Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.02.2026 | 15:37

img1514

BIR RUH – IKKI DAVR

Tarix oddiy voqealar ketma-ketligi emas. U millat tafakkurining uzluksiz harakati, bir davrdan ikkinchisiga o‘tadigan ma’naviy jarayondir. O‘zbek tafakkuri tarixida ham shunday uzluksiz ma’naviy yo‘l bor. Bu yo‘l bir tomonda davlatchilik va mas’uliyat, ikkinchi tomonda ma’rifat va ong bilan belgilanadi. Bir qarashda o‘zaro uzoq tuyulgan ikki davr: Bobur zamoni va jadidlar davri, aslida, shu bitta ruhiy oqimning turli bosqichlaridir. Ular orasida asrlar bor, ammo maqsad bir – millatni asrash, inson qadrini saqlash va kelajakka umid qoldirish.

Bobur davrida bu tafakkur hokimiyat orqali namoyon bo‘ldi. Davlat boshqaruvida vijdon, adolat va ma’naviy mas’uliyat mezon sifatida ko‘rildi. Jadidlar davrida esa xuddi shu ruh boshqa shaklda – maktab, matbuot, ma’rifat va jamoat ongi orqali namoyon bo‘ldi. Ya’ni, hokimiyat o‘zgardi, usul almashdi, ammo mohiyat saqlanib qoldi.

Bugun “Uchinchi Renessans” degan tushuncha aynan shu tarixiy tadrijga tayanadi. U asrlar davomida shakllangan ma’naviy tafakkurning navbatdagi bosqichidir. Demak, bugungi taraqqiyotni to‘g‘ri anglash uchun o‘sha ruh qaysi ildizdan oziqlanganiga ham qarash zarur. Shu ma’noda, Bobur tafakkuri va jadidlar harakatini birga o‘rganish bugungi taraqqiyot g‘oyalarini chuqur anglashga xizmat qiladi.

MA’RIFATLI HOKIMIYAT TAFAKKURI

Zahiriddin Muhammad Boburning davlatchilik tafakkuri faqat shamshirga emas, aql va vijdonga tayangani bilan ajralib turadi. Bobur uchun hokimiyat g‘alaba ramzidan ko‘ra javobgarlik mezoni edi. Shu bois, u o‘z faoliyatini anglashga va xatolardan xulosa chiqarishga intildi.

Bu yondashuv “Boburnoma”da Samarqand voqealari orqali juda aniq ko‘rinadi. Bobur Samarqandni qo‘lga kiritganini yozar ekan, uni saqlab qololmaganini tashqi xiyonat yoki taqdirga yuklamaydi. Aksincha, u mag‘lubiyat sababini ochiq tan oladi: “Men Samarqand olg‘onda, o‘n to‘qquz yoshta edim. Ne ko‘p ish ko‘rub edim, ne tajriba bo‘lub edi”. Bu iqtibos Boburning davlatchilik tafakkuridagi noyob jihatni ochib beradi. Ya’ni, u kamchilikni yoshligi va tajribasizligi bilan bog‘laydi. Aybni boshqalarga yuklamaydi, o‘zini oqlamaydi. Bu – hukmdor uchun kam uchraydigan fazilat.

Boburning davlatchilikka munosabatida xalq roziligi ham hal qiluvchi o‘rin tutadi. “Boburnoma”da u Samarqand qamali chog‘ida aholi chekkan qiyinchilikni shunday tasvirlaydi: “Elga bisyor tanqisliq bo‘ldi… faqir va miskin it etini, eshak etini yeya kirishtilar”. Bobur urushni qahramonlik sahnasi sifatida emas, balki inson taqdiriga solingan og‘ir sinov sifatida ko‘rsatadi. U shaharlarning vayron bo‘lishi, xalqning ochlik va qiyinchilikka duchor bo‘lishini davlat uchun eng og‘ir oqibat deb biladi.

Bobur urushning natijasini faqat g‘alaba yoki mag‘lubiyatga taqamay, odamlar taqdiri bilan o‘lchaydi. Qamal uzayganida u ochiq tan oladi: “Sipohi va raiyat navmid bo‘lib, birar, ikkirar qo‘rg‘ondin tashlab qocha kirishtilar”. Bu satrlar Boburning hokimiyatga ma’naviy mas’uliyat bilan qaraganini ko‘rsatadi. Uning tafakkurida hokimiyat xalq oldidagi burch edi. Ana shu yondashuv Boburni oddiy sarkardadan ko‘ra kengroq, asrlar oshib ham nufuzini yo‘qotmaydigan davlat arbobiga aylantiradi.

MA’RIFAT ORQALI JAMIYATNI UYG‘OTISH

XX asr boshlarida maydonga chiqqan jadidlar harakati siyosiy kurashni to‘g‘ridan to‘g‘ri hokimiyat uchun emas, inson ongi uchun olib bordi. Ular jamiyat o‘zgarishi, avvalo, fikrda boshlanishini yaxshi anglar edilar. Shu bois, jadidlar uchun asosiy maydon maktab, matbuot, teatr va so‘z minbari bo‘ldi. Bu harakat qalam bilan qurollandi.

Jadidlar tafakkurida hokimiyat muammosi davlat tuzilmasidan ko‘ra chuqurroq qo‘yildi. Ularning fikricha, jamiyat qullik ruhidan chiqmas ekan, har qanday hokimiyat zulmga aylanishi mumkin. Shu sababli, bu fidoyilar “Kim hukmron?” degandan ko‘ra, “Kim anglagan?” degan savolni ustuvor bildilar. Ma’rifat jadidlar uchun siyosatning eng oliy shakli edi.

Jadid asarlarida tanqid ochiq va qat’iy, ammo hech qachon vayronkor bo‘lmagan. Ular hokimiyatni butunlay inkor qilish yo‘lidan bormadi, aksincha, vijdon va mas’uliyat bilan boshqaruvga chaqirdi. Masalan, Mahmudxo‘ja Behbudiy “Haq olinur, berilmas” kabi maqolalarida podshoh yoki ma’muriyatni la’natlashdan ko‘ra, amaldorning johilligi, ta’limsizligi va xalq dardini bilmasligini asosiy muammo sifatida ko‘rsatadi. Uningcha, muammo hokimiyatning mavjudligida emas, balki uning qanday odamlar qo‘lida ekanidadir.

Jadidlar uchun amaldor johilligi, xalq savodsizligi va maktablar qoloqligi bir-biriga bog‘langan bitta zanjir edi. Behbudiyning “maktab isloh qilinmas ekan, millat isloh bo‘lmas” degan mazmundagi fikrlari yoki Abdulla Avloniyning tarbiya haqidagi asarlari shuni ko‘rsatadiki, ular jamiyatni yuqoridan zo‘rlik bilan emas, quyidan ma’rifat bilan o‘zgartirishni taklif qiladi. Agar maktab qoloq bo‘lsa, xalq ongsiz qoladi, xalq ongsiz bo‘lsa, hokimiyat ham mas’uliyatsiz bo‘ladi. Jadidlar ana shu halqani uzishni maqsad qildi.

Jadidlar faoliyatida xalq roziligi g‘oyasi alohida o‘rin tutadi. Ular uchun xalq shunchaki boshqariladigan omma emas, tarbiyalanishi, qaror qabul qilishga tayyorlanishi lozim bo‘lgan kuch edi. Shu bois, jadidlar gazeta va jurnallar chiqarib, xalq bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qildi. Sahna asarlari orqali esa johillik, poraxo‘rlik, soxta dindorlik kabi illatlarni ochiq ko‘rsatdi. Behbudiyning “Padarkush” dramasi hokimiyatga qarshi chaqiriq emas, jamiyatning o‘ziga oyna tutib qaratish edi.

Zero, jadidlar harakati siyosiy inqilob emas, ma’naviy inqilob edi. Ular davlatni o‘zgartira oladigan insonni tarbiyalashni maqsad qildi. Bu yondashuv jadidlikni faqat bir davrda qolib ketgan harakatdan ko‘ra bugun ham dolzarb bo‘lgan tafakkur maktabiga aylantiradi. Jadidlar bergan asosiy saboq hokimiyatni o‘zgartirishdan oldin, uni nazorat qila oladigan ongni shakllantirish zarurati edi.

MA’NAVIY DAVOMIYLIK

Bobur ham, jadidlar ham qudratni yagona hal qiluvchi omil deb bilmaydi. Bobur uchun harbiy g‘alaba inson hayoti bilan, jadidlar uchun esa siyosiy ustunlik ma’naviy yetuklik bilan o‘lchanadi. Biri davlatni saqlab qolish uchun o‘zini hisobga tortadi, ikkinchilari jamiyatni qutqarish uchun fikrni uyg‘otadi. Maqsad turlicha ko‘rinsa-da, manba bitta – mas’uliyatli tafakkur.

Shu ma’noda, jadidlar Boburning ma’naviy merosxo‘rlaridir, desak haqiqat bo‘ladi. Ular Bobur boshlagan yo‘lni yangi davr sharoitida davom ettirdilar. Shamshir o‘rniga so‘z, saroy o‘rniga maktab, hokim qarorlari o‘rniga jamoat fikrini qo‘ydilar. Bu inkor emas, davrga hamohang o‘zgarish edi.

HAL QILUVCHI OMIL

Zahiriddin Muhammad Bobur davlatchilik tafakkurida xalq bilan hokimiyat o‘rtasidagi munosabatni hal qiluvchi omil sifatida ko‘radi. “Boburnoma”da u qamal va urush sharoitida davlatning ahvolini devorlar yoki qo‘shin soni bilan emas, xalqning holati bilan o‘lchaydi. Bobur tafakkurida xalq davlat taqdirini belgilaydigan haqqoniy kuchdir. Urush maydonida emas, xalq hayotida qabul qilingan noto‘g‘ri qarorlar davlat uchun eng katta xavf ekanini u ochiq tan oladi. “Boburnoma” shu jihatiga ko‘ra hokimiyatni raiyat ahvoliga javobgarlik bilan baholaydigan davlatchilik maktabidir.

Jadidlar mana shu g‘oyani mutlaqo yangi ijtimoiy sharoitda davom ettirdi. O‘sha zamonda hokimiyat xalqdan tobora uzilib, davlat bilan jamiyat o‘rtasida chuqur jar paydo bo‘lgan edi. Oydinlar bu uzilishni qurol bilan emas, ong bilan bartaraf etish mumkinligini tushundilar. Shu bois, ularning kurashi johillikka qarshi qaratildi. Jadidlar xalqni boshqarish mumkin, ammo uni aldash mumkin emas, degan qat’iy e’tiqodda bo‘ldi.

Bu nuqtada ham ikki o‘rtada chuqur ma’naviy uyg‘unlik namoyon bo‘ladi. Bobur xalq roziligini yo‘qotgan hokimiyatning barqaror bo‘la olmasligini o‘z tajribasi orqali anglagan bo‘lsa, jadidlar bu xulosani jamiyat miqyosida ilgari surdilar. Shu ma’noda, Bobur va jadidlar merosi har qanday zamonda dolzarbdir. Chunki hokimiyatning haqiqiy tayanchi xalq ishonchi va ma’naviy aloqadadir. Ana shu ishonch bor joyda davlat yashaydi, yo‘q joyda esa u faqat nomigagina mavjud bo‘ladi.

TARIXIY TAFAKKURDAN KELAJAK STRATEGIYASIGA

Bugun “Uchinchi Renessans” degan tushuncha balki milliy taraqqiyotning ma’naviy va intellektual dasturi sifatida maydonga chiqmoqda. Bu g‘oyaning ildizlari esa xalq tafakkurida avvaldan mavjud bo‘lgan, turli davrlarda turli shakllarda namoyon bo‘lgan ma’naviy an’ananing davomidir.

Bobur davrida Renessans g‘oyasi davlat boshqaruvida namoyon bo‘lgan. U hokimiyatni ilm, tafakkur va ma’naviy mas’uliyat bilan uyg‘un holda angladi. Uning tafakkurida ilm-ma’rifat davlat qudratining ichki tayanchi sifatida namoyon bo‘ladi. Bu renessansning siyosiy shakli edi. Agar Bobur davlatni ma’naviy asosda saqlab qolishga intilgan bo‘lsa, jadidlar millatni ma’naviy inqirozdan olib chiqishni maqsad qildilar. Ular uchun renessans ilmli avlod, ongli jamiyat, erkin fikr edi. Jadidlar maktabni isloh qildi, so‘zni qurol qildi, fikrni harakatga aylantirdi. Bu renessansning ijtimoiy va ma’rifiy bosqichi hisoblanadi.

Fikrimizcha, Uchinchi Renessans ana shu ikki tajribani umumlashtirgan holda namoyon bo‘lishi lozim. U faqat iqtisodiy o‘sish yoki texnologik taraqqiyot bilan cheklanmaydi. Agar ilm ma’naviyatdan, hokimiyat javobgarlikdan uzilsa, taraqqiyot barqaror bo‘lolmaydi. Shu ma’noda, Boburdan mas’uliyatli hokimiyat sabog‘ini, jadidlardan ongli jamiyat g‘oyasini olish bugungi kun uchun muhim ahamiyatga ega. Bobur va jadidlar bizga yo‘lko‘rsatkich: davlat ham, jamiyat ham ilm, adolat va inson qadriga tayangandagina taraqqiy etadi. Ana shu haqiqat bugun ham, ertaga ham o‘z qiymatini yo‘qotmaydi.

MEROSNING GLOBAL QIYMATI

Milliy o‘zlikni saqlab qolish va jahon bilan uyg‘un rivojlanish masalasi har bir davr uchun dolzarb. Bu borada Zahiriddin Muhammad Bobur ham, XX asr boshida maydonga chiqqan jadidlar ham bir umumiy tamoyilga tayanadi: o‘zligini yo‘qotmagan xalqgina dunyo bilan teng muloqot qila oladi. Ular uchun milliylik yopiqlik yoki boshqa yo‘llarni inkor etish emas, jahonga ochilishning mustahkam poydevori edi.

Bobur o‘z faoliyati bilan shu haqiqatni amalda isbotladi. U Hindistonda ulkan saltanat barpo etar ekan, mahalliy madaniyatni inkor qilmadi, aksincha, turkiy-ma’naviy an’analarni yangi muhitda saqlab qolishga intildi. Turkiy tilda ijod qilish, tarixni shaxsiy xotira orqali yozish, tabiat va inson munosabatini davlatchilik tafakkuri bilan bog‘lash – bularning barchasi Boburning milliy o‘zlikni jahon sahnasida yo‘qotmaslikka qaratilgan ongli tanlovi bo‘lgan.

Jadidlar uchun esa milliy o‘zlik zamon bilan birga yangilanish edi. Jadidlar jahon ilmi, pedagogikasi, matbuot tajribasini qabul qilar ekan, milliy til, tarix va madaniyatni islohot markaziga qo‘ydilar. Ular jamiyatni dunyo bilan teng muloqot qila oladigan millatga aylantirishni maqsad qildilar. Bu yerda muhim jihat shundaki, Bobur ham, jadidlar ham milliylikni siyosiy shiorga aylantirmadi. Ular uchun milliy o‘zlik – mas’uliyat edi. Ana shu yondashuv ularning merosini tor davriy chegaradan chiqarib, jahon sivilizatsiyasi kontekstida ahamiyatli qiladi.

Bobur va jadidlar tajribasi o‘zligini anglagan millatgina jahon jarayonlarida faol ishtirok eta olishi mumkinligi borasida muhim saboq beradi. Milliylik bilan globallikda uyg‘unlik borligini ular o‘z hayoti va faoliyati bilan ko‘rsatib bergan.

TARIXDAN KELAJAKKA UZATILGAN DASTUR

Tarix har doim hozirgi sun’iy intellekt kabi tayyor siyqa dastur to‘qib bermaydi, aksincha savolni to‘g‘ri qo‘yishni o‘rgatadi. Zahiriddin Muhammad Bobur va jadidlar merosi bugungi dunyo oldiga “Hokimiyat nimaga tayanishi kerak – qudratgami yoki vijdonga, farmongami yoki ma’rifatga, qo‘rquvgami yoki ishonchga?” degan savolni qo‘yadi.

Bobur va jadidlar bizga jamiyat  ma’rifatsiz rivojlanmaydi, inson qadri e’zozlanmagan davlat esa kelajakni boy beradi, degan haqiqatni uqtiradi. Shu ma’noda, ularning merosi o‘tmish haqidagi xotiradan ko‘ra ko‘proq kelajak uchun berilgan ma’naviy dastur ekani anglashiladi.

Munisjon HAKIMOV,
O‘zFA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi bo‘limi mudiri, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-fevraldagi 7-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604