Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.10.2025 | 11:39

img1992

TINCHLIK NURI – O‘ZBEKNING NURI (SHE’RLAR)

***

Qadrim so‘raganda, qarog‘im tilim,
Ko‘ksimni ko‘targan sen – tog‘im, tilim,
Asrlar ajdodlar ruhin yoritgan,
Turkiy tillar ichra chirog‘im tilim.

Yassaviy baytida tumorim, tilim,
Navoiy nazmida sen orim, tilim,
Kumushning vasfida betakror malak,
Qodiriydan qolgan yodgorim, tilim.

Toshlar to‘fonida bag‘ri tilimsan,
Ko‘ksin changallagan qonli qo‘limsan,
Oyga almashmasman, kunga bermasman,
Cho‘lpon yuragida ungan gulimsan.

Ko‘zlarning gavhari, ko‘ngil oynasi,
Izhor iffatidir yorning ginasi.
Mashrab qalamida devona tilim,
Tinglagan, entikkan ishq ashulasi.

Jismimda demangiz, jonimda tilim,
Yetmish ikki tomir-qonimda tilim,
O‘g‘limga ham mening jonimdan o‘tgan,
Qizimga qatralab qonimdan o‘tgan.

Qadrin so‘rasangiz, qarog‘im, tilim,
Ko‘ngil osmonida chaqmog‘im, tilim,
Nonidek totli-yu, choyidek issiq,
O‘zbek ko‘ksidagi bulog‘im, tilim.

TOGʻLAR OGʻUSHIDA

Men tog‘larni jondek suydim.
Bulutlarga boshim qo‘ydim.
Pok tuyg‘udan cho‘g‘dek kuydim,
Tangrimgadir tashakkurim.

Osmon menga yaqin keldi,
Yomg‘irlarda oqqim keldi,
Suqli-suqli boqqim keldi,
Tangrimgadir tashakkurim.

Archalari tog‘lar ori,
Irmoqlari toshlar tori,
Oq tilakdir mangu qori,
Tangrimgadir tashakkurim.

Quyosh quchsa qoyasini,
Burgut solar soyasini,
Bu – muhabbat g‘oyasimi?
Tangrimgadir tashakkurim.

Toshni yorgan maysa shunda,
Qabohatga nayza shunda,
Oy o‘padi uni tunda,
Tangrimgadir tashakkurim.

Ta’rifiga qalam ojiz,
Qalam bilan men ham ojiz,
Yurak o‘tda yonar jiz-jiz,
Tangrimgadir tashakkurim.

Yetkazganga behad shukur,
Ko‘rsatgani dilga surur,
Bu ne orom, bu ne huzur,
Tangrimgadir tashakkurim.

Qalb ko‘zimni katta ochgan,
Jism-u jondan g‘aflat qochgan,
She’r shaklida shodlik sochgan,
Tangrimgadir tashakkurim.

EZGU TILAK

Osmondagi oyning izin kim ko‘rgan,
Qadam yetmas tog‘ning muzin kim ko‘rgan,
Jannat taomining tuzin kim ko‘rgan?
Ko‘rsatgin, deb Haqdan birga so‘raylik!

Tinchlik tilaganning tilida boli,
Tinch yurtda bulbulning gulda xayoli,
Ma’rifat mevasi – millat kamoli,
Elu yurt tinchligin birga so‘raylik!

Dil-dilga vobasta, qo‘l-qo‘lni tanir,
El-elga vobasta, yo‘l-yo‘lni tanir,
G‘anim yomonligi yaxshini yanir,
Ayo do‘st, niyatni nurga o‘raylik!

Alloh aziz qilgay halol yurganni,
Olov olqishlaydi qo‘rda turganni,
Havasini qiling, qandin urganni,
Siylangan odamni gulga o‘raylik.

Insonga chin oraz – go‘zal iymoni,
Mehr-u muruvvati baxtin posboni,
Oydan ayrilmasin umrin osmoni,
Duodan to‘kilgan durga o‘raylik!

O‘ZBEKNING NURI

Eng go‘zal rang – tinchlikning rangi,
Baxt balqigan quvonch ohangi,
Yangi O‘zbekiston jarangi,
Qutlaganlar quvonchga to‘lsin!

Ajdodlarning orzusi bizda,
Xush tilaklar tuyg‘usi bizda,
Bugun dunyo ko‘zgusi bizda,
Qutlaganlar quvonchga to‘lsin!

Kim oftobni xushlasa nurdir,
Kim ummonni tushlasa durdir,
Shukur, o‘zbek, aslidek hurdir,
Qutlaganlar quvonchga to‘lsin!

Yaxshilikning yonog‘idamiz,
Xush duoning qarog‘idamiz,
Shukur dunyo ardog‘idamiz,
Qutlaganlar quvonchga to‘lsin!

Biz mezbonmiz mehrimiz daryo,
Jism-u jonda o‘zbekcha ziyo,
Yaxshilarga yor qilsin Xudo,
Qutlaganlar quvonchga to‘lsin!

O‘zbekiston umidning umri,
Oq kaptarlar oq tilak qumri,
Tinchlik nuri – o‘zbekning nuri,
Qutlaganlar quvonchga to‘lsin!

HIMMATLILAR XUSHLANGAY

Insonmiz, gar bo‘lsak nafsimiz quli,
Kaftimiz to‘ldirar shu gunoh kuli.
Sabrdan suv ichar savobning guli,
Himmatlini Xudo xushlar yaxshilar!

Borin baham ko‘rar bag‘ri butunlar,
Qatorga qo‘r to‘kar qadri ustunlar,
Bizdan umidvordir usti yupunlar,
Himmatlini Xudo xushlar yaxshilar!

Ko‘nglimiz ko‘chasi keng bo‘lsa yaxshi,
Keng fe’lda odamzod teng bo‘lsa yaxshi,
Egni but yo‘qlarga yeng bo‘lsa yaxshi,
Himmatlini Xudo xushlar yaxshilar!

Sizni sizlab kelsa senlamang uni,
Qaytib yaproq bo‘lmas xazon kukuni,
Unutsang unutgay, unutmang shuni,
Himmatlini Xudo xushlar yaxshilar!

Momoqaldiroqlar uyg‘otguvchi bong,
Quyosh shoh gadoni teng qutlar har tong,
Jonzotlar ichida insondadir ong,
Himmatlini Xudo xushlar yaxshilar!

Nasihat qilmadim, dilimga keldi,
Dilim tutdek to‘kdi, tilimga keldi,
Dil oshib, til oshib elimga keldi,
Himmatlini Xudo xushlar yaxshilar!

YAXSHILIK YAXSHI

Yaxshi ko‘rmoq yaxshi, va lekin kimni,
U kimsa otdami yoki piyoda?
Karami keng bo‘ling, unutmang shuni,
Yaxshilik barchaga yetar dunyoda.

Umrimiz o‘lchovi O‘ziga ayon,
Biz qayda bo‘lmaylik, ko‘ziga ayon,
Shu fikr shoirning so‘ziga ayon,
Yaxshilik barchaga yetar dunyoda.

Oqillar dunyoning azobin tortgan,
Yaxshilik qilgan-u, daryoga otgan,
Baliqning savobin Holiqdan totgan,
Yaxshilik barchaga yetar dunyoda.

O‘ng qo‘ling berganin chapi bilmasin,
Nina berib, tuya gapi bo‘lmasin,
Saxovat ahlining safi so‘lmasin,
Yaxshilik barchaga yetar dunyoda.

Baraka ko‘pdami, ozda deydilar,
Ezgu ish, niyati sozda deydilar,
Bir mayizni qirqqa bo‘lib yeydilar,
Yaxshilik barchaga yetar dunyoda.

Sadoqat safosi samoga timsol,
Vatandan topganing vafoga timsol,
Mahmudning maqsudi kelmasin malol,
Yaxshilik barchaga yetar dunyoda.

YOZMASLIK GUNOH

Yurakni vatanga ibodati she’r,
Shoirni so‘zdagi saodati she’r,
Pokiza niyatning ijobati she’r,
Shunday she’rga o‘zing yor qilgin, Alloh,
Shunday she’rni asli yozmaslik gunoh.

Til dilning beg‘araz tilmochi bo‘lsa,
Muhabbat shoirga ishboshi bo‘lsa,
She’ri oshiqlarning sirdoshi bo‘lsa,
O‘qigan dardiga topolsa panoh,
Shunday she’rni asli yozmaslik gunoh.

She’rda ikki qalbning qalovi qolsa,
Izhori ishqining olovi qolsa,
Qolsa, lolalarning lov-lovi qolsa,
Faqat bulbul bo‘lsa baxtingga guvoh,
Shunday she’rni asli yozmaslik gunoh.

Mehringni tutamlab tumordek tutsang,
Tumorga ul sanam xumordek tutsang,
Bu holni yozganda o‘zni unutsang,
O‘zingdan o‘zgalar bo‘lolsa ogoh,
Shunday she’rni asli yozmaslik gunoh.

She’r – gulning, gulzorning gulobi bo‘lsin,
Har bayti bahorning oftobi bo‘lsin,
Shoir oshiqlarning ahbobi bo‘lsin,
Shunday she’rni Mahmud, yozib tur goh-goh,
Shunday she’rni axir, yozmaslik gunoh.

SENIKI

Oppoq atirgulni dilingda o‘stir,
Dilingga sig‘masa, qo‘lingda o‘stir.
Qo‘lingga sig‘maydi g‘unchalab ketsa,
Ayo do‘st, sen uni yo‘lingda o‘stir.

Gul bo‘lsang, go‘zalsan, ko‘zga sig‘maysan,
Bulbul bayotidek so‘zga sig‘maysan,
Baxtiyor bog‘bondek yuzing lovullab,
Xudoni xushlasang, o‘zga sig‘maysan.

Izingdan taralgan ifor seniki,
Gullarga yarashgan kibor seniki,
Dili gul, qo‘li gul, yo‘li gul o‘zing,
Shoirni shoshirgan ash’or seniki,
Seniki… seniki… seniki…

XUSHNUD QILGIN

Ko‘zim bilan xalqni ko‘rdim,
Ko‘nglim bilan Haqni ko‘rdim,
Yaratganim, dildan so‘rdim,
Xushnud qilgin xalqim bilan.

Xush mezbonning gilami keng,
Ko‘pga bersang ko‘lami keng,
Bormi, sendek karami keng,
Xushnud qilgin xalqim bilan.

Oqib tursa daryo go‘zal,
Tunni tilgan ziyo go‘zal,
Eldan olgan duo go‘zal,
Xushnud qilgin xalqim bilan.

Tinchlik odam tilagidir,
Tinchlik olam tilagidir,
Bu dunyoga keragidir,
Xushnud qilgin xalqim bilan.

Tizlar cho‘kib tilovatda,
So‘raydirman ibodatda,
O‘zing axir himoyatda,
Xushnud qilgin xalqim bilan.

Barokatni boshi senda,
Umrimizning yoshi senda,
Mahmudingman, senga banda,
Xushnud qilgin xalqim bilan.

BAXT KUTSIN

Oilangda bori oroming,
Boshing uzra quyosh nur tutsin.
Shukur bo‘lsin tongi kaloming,
Eshigingda seni baxt kutsin.

Otang bo‘lsa duosini ol,
Onang hargiz ko‘rmasin malol,
Duodadir bilsang xush kamol,
Eshigingda seni baxt kutsin.

Oqibatning oppoq visoli,
Bu insonning tildagi boli,
Jigarlaring joning jamoli,
Eshigingda seni baxt kutsin.

Mehring mirob dil daryosiga,
Soya solma xush jilosiga,
O‘zing aylan el fidosiga,
Eshigingda seni baxt kutsin.

Millatingni murodin so‘ra,
Tinch, osuda hayotin so‘ra,
Xudo senga yor bo‘lsin, jo‘ra,
Eshigingda seni baxt kutsin.

YAXSHI BO‘LIB

Nafsingni ko‘m qaro tuproqqa,
So‘ng ustidan o‘ra suvoqqa.
Keyin o‘zing tutgin so‘roqqa,
Yaxshi bo‘lib yangitdan yasha.

Tiyilmoqning tilagi toza,
Tiyilganni yuragi toza,
O‘zgalarga bo‘lgin andoza,
Yaxshi bo‘lib yangitdan yasha.

Nafs degani to‘lmas xurjundir,
Uning nomi asli afsundir.
Umr qisqa, da’vo uzundir,
Yaxshi bo‘lib yangitdan yasha.

Har bir yo‘lning poyoni bordir,
Poyonida ayoni bordir,
Yaxshilarning shoyoni bordir,
Yaxshi bo‘lib yangitdan yasha.

Bor o‘tgandan qolgan bu dunyo,
Berganini olgan bu dunyo,
Yomonlardan tolgan bu dunyo,
Yaxshi bo‘lib yangitdan yasha.

POKLIKNI ASRANG

Bo‘g‘zimni tiladi haqiqat tig‘i,
Bu dardni yuvolmas ko‘zdagi namlar,
Haqiqat oldida ojizdir yig‘i,
Poklikni asraylik ahli odamlar!

Shabnam shaklidadir tongning ko‘zyoshi,
Aql – odamzodda ongning quyoshi,
O‘z boshini yorsin tuhmatchi toshi,
Poklikni asraylik ahli odamlar!

Kim fahsh-u fasodning girdobidadir,
Kim ig‘vo, hasadning xitobidadir,
Tiriklayin do‘zax azobidadir,
Poklikni asraylik ahli odamlar!

Iymonning chiroyi – poklikning guli,
Baxt bog‘ini ko‘rmas nafsining quli,
Asrasin, bo‘lmoqdan itning “bulbuli”,
Poklikni asraylik ahli odamlar!

Osmon bilan yerning orasida biz,
Tirikmiz, nafsimiz chorasida biz,
Bo‘lmaylik haromning qorasida biz,
Poklikni asraylik ahli odamlar!

Bir bora yashaymiz dunyoyi dunda,
Nafsimiz nidosi hiqillar kunda,
Oxirat o‘tmaylik azobda, xunda,
Poklikni asraylik ahli odamlar!

Poklik – umrimizning quvonchi bo‘lsin,
Poklik taxtimizning suyanchi bo‘lsin,
Qo‘l ochsak kaftimiz duoga to‘lsin,
Poklikni asraylik ahli odamlar!

VATAN – MILLATIMIZ BOG‘IDAGI GUL

Xazonlar bahorning yilga vidosi,
Orzular armonning dilga vidosi,
Insonning bo‘lmasin elga vidosi,
Vatan – ko‘ksimizning tog‘idagi gul,
Vatan – umrimizning bog‘idagi gul.

Tuproqning ta’mida joningni qoni,
Shu yerda uzilsin jismingni joni,
Sadoqat qalbdagi imonning shoni,
Xiyonat jafoning dog‘idagi gul,
Vatan – bu vafoning bog‘idagi gul.

Yuz yil dunyo kezsang qaytar tuprog‘ing,
Tiz cho‘kib dardingni aytar tuprog‘ing,
Ko‘rsang, chaqmoq chaqar chashmi qarog‘ing,
Vatan – quvonch quchgan chog‘idagi gul,
Vatan – baxtimizning bog‘idagi gul.

Bobolardan qolgan mangu merosing,
Manguberdilaring ichgan qasosing,
Ming tashbeh topsang ham yetmas qiyosing,
O‘zbekning o‘zligi – rog‘idagi gul,
Vatan – millatimiz bog‘idagi gul.

Kuylasang bo‘g‘zingni kuydirgan qo‘shiq,
Yetti yot ellarni iydirgan qo‘shiq,
O‘zbekni jahonga suydirgan qo‘shiq,
Yangi O‘zbekiston tog‘idagi gul,
Vatan – bu o‘zbekning bog‘idagi gul.

ASRAR

Oltin sohibini oltin asramas,
Mehrsiz odamni metin asramas,
Ho‘l o‘tin yoqqanni tutun asramas,
Saodat ahlini savobi asrar,
Madrlarni maydonda shitobi asrar.

Ig‘vo bolalasa umrimiz zabun,
Kim boqiy ko‘ribdi inson mansabin,
Poklik yo‘rgaklasin dilning matlabin,
Demang, xiyonatni niqobi asrar,
Uqib o‘qiganning javobi asrar.

Ko‘ngildan ko‘ngilga boqingiz bir qur,
Dardsiz mashshoq chertsa yayramas tanbur,
“Hayo xaloskor”, der Ibrohim G‘afur,
El-yurt qadrin millat ahbobi asrar,
Zaminni, osmonni oftobi asrar.

Qanoat qondadir qadring tik tutar,
Yaxshini ostona orziqib kutar,
Yaxshiga qo‘l emas, yurak gul tutar,
Oshiqni diydorning gulobi asrar,
Odamzotni azal odobi asrar.

Ko‘zi to‘q nafsiga nazarin solmas,
Hech kimsa vafoni jafodan olmas,
Oqil ham, odil ham Xudodan qolmas,
Xudodan qo‘rqqanni tavofi asrar,
Mahmudni mehrning dil obi asrar.

BU SAVOLLAR

Biz yo‘l yurib kimga yetibmiz,
Biz mo‘l yurib kimdan o‘tibmiz,
Qay omad, baxt barin tutibmiz?
Bu savollar dildagi qondir,
Jismimizdan chiqmagan jondir.

Kimni dedik, biz zo‘r yurganda,
Kimni ko‘rdik otda turganda,
Otdan tushib ohlar urganda,
Bo‘g‘zimizda bo‘zlagan shondir,
Jismimizdan chiqmagan jondir.

Quyosh bizdan nechun uzoqda,
Oy bulutlar ichra tuzoqda,
Parvona yo‘q bizning chiroqda,
Vujud ichra hushyor iymondir,
Jismimizdan chiqmagan jondir.

Bir daraxtdek soya tutdikmi,
Qoqilganga qoya tutdikmi,
Millat uchun g‘oya tutdikmi?
Bu savollar abad armondir,
Jismimizdan chiqmagan jondir.

Bandasi-ku, bunga iqrordir,
Beayb zot Parvardigordir,
Nechun bevaqt sochimiz qordir,
Bu savollar rangi somondir,
Jismimizdan chiqmagan jondir.

Miltiq shoni har o‘qda bo‘lgay,
Oqil ishi zo‘r puxta bo‘lgay,
Har savolda bir nuqta bo‘lgay,
Savol borki, javob omondir,
Jismimizdan chiqmagan jondir!

HIKMAT IZLADIM

Saodatning samosidaman,
Bilmam kimning bahosidaman,
Lek ezgulik duosidaman,
Kimdir o‘ylar: himmat izladim,
Men hayotdan hikmat izladim.

Qoqilganim o‘zimdan ko‘rdim,
Ochiq turgan ko‘zimdan ko‘rdim,
Befarq aytgan so‘zimdan ko‘rdim,
Gunohimga chimmat izladim,
Men hayotdan hikmat izladim.

Goh boshimdan balandga sakrab,
Goho katta daryodan hatlab,
Ne ko‘ylarga solmadi matlab,
Armonimdan ibrat izladim,
Men hayotdan hikmat izladim.

Bir bemorning yonida turmay,
Och qolgan qush donida turmay,
Ayting, qanday ko‘ksimga uray,
Insofimga nisbat izladim,
Men hayotdan hikmat izladim.

Quyosh nuri kun shoni uchun,
Oyning nuri tun shoni uchun,
Inson aziz iymoni uchun,
Shoirman-da, fikrat izladim,
Men hayotdan hikmat izladim.

TO‘RTLIKLAR

Borin bergan bilan yer nolimaydi,
Mehnatdan to‘kilsa ter nolimaydi.
Gunohdan terlash yomondan yomon,
Begunoh bandadan go‘r nolimaydi.
* * *
Sim-sim dardi bilan simillar dunyo,
Goh tezob, goh sokin qimirlar dunyo.
Qay ko‘zman qarasang, shunday ko‘rinar,
Ikki dil jonida jimirlar dunyo.
* * *
She’r mening qalbimni qanoti bo‘ldi,
She’r mening umrimni bayoti bo‘ldi.
Elning elagidan bilmam qay o‘tdim,
Shukur, she’r Mahmudning hayoti bo‘ldi.
* * *
Muz asli – bu qishning zardasi erur,
Qish o‘zi bahorning pardasi erur.
Bulbullarga beshik belagan bahor,
O‘n sakkiz ming olam xandasi erur.
* * *
Oilang oromini tillo bermaydi,
Mehrdan boshqasi, illo, bermaydi.
Oqibat ortingdan ergashib yursa,
Uyingda g‘am, qayg‘u sado bermaydi.
* * *
Oldingdan oqqan suv nazardan chetda,
Halollik hamisha hazardan chetda.
Bu dunyo foydaning foytuni emas,
Yetti o‘lchab kesgan zarardan chetda.
* * *
Qayta ko‘rmoq bo‘lsang bosgan yo‘lingni,
Ko‘ksingga qo‘yolgin ikki qo‘lingni.
Otdan tushib, picha piyoda yurgin,
Sen yerda ko‘rasan haqgo‘y elingni.
* * *
Nokasning nomi ham tilingga ozor,
U avval bergaydir dilingga ozor.
Sen undan chimdim tuz so‘rgandan ko‘ra,
Peshonang sho‘rini yalayver takror.
* * *
Qanot qoqqan bilan har qush burgutmas,
Har qushni burgutdek tog‘lari kutmas.
Bizdan o‘zga elning Navoiysi yo‘q,
Qalam tutgan zot bor, buni unutmas!
* * *
Bulut ko‘rgin, qabog‘ingdamas,
Soch shu’lasi tarog‘ingdamas,
Ochiq ko‘zda gar chohga tushsang,
Mahmud, aybing oyog‘ingdamas.

IKKILIKLAR

El-ulus nazarin taxti ilmda,
Boqiy yashamoqning baxti ilmda.
* * *
Oshiqlik umrimiz oliy unvoni,
Bu shunday unvonki, ko‘pdir armoni.
* * *
Dunyo asli qo‘lning kiri deganlar.
Bir umr shu kirning g‘amin yeganlar.

Mahmud TOIR,
O‘zbekiston xalq shoiri

“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-oktyabrdagi 42-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596