Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.01.2026 | 10:17

img1677

TO‘Y IXCHAM – O‘Y IXCHAM

Biror xalq-u elatning farovonligi uning bozoridan ayon bo‘lishi qadimiy hikmatlarda naql qilinadi. Ayni biror millatning qadriyati esa oilaviy marosimlar, xususan, to‘y va ma’rakalarda zohir bo‘lsa, ajab emas.

O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov yozganidek, bir to‘y xarajatida bir boy yaponning bir kambag‘al o‘zbekka teng kela olmasligi chin. Shu ma’noda, donishmand olim Albert Eynshteynning ushbu so‘zlari xotirga keladi: “Bolalaringizga qanday pul topishni emas, uni qanday sarflashni o‘rgating”. Xalqimizda “Pul topib, aql topmagan” degan ibora bor. Bu ibora cho‘ntagidagi pulini “bebiliska” xarj qilgan kishiga nisbatan qo‘llanadi.

Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi “Qorasuv” hududida mana shunday yigit – kuyov mahalla faollari va nuroniylar, jamoatchilik tomonidan tartibga chaqirildi. Gap shundaki, A.G‘. ismli yigit o‘tgan haftada nikoh to‘yi munosabati bilan uyi qolib, ko‘chani turli parda va sun’iy gullar, bezakli arklar bilan yasatgan. To‘y va shodiyona shukuhini ulashgani uchun kuyovto‘radan, albatta, qarindosh-urug‘ ham, mahalla ahli ham minnatdor. Basharti, bu tadbir maromida bo‘lganida, mahalla ahli minnatdorlikda davom etardi ham. Ammo hashamga o‘ch va orzu-havasini jilovlay olmagan yigit yo‘lning qatnov qismi yarmigacha ark yasatib, transportlari  harakatiga noqulaylik tug‘dirdi, shaxsiy manfaatini odamlar manfaatidan ustun qo‘ydi. Ayniqsa, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida mahalla ahlining faolligi va uyushqoqligi samarasi o‘laroq yaqinda asfaltlangan ko‘chaga qoziqlar qoqilib, unga jiddiy zarar yetkazilgani mahalladoshlarning dilini ranjitdi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi O‘rta Chirchiq tumani bo‘limi, ichki ishlar bo‘limi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi va boshqa jamoatchilik vakillari hamda mahalla faollarining da’vati, nuroniylarning nasihati orqali to‘y bezaklari maromiga solindi, to‘y egalari esa tartibga, insofga chaqirildi.

Toshkent viloyatining shahar va tumanlari, mahalla va qishloqlarida jamiyatda maromiylik madaniyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan bu kabi tadbirlar davom etmoqda. Targ‘ibot tadbirlarida to‘y-hasham va ortiqcha isrofgarchilik, jumladan, oilaviy tadbirlar va boshqa marosimlarda me’yorni saqlamaslik kabi tez-tez uchrab turishi, bu kabi holatlar aholining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlariga putur yetkazibgina qolmay, milliy qadriyatlarga zid kayfiyatning shakllanishiga ham sabab bo‘layotgani ta’kidlanmoqda. “Maromiylik marafoni” doirasidagi chora-tadbirlar dasturiga muvofiq olib borilayotgan bunday tadbirlar ijobiy natija berayotganini yuqoridagi holat misolida ko‘rish mumkin. Biroq bu xotirjamlikka kafolat bo‘la olmaydi.

Oilaviy marosimlarni tartibga solishda quyi bo‘g‘in rahbarlari va deputatlarning shaxsiy namuna ko‘rsatayotgani, albatta, quvonarli.

– Yaqinda nabiramni to‘y bazmisiz uylantirdik. Ajablanmang, nikoh to‘yiga bag‘ishlangan bazm tashkil etilmadi. Bu yetishmovchilik yo boshqa shu kabi biror sabab bilan emas, azbaroyi, odamlar orasida ixcham to‘y bilan ham, umuman, bazmsiz ham baxtli oilaga asos solish mumkinligini amalda ko‘rsatish uchun edi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasining Nurafshon shahar bo‘limi rahbari Jo‘ra Ahmedqulov. – Nikoh to‘yi bazmi o‘rniga xonadonimizda kichik marosim o‘tkazildi. Kelin uzatib kelgan qudalarimiz uyimizda mehmon bo‘ldi, shu yerning o‘zida ixcham bazm ham tashkil etildi. Qatnashchilar yuz kishiga ham yetmadi. To‘yga xarj qilinishi kerak bo‘lgan, biroq tejalgan mablag‘ kelin-kuyovning xorij sayohati uchun ajoyib sarmoya bo‘ldi. Ko‘z tegmasin, nabiralarim baxtli hayot kechiryapti. Ularning baxtini ko‘rib, bizning ham umrimiz uzayayotgandek, go‘yo. Aytmoqchimanki, to‘ylar, mayli, bo‘laversin, ammo to‘qlikka sho‘xlik musobaqasiga, isrof va uvol maydoniga aylanib ketmasin! Bu bo‘yicha bobo-buvilar o‘rtasida ham targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadal olib borish talab etiladi.

Darhaqiqat, jamiyatda bir kishi boshlab bersa, xayrli tashabbus quloch yoyadi. Ko‘pchilik “kuyov navkar”ni, “charlar”ni, “qiz bazmi”ni qisqartirolmay yurgan bir paytda, Jo‘ra ota o‘zi bosh bo‘lib, nikoh bazmini ham o‘tkazmay qo‘ya qolibdi. Bundan o‘rnak olish lozim, albatta.

“Mahalla yettiligi” a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Xalq deputatlari O‘rta Chirchiq tumani Kengashi raisi Ra’no Jumanova to‘y marosimi bilan bog‘liq asosli mavzuni ko‘tardi.

– To‘yga artist chorlash hammamiz uchun oddiy tuyulishi mumkin, aslida esa, hozirgi to‘ylardagi eng dolzarb masalalarning biri shunga borib taqaladi, – dedi Ra’no Jumanova. – Nima uchun desangiz, yillar mobaynida to‘yga tayyorgarlik ko‘rgan to‘y egalari o‘zlari istagan kunda bu marosimni o‘tkazish imkoniyatidan mahrum! Ha, xuddi shunday! Unda kim belgilaydi, deyishingiz mumkin. To‘y kunini artist, ha, artist belgilab beradi. Afsuski, “birrovchi” artistlarning javobi, aniqroq aytilsa, “bo‘sh kuni”ga qarab, to‘y belgilanadi. Shu tariqa, qudalararo kelishilgan muddat bir necha kun yo haftaga surilishi ham mumkin.

Ra’no Jumanova davra suhbatida o‘rinli fikrni o‘rtaga tashladi. Unga ko‘ra, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorlikda boshlagan “Maromiylik marafoni”ga endilikda Madaniyat vazirligi ham qo‘shilsa, to‘ychi xonandalarni tartib va insofga chaqirib, shu orqali o‘zbek milliy san’atining eng sara namunalaridan iborat milliy to‘y repertuarini shakllantirib bersa, nur ustiga nur bo‘lardi. Axir, yoshlar qachongacha “Dilxiroj” emas, “Lezginka”ga raqs tushadi?!

– Dabdabali to‘ylar haqida “ixcham” o‘ylarni bayon qilgimiz keladi. Ammo to‘ylar ixchamlashmas ekan, o‘ylarni ham ixchamlashtirib bo‘lmaydi, nazarimda, – deydi Parkent tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Marg‘uba Inoyatova. – To‘y, ma’raka va oilaviy marosimlarni belgilangan cheklovlar asosida to‘y oshlarini ikki tomon kelishgan holda bir kunda bitta to‘yxonada o‘tkazishi, shuningdek, to‘ylarni ham ikki tomon bahamjihat bir kunda bitta to‘yxonada tashkil etishi tavsiya etilmoqda. Bu katta miqdordagi isrofgarchilikning oldini olish uchun xizmat qiladi. Shu ma’noda, “Qadriyatlar qadr topgan oila” mavzusidagi targ‘ibot va tushuntirish tadbirlarini ham o‘tkazib kelmoqdamiz. Bu orqali jamiyatda milliy qadriyatlarga hurmat, mehr-oqibat va birdamlik ruhini mustahkamlash ko‘zda tutilgan. “Maromiylik marafoni” davomida to‘y va marosimlarda ortiqcha dabdabadan voz kechish, tejamkorlik va ma’naviy qimmatga e’tiborni oshirish uchun “To‘ymisan, to‘y bo‘ldi!” shiori ostida namunali to‘ylar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bunday to‘y egalariga “Ibratli oila” ko‘krak nishonini topshirish ham ko‘zda tutilgan.

Mamlakatimizni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotganining tub zamirida xalq farovonligini ta’minlashdek ezgu g‘oya yotadi. Biroq isrofgarchilikka asoslangan sun’iy udumlar davlat siyosatiga ham, o‘zbek xalqining milliy urf-odatlariga ham tamoman ziddir. “Maromiylik marafoni” doirasida tashkil etilayotgan targ‘ibot tadbirlarida mana shular muhokama qilinmoqda, aholi isrofdan chekinishga da’vat etilmoqda, zarur hollarda qat’iy choralar ko‘rilayotir. Zero, to‘y shunchaki oilaviy marosim emas, milliy qadriyatdir.

Otabek ISROILOV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 23-yanvardagi 4-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600