20.08.2025 | 09:20
586
ISHDAN ZAVQLANADIGAN DAVR KELDI
Yaxshilikning qanoti bor, degan gap to‘g‘ri ekan. Gazetamizning 25-iyuldagi 30-sonida urganchlik tadbirkorlar – ota-bola Abdullayevlarning zamonaviy kutubxonalar va kitob do‘konlari ochgani haqida maqola chop etilgan edi. Uni o‘qigan samarqandlik mushtariylarimiz “Biz tomonga ham bir qarab qo‘ying, opaginam, Paxtachidagi kutubxonani ko‘rsangiz, bahri dilingiz ochilib, siz ham bir maqola yozib yuborasiz”, deb qo‘ng‘iroq qilishdi.

Darhaqiqat, Paxtachi tuman markazi – Ziyovuddin shaharchasida ma’rifatli tadbirkor Shavkat Mirzayev tomonidan muhtasham kutubxona qurilib, foydalanishga topshirilgan ekan. Boshida ishbilarmon yurtdoshimiz jadid bobolar izidan borib, “Xalq kutubxonasi”ni tashkil etishni orzu qilgan. Yangi bino bitgach, bir muddat xususiy kutubxona va kitob do‘koni sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Shu paytda tuman rahbariyati markazlashgan kutubxona uchun bino qidirayotganidan xabar topadi. U shaxsiy manfaatidan voz kechgan holda binoni tuman Axborot-kutubxona markazi tasarrufiga topshiradi.
Zamonaviy uslubda qad rostlagan binoga kirar ekansiz, kutubxonachilarning mamnun chehrasi, samimiy muomalasi ko‘nglingizni yoritadi. Ko‘zingiz beixtiyor o‘n uch qator qilib terilgan kitob javonlariga tushadi. Ular atrofida kitobxonlarga qulaylik yaratish maqsadida qo‘yilgan yumshoq mebellar, so‘nggi rusumdagi kompyuter jamlanmalari, stol-stullarni ko‘rib, poytaxtdagi Milliy kutubxonaga kirib qoldimmi, deb o‘ylaysiz. Bu yerda 20 mingdan ortiq o‘zbek tilidagi kitob fondi borligini eshitgan har qanday kitobsevar “zamonimdan aylanay” deb yuborishi aniq.
– 1983-yildan buyon shu sohada ishlayman, – deydi Paxtachi tumani AKM direktori Dilorom O‘tkirova. – O‘tgan yillar mobaynida kutubxonalar og‘ir sharoitda faoliyat yuritdi. Ularni turli tashkilotlarga qo‘shib-ayirib, sarson etishdi. Binolar o‘zgarishi, tez-tez ko‘chishi kitoblar sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Eng keraksiz soha bo‘lib qolgandi-da kutubxonachilik. O‘n mingdan ziyod kitob fondimiz ko‘cha-ko‘chda yo‘q bo‘lib ketdi. Eslasam, hali-hamon ichim achishadi. Zax, qorong‘i xonalarda qavat-qavat issiq kiyimlar kiyib ishlaganmiz. Kitob o‘qiydiganlar juda kam edi. Ba’zan biror kitobxon kelarmikan, degan umidda kun bo‘yi eshik qarardik. Shundayam fidoyi kutubxonachilarimiz boshqa ishga o‘tib ketmadi. Suv kelsa simirdi, tosh kelsa kemirdi. Keyin barchasi tubdan o‘zgarib ketdi. Kutubxonalarga yangi nafas kirib keldi. Maoshlar oshirildi, yangi kitoblar taqdim etildi.
Tuman mas’ullari bilan markazlashgan kutubxona uchun joy izlab yurgan kunlarimizda Shavkat Mirzayev mushkulimizni oson qildi. 2024-yilning aprelida 4345 dona kitob bilan yangi binoga ko‘chdik. Endi ishlamasak uyat bo‘ladi. Hozir nafaqat o‘quv zali, tadbirlar uchun ham alohida xonamiz, stol-stulimiz bor. Katta yig‘inlarda ham hech kim tik turib qolmaydi.
Kutubxonada axborot-kompyuter texnologiyalari bo‘limi tashkil etilgan bo‘lib, bu yerdagi barcha kitob, gazeta va jurnallar, o‘quv qo‘llanmalari shu bo‘lim orqali elektron dasturga kiritiladi, kitoblar annotatsiyasi tuziladi. Shuningdek, badiiy va ilmiy adabiyotlar kutubxona saytiga nomma-nom joylanadi.
O‘n bir nafar xodimning qo‘li-qo‘liga tegmaydi bugun. Kitoblar soni oshgani sayin kitobxonlar ham ko‘paygan. Eshik tushlik paytida ham berkitilmaydi.
– Kitob javonlari oralab ishlash zavq beradigan zamonlar keldi, – deydi Dilorom opa. – Tumanimizda tug‘ilib, ijod yo‘lidan ketgan shoir va yozuvchilar esa yangi nashr etilgan kitoblarining taqdimotlarini shu yerdan boshlashadi. Qiziq bir gap: ilgari odamlar olgan kitobini, “bolamni qo‘liga tushib qolibdi”, deb chizib tashlangan, yirtilgan holatda qaytarib kelaverardi. Hozir unaqa gap yo‘q. Kutubxonaning salobatiga qarab kitobxonlarning munosabati ham o‘zgararkan. Bunga uzoq yillik faoliyatimda amin bo‘ldim.
Kutubxonadagi sakkiz mingdan oshiq jahon adabiyoti durdonalarining tanlab keltirilgani markaziy kutubxona rahbarining adabiy didi balandligini ko‘rsatib turibdi. U ish jarayonida kitobxonlarga ham sara asarlar o‘qishni tavsiya qiladi, mijozlarining ijodiy tafakkurini rivojlantiradigan kitoblar bilan ta’minlaydi. Zero, kutubxonachilikning asl san’ati va mohiyati ham ana shunda.
Muhayyo RUSTAMOVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 15-avgustdagi 33-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



