07.10.2025 | 14:53
1368
BIZ VATANGA KERAK, BIZLARGA – VATAN! (SHE’RLAR)
Erkin VOHIDOV,
O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri:
Xuddi kechagidek esimda, A’zamjonning she’rlarini “Yoshlik” jurnaliga Anvar Obidjon olib kelgandi. Favqulodda teran, nihoyatda dadil, samimiy, quyma misralarni o‘qiyotib, uning muallifi talaba ekanligiga ishongim kelmagan. Ular havaskor talabaning mashqlariga umuman o‘xshamasdi. Tengdoshlaridan farqli mukammallik, til va so‘zga, adabiyotga mas’uliyat, millat taqdiriga daxldorlik yaqqol sezilib turardi. She’rlarida yolqin, isyon, o‘ktamlik bor edi. Farg‘ona o‘rikzorlarini eslatuvchi ajib soflik, tiniqlik ufurib turardi. Odatiy obrazlardan xoli misralar, ohori to‘kilmagan tashbehlar, tiniq tuyg‘ular, dadil fikrlar, zamon va abadiyat qonunlari uyg‘unlashgan to‘fondek taassurot qoldirardi. Shuning uchun ham A’zamjon talabalik paytidayoq tanildi, Ozod akadek ustozlarning e’tiboriga tushdi. O‘shanda “Yoshlik” jurnalida bosilgan turkumi she’riyatning yillik muhokamasida juda katta baho olgandi.
Erkparvarlik, millatparvarlik, milliy g‘urur A’zamjonning muharrirlik faoliyatida, uning milliy adabiyot manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yganligida juda yaqqol ko‘rinadi. U mustabid tuzum davrida Cho‘lponning “Bahorni sog‘indim” kitobiga, “Boburnoma”ga, “Sabotul-ojizin”ga nom qozonish uchun emas, balki tarixga muhabbati, milliy adabiyotning taraqqiyoti, yosh avlod kelajagi uchun jonkuyarligi, e’tiqodi butunligi tufayli muharrirlik qilgan. Bu kitoblar o‘z vaqtida qizg‘in shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Ayniqsa, “Bahorni sog‘indim”, ayniqsa, “Sabotul-ojizin”. Salkam yarim asrlik sukunatning istibdodini yengib, millatning tafakkuri va milliy g‘ururini uyg‘otib, zehnini charxlaydigan bu kitoblarni nashr etish haqiqiy jasorat edi.
2010-yil

QATAG‘ON DAVRIGA CHIZGI
Aniq – u zo‘rniki,
tomoshasi ko‘rniki.
Til – aybdor, quloq – guvoh,
Qozi – o‘zi, rozi – o‘zi.
Ozor bermay tosh ko‘ngliga
“Zamon nozik” deb qo‘yishar
yumshoqqina odamlar.
* * *
Ishqing dil dashtini gulxona qildi,
gul bo‘lib kiray qalb – gulboqqinangga.
Kelar yo‘llaringga mehrim poyandoz,
ko‘z intizor yo‘li yiroqqinangga.
Jilmayib kutib ol telba rashkimni,
jonim fido noz-u firoqqinangga.
Ko‘zlaring yashirma, so‘z so‘ray undan,
Ko‘zim javob bersin so‘roqqinangga.
Vodiy gulin taqay minorlaringga,
yurak rasmin chizay dudoqqinangga.
Quvonchdan kulsam ham, g‘amga to‘lsam ham,
Vatanim, deb boray quchoqqinangga.
Istagim – pichirlab aytsam eng so‘nggi,
eng so‘nggi so‘zim ham quloqqinangga…
QO‘QON SHAMOLI
Bu tabiat qarg‘ishi emas,
shamol bunga kelgan ataylab.
Aytgan: nimjon bo‘lar bolalar,
o‘stirsangiz ortiq avaylab.
Mashaqqatdan qochmadim hargiz,
entiktirar kunlar visoli.
Qayda bo‘lmay quloqlarimga
hayqiradi Qo‘qon shamoli:
“Bir gul desang bunda o‘zingni,
kuchimga dosh berolsang, gulsan.
Ko‘zlaringga qum to‘lsa hamki,
sayrayolsang asl bulbulsan”.
Balki uni bilmaydi ko‘plar,
U tinmaydi to‘rt faslda ham.
Bunda yashar kimki do‘ppisin
tuta bilsa boshida mahkam!
ONAMGA
Yig‘iga o‘xshagan tabassum bilan
Yana qoshingizga qaytmoqdadirman.
Bu yerda hech kimsa parvo qilmagan
Dil rozimni sizga aytmoqdadirman.
Men osmondan yerga tushib qolganman,
Do‘stlar xiyonati boshimni egib.
Muhabbat, visoldan bezib qolganman,
Hatto baxtiyorlik jonimga tegib.
She’rsiz – dardsiz kunlar bisyor bunchalar,
Shodumon kunlarim ortiq ko‘paydi.
Ilhom menga sernoz malikalardek
“Fuqaro, fuqaro, fu, qaro!” deydi.
Qadahga egilgan boshni ko‘tarsam,
Yuragim xirqirab so‘z aytdi og‘ir:
Shoirmas so‘zni ming ko‘ylarga solgan,
She’rni deb ming ko‘yga tushganlar shoir!
Asablar qaqshaydi dunyoga boqsam –
Hanuz to‘qnash kelar yetimlar, tullar.
Urush o‘chog‘ining nafsi yomondir –
Unga o‘tin bo‘lar bolalar, gullar.
Biz qutlug‘ manzilga yetmog‘imiz shart,
Kurash intihosi – saodat zotan.
O‘zni fido etmak ham axir bir baxt,
Biz vatanga kerak, bizlarga – vatan!
Yasholmasang butun hayoting bekor
Bir qalbda ishq bo‘lib, saodat bo‘lib.
Moviy kelajakka bormaslik darkor,
Ezgulikdan mash’um “qora xat” bo‘lib.
Manzilim olisdir, menga yo‘l tilang,
Bobom Muqannaning ko‘ylagidek oq.
To zaminda tinchlik barqaror bo‘lsin,
Dunyoning iqboli yanada porloq!
SOHIBA PORTRETI
Farishta bor uning yuzida,
qarashlari hurkak, osuda.
Men uni hattoki o‘zimdan
Pinhon tutgim keladi juda.
U olamga o‘t qo‘yib yurar –
Nafaslari pokiza gulxan.
Bu sokin, bu notinch dunyoga
U kech kelgan yo erta kelgan.
Unga maskan bo‘lmoqlik uchun
Dunyo hali poklanishi shart.
Faqatgina imoni butun
Unga kelsa baxtli bo‘lar Baxt.
Ko‘zlar sokin bir qo‘shiq kuylar,
Jimirlashib ketadi tanlar:
“Muhabbatni ermak deb o‘ylar
Muhabbatdan tug‘ilmaganlar!”
TILAK
She’r – balo, ishq – balo, so‘z – balo
Faqat balo ko‘rib yashaylik.
She’r – armon, ishq – armon, so‘z – armon
Dunyodan armonsiz ketmaylik.
Saodat, sadoqat – gulxandir,
Biz mangu yonaylik gulxanda
Uy – Vatan, kuy – Vatan, o‘y – Vatan
Orzuga yetaylik Vatanda…
ILTIJO
Uh desam, kiprigi, ko‘zi namiqqan,
Ketsam, ko‘zlarida yoshlari jiqqa,
Men yashnagan sayin rangi siniqqan –
Sevarim, sog‘ o‘l.
Boshimni egmagan menga bosh egib,
Puch urug‘-la qolgan sara don ekib,
Ro‘shnolik ko‘rmagan oshnoga tegib –
Sevarim, sog‘ o‘l.
O‘zing bilgan, balki bilmagaydirsan,
Izn etmasam, hatto kulmagaydirsan.
Demak, men aytmasam o‘lmagaydirsan –
Sevarim, sog‘ o‘l…
* * *
Bu yorug‘ yuzdan ko‘z olma, nurga burkaydur seni,
G‘ofil o‘tsang ko‘r-u kardek shu’la urgaydur seni.
Bu raso qadni yo‘qotma, izlarini ko‘zga surt,
Ne balo kelsa, omonsan – sochi chirmaydur seni.
Do‘sti to‘g‘ri yo‘ldan ozgan kimsa zulmat ichradir,
Jahd etib chiqmas esang, ul oy ko‘rmaydur seni.
Bunchalar sustlashma, o‘t bo‘l, bir jang emish oshiqlik,
Sachragan uchqun yanglig‘ qonlar chaqirgaydur seni.
Oy nur sochar quyoshning yet deb visolig‘a pok,
Tundan oq chiqmas esang, tonglar kechirmaydur seni.
KUZDA KULGAN CHECHAK
Kun ko‘rmay kunim ko‘rdim:
Tez kech kirdi, tongdan dil xufton.
O‘sib qariyapman,
Yengilish – yengil ish.
Har tun hayot marhum,
Doim tirik o‘lim:
Hayot menga do‘stmas, ha, yot.
Qalam tutqazar alam,
Muzday hovur purkar saraton.
Olloh, panohingga ol-l, oh.
Nomingdan yorishdi yodim,
Endi gullar qishda ham gullar.
O‘lib-tirilmasman sira,
O‘lib, tiriladigan dunyoga.
Yarash yo‘q, kurashga yarash bor.
IQROR
Kuy bo‘l qo‘shig‘imga, momoguldirak,
Buncha gursillama, og‘ir bo‘l, yurak.
Qiynaldim, sirimni ochishim kerak –
Bir baxtsiz ayolni sevaman…
Har kun nasibasi haqorat, qarg‘ish,
Bahori bir lahza, uzun umri qish.
Bir istagi qolish, ming ahdi ketish –
Bir baxtsiz ayolni sevaman…
Aldamchilik, yolg‘on mendan naridir:
U mening jonimdir, malak, paridir.
Birov deb yashnadi, meni deb qariydir –
Bir baxtsiz ayolni sevaman…
O‘tda kuydi, suvda cho‘kdi yil, kuni,
Menga nasib etdi oydin bir tuni.
Endi o‘lgim kelar jim quchib uni –
Bir baxtsiz ayolni sevaman…
* * *
Kech kuzda anglabman ko‘klam ketganin,
Yuksakdan qulagan barglar qarg‘anar.
Nahotki shu – manglayimga bitgani –
Qaldirg‘ochlarim yo‘q, nuqul qarg‘alar.
O‘z holimga qo‘ying, hayqiray bir bor
Bosib daydi shamollarning hushtagin:
“Ey, bahor,
hey, bahor,
oh, bahor,
Ketma, mening yuragimda qishlagin”.
A’zam O‘KTAM
“Jadid” gazetasining 2025-yil 3-oktyabrdagi 40-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



