15.04.2026 | 17:07
1082
TUHMAT TOSHNI YORADI
1938-yil 5-oktyabr kuni Toshkentda navbatdagi hukm ijro etildi. SSSR prokurori Vishinskiy qarori bilan yana bir mahkum – endigina 35 yoshni qarshi olgan Andijon farzandi Komiljon Alimov qatlgohda otib tashlandi. U asli kim edi? Bu savolga javob izlash asnosida uning qisqa, biroq ziddiyatlarga to‘la hayot yo‘li va faoliyatiga yuzlanamiz.

Komiljon Alimov 1903-yili Andijon shahri Eski Kapa mahallasida, ishchi oilasida tug‘ildi. Bobosi yersiz dehqon, otasi ishchi ham sartarosh – ro‘zg‘or shuning ortidan yurib turardi. Bu kabi oilalarda bolalar bolalik ko‘rmay, qo‘li ishga kelib qolgani borki, o‘zini mehnatga urar, tirikchilik g‘ami ularni shu taxlit tez ulg‘aytirib qo‘yardi. Komiljonning suyagi shunday muhitda qotdi. Qurilish ishlariga qiziqib, duradgorlikni egallashida tog‘asining xizmati katta bo‘ldi. 1916-1917-yillarda u bir paytning o‘zida ham ishlab, ham o‘qirdi. Inqilobdan keyingi yillarda jamiyatda yangi tashkilotlar, yangi idoralar paydo bo‘ldi. Jarayonga ko‘plab yoshlar, jumladan, Komiljon Alimov ham qo‘shildi. U sovet va partiya organlari hamda kasaba uyushmalarida faoliyat ko‘rsata boshladi. Andijonda ishchilar uyushmasi raisi, rayon kasaba uyushmasi kotibi, o‘quvchilar uyushmasi raisi kabi lavozimlarda ishladi. Uyezd revolyutsion komiteti a’zosi va rayon partiya komiteti raisi sifatida ham faoliyat yuritdi. Aynan shu yillar uning siyosiy qarashlari shakllangan davr bo‘ldi.
1917-yildan keyin Turkiston shaharlarida siyosiy hayot jadal tus oldi. Bu paytda Muvaqqat hukumat hokimiyat tepasida bo‘lib, uning bosh vaziri Kerenskiy nomi Turkistonda ham keng tanilgan edi. Biroq yangi hukumat siyosati jamiyatda bir xil qabul qilinmadi, natijada Andijonda turli guruhlar o‘z qarashlarini ilgari surishga intilgan holda faollik ko‘rsata boshladi. Shunday sharoitda Komiljon Alimov siyosiy targ‘ibot ishlarida qatnashgani haqida hujjatlarda ma’lumotlar uchraydi. Aytilishicha, Kerenskiy hukumatiga qarshi siyosiy varaqalar tayyorlanib, “Sho‘royi Islomiya” nomi bilan tarqatilgan. Ularda muvaqqat hukumat tanqid qilinib, turli tashkilotlar birlashishga chaqirilgan. Hatto bu murojaatlar telegraf orqali Moskva va Boku shaharlariga ham yuborilgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, hududda turli tashkilotlar o‘rtasida siyosiy ustunlik uchun kurash tobora kuchayib borayotgan edi. Shu sharoitda ishchilardan iborat guruh “Erkin fuqarolar ittifoqi”ni tashkil etdi. Uyushma 12 ta kengashni birlashtirgan bo‘lib, Komiljon Alimov uning kotibi va hay’at a’zolaridan biri sifatida faoliyat yuritgan. Holat shahardagi turli qatlamlar o‘rtasidagi munosabatlarni ham taranglashtirdi. Qayd etilishicha, andijonlik mashhur boylardan Mirkomil Mirmo‘minboyev va Oxlifbek Talixbekov ushbu harakatlarga qarshi chiqqan. Shu zayl ular o‘rtasidagi ziddiyatlar tobora chuqurlashib borgan.
Talabalar kengashi kanselyariyasida o‘tkazilgan yig‘ilishlardan birida ishchi deputatlari soveti ishtirokida masala keskin qo‘yiladi. Yig‘ilish qatnashchilari Mirkomil Mirmo‘minboyev va Oxlifbek Talixbekovni hibsga olish haqida qaror qabul qiladi. Mazkur qaror shaharda shakllanayotgan yangi hokimiyatning eski ijtimoiy qatlamlar bilan ochiq to‘qnashuvini ifoda etar edi. Keyinchalik ushbu qarorga daxldor shaxslar taqdiri turlicha kechgan: Mirmo‘minboyev bolsheviklar tomonidan otib tashlangan, Talixbekov esa Qoshg‘arga – Xitoy hududiga chiqib ketgan. Ayni shu paytda Komiljon Alimov Andijonda ishchi deputatlari soveti bilan bog‘liq ishlarda qatnashgan. Shuning uchun bu kabi voqealar uning dunyoqarashi va keyingi yo‘liga ta’sir ko‘rsatmay qolmagan.
1918-yil 1-iyundan Komiljon Alimov bolsheviklar partiyasi safida faoliyat yurita boshlaydi. 1919-yildan 1920-yilgacha O‘sh revolyutsion komitetiga rahbarlik qilib, uyezd-shahar partiya komitetining mas’ul kotibi sifatida ham ish yuritadi. 1921-yil dekabrdan Farg‘ona oblast partiya komitetining targ‘ibot bo‘limida ish boshlagan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay – 1922-yil 7-yanvardan bo‘lim mudiri o‘rinbosari vazifasiga tayinlanadi. 1922-yil bahoriga kelib yana bir qancha lavozimlar zimmasiga yuklanadi: avval Namangan uyezd-shahar partiya komitetining mas’ul kotibi, keyin O‘sh uyezd-shahar partiya komiteti bo‘lim mudiri sifatida ishlaydi.
1922-yil 3-iyunda u Turkiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti ixtiyoriga olinib, zaxira kadrlar safiga kiritiladi. Bir oy o‘tgach, maxsus komissiya qarori bilan Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti tomonidan Farg‘ona viloyatiga yuboriladi. Bu yerda qishloq xo‘jaligini tiklash ishlarida vakil sifatida 1923-yilgacha faoliyat ko‘rsatadi. 1923-yil 1-apreldan Sirdaryo oblast partiya komitetining targ‘ibot va tashviqot bo‘limi mudiri o‘rinbosari etib tayinlanadi. Bir necha oydan keyin vaqtincha bo‘lim mudiri, tashkiliy bo‘lim mudiri va Turkiston Kompartiyasining 1-rayon partiya komiteti mas’ul kotibi sifatida ishlaydi.
Bu davrda u idora ishlari bilan cheklanib qolmay, partiya tomonidan tashkil etilgan tekshiruv va qayta ko‘rib chiqish ishlarida ham ishtirok etadi. Masalan, O‘sh uyezdida partiya a’zolarini tekshirish komissiyasiga raislik qilib, Andijonda esa shu kabi tadbirlarda qatnashadi. Bu kabi ishlar o‘sha davr siyosiy amaliyotining ajralmas qismi hisoblanardi. Shu tariqa, Andijon mahallasidan chiqqan oddiy ishchi oilasi farzandi qisqa vaqt ichida Turkiston partiya apparatida ma’lum tajribaga ega kadrga aylandi. Bir qarashda uning faoliyati izchil davom etayotgandek ko‘rinadi.
Xalqimiz “tuhmat toshni yoradi, toshni yormasa, boshni yoradi”, deb bejiz aytmagan. Kutilmaganda vaziyat butunlay boshqa tomonga burilib, kechagina shu tizimda faoliyat yuritgan ko‘plab kadrlar o‘sha tizimning o‘zi tomonidan ayblanib, qatag‘on domiga tortiladi. Ko‘p holda turli ko‘rsatma va tergov materiallari “dalil” sifatida baholangan. Shu kabi manbalar qatorida jadid yetakchilaridan Munavvar qori Abdurashidxonovning 1930-yil 10-noyabrda hibsdaligida bergan ko‘rsatmasi ham mavjud bo‘lib, unda Komiljon Alimov nomi tilga olinadi: “Bizdan keyin kelganlar o‘z o‘quvchilarini tabiiy ravishda millatchilik ruhida tarbiyalaydilar. Eson Afandi: “Har bir millat, agar bu dunyoda mavjud bo‘lishni istasa, o‘z milliy ruhini saqlab qolishi kerak, aks holda u yo‘q bo‘lib ketadi”, degan edi. Ayni vaqtda shuni ham ta’kidlash joizki, o‘quvchilar orasida millatchilikning kuchayishi faqat millatchi o‘qituvchilar faoliyati natijasi emas. Bunga misol sifatida Alimov Komiljonni keltirish mumkin. U bizning o‘quvchimiz emas edi. 1927-yilda Okrug qo‘mitasidagi lavozimidan bo‘shatilganida u menga “Voskresenskiylar” (ya’ni, ruslar) unga chidamaganini, ammo u tirik qolganini va ularning qo‘lida azob chekkanini aytgan”.
Komiljon Alimov nomi yana bir tergov bayonnomasida – “Tarixi Salimiy” asari muallifi Mirzo Salimiyning 1930-yil 16-dekabrdagi ko‘rsatmasida ham tilga olinadi: “1924-yil boshida men Ziyo Saidov tomonidan tashkil etilgan GAPga qo‘shildim. Uning tarkibiga Komiljon Alimov ham kirgan. GAPda turli suhbatlar bo‘lib o‘tar, millatchilik ruhidagi qo‘shiqlar kuylanar, yevropalik ishchilar tanqid va masxara qilingan. Xususan, Komiljon Alimov yevropalik ishchilarga taqlid qilib, bu sohada turli komediyalarni ijro etgan”. Bunday ko‘rsatmalar o‘sha davrning murakkab siyosiy va ijtimoiy muhitini yorituvchi hujjatlar sifatida ahamiyatga ega.
1930-yillar o‘rtasiga kelib siyosiy vaziyat o‘zgarib, keng ko‘lamli tekshiruvlar natijasida ko‘plab kadrlar qatorida Komiljon Alimov nomi ham tergov hujjatlarida bot-bot uchray boshladi. O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi Davlat xavfsizligi boshqarmasi 4-bo‘limi boshlig‘i, davlat xavfsizligi leytenanti Og‘abekov 1937-yil 15-avgustda Alimovga oid materiallarni ko‘rib chiqqan. Hujjatda Komiljon Alimov 1920-yildan VKP(b) Markaziy Komiteti huzuridagi Marksizm-leninizm instituti bilan bog‘liq ta’lim jarayonida bo‘lgani ko‘rsatilgan.
Tergov materiallarida u “aksilinqilobiy millatchi”, “Milliy istiqlol” tashkiloti a’zosi sifatida tilga olingan. Shuningdek, Qoraqalpoq oblast partiya komitetida ishlagan davrida sovet apparatini millatchi unsurlar bilan to‘ldirgani va bu shaxslar Qoraqalpog‘iston xalq xo‘jaligiga qarshi zararkunandalik ishlarini olib borgani haqida ayblovlar bayon etilgan. Shu asosda Komiljon Alimov O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 67-moddasi bilan ayblanib, O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi tasarrufidagi Siyosiy mahbuslar uyida qamoqda saqlashga qaror qilingan.
1937-yil kuziga kelib uning ishi Moskva bilan ham bog‘lanadi. 3-oktyabr kuni SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi Davlat xavfsizligi organlaridan O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligiga Moskvada hibsga olingan Komiljon Alimov haqida rasmiy xat yuboriladi. Unda mahbus Butirka turmasiga joylashtirilgani va ishni ko‘rib chiqish uchun tegishli materiallar – qamoqqa olish orderi, tintuv bayonnomasi, anketa va boshqa hujjatlar yuborilgani qayd etilgan. Shu asosda unga oid alohida tergov ishi rasmiylashtirilib, tergov materiallarida u O‘zbekiston hududida faoliyat yuritgan deb ko‘rsatilgan “o‘ng-trotskiychi millatchi aksilinqilobiy tashkilot” bilan bog‘langan shaxs sifatida bayon etilgan. Ayblov mazmuniga ko‘ra, bu tashkilotning maqsadi O‘zbekistonni Sovet Ittifoqidan ajratib olish, mamlakatda burjua-millatchilik tuzumini o‘rnatish hamda sovet hokimiyatiga qarshi kurash olib borishdan iborat, deb ko‘rsatilgan.
Tergov hujjatlarida Komiljon Alimov 1923-yildan e’tiboran mazkur tashkilot bilan aloqada bo‘lgani, partiya va sovet idoralarida ishlab turgan davrida ham uning ko‘rsatmalariga muvofiq harakat qilgani qayd etilgan. Shu bilan birga, unga nisbatan aholi ongiga “ruslarsiz millatchilik davlati”ni qurish g‘oyasini singdirish, yevropalik xodimlarni “mustamlakachilar” sifatida talqin qilib, ularni obro‘sizlantirishga urinish aybi ham qo‘yilgan. Bu ayblovlar asosida Komiljon Alimovga O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining bir qator moddalari – vatanga xiyonat, aksilinqilobiy faoliyat va davlatga qarshi harakatlarga oid bandlar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Tergov ishlari shu tariqa 1937-yilning oxiriga qadar davom ettirilgan.
Ana shu davrdan boshlab Komiljon Alimov taqdiri qatag‘on yillarining shafqatsiz jarayoniga kirib bordi… Albatta, bunday mudhish tarixiy voqealarni yosh avlod bilishi, Vatan va millat yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasini hurmat qilishi hamda bugungi farovonlik qanday mashaqqat va yo‘qotishlar evaziga qo‘lga kiritilganini qadrlashi zarur. Zero, “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiorini qalbimizga singdirib, shu yo‘lda birlashsak, ajdodlarga munosib avlod ekanimizni namoyon etamiz.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 3-apreldagi 14-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



