Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


26.01.2026 | 14:24

img1138

YILLAR VA YO‘LLAR

Sobiq tuzumning qatag‘on davrida begunoh kishilarni “xalq dushmani” degan dahshatli ayblov bilan hibsga olish, otib yuborish sotqin va tamagir amaldorlarga kamdek ko‘ringan. Ular kommunistik partiyaga sadoqatini bildirish uchun markazdan tushgan har bir topshiriqni ortig‘i bilan ado etish maqsadida ayblovlar doirasini kengaytirgan. Mahkum kim, qaysi jinoyatda aybli deb topilayotganidan qat’i nazar, deyarli barcha ishga Jinoyat kodeksining 58-moddasi qo‘shib qo‘yilib, “davlatga xiyonat” degan umumiy ayblov shu tariqa odat tusiga kirib qolgan edi. Jumladan, Davron Iskandarov ham ana shunday “reja”, ya’ni “odat” qurboniga aylangan.

Davron Iskandarov 1903-yili Samarqand okrugi Yuqori Darg‘om rayonida oddiy ishchi oilasida tug‘ildi. Bu davr Turkiston o‘lkasi uchun ijtimoiy tengsizlik, g‘oyat og‘ir mehnat va yo‘qsillik hukm surgan yillar edi. Qahramonimizning otasi Samarqand shahridagi g‘isht zavodida qariyb o‘ttiz besh yil mehnat qilib, ro‘zg‘or tebratadi.

Davron bolalik yillaridayoq ana shu mehnat muhitida ulg‘aydi. Kunlari o‘qishdan ko‘ra ko‘proq g‘isht zavodida o‘tardi. Shu bois, oldiniga tayinli xat-savod chiqarishning imkoni bo‘lmadi. Garchi 1915-yilga qadar otasi qaramog‘ida o‘sgan bo‘lsa-da, mehnatlar bolakayni tez ulg‘aytirib qo‘ydi, bola bo‘lib bolalik ko‘rmadi. Oldiniga el qatori mahalliy sharoitda savod chiqardi. Biroq Birinchi Jahon urushi va undan keyingi yillarda iqtisodiy tanglik ortidan oila g‘isht zavodidan kelib turadigan birdan bir daromadidan ham aytarli uzildi. Davron o‘zi shusiz ham uzuq-yuluq davom etayotgan o‘qishini to‘xtatib, o‘zini tamoman mehnatga urdi.

1915–1918-yillar oralig‘ida qishlog‘idagi bir boyning mol-holini yetovlab boqib, shu zayl oilasiga ko‘mak bergan bo‘ldi, cho‘ponlik qildi. Hali yosh Davronning ilmi ham, o‘qishi ham, sabri ham, chidami ham shu – dala-dasht bo‘ldi. Bu yillar uning hayotida qishloq turmushidagi tengsizlikni anglash uchun qulay palla ham edi. Chunki bevosita o‘zi guvoh bu manzaralar uning dunyoqarashiga sekin-asta ta’sir qilib, hayotga munosabatini shakllantirib bordi. 1918-yildan boshlab Davron Iskandarov otasi bilan ishlagan o‘sha g‘isht zavodiga qaytdi. Bir mahallar bola bo‘lib kuzatgan muhitga endi to‘laqonli ishtirokchi sifatida kirib keldi.

1921–1924-yillarda shahar ustaxonalarida ish o‘rgandi, shogirdlik qildi. Inqilobdan keyingi yillarda Samarqand kabi shaharlarda ishchilarga talab ortib, ustaxonalar yangi hayot tartibini boshdan kechirayotgan edi. Ayni paytda ustaxonalar shunchaki mehnat joyi emas, turli suhbat va bahslar kechadigan ko‘zdan pana makon ham edi. Kechagina cho‘pon, g‘isht zavodida ishchi bo‘lgan qahramonimiz endi o‘zini davlat ishlariga daxldor his qila boshladi. Chala qolgan o‘qishini ham mustahkamlab bordi. Davr bilan hamnafas bo‘lishga intildi. Ana shu yillar uni oddiy ishchi muhitida pishitib, keyinchalik jamoat va partiya faoliyatiga olib chiqqan yo‘lning boshlanish nuqtasi bo‘ldi. Va afsuski, qahramonimizni turli bo‘htonlarga yo‘liqtirib, kurakda turmas, yo‘q ayblarni bo‘yniga ilib, terror girdobiga tortib ketgan ham… mana shu yillar, yo‘llar edi.

1925-yilda partiyaga qabul qilinishi bilan Davron Iskandarov Samarqanddagi okrug sovet-partiya maktabiga yuboriladi. Ilgari mehnat muhitida toblangan yosh ishchining hayot tajribasi endilikda muayyan mafkuraviy qoliplar ichiga solina boshlanadi. Bu jarayon shaxsning ichki ehtiyojlaridan ko‘ra, davr talabiga mos keladigan, boshqaruvga qulay kadrlar tayyorlash maqsadini ko‘zlar edi. Keyinchalik aynan shu tayyorgarlik oddiy ishchining taqdirini siyosiy jarayonlar bilan bog‘lab qo‘ygan zanjirning muhim halqasiga aylanadi.

O‘qishni tamomlagach, Davron Iskandarov partiya tashkilotchisi sifatida turli hududlarda ishga jalb etiladi. 1927–1930-yillarda u Samarqand okrugi hamda qator tuman partiya qo‘mitalarida kotiblik, tashkiliy bo‘lim mudirligi kabi lavozimlarda faoliyat olib boradi. Bu yillar mamlakatda jamoalashtirish siyosati jadallashib, ma’muriy boshqaruv tobora qat’iy tus olayotgan davrga to‘g‘ri kelgan.

Ayni sharoitda ishchi oilasidan chiqqan, mehnatkashlar turmushini yaxshi bilgan kadrlar partiya apparati uchun o‘ta zarur hisoblanardi. Bunday shaxslar orqali markaz siyosatini mahalliy muhitga singdirish, yangi tartib-qoidalarni joriy etish osonroq kechardi.

1930-yillar boshida Davron Iskandarovning xizmat yo‘li yanada kengayib, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti tizimida mas’ul vazifalarga jalb etiladi. Keyinroq tuman partiya qo‘mitasi kotibi sifatida ishlay boshlaydi. Bu lavozimlar tashkiliy ishlarni yuritish bilan birga, beqaror siyosiy vaziyatda ehtiyotkorona harakat qilishni-da talab etar edi.

1931-yildan e’tiboran Davron Iskandarov Toshkentdagi O‘rta Osiyo marksizm-leninizm institutiga o‘qishga yuboriladi. Bu o‘quv dargohi o‘sha davrda partiya-davlat tizimi uchun kadrlar tayyorlashda muhim bo‘g‘in hisoblanardi. Institutda o‘qib-o‘rganar ekan, qahramonimiz birvarakayiga partiya tashkiloti kotibi sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi. Shu yo‘sinda uning hayot yo‘li tobora mafkuraviy va ma’muriy tuzilmalar ichiga chuqurroq kirib borib, davlat boshqaruvi mexanizmlari bilan ipsiz bog‘lanib qoladi.

30-yillar o‘rtalarida Davron Iskandarov Farg‘ona shahar partiya komiteti kotibi lavozimida ishlayotgan edi. Bu paytgacha u turli hududlarda “imtihondan o‘tgan” kadr sifatida shakllanib ulgurgandi. Ammo aynan shu bosqichda uning shaxsiy taqdiri mamlakatda kechayotgan umumiy siyosiy o‘zgarishlar bilan uyqashib ketdi.

Jamiyatda sarosima kayfiyati avj olib, kechagina to‘g‘ri yo‘lda deb hisoblangan shaxslar ham shubha ostiga olina boshladi. 1936-1937-yillarda “xalq dushmanlari”ni fosh etish siyosati ommaviy tus olgach, ilgari partiyaga sadoqati, tajribasi bilan maqtalgan kadrlar endi millatchilik, burjua-aksilinqilobiy faoliyatda ayblana boshladi.

1937-yilning noyabr oyida Davron Iskandarov “aksilinqilobiy millatchi tashkilot a’zosi” deb hibsga olinadi. Tergov materiallarida unga O‘zbekistonni SSSRdan ajratish, sovet hokimiyatini qurolli yo‘l bilan ag‘darish, qishloq xo‘jaligi sohasida qasddan zarar yetkazish kabi jinoyatlar tirkaldi. Bu ayblovlar o‘sha yillarda ko‘plab partiya va jamoat xodimlariga nisbatan qo‘llanilgan umumiy qolipdan farq qilmas edi.

Tergov jarayonlarida qahramonimiz bo‘yniga ilib qo‘yilayotgan barcha ayblarni keskin rad etib, ularning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. Biroq o‘sha eski gap – o‘rmonga o‘t ketsa, ho‘l-u quruq baravar yonadi. Tergovchilar o‘z qarshisida turgan shaxs uchun ko‘r va kar edi. Ayblov xulosasi bunga qadar allaqachon shakllantirib bo‘lingan, inson taqdiri sariq chaqaga arzimas edi.

1938-yil 5-oktyabrda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining sayyor sessiyasida Davron Iskandarov ishi yopiq tarzda ko‘rib chiqiladi. Sud jarayoni qatag‘on yillariga xos tartibda – hech qanday guvohlarsiz, himoyachi ishtirokisiz o‘tadi. Sud juda qisqa vaqt ichida Davron Iskandarovni O‘zSSR Jinoyat kodeksining 58-, 63-, 64- va 67-moddalari bo‘yicha aybdor deb topib, otuvga hukm etadi. Hukm o‘sha kuniyoq ijro etiladi.

Ishchi oilasida tug‘ilib, og‘ir mehnat muhitida voyaga yetgan, oddiy cho‘ponlikdan ustaxonaga, u yerdan esa partiya apparatigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan Davron Iskandarov shu tariqa 35 yoshida qatag‘on girdobiga tortilib ketdi.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 16-yanvardagi 3-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605