13.01.2026 | 10:04
1232
OQIB KETMAGAN ARMONLAR
1937-yil 19-oktyabr. Muhammad hoji To‘rtko‘l bozoridan besh dona gurvak olib qaytdi. Bola-chaqaga maydagina qovunlar urvoq ham bo‘lmadi. Katta nevarasi Sharifa “Buva, yana qovun yeyman”, deb mo‘ltirab turibdi. U yana bozorga otlandi. Kampirining ko‘ngli chopmadi: “Keyingi bozor borarsiz, hozir olti chaqirim yo‘l bosib horib keldingiz”, dedi. Sharifa ikki yashar ukasi Abdulla bilan buvasi qumlik oralab o‘tgan yo‘lda ko‘rinmay ketguncha ortidan qarab qoldi…

Shu ketganicha Muhammad hoji uyga qaytmadi. Uni NKVD xodimlari qum barxanlari orasida poylab turgan ekan. Izlab ortidan borgan amakisi va farzandlari buvani bir kun Xonqada, so‘ng yana bir kun Urganchda saqlab, Toshkentga olib ketishgani xabarini eshitishdi, xolos.
Bu kunlarni Sharifa momo shunday eslardi: “Buvamizni “xalq dushmani” deb qamashgach, biz hatto sharpadan ham qo‘rqadigan bo‘lib qoldik. Buvam haqida uyda shivirlab gaplashardik. Avvaliga, bola emasmizmi, buvam nega kelmaydi, deb so‘raganimizda, “To‘rtko‘l bozorida qovun qolmagan ekan, sizlarga va’da qilgani uchun qovun izlab Urganchga ketibdi. Qovun topsa, kelib qolar”, deb aldashgan. Men-ku, sal esimni taniganman, ammo ikki yoshidan endi hatlagan Abdulla ukam “Buvam qachon qovun opkeladi?” deb yig‘lardi. Shunday zamonlarni ko‘rdik, bolam”.
Kech kuz kunida nevaralarini quvontiray deb bozorga ketib, qaytib kelmagan inson kim edi?
* * *
Muhammad hoji Aminaddin o‘g‘li chor hukumati Xiva xonligini bosib olgan yili ayni bahorda To‘rtko‘l yaqinidagi Sho‘roxon mavzesida tug‘ilgan. Otasi beklik hokimi edi. Muhammad eski maktab, Sherg‘ozixon madrasasi va rus-tuzem maktabida ta’lim olgandi. 1892–1896-yillarda Fransiyaning Tuluza shahridagi suv xo‘jaligi kollejida o‘qib, amaliyotni Istanbulda o‘tkazgandi.
Hali yigirmaga to‘lmagan yigit tahsil bilan birga, arab, fors, rus, fransuz, turk tillarini mukammal o‘rganadi. Vatanga qaytgach, bir muddat To‘rtko‘ldagi Amudaryo flotiliyasi uchun kema darg‘alari tayyorlash kursiga boshchilik qiladi. 1900–1918-yillarda xonlikning Xonqa bekligi hokimi, 1913–1918-yillarda bir vaqtning o‘zida xonlik bosh mirobi, 1918-yilda Xorazm Xalq Respublikasida ziroat (qishloq xo‘jaligi) noziri vazifalarida ishlaydi. Keyinchalik “O‘rta Osiyo suv qurilishi” idorasida bosh muhandislik qiladi. 1937-yilning 19-oktyabrida hibsga olinib, “uchlik” tomonidan o‘n yil qamoq jazosiga hukm qilinadi. Uning taqdiriga Sibirda jazo muddatini o‘tash yozilmagan ekan – 1938-yilning 27-fevralida Zangiotadagi “Tuyasaroy” qamoqxonasida halok bo‘ladi.
Olti tilni mukammal bilgan Muhammad hoji haqida o‘sha yillarda Turkistonga kelgan xorijlik olimlar esdaliklarida yozib qoldirgan. Rus olimi Likoshin, Berlin universiteti professori Zigmayer Xonqa hokimi bo‘lib ishlayotgan o‘ttiz yashar Muhammad hoji uyida katta kutubxona tashkil qilgani, u yerda “Tarjumon” va boshqa vaqtli nashrlarning taxlamlari saqlanayotgani, o‘zi hokim bo‘lgan beklikda bir qancha maktablar ochgani, zavod va fabrikalar qurdirgani haqida yozib qoldirgan. Chekka bir beklikda hokim bo‘lgan, egnida uniqqan qora to‘n kiygan yigitning dunyo siyosatidan boxabarligi mehmonlar hayratiga sabab bo‘lgan.
* * *
Yana Sharifa momo xotiralariga qaytamiz: “Urushdan oldingi yili yarim kechasi buxorolik bir odam bizni yo‘qlab kelib, “Muhammad hoji bilan Zangiotada qamoqda birga yotdik. U kishi o‘pkasi shamollab, sog‘lig‘ini yo‘qotgandi. 1939-yil qish oyog‘ida omonatini topshirdi. Hibsxonada janozasini o‘qidik”, deb anchagina gaplarni aytgan. O‘sha odam tong qorong‘isida qaytib ketgan. Otam: “Bu kishi NKVD ayg‘oqchisi bo‘lishi mumkin. Sinash uchun kelgandir”, deb ayollarga aza ochishga ruxsat bermagan. Urush yillarida Xonqaning Madir qishlog‘idan bir xo‘ja odam kelib, buvam bilan birga Tuyasaroyda tutqinda yotgani va vafoti tafsilotlarini aytib, buvamning vasiyatlarini yetkazgach, ikki momom va onam aza ochdi. Shundayam “xalq dushmani”ga aza ochdi” degan ayblov bo‘lmasligi uchun urushda halok bo‘lgani haqida qoraxat kelgan amakimning o‘g‘lini bahona qilishgan ma’rakaga. Zamon shunaqa yomon edi”.
Hatto qamoqda, surgunda bevaqt jon taslim qilgan insonlarga aza ochish taqiqlanganini qanday izohlash mumkin? Buni zulm saltanati deymizmi, qo‘rquv saltanatimi? Bilmadik.
“E, bolam, meni gapirtirma. “Otam “xalq dushmani”, undan voz kechdim”, deb bir varaq yozib ber, deb otamni ancha qistovga olishgan. Otam o‘sha vaqtda paxta tozalash zavodida ishlardi. Rozi bo‘lmagach, ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitishgan. Ishdan bo‘shasa bir etak bolalari ko‘chada qolishini bilsa-da, rozi bo‘lmagan…
1956-yili Sulton amakim nomiga bir enlik xat kelgan. Bobom nohaq ayblangani, endi to‘la oqlangani yozilgan varaq keyinchalik momom va onamning ko‘z yoshlaridan titilib ketgan. O‘sha xatni men o‘qib bergandim. Ustiga qandaydir muhr bosilgan xat qo‘rqinchli edi, pochtachi keltirib berganida, amakimning tili kalimaga kelmay qolgan.
Oltmishinchi yillarda otam va jigarlari Zangiotaga borib, buvam dafn qilingan qabristonni ziyorat qilib qaytishdi. Yurt mustaqil bo‘lgach, emin-erkin bobomni xotirlaydigan, nomlarini qo‘rqmay-netmay aytadigan, qaddimizni ko‘tarib yuradigan bo‘ldik”.
* * *
Sharifa momo davr taqozosi tufayli bor-yo‘g‘i uchinchi sinfni bitkazadi. Lekin Muhammad hoji ikki yashar nevarasi Abdullani “Bu o‘g‘lim hali vazir bo‘ladi”, deb erkalaganida, farishtalar omin degan ekan. Abdulla Xudoyberganov dastlab besh yil Qoraqalpog‘iston, keyin besh yil O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lib ishladi, ilmiy izlanishlar olib borib, fan doktori, professor darajasiga yetishdi.
Yana ikki nabirasi – Otaulla va Habibulla taqdiriga ham vazir bo‘lish yoziladi. Yana bir nabirasi Ne’matulla Xudoyberganov istiqlol zamonasida Quyi Amudaryo mintaqasida salkam yigirma yil hokim bo‘ldi. Umuman, hozirgacha jadid Muhammad hoji avlodlari orasidan olti nafar vazir, o‘n nafarga yaqin fan doktori yetishib chiqqani taqdirning in’omi – ularning jismida jadid bobosi qoni oqayotgani va katta nabira Sharifa momoning ukalari ilm olishlari uchun jon fido qilgani natijasidir.
Qarangki, og‘ir zamonlarda uzoq Yevropada tahsil olish taqdiriga yozilgan Muhammad hojining chevaralari istiqlol zamonida AQSH va Yevropaning nufuzli universitetlarida o‘qish baxtiga erishdi.
Sharifa momo bilan suhbatlarimiz adog‘iga yetmagandek, hali so‘raydigan narsalar ko‘pdek edi. Ammo dunyo omonat ekan – yangi yil kirib kelishiga biror hafta qolganida Sharifa momo 97 yoshida omonatini topshirdi…
Xorazmlik jadid avlodi bo‘lgan, bola boshi bilan o‘sha insondan hayotning ilk sabog‘ini olgan va buni avlodlariga meros qoldirgan tabarruk momo ham tarixga aylandi.
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 1-yanvardagi 1-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
88
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
602
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600

