Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 12°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.01.2026 | 10:30

img1515

ILM AZIZ QILGAN ZOT

Azizxon Qayumov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Po‘latjon Qayyumiy xonadonida 1926-yilning 19-yanvar kuni dunyoga kelgan. Bu ma’rifatparvar oiladan keyinchalik ikki mashhur adabiyotshunos yetishib chiqishi bejiz bo‘lmagan. XX asr boshi Qo‘qon shahrida yangi usuldagi maktablarning mohir muallimi, jadidona yangicha qarashli Po‘latjon domla farzandlari tarbiyasiga maxsus e’tibor berar, oilada ilm-u adabiyot ruhi ustun turardi.

Keyinchalik “Xo‘qand tarixi va uning adabiyoti”, “Tazkirai Qayyumiy”, “Tazkirat ush-shuaro” asarlarini yozgan domla o‘lkashunos tarixchi va mumtoz adabiyotning katta bilimdoni sifatida ham mashhur edi. Ularning shajarasi esa mirzolarga borib, xonlik davrida ham ilm-ma’rifatli xonadon sifatida ma’lum bo‘lgan.

O‘quvchi Azizxon she’rga havasi tufayli O‘zbekiston xalq shoiri Charxiyga shogird tushgan. Bu esa uning hayotidagi muhim burilishga zamin hozirladi. 1944-yilning bahor kunlaridan birida o‘sha vaqtlardagi davlat arbobi Usmon Yusupov Qo‘qonga boradi. O‘z odaticha, qo‘qonlik adabiyot va san’at ahlini chorlaydi. U Charxiy domlani ko‘proq hurmat qilar va hofizlardan qo‘shiq tinglashni xush ko‘rardi.

Ana shu davralardan birida qo‘qonlik hofiz yangi bastalangan ashulani ijro qiladi. Uning so‘zlariga diqqat qilgan Usmon ota muallifiga qiziqib qoladi: “Aziziy, kim u?” Charxiy domla kulibgina: “Po‘latjon domlaning o‘g‘li” deydi va 18 yoshli Qo‘qon neft texnikumi talabasi Azizxonni chaqirtiradi. Teran fikrli yigit yurt rahbari bilan munosib suhbat qurgach, Usmon Yusupov uni Toshkentga olib ketadi. U 1944-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning sharq tillari fakultetiga o‘qishga kiradi.

Azizxon Qayumov universitetda Y.Bertels, A.Arends kabi mashhur sharqshunoslardan ta’lim oladi. Akademik Vohid Zohidov yigitchadagi zehn va harakatni ko‘rib, talaba ekaniga qaramay, Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutiga ishga taklif qiladi. Shu yerda o‘z faoliyatini ilmiy xodim, ilmiy kotib sifatida boshlaydi. Uning Vohid Zohidov bilan ustoz-shogirdligi bir umr davom etdi. Keyinchalik “Akademik Vohid Yo‘ldoshevich Zohidov” risolasini yozdi. Umuman, domlaning ajoyib xislatlaridan biri – ustozlarga sadoqati edi. U kishining qalamiga mansub “Akademik G‘afur G‘ulom”, “Akademik Oybek” va yana bir qator taniqli safdosh olimlar (A.Hayitmetov, R.Aminova, A.Asqarov, D.Azimova) haqidagi xotira-risolalari ham jamoatchilik e’tiboriga tushgan.

* * *

Keyinchalik Aziz Po‘latovich Til va adabiyot instituti direktori, Madaniyat vaziri, Kinematografiya davlat qo‘mitasi raisi, Madaniyat instituti rektori bo‘lgan yillarida o‘zbek fani, madaniyati va ma’rifati rivoji yo‘lida halol va samarali ishlarni amalga oshirdi. O‘zFA H.Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar institutidagi ko‘pyillik rahbarligi davomida esa adabiy manbashunoslik va matnshunoslik sohasida o‘ziga xos ilmiy maktab va muhit yarata oldi. Mamlakatimizning turli ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim dargohlarida mehnat qilib, fan va maorif rivojiga hissa qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan ko‘plab olimlar chin ma’noda domlaning shogirdlaridir. 1998-yildan umrining oxiri – 2018-yilga qadar esa ustoz Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida yetakchi ilmiy xodim sifatida yoshlarga ilmiy jabhada o‘rnak bo‘lib, o‘nlab kitoblar chiqardi.

Domla qayerda ishlamasin malakali milliy kadrlarni yetishtirish, xotin-qizlarni ko‘proq ilm-ma’rifatga jalb qilish masalasiga alohida e’tibor berardi. 1958–1961-yillar davomida Til va adabiyot instituti (hozirgi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti)da rahbar ekanligida muhim tadqiqotlarga alohida urg‘u berdi. O‘sha davrda Porsoxon Shamsiyev, Hodi Zaripov, Solih Mutallibov, Abduqodir Hayitmetov, Abdurashid Abdug‘afurov, Mahbuba Qodirova, Suyuma G‘aniyeva, Sobir Mirvaliyev kabi olim va olimalar yetishib chiqdi.

Azizxon Qayumovning milliy kadrlar, milliy adabiyot manfaati yo‘lidagi ishlari sovet mafkurasiga yoqmagan va bir necha bor qattiq dashnomlar eshitgan. Ayniqsa, uning doktorlik dissertatsiyasi asosida 1961-yilda nashr etilgan “Qo‘qon adabiy muhiti” kitobi Respublika Kompartiyasi yig‘ilishida muhokama qilingan, tanqidga uchragan. Adabiyotimiz tarixi va uning rang-barangligini tushunmaganlar “Nega endi Qo‘qon adabiy muhiti? Qayumov mahalliychilik qilmoqda. Bizda yagona sovet adabiyoti bor”, deya ayuhannos solgan. Natijada, domlaga hayfsan berilib, boshqa ishga o‘tkazilgan.

* * *

Olim yaratgan asarlarda ilk turkiy yozma yodgorliklardan tortib, to XIX asrning oxirigacha bo‘lgan o‘zbek adabiyotiga daxldor materiallar tadqiq etilgan. Masalan, ustoz “O‘zbek adabiyoti tarixi” besh jildligining hammuallifi, “Maxmur”, “Hoziq”, “G‘oziy”, “Qo‘qon adabiy muhiti (XVIII–XIX asrlar)”; “Qadimiyat obidalari”, “Beruniy va adabiy ijod”, “Beruniy va Ibn Sino” kitoblarining muallifidir. Uning ijodida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur mavzusi alohida o‘rin tutadi. “Saddi Iskandariy”, “Hayrat ul-abror” talqini”, “Farhod va Shirin” sirlari”, “Ishq vodiysi chechaklari”, “Alisher Navoiy”, “Nodir sahifalar”, “Zahiriddin Muhammad Bobur”, “Bobur davridagi Andijon adabiy muhiti” risolalari so‘zimiz isbotidir. Yana, olimning Ahmad Farg‘oniy, Najmiddin Kubro, Amir Temur, Abdurahmon Jomiy, Ogahiy, Furqat hayoti va ijodiga oid risolalari ham keng e’tibor qozongan.

Mumtoz adabiy asarlarimizni nashr ettirib, targ‘ib qilishda ham Azizxon Qayumov oldingi saflarda bo‘lgan. Sovet davrida Bobur shaxsi va ijodiga munosabat sovuq bo‘lgan bir paytda uning she’rlarining O‘zbekistondagi alohida ilk ikki nashri 1957–1958-yillarda domla tomonidan amalga oshirilgan. Ustoz ilk bora Maxmur, Uvaysiy, Nodira she’rlari, Po‘lat Qayyumiyning asarlarini nashrga tayyorladi, adabiy merosimizning ko‘pgina nashrlariga muharrirlik qildi. Ibn Sino “Tib qonunlari”ni arabchadan tarjima qilishda qatnashgan bo‘lsa, uning ilmiy tahriri ostida chop etilgan Qo‘lyozmalar institutining ikki jildlik rus tilidagi katalogi 1998-yili xalqaro Imom Buxoriy mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Moskvada nashr etilgan “Библиотека мировой литературы” va “Библиотека поэта. Большая серия” kitoblariga ham aynan Azizxon Qayumov Navoiy asarlarini rus tilida tayyorlab bergan. Shuningdek, YuNeSKO tomonidan 2000-yili Fransiyada chop etilgan “Dunyo adabiyoti” va “Markaziy Osiyo madaniyati” kitoblarining adabiyot qismi ustoz tomonidan yozilgan. Umuman aytganda, akademik Qayumovning nashr etilgan jami kitob, risola va maqolalarining adadi 500 dan ortiqni tashkil etadi.

* * *

Domlamizning yana bir ibratli jihati bor edi. U ilmiy jabhada ham, hayotda ham deyarli hech tortishmas, tanqidlarga bardoshli edi. Ilmiy majlis yoki anjumanlarda u yoqlamagan fikr-mulohazalar qalqib chiqsa-da, hayajonlanmas, o‘z ilmiy yondashuvini ohista bayon etib qo‘yardi, xolos. Matbuot orqali ham hech qachon ilmiy mavzulardagi bahslarga qo‘shilmasdi. Bizga aytardiki: “Agar biror olimning ilmiy masala yuzasidan chiqishi yoki fikri yoqmasa, tanqid qilib o‘tirmang, yozing va kitob holida chiqaring”.

Shuningdek, Azizxon domla iste’dodli shoir edi. Uning “Aziziy” taxallusi bilan yaratgan ko‘plab she’rlari, jumladan, Alisher Navoiy g‘azallariga yozgan o‘nlab muxammaslari e’tirofga sazovor bo‘lgan.

* * *

Domlaning milliy adabiyotshunosligimiz tadqiqiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilgan uzoq yillik izlanishlari uning 10 jild (12 kitob)dan iborat asarlarida o‘z aksini topgan, deyish mumkin (Toshkent: Mumtoz so‘z, 2008–2013). Ta’kidlash kerakki, dunyo adabiyotshunoslari orasida ham bunday ko‘p jildli asarlari bosilgan olim kam topiladi.

* * *

Azizxon Qayumov tom ma’noda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlovchi ustoz edi. Qo‘lidan kelsa moddiy yoki boshqa jihatdan, eng kamida yaxshi so‘zi va e’tirofi bilan ko‘ngilni ko‘tarar edi. Garchand o‘zi ulkan olim, mumtoz adabiyotning katta bilimdoni bo‘lsa-da, bu sohada amalga oshgan biror kichik yutuqni yosh tadqiqotchidan eshitsa, olqishlab: “Qarang-a, bilmas ekanmiz. Sizga rahmat”, der edi.

Diqqatga sazovor yana bir xususiyati – ustoz yoshi ulg‘ayib qolganida ham ilmiy yig‘in va anjumanlarda, ayniqsa, yosh olimlar konferensiyalarida imkoni boricha oxirigacha o‘tirar, har bir chiqishni diqqat bilan eshitardi. Yodimda bor, bir yoshlar anjumanida ustoz biroz toliqdimi, tadbirni tanaffus bilan davom ettirishni taklif qildi. Lekin uzoqdan kelganlar ko‘proq ekanmi, shu kuniyoq anjumanni tezroq tugatish uchun tanaffussiz ishlash ma’qul topildi. Shunda domla “men akademikman, yoshim ulug‘” demadi, indamay rozi bo‘ldi va bir fursatdan so‘ng uzr aytib chiqdi. Domlani kuzatarkanman, yuzida xafalik sezmadim.

Domla Fanlar akademiyasidan boshqa tizimda ishlaganda ham ilm-ma’rifatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berar edi. Masalan, Kinematografiya davlat qo‘mitasining raisi bo‘lib ishlab yurgan kezlari, u vaqtlarda yosh va iste’dodli shoir Rauf Parfining ishsiz qolgani haqida eshitib qoladi. Shoirni huzuriga chaqirtirib, biroz suhbatlashgach, uni ishga oladi. Qizig‘i shundaki, shoirga hech qanday vazifa yuklatilmaydi. Faqat, hafta oxirida rahbar – Azizxon Qayumov xonasiga kirib hisobot topshirishi kerak edi. Bu jarayon esa Rauf Parfining yangi yozgan she’rlarini domlaga o‘qib berish bo‘lgan. Shu zaylda shoir bir necha muddat ishlaydi. Keyinchalik, shoir “o‘zim uyalib, bo‘shab ketdim”, deya eslagan va “Bitiktosh. Azizxon Qayumovga” deya she’r ham bitgan. Albatta, Azizxon domla keyinchalik o‘zi haqida shoirning she’r yozishi, iliq xotirlashi uchun emas, yosh bir noyob iste’dodni sarson bo‘lmasligi, xotirjam ijod qila olishi uchun o‘z imkoniyati doirasida yordam qilishni ko‘zda tutgan.

Shu bilan birga, Azizxon Qayumov mamlakat ijtimoiy hayotida ham faollik ko‘rsatgan. Uning O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati (1995–2000) sifatidagi xizmatlari, “Milliy tiklanish” partiyasining ilk rahbari va partiyani tuzish bilan bog‘liq jonbozliklari ham ziyolilarga yaxshi ma’lum.

* * *

Ustozning xonadoniga borib yurgan ko‘pgina shogirdlari biladi, hovliga kiraverishda o‘ng burchakda chala bitgan g‘ishtin imorat bo‘lardi. Azizxon Qayumov bu imoratni Til va adabiyot institutiga direktor bo‘lib kelganida boshlagani va mana qarib qoldi hamki hanuz bitirolmaganini kulib so‘zlardi. O‘zi shu kottej hovlining asl eski xonalarida yashab o‘tdi. Juda katta lavozimlarda, qo‘li uzun bo‘lgan davrlar kechgan bo‘lsa-da domla halol mehnat bilan kun kechirardi. Imoratini ham oylik maoshi hisobiga asta-sekin qurardi. Ammo nihoyasiga yetkaza olmadi. Sababi nafaqaga chiqdi…

Ustoz H.Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar institutiga yigirma yil davomida direktorlik qildi. U bilan ishlagan barcha biladiki, domla g‘oyat adolatli va halol rahbar bo‘lgan. Hatto, bir yili institut rahbari uchun ajratilgan xizmat mashinasi va unga biriktirilgan shofyordan ham voz kechib, uning mablag‘ini ilmiy xodimlar maoshini ko‘tarishga safarbar qilgan. Buni biror marta biror xodimga minnat ham qilmagan…

Bir hamkasbimiz o‘g‘lini uylantirishi sababli to‘y bazmida domla bilan mehmon bo‘ldik. Bazmda ustoz yoshlarga baxt tilab, qisqagina, chiroyli nutq so‘zladi. To‘y qizigan sari o‘yin-kulgi avj olib, ayrim kimsalar o‘ynayotganlar ustidan pul socha boshladi. Shunda men birinchi marta Azizxon Qayumovning g‘azablanganini ko‘rdim: “Bu nimasi, qanday razolat?” deya achchiq so‘zladi. So‘ngra bazmda ko‘p o‘tirmay, sekin chiqib ketdi.

Shunday, Azizxon ustoz odamiylik va madaniyatga mos kelmagan har qanday illatga nafrat bilan qarardi. O‘zi halol yashagani uchun boshqalarni ham shunday yashaydi, degan yuksak fikrdagi inson edi. Shuning uchunmikan, uzoq va xayrli umr ko‘rdi. U 2018-yil 16-fevral kuni 92 yoshida vafot etdi. Ta’ziya sabab, domlaning uyiga ilk bor kelgan ayrimlar: “Akademikning uyi shumi? Shunchalik oddiy yasharmidi?” deya hayron ham bo‘lgan.

Muhtaram olimning sermahsul ilmiy-ma’rifiy va jamoatchilik faoliyati Beruniy nomidagi Davlat mukofoti, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoni, “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan. Azizxon Qayumovning halol va ibratli hayot yo‘li doimo barchamizga o‘rnak bo‘lib qoladi.

Otabek JO‘RABOYEV,
filologiya fanlari nomzodi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 16-yanvardagi 3-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img77

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img594

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img592