27.01.2026 | 12:45
544
“HAR KO‘NGILGA ATIRGUL ATRIDAN BER…” (SHE’RLAR)
O‘ZBEKISTON BITTA-YU BITTA
Bu olamda gul ko‘p, chaman ko‘p,
O‘zbekiston bitta-yu bitta.
Atrofda yaxshi ko‘p, yomon ko‘p,
O‘zbekiston bitta-yu bitta.
Daryo ko‘rgan, cho‘qqi ko‘rgan el,
Azal boshi do‘ppi ko‘rgan el,
O‘zi aytsin, ko‘pni ko‘rgan el,
O‘zbekiston bitta-yu bitta.
Tinchlik qadrin bilmaslar qancha,
Xudo bilsin, hali ko‘p ancha,
Notinch olam aro bir parcha,
O‘zbekiston bitta-yu bitta.
Har o‘g‘lon-u qizin shashti zo‘r,
Bolang sendan o‘tsa, gashti zo‘r,
Mushtumzo‘rmas, lekin mushti zo‘r,
O‘zbekiston bitta-yu bitta.
Dadil qadam otsak bu chog‘lar,
Gʻashingiz kelmasin, olchoqlar.
Taqib qo‘yay yo ko‘zmunchoqlar,
O‘zbekiston bitta-yu bitta.
Bizniki bor tarovati ham,
Sovug‘i ham, harorati ham,
Bilib qo‘ysin vallomati ham,
O‘zbekiston bitta-yu bitta.
Chetdan turib hurish kerakmas,
Chorlasa yuz burish kerakmas,
Allaqayga “surish” kerakmas,
O‘zbekiston bitta-yu bitta.
Dil gavharim, yolg‘iz durdonam,
Gʻirrom o‘yinlarda mardonam,
Peshonamga bitgan yagonam –
O‘zbekiston bitta-yu bitta.

QISHKI BOG‘LAR…
Qishki bog‘lar, ma’yus yo‘lkalar…
Kimdir shoshar sayrlashgani.
Vasldan shod bo‘lsa o‘zgalar,
Biz uchrashdik xayrlashgani…
Qor – quvonchga qodir bo‘lsa ham,
Visolga zo‘r chodir bo‘lsa ham,
Unda har ne sodir bo‘lsa ham,
Biz uchrashdik xayrlashgani.
Xiyobonda sang‘ib gadolar,
Pul so‘raydi deb bir balolar,
Kor qilmas-ov endi duolar…
Biz uchrashdik xayrlashgani.
Yurak shaklin yasab barmoqda,
Ne oshiqlar shodon bormoqda,
Gap talashib obdon tarmoqda,
So‘ng uchrashdik xayrlashgani.
Shunday dardda, aziyatdamiz
Va noqulay vaziyatdamiz,
Sevgi arzon jamiyatdamiz
Biz uchrashdik xayrlashgani.
Avtobuslar yuz kelib-ketdi,
Oynalari – muz, kelib ketdi,
Ikkimizga ko‘z tegib ketdi,
Biz uchrashdik xayrlashgani.
BIR SEVDIMKI…
Taqdir menga tutgan nonning
Kepagi ko‘p, saryog‘i yo‘q.
Xoh ishonmang, xoh ishoning,
Bir sevdimki, naryog‘i yo‘q.
Dumin ushlatmaydi visol,
Tutsam – baxtning barmog‘i yo‘q.
Uvol bo‘ldim, faqat uvol,
Zor bo‘ldimki, naryog‘i yo‘q.
Sevgiga arz bitay desam,
Ijtimoiy tarmog‘i yo‘q.
May o‘rniga ichib qasam,
Mast bo‘ldimki, naryog‘i yo‘q.
Bu dunyoning ishi chigal,
Sochi patak, tarog‘i yo‘q.
Uyqum o‘char yetti mahal,
Tun uzunki, naryog‘i yo‘q.
Kerakli yuk bo‘lmas og‘ir,
Visol yo‘lin uzog‘i yo‘q.
Har bardoshda bordir oxir,
Bir toqatki, naryog‘i yo‘q.
Va’dalaring yo‘qmi yodda,
O‘zi qizlarning sog‘i yo‘q.
Senga ishongan bir sodda
G‘ayratmanki, naryog‘i yo‘q.
ONANGGA BER
Zarra qadar himmat bo‘lsa,
Onangga ber, onangga ber.
Mayli, qancha qimmat bo‘lsa,
Onangga ber, onangga ber.
Birov bilsa-bilmasa ham,
Quvonmasa, kulmasa ham,
Berishni bil, olmasa ham,
Onangga ber, onangga ber.
Ulgurib qol, yugurgin, chop,
Libos kiydir, ro‘mollar yop,
Pul topganda aql ham top,
Onangga ber, onangga ber.
Xasta bo‘lsa – qon yurguzib,
Ishkomlardan uzum uzib,
Atirguldan sharbat suzib,
Onangga ber, onangga ber.
Buncha g‘alat ish bo‘lmasa –
Go‘sht bo‘lganda tish bo‘lmasa…
Shavla bo‘lar osh bo‘lmasa,
Onangga ber, onangga ber.
Safar qildir – qayer bilsang,
Sargardon ham sayr, bilsang,
Bu ishda ko‘p xayr bilsang,
Onangga ber, onangga ber.
Baxtiyor qil, bezor qilma,
Dil oynasin g‘ubor qilma,
Xatoyimni takror qilma,
Onangga ber, onangga ber.
ILTIMOS
Yaratganga bir gap aytgim keladi:
Har ko‘ngilga atirgul atridan ber.
Nomard do‘stga sal-pal chidab bo‘ladi,
Dushman bersang, iltimos, mardidan ber!
Balqib turgan oftoblaring botsa gar,
Gulzoringni aylagaylar otchopar.
Yolvoriblar so‘ragayman har safar,
Dushman bersang, iltimos, mardidan ber!
Senga bari oson, senga mumkindir,
Badbaxtga baxt berib – o‘zidan tindir,
Sindirsang ham zo‘rning qo‘lida sindir,
Dushman bersang, iltimos, mardidan ber!
So‘rsa – mansab bergin, puldan omborlar,
Ko‘ksi medal ko‘rsin, guldan chambarlar,
Duo qilsin ortidan “payg‘ambar”lar,
Dushman bersang, iltimos, mardidan ber!
Kimga yotman, kimlargadir jo‘raman,
O‘z ko‘nglimda men ham bekman, to‘raman.
Qolganini peshonamdan ko‘raman,
Dushman bersang, iltimos, mardidan ber!
PARKENTGA POYEZD KELAR
Gap kelganda bir gapni
Aytmoqlik joiz kelar,
Orzularning ro‘yobi
Endi yuz foiz kelar,
Bu azm-u shijoatlar
Yurtboshim bois kelar,
Suyunchi beringlar-ey,
Parkentga poyezd kelar!
Bir paytlari bu gaplar,
Shunchaki mish-mish edi,
Daromadning manbayi
Asosan “kishmish” edi,
Shaharcha orzular-u
Qishloqcha turmush edi,
Suyunchi beringlar-ey,
Parkentga poyezd kelar!
Mashoyixlar ko‘z – qo‘rqoq,
Qo‘l esa botir derlar,
Xudoyim qo‘llasa – el
Har ishga qodir derlar,
Bizda yer, suv, tabiat –
Barchasi nodir derlar,
Suyunchi beringlar-ey,
Parkentga poyezd kelar!
Yangi O‘zbekistonning
Parkenti ham yangidir,
Xoh Kumushkon, Hisorak,
Xohi Zarkent, Changidir,
Barida farovonlik
Va obodlik rangidir,
Suyunchi beringlar-ey,
Parkentga poyezd kelar!
TO‘P BILAN ABDUQODIR
Angliyaning “Manchester Siti” futbol klubi himoyachisi Abduqodir Husanovga
Olamda nima gaplar,
Bo‘lmoqda nelar sodir,
Kim yurtidan judo, kim
Tinchlikdan mosuvodir.
Falak ham bo‘ldi go‘yo
Tahlika uzra chodir,
Shukrkim, biz tomonda
Ertadan yo‘q havotir,
Raqiblar to‘p yo‘qotdi,
To‘p bilan Abduqodir!
Gohida g‘olib keldik,
Arab-u ajam bilan,
Ba’zida nolib keldik,
G‘azab-u alam bilan,
Ming yillar olib keldik,
Dunyoni qalam bilan,
Daholar avlodlari
Maydonda ham dahodir,
Endi sen olamni ol
To‘p bilan, Abduqodir!
Futbolda omad degan
Bizlarga ko‘p kelmadi,
Boshga ne kunlar keldi,
Oyoqqa to‘p kelmadi,
Termamiz Mundialda,
Muzqaymoq yeb kelmadi,
Zarbangda o‘shal achchiq,
Armonlar zahri jodir,
Yo‘l ochgil Jahon sari
To‘p bilan, Abduqodir!
Kun kelar, muxlislaring
Buloqdek qaynagaylar,
“Mazgi”ni o‘ynaganlar,
Lazgiga o‘ynagaylar…
O‘zbekni “chaynaganlar”
Qalampir chaynagaylar!
Avgust-sentyabrgacha
Endi bamaylixotir,
Kuydirgin dushmanlarni
To‘p bilan, Abduqodir!
Maydonda himoyachi,
Yurtingga esa qalqon,
Sendaylar yov bosganda,
Tog‘larni qilar talqon,
Demishlar shahzodalar,
O‘zbekni uchqur o‘g‘lon,
El-u yurt, shon-u shavkat
Ham g‘urur bebahodir,
Ularni hech alishma
To‘p bilan, Abduqodir!
Sha’nimiz olam aro
Topmoqda ko‘rk yangidan,
O‘g‘lonlar sabab qaddin
Tutmoqda yurt yangidan,
Futbolda ham o‘tamiz,
Olmon-u farangidan,
O‘smoqda bu diyorda
Hali ming-ming bahodir,
Sen g‘ayrat ber yoshlarga
To‘p bilan, Abduqodir!
FIKR ALMASHISH
O‘ylab ko‘rsak bundoq fikr yuritib,
Fikr alishmoq ham g‘aroyib ishdir:
Shaxsiy fikring bilan boshliqqa kirib,
Uning fikri bilan, qaytib chiqishdir.
MUKOFOT
Mukofot olmasang yo maqtov-nishon,
Judayam muhim deb sanasang shuni.
Ranjima, seni ham maqtarlar, ishon,
Zo‘r odam edi deb… janazang kuni.
TIRIKCHILIK
Fotograf tabassum qilib turing, der,
Bank bizdan kredit olib turing, der.
Bosh og‘riqqa dori olib, pul bersam,
Aptekachi tez-tez kelib turing, der…
Gʻayrat SHERALIYEV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 23-yanvardagi 4-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
99
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
136



