirmagan edim. Taqdirimdan minnatdormanki, ana shu ulug‘larimizni yaqindan ko‘rish, ularning suhbatlarida bo‘lish, minbarlarda aytgan gaplarini eshitish nasib etdi.
“Men G‘afur G‘ulomni ko‘rganman” degan mo‘jazgina xotiranomamda shoirni Yozuvchilar uyushmasi o‘tkazgan “Kulgi kechasi”da, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining foyesida ko‘rganimni bayon etganman. Oybekni ham uyushmadagi yig‘ilishlarda (bir gal uning nutqini yozuvchi Hamid G‘ulom o‘qib bergan edi), oxirgi marta Chig‘atoy qabristonida, Abdulla Qahhor dafn etilayotganda, qazilayotgan qabrdan beriroqdagi yog‘och o‘rindiqlardan birida umr yo‘ldoshi Zarifa Saidnosirova bilan o‘tirganida ko‘rganman. Ustoz adibning keng, zabardast yelkalarigina emas, salobatli butun gavdasi silkinishidan qadrdon do‘sti, mo‘tabar bir yozuvchidan judo bo‘lgani uchun yurak-yurakdan, unsiz yig‘layotganini fahmlagan edik. Bir kuni kursdoshlar bilan (Toshkent davlat universiteti filologiya fakultetining to‘rtinchi kursida o‘qirdim) turganimizda, yonimizdagi durustgina kiyingan kimsalardan biri sherigiga qarab, adib eshitadigan darajada achingannamo “Oybek ham qarib qopti, a?” deganida, uning befarosatligidan juda achchiqlanganimiz ham kechagidek yodimda.
Abdulla Qahhorning Yozuvchilar uyushmasidagi bir yig‘inda minbarda turib, “Menchalik mehnat qilsa, maymun ham yozuvchi bo‘lib ketardi”, degan gapidan nihoyatda hayratlanganman. Fakultetimizdagi talabalar bilan uchrashuvda uning gaplaridan ham ko‘ra, tadbirdan so‘ng tashqarida o‘rab olishgan yigit-qizlar davrasida juda bemalol suhbatlashgani, har turli savollarga erinmay, og‘rinmay javoblar berganida, shundoq salobatli, mahobatli, sirli (biz yoshlarga shunday tuyulardi) yozuvchining kamtarligiga qoyil qolganman.
Abdulla Qahhorning 1967-yili Alisher Navoiy teatrida o‘tgan 60 yillik yubileyida keyinchalik shov-shuv bo‘lgan “Ko‘plar menga siz katta idoralarning oldidan chest berib o‘tmaysiz, deb ta’na qilishadi, men partiyaning soldati emas, ongli a’zosiman”, degan gapini o‘sha zaldagilar qatori men ham o‘z quloqlarim bilan eshitgan va boshqalardek men ham yozuvchining jasoratiga tan berib, unga ixlosim yanada ortgan, shu bilan birga, bir vaqtlargacha endi nima bo‘larkin, deb xavotirlanib yurgan edim. U paytlarda bunday gapni aytish shunchaki dadillik, dangallik emas, balki haqiqatan jasorat hisoblanardi.
Yozuvchining Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov kabi iste’dodli yoshlarga g‘amxo‘rlik, qo‘llov va alqov bilan yozgan xatlari filolog talabalar orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan. Ha, Abdulla Qahhor yuragi baquvvat shaxs, katta yozuvchi, jonkuyar ustoz edi.
Men adibning asarlarini tahlil qilishga o‘zimni haqli deb bilmayman. Qolaversa, uning ijodi to‘g‘risida yirik adabiyotshunos olimlar, akademiklar, taniqli hamkasblari, zamondoshlari tomonidan yuzlab maqola va yirik-yirik monografiyalar yozilgan va ularda munosib baho berilgan.
Abdulla Qahhor hayotligidayoq klassik degan maqomga haqli ravishda sazovor bo‘lgan, chunki u tom ma’noda o‘ziga xos uslubli, hikoyachilikning, yozish san’atining piri kaloni edi. Rus yozuvchilaridan biri: “Biz hammamiz Gogolning “Shinel”idan chiqqanmiz”, degan ekan. Shu gapga muqoyasa qilib aytish mumkinki, adabiyotimiz yuksalishiga o‘zlarining turli janrlardagi baquvvat asarlari bilan katta hissa qo‘shgan qator yozuvchilar, hatto shoirlar ham, chunonchi, Said Ahmad, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Nosir Fozilov, O‘lmas Umarbekov, Ne’mat Aminov, Jonrid Abdullaxonov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov va boshqalar Abdulla Qahhorning keng va baquvvat qanotlari ostidan chiqqan edi.
Abdulla Qahhorning romanchiligi va dramaturgiyasini qo‘ya turaylik-da, hikoyachiligini olaylik. Menimcha, atoqli Amerika yozuvchisi sakkizdan bir qismigina suv yuzasida ko‘rinib turadigan aysbergga qiyoslagan bu janr yozuvchimiz ijodida yanada yuksak pog‘onaga ko‘tarildi. Sobiq Ittifoq miqyosidagi taniqli satirik yozuvchi Leonid Lench ustoz adibning “To‘yda aza” hikoyasi haqida shunday bir gapni aytgan ekan: “Odamning o‘limi haqida kulgili qilib yozish juda qiyin ish. Bu faqat Chexovning qo‘lidan kelardi. Faqat fransuzlar buning uddasidan chiqishardi. Hozir bizda buni eplaydigan yozuvchi kamdan kam topiladi. Buni qarangki, Abdulla Qahhor shunday qiyin ishni bemalol bajaribdi”. Yana bir taniqli olima V.Smirnova o‘z kitoblaridan birida “O‘g‘ri”, “Anor”, “Mayiz yemagan xotin” hikoyalarini jahon hikoyachiligining eng yaxshi namunalari qatoriga kiritgan. Ayonki, har qanday zo‘r yozuvchi bisotida ham eng yaxshi namuna ko‘p bo‘lmaydi.
O‘ylaymanki, san’at darajasiga ko‘tarilgan yuqoridagi asarlarni va ulardan tashqari, kitobxon necha marta qayta mutolaa qilsa ham dahshatga tushaveradigan “Dahshat” hikoyasini o‘qiganida, Gogol ham, Chexov ham, zakiy adabiyotshunos va adib Fitrat domla ta’biri bilan aytganda, Abdulla Qahhor yonidan shlyapalarini qo‘llariga olib, ta’zim bajo etib o‘tgan bo‘lardi.
Abdulla Qahhorning eng yaqin shogirdlaridan biri, ustoz kabi ko‘plab yosh ijodkorlarning boshini silagan Nosir Fozilov shunday deb yozadi: “Hikoya janrida Abdulla Qahhorning yetukligi, uning qanday yozuvchi ekanligi haqida gapirib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak… Nazarimda, u kishining har bitta kichik hikoyasining o‘zi bir olamga, katta janrdagi bir asarga tatigulik”.
Xo‘sh, adib shunday ixchamlik va bir so‘z bilan ko‘p ma’noni ifodalashga, filologiya fanlari doktori, adabiyotshunoslik ilmining peshvolaridan biri Matyoqub Qo‘shjonov aytganidek, jumlalaridan biron so‘zni almashtirib bo‘lmaydigan mahoratga qanday erishgan? Yana ulug‘ munaqqid yozadi: “Abdulla Qahhorni yozuvchilarimiz ichida so‘zga eng mohiri deydilar. Bu gap hech kimda shubha tug‘dirmasa kerak. So‘zlarni ma’nodor qilib ishlatishda, ixcham jumlaga katta mazmun bag‘ishlashda, fikrni lo‘nda va aniq qilib bera bilishda Qahhor o‘z safdoshlari ichida faxrli o‘rinni egallaydi”. Ishtiboh yo‘qki, hali-hamon shunday.
Men kichik bir hikoyasi yo bir sahifaga yetmaydigan she’rini ham nari borsa ikki-uch bora ko‘chiradigan va o‘zining omadsizligidan nolib yuradigan qalamkashlarga Abdulla Qahhor bilan bog‘liq yana bir voqeani eslatgim keldi. Uning do‘kondan bir qo‘ltiq qog‘oz sotib olganini ko‘rgan hamrohi: “Abdulla aka, yangi roman boshlanibdi, shekilli-a?” deya o‘smoqchilaganida, yozuvchi: “Bu qog‘oz bitta hikoyaga yetsa ham katta gap”, deya javob bergan ekan.
Yuqorida Abdulla Qahhorning ijod jarayonida qanday mehnat qilishi xususidagi e’tirofini keltirib o‘tdik. Adib “Bir xatga javob”ida o‘sha fikrini davom ettirib yozadi: “Men yozilgan jumlani, hatto, sahifani ham ustidan tuzatolmayman. Jumla, hatto butun bir sahifadagi bir so‘zni o‘chirib, o‘rniga boshqasini yozish uchun boshqa qog‘ozga o‘sha jumla, hatto sahifani ko‘chirib yozaman. Bir sahifani o‘rta hisob bilan 15-16 marta ko‘chiraman, shubhasiz, har safar sahifaga sayqal beraman”.
Bularning barchasi, adibning o‘ziga nisbatan nihoyatda talabchanligi va badiiyotni muqaddas deb bilganiga, naridan beri yozilgan bo‘lar-bo‘lmas narsalar bilan adabiyotning qadrini tushirib yuborishga hatto o‘zi kabi tajribali yozuvchining ham haqqi yo‘qligiga, ixchamlik, asarning pishiq-puxtaligi, tildagi milliylik, dialoglardagi o‘ta hayotiylik va jonlilik, kitobxon ko‘z oldida muhrlanib qoladigan xarakterlar yaratish mahorati va barhayotligidayoq klassik martabasiga erishishning siri ana shu o‘n martalab qayta ishlash va qayta ko‘chirishlarda, romanga yetgulik qog‘ozni bir hikoya uchun saranjom qilib, ayovsiz zahmat chekishda ekanligiga ishora, dalil edi.
Ustoz adibning o‘z davrida istab-so‘rab o‘qilgan “Yoshlar bilan suhbat” kitobidagi quyidagi so‘zlarini ijod havasida yurgan yoshlarimiz va boshqalar ham mag‘zini chaqib, ulardan zarur xulosalar chiqarib olsa, o‘zlari uchun ham, adabiyotimiz kamoli uchun ham foydadan xoli bo‘lmaydi, deb o‘ylayman: “Adabiyotimiz tarixida shunday hodisalar bo‘ladi: yozuvchi bitta asar yozadi-yu, maqtov kutib atrofga qaraydi, hech kim e’tibor qilmasa, xarxasha boshlaydi, nima uchun men falon ro‘yxatda yo‘qman?.. Nima uchun falon tanqidchi meni ko‘tarmaydi? Yozuvchini hech qachon, hech kim ko‘tarmaydi. Yaxshi yozuvchini yaxshi asarlari ko‘taradi, yaxshi yozuvchi ko‘tarilib ketganini hatto o‘zi ham bilmay qoladi”.
Abdulla Qahhor qalbi, butun vujudi bilan adabiyotning shaffofligi, mavqeyi, sharafini iste’dodsizlardan, xom-xatala asarlardan muhofaza qilib turadigan qalqon edi. Shu bois, talabni qattiq qo‘yardi, ya’ni bola tarbiyasiga uzoqni ko‘zlab, faqat oila uchungina emas, balki jamiyat uchun ham muhimligini o‘ylab qattiqqo‘llik bilan yondashadigan ota misoli edi. Obrazli qilib aytsak, adabiyot maydonini xas-xazonlardan tozalab turadigan sarishta bog‘bon edi.
Yozuvchi “kitobxon oldida har bir jumlasi uchun javobgarligi” to‘g‘risidagi e’tiqodiy aqidasiga va boshqa talablariga avvalo o‘zi rioya qilgani va o‘zgalarni ham shunga da’vat etgani uchun ham, uning ijodi o‘rganish va saboq maktabi, malaka ibrati bo‘lib qolaveradi.
Qamchibek KENJA
“Jadid” gazetasining 2026-yil 1-yanvardagi 1-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



