22.04.2024 | 13:33
349
SEN BERGAN UMRNI OSHUFTA KEZIB…
1981-yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini hamda O‘zMU qoshidagi Oliy adabiyot kursini tugallagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Yashil ibodatlar”, “Xayyomona xo‘rsiniqlar”, “Fano sarhadlari” she’riy to‘plamlari chop etilgan.
O‘LMASMAN
Dilimga Ishqingni yopsang, o‘lmasman,
Shu ishqdan o‘zingni topsang, o‘lmasman.
O‘larman va agar o‘lar chog‘imda –
Kelib ko‘zlarimdan o‘psang, o‘lmasman.
Bu gulgun tuyg‘udan mast bo‘lib kelsang,
Poyimga yerdanam past bo‘lib kelsang,
Men bilan o‘lmoqqa qasd bo‘lib kelsang –
Bag‘rimga jon kabi to‘lsang, o‘lmasman.
Samolar azmiga seni chorlasam,
Sabolar nazmiga seni chorlasam,
Laylolar bazmiga seni chorlasam,
Bormay ko‘zlarimda qolsang, o‘lmasman.
Umr o‘tar yoz-u qishli, qirovli,
Hol bormi
Holing ne, deya so‘rovli.
Ko‘ksimda bir taft bor o‘tdan olovli –
Shu taftdan bir hikmat topsang, o‘lmasman.
Qarorim qolmadi, to‘zimga hayda,
Bir so‘z aytib borsam, so‘zimga hayda.
O‘zimga kelayin, o‘zimga hayda –
Keyin shu jonimni olsang, o‘lmasman.
Ming yilki to‘kilar yoshim duv meni,
Jin chaldimi yoki pari dev meni.
Sev meni, sev meni, yana sev meni –
So‘ng qancha firoqqa solsang, o‘lmasman.
Ko‘ksimga hajringni yopsang, o‘lmasman,
Unga ajal atrin sepsang, o‘lmasman,
O‘larman va agar o‘lar chog‘imda –
Kelib ko‘zlarimdan o‘psang, o‘lmasman.
Ruhimga ishqingni yopsang, o‘lmasman.
Shu ishqdan Xudoni topsang, o‘lmasman…
* * *
Bir g‘urubda dil etgach xato,
Bir qutbda adashdi osmon.
Endi ishqman, o‘lgunimcha to,
O‘lgunimcha bir ishqdan mastman.
Men – kunlarga yetmagan bir tun,
Kechalarda kun kechgan xatar.
Yolg‘izgina oshiq ko‘nglimni
Yengmoqqa yo‘q bir ma’shuq Kadar.
Sog‘inchlarim sog‘indi seni,
Sog‘inchlarga asir tushganman.
Yomg‘irlarning iligidan yeb,
Daraxtlarning qonin ichganman.
Shundan dilbar ko‘rinar olam,
Cho‘kib ma’sum tarovatiga.
Shundan har tong some’man men ham
Maysalarning ibodatiga.
Shundan buyon kengayadi yer,
Shundan buyon torayar osmon.
Eh, yulduzlar nima desa der,
Men tuproqning hididan mastman.
* * *
Tili bo‘lganida so‘zlay olganida
Eng zo‘r shoir bo‘lardi Daraxt.
Agar bilganida –
Havodan ham o‘zga daftar borligini,
Osmondan ham og‘ir zalvor borligini
Qo‘li bo‘lganida chizardi Daraxt,
Yig‘lab havolarga yozardi Daraxt.
Dili bo‘lganida
Gullamoq va xazon bo‘lmoqning oralig‘ida
Bir ulkan muhabbat ulkan ayriliq
Borligini bilganida edi
Voh, aqlidan ozardi Daraxt.
Har bir yaprog‘iga yozardi Daraxt,
Men kabi to‘kilib tonardi Daraxt,
Bu ishqda gurillab yonardi Daraxt.
Yaxshiyam
Daraxt emas,
Odam etganingga shukr
Xudoyim!
MUNOJOT
Vaslingdan mosuvo kunlarni kechdim,
Ey, bir xor, bir rasvo kunlarni kechdim,
O‘limday bedavo kunlarni kechdim,
Kechib o‘tarmanmi yodingni, Xudo?
Falak nayrangidan ruhim ichmadi,
Ko‘nglimni qush qildim, bir bor uchmadi,
Bir qoshiq qonimdan dunyo kechmadi,
Kechib o‘tarmanmi ishqingni, Egam?
Fano bog‘laridan yaproq to‘kilar,
Har yaproq bandida bir oh to‘kilar,
Boq, jonim, shu lahza Alloh to‘kilar –
Kechib o‘tarmanmi nuringni, Xudo?
Nigoh solsam ko‘zim yo‘llarga tushdi,
Dilin topolmagan, dillarga tushdi,
Zanjirlarga tushdi, g‘ullarga tushdi,
Kechib o‘tarmanmi erkingni, Xudo –
Ki qandoq vasf etay ko‘rkingni, Xudo?
Sanobar edim man, azal ozorlig‘,
Junun peshonamga bitilgan yorlig‘.
Butkul devonaman, butkul xummorlig‘ –
Quchib o‘tarmanmi arshingni, Egam?
Dardimni she’r qildim ko‘ksimga yozib,
So‘rma hech, bir sevdim aqlimdan ozib,
Sen bergan umrni oshufta kezib,
Kechib o‘tarmanmi yodingni, Xudo,
Sen kechgil men kabi dodingni, Xudo!
* * *
Rangin dunyongizda menga nima bor,
Kiyganim adrasmi yo ipak shoyi.
Ruhimda yig‘laydi darveshona mung –
Men bir xirgoyiman, hazin xirgoyi…
Ishqim – Xudoyimga bitgan maktubim,
Boshimda ming savdo, dilbar savdoyi.
Kel, meni shivirla azizim –
Men bir xirgoyiman, go‘zal xirgoyi….
Sen bilan birgaman, ey pokiza so‘z,
Garchand yuragimda sukut anvoyi.
Hargiz anglamading, sezmading afsus –
Men bir xirgoyiman, qadim xirgoyi…
Mensiz sabil qolar kuylaring, evoh,
Ohanging almoyi-aljoyi.
Tangrim Senga Mendan bergandi saboq –
Men bir xirgoyiman, buyuk xirgoyi…
Yam-yashil til bilan roz aytdi Bahor,
Gʻunchalarga yoqdi shamolning poyi.
Buncha “Nag‘ma”larga aytgin, nima bor –
Men bir xirgoyiman, sodda xirgoyi…
Ko‘zlarimda yig‘lar go‘zal hodisot,
Men husnning shohi, mehr gadoyi.
Bag‘rimdan qon yanglig‘ kuy sizar hayhot –
Men bir xirgoyiman, buyuk xirgoyi…
Shaklidan ming chandon go‘zal shamoyil,
Ruhida bazm etar sirlar anvoyi.
Siz bir kuylab ko‘ring, degaysiz qoyil –
Men bir xirgoyiman, suyuk xirgoyi…
Chig‘anoqqa kirib, durga aylangan,
Zulmatni mahv etib, nurga aylangan,
So‘ngra yerga tushib,
she’rga aylangan –
Men bir xirgoyiman, nafis xirgoyi…
Bir nurman, falakdan yerga yog‘ilgan,
Meni deb ochilmish baxtning chiroyi.
Sening hajring bilan ruhim bo‘g‘ilgan –
Men bir xirgoyiman, munis xirgoyi…
Sen sira o‘ksima, devona dilim,
Bir qo‘shiq bo‘lamiz, ISHQday anvoyi.
Pichirla, sevgilim, kuyla, sevgilim –
Men bir xirgoyiman, latif xirgoyi…
Nafas yanglig‘ yutdim, ishqingni qoyim,
Ruhimga shavq kelmish, sirli – yovvoyi.
Bir buyuk avjlarga ko‘tar, Xudoyim –
Men ham xirgoyiman, sokin xirgoyi…
Bir suyuk mavjlarga ko‘tar, Xudoyim –
Men bir xirgoyiman, buyuk xirgoyi…
* * *
Men kimman?
Gulning yaprog‘iga Xudo bitgan xat,
Tuproqqa havola qilingan tanman.
Ming yilki Oshiqlar anglolmay diqqat –
Ishq deya atalgan eng sirli fanman.
Men kimman,
Osmonning zaminga ekkan,
Ahli Ishqqa hadya quyoshiman men.
Zulayhoning Yusuf hajrida to‘kkan –
Sevgiga aylangan ko‘z yoshiman men.
Men kimman,
Mavlono Rumiyning ichkin nolasi,
Shams Tabriziyning faryodiman men.
Onamning eng sodda, dono bolasi –
Yaratganning go‘zal ijodiman men…
Men kimman,
Gʻunchalar Ishq tukkan mahal
Alloh, deb oh chekkan nidosiman men.
Ming yilki bir dilning qoshida mahtal –
Yoronlar, sog‘inchning adosiman men…
Men kimman,
Majnunning samoviy ohi,
Laylidan olmagan qasosiman men.
Hazrati Ayyubning ijobat chog‘i –
Ijobat etilgan duosiman men.
Shu duo xayridan dunyoga kelgan –
Dunyoning samimiy dunyosiman men.
Har lahza ming to‘lib, ming bor to‘kilgan –
Ko‘ngilning bir ma’sum daryosiman men.
Ey falak, dastingdan dod demasman, yo‘q,
Har neki ko‘rguzding – shaydosiman men.
Taqdiri azalning gul bilan bitgan –
Sanobar atalmish inshosiman men…
Sanobar MEHMONOVA
“Jadid” gazetasi 2024-yil 12-aprel 16-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



