Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.02.2026 | 16:45

img1164

GEOMA’NAVIY XAVFSIZLIK

(2-maqola)

RADIKALIZM VA EKSTREMIZMNING MEDIALASHUVI

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar, raqamli platformalar va virtual kommunikatsiya tizimidan iborat global axborot muhiti geoma’naviy tahdidlarning zamonaviy tabiatini – ong, dunyoqarash va jamoatchilik fikriga qaratilgan axborot ta’siri mexanizmlarini yaqqol namoyon etadi va bunday tahdidlar uchun qulay infratuzilma va makon vazifasini o‘taydi.

Bu muhit vositasida axborotni yuqori tezlikda tarqatish, auditoriyani segmentlash va kontentni algoritmlar orqali ommalashtirish, tashqi g‘oyaviy ta’sirni bardavom jarayonga aylantirib, jamiyatda muayyan kayfiyat va qarashlarni shakllantirish hamda tabiiy holat sifatida qabul qildirish mumkin. Raqamli platformalardagi algoritm va targeting mexanizmlari jamoatchilik ongiga ta’sir o‘tkazib, ijtimoiy muhokamani qutblashtirish, muayyan qarashlarga ustuvorlik yuklash va axborot muhitini parchalangan “haqiqatlar” maydoniga aylantirish imkonini beradi.

Shu sababli, terroristik va ekstremistik guruhlar radikal g‘oyalarni media mahsulotga aylantirgan holda keng tarqatish strategiyasini faol qo‘llaydi.

Masalan, o‘zini an’anaviy islom ta’limotiga tayanayotgandek ko‘rsatayotgan, ammo mazmunan siyosiy-g‘oyaviy maqsadlarni ilgari suruvchi “soxta salafiylik” tarafdorlari raqamli platformalardan faol foydalanmoqda. Raqamli muhitdagi radikal g‘oyalar “Sof islomga yo‘l”, “Asl dinni tiklash”, “Bid’atlarga qarshi kurash”, “Haq yo‘lga qaytish” kabi chaqiriqlar bilan taqdim etilmoqda. Ushbu targ‘ibot shakli zo‘ravonlikni to‘g‘ridan to‘g‘ri targ‘ib qilmasdan, avvalo, dunyoqarashni o‘zgartirishga qaratilgani bilan xavfli hisoblanadi. Radikal mazmundagi kontentlar ko‘pincha qisqa video, “savol-javob” tarzidagi chiqishlar, podkastlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sharhlar orqali tarqatiladi. Ularda davlatchilik, qonun ustuvorligi va jamiyatning dunyoviy asoslari ochiq inkor etilmasdan, “ikkinchi darajali”, “nohaq” yoki “botil tizim” sifatida shubhaga olinadi. Shu tariqa, auditoriya ongida qonunga emas, balki muayyan diniy talqinga itoat shakllantiriladi.

Yevropa Ittifoqi doirasida olib borilayotgan institutsional tahlillar onlayn radikal targ‘ibot va raqamli ekstremizm “nazariy xavf” emas, real, tizimli tahdid ekanini tasdiqlaydi. Xususan, Niderlandiyaning Gaaga shahrida joylashgan Europol – Yevropa Ittifoqining huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik agentligi tomonidan e’lon qilinadigan yillik EU Terrorism Situation and Trend Report (Yevropa Ittifoqida terrorizm holati va rivojlanish tendensiyalari hisoboti)da raqamli muhit terrorchilik va ekstremistik faoliyat miqyosi hamda dinamikasini tezlashtiruvchi asosiy omillardan biri sifatida qayd etilgan.

Yevropa Komissiyasi huzurida faoliyat yurituvchi Radicalisation Awareness Network (Radikallashuvdan xabardorlik tarmog‘i) doirasida tayyorlangan tahlillarda ham onlayn radikallashuvning ko‘lami va shakllari haqida chuqur ma’lumotlar keltirilgan. Xususan, ekspert Jo Uittaker tomonidan tayyorlangan “Online radicalisation: what we know” (“Onlayn radikallashuv: biz nimani bilamiz?”) nomli tahliliy hujjatda internet radikallashuv uchun markaziy maydonga aylangani alohida qayd etiladi. Ayniqsa, o‘ng radikal ekstremizm (millat, irq, din yoki madaniy ustunlik g‘oyalariga tayangan holda, demokratik qadriyatlarni inkor etuvchi, jamiyatda nafrat, kamsitish va zo‘ravonlikni oqlashga moyil bo‘lgan siyosiy-g‘oyaviy radikal qarashlar va faoliyatlar)ning raqamli platformalar orqali ommalashishi xavfsizlik uchun jiddiy tahdid sifatida baholanadi.

BMT va xalqaro xavfsizlik tuzilmalarining hisobotlariga ko‘ra, ISHID tashkiloti internet va ijtimoiy media platformalarini targ‘ibot, qo‘rquv ta’sirini kuchaytirish va og‘dirish vositasi sifatida tizimli ravishda qo‘llab kelgan. Bunda ijtimoiy tarmoqlar, video-platformalar, forumlar va yopiq kanallar orqali professional darajada tayyorlangan video, jurnal, infografik materiallar va shiorli kontentlar tarqatilib, zo‘ravonlik – “qahramonlik”, “adolat” yoki “muqaddas burch” sifatida talqin qilingan. Bu esa raqamli muhitda radikallashuvning transchegaraviy xarakter kasb etishiga olib kelgan.

“Arabiston yarim orolidagi “Al-Qoida” bo‘g‘ini o‘zining “Inspire” elektron jurnali orqali radikal g‘oyalarni g‘oyaviy jihatdan asoslab, tashqi auditoriyaga moslashtirilgan motivatsion chaqiriqlardan foydalanadi. Jurnal mazmun jihatidan radikallashuvni rag‘batlantiruvchi maqolalar, zo‘ravonlikni oqlovchi tahlillar hamda amaliy ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olib, mustaqil harakat qiluvchi shaxslarni (“yakka terroristlar”) g‘oyaviy jihatdan tayyorlashga xizmat qiladi (Europol. EU Terrorism Situation and Trend Report (TE-SAT). European Union Agency for Law Enforcement Cooperation). Bu holat radikal targ‘ibotning an’anaviy tashkiliy shakllardan tashqariga chiqib, individual ongga qaratilgan media strategiyaga aylanganini ko‘rsatadi.

Somalida faoliyat yurituvchi “Al-Shabab” ekstremist tashkiloti ham raqamli targ‘ibotni faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan. Tashkilot o‘zining Al-Kataib media fondi orqali professional video va audio mahsulotlar, intervyular, bayonotlar hamda hujumlarning tasvirlarini tarqatib keladi. Markaz ishlab chiqqan kontentlar mahalliy va xalqaro auditoriyaga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularda zo‘ravonlik “qarshilik”, “himoya” yoki “dinni saqlab qolish” shiorlari bilan oqlanadi. Bu esa raqamli muhitda radikal g‘oyalarning tez tarqalishi va geoma’naviy ta’sir doirasining kengayishiga xizmat qiladi.

Radikal g‘oyalarning medialashuvi va axborot texnologiyalari orqali ommalashuvi shialik ilohiyot maktabi zaminida vujudga kelgan va vaqt o‘tishi bilan muayyan siyosiy-mafkuraviy yo‘nalish kasb etgan “Sheroziylar” harakati faoliyatida ham alohida o‘rin tutadi. Bu haqda siyosatshunos olim O‘.Hasanboyev “Sheroziylar” harakati faoliyatining ayrim jihatlari” nomli risolasida batafsil tahlil va misollarni keltirib o‘tgan. Muallif ta’kidlaganidek, harakat o‘z g‘oyalarini keng auditoriyaga yetkazishda sun’iy yo‘ldosh telekanallari, internet platformalari va ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanib kelmoqda. Xususan, AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan Imam Hussein Television Network media guruhi orqali Hotbird, Nilesat, Turksat va Yahsat sun’iy yo‘ldoshlari, shuningdek, YouTube, Facebook, Instagram, TikTok platformalari orqali kontentlar tarqatilishi ushbu harakatning transchegaraviy mediastrategiyaga egaligini ko‘rsatadi. “Sheroziylar” harakati radikal g‘oyalarning medialashuvi muayyan konfessiyaga xos emas, balki axborot muhiti va texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan universal jarayon ekanini isbotlaydi. Bu holat geoma’naviy tahdidlarga nisbatan bir tomonlama yondashuv yetarli emasligini, balki barcha diniy, mafkuraviy va siyosiy yo‘nalishlarda namoyon bo‘lishi mumkin bo‘lgan mediaradikalizm mexanizmlarini kompleks tahlil qilish zarurligini anglatadi.

Radikal g‘oyalarning medialashuvida “Hizb ut-Tahrir” harakatining axborot strategiyasiga ham alohida e’tibor qaratish zarur. Ushbu harakat zo‘ravonlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri chaqirmasdan, asosan mafkuraviy ta’sir orqali jamiyatdagi mavjud siyosiy va huquqiy tartibni legitimsizlashtirishga urinadi. Raqamli muhitda bunday g‘oyalar elektron jurnal, onlayn byulleten, videoma’ruzalar va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali tizimli ravishda tarqatiladi. Mazkur kontentlarda “ummat” konsepti markazga qo‘yilib, milliy davlatchilik, fuqarolik identifikatsiyasi va suverenitet ikkinchi darajali tushunchalar sifatida talqin etiladi. Bu esa auditoriyada milliy mansublik hissini susaytirish, davlat institutlariga nisbatan ishonchni zaiflashtirish va mafkuraviy parokandalikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, yoshlar orasida siyosiy va huquqiy bilimlar yetarli darajada shakllanmagan sharoitda, bunday g‘oyalar “muqobil adolat modeli” sifatida qabul qilinishi mumkin.

Radikal targ‘ibotning medialashuvida keng qo‘llanadigan usullardan biri – binar sxema asosida fikr yuritishdan iborat. Bu sxemada dunyo “haq va botil”, “mo‘min va kofir” kabi qarama-qarshi qutblarga ajratib ko‘rsatiladi. Bunday soddalashtirilgan ritorika murakkab ijtimoiy, siyosiy va huquqiy masalalarni chuqur tahlil qilish imkonini cheklab, emotsional qabulni ustuvor qiladi. Binar yondashuv qisqa roliklar, ta’sirchan iboralar va qat’iy hukm shaklida taqdim etilib, auditoriya ongida “murosasizlik” holatini shakllantiradi. Natijada, tanqidiy fikrlash va muqobil qarashlar borasidagi qobiliyat zaiflashib, jamiyatda qutblashuv kuchayadi.

Diniy radikal mediatarg‘ibotning geoma’naviy tahdidlar tizimida eng xavfli shakllardan biriga aylanishining asosiy sababi, uning inson ongi, axloqiy mezonlari va ma’naviy e’tiqodiga bevosita ta’sir ko‘rsatish qobiliyatidadir. Bu jarayonda din ma’naviy barkamollik vositasi emas, balki jamiyatni qutblashtirish, davlat institutlariga nisbatan ishonchni zaiflashtirish va huquqiy me’yorlarni nisbiylashtirish uchun mafkuraviy qurolga aylanadi. Shu bois, diniy-radikal mediatarg‘ibotga davlatchilik, huquqiy tartib, milliy birlik va ijtimoiy barqarorlikka daxldor bo‘lgan strategik tahdid sifatida qaralishi lozim.

TAHDIDLAR QARSHISIDAGI ZAIFLIK NIMADA?

Tashqi axborot-mafkuraviy ta’sirning samaradorligi faqat uning texnologik yoki media imkoniyatlari bilan cheklanmaydi. U, avvalo, jamiyat ichida mavjud bo‘lgan ma’naviy, ma’rifiy va institutsional zaifliklar bilan bevosita bog‘liq. Aynan shu zaifliklar tashqi g‘oyaviy ta’sirning qabul qilinishi, ichki muhitda mustahkamlanishi va ayrim hollarda qo‘llab-quvvatlanishi uchun qulay ijtimoiy-psixologik zamin yaratadi. Shu bois, geoma’naviy tahdidlarni to‘liq anglash uchun ularni dastaklovchi ichki shart-sharoitlarni tizimli ravishda tahlil qilish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.

Birinchi ichki zaiflik – milliy-ijtimoiy qadriyatlar tizimining zaiflashuvi bilan bog‘liq. Milliy urf-odatlar, oilaviy qadriyatlar, vatanparvarlik, mehr-oqibat, kattaga hurmat va kichikka izzat kabi negiz ma’naviy asoslarni qadrsizlantirishga qaratilgan axborot ta’siri natijasida, jamiyatda individualizm, loqaydlik va ma’naviy bo‘shliq kuchayishi mumkin. Bunday ma’naviy bo‘shliq sharoitida ijtimoiy birlik zaiflashib, har qanday buzg‘unchi g‘oya uchun “qulay muhit” yuzaga keladi.

Ikkinchi zaiflik – mafkuraviy bo‘shliq va tanqidiy fikrlashning yetishmasligidan iborat. Qat’iy milliy maqsadlar va qadriyatlar tizimi shakllanmagan, tahlil qilish va solishtirish qobiliyati rivojlanmagan jamiyatda manipulyativ axborot qarshiliksiz qabul qilinadi. Uchinchi ichki zaiflik – huquqiy savodsizlikdir. Huquqiy savodi bo‘lmagan kishilar qonunga tartib va himoyaning kafolati deb emas, balki chetlab o‘tish mumkin bo‘lgan to‘siq sifatida qaraydi. Bu holat “o‘zboshimcha adolat”ni oqlash, huquqiy me’yorlarga nisbatan nisbiy munosabatning shakllanishi va radikal chaqiriqlarga moyillikning ortishiga sabab bo‘ladi.

To‘rtinchi ichki zaiflik – diniy kontentlardagi manipulyativ talqinlarni haqiqat sifatida qabul qilishda ko‘rinadi. Diniy mavzudagi video, ma’ruza, serial yoki ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarni ilmiy va huquqiy asoslarsiz qabul qilish ayrim yoshlarda “qonunga bo‘ysunish shart emas”, degan xulosa shakllanishiga olib keladi.

Beshinchi ichki zaiflik – milliy tarix va davlatchilikka oid masalalarning bir tomonlama talqinlariga nisbatan loqaydlik. Milliy g‘oya va tarixiy xotira zaiflashgan sharoitda tashqi axborot makonida davlatchilikni “tasodifiy”, “sun’iy” yoki “muvaqqat” deb ko‘rsatuvchi qarashlar oson ildiz otishi mumkin. Agar bunday talqinlarga o‘z vaqtida ilmiy va asosli javob qaytarilmasa, yoshlar orasida milliy o‘zlik, suverenitet va davlatchilikning legitimligiga nisbatan shubha kuchayib, jamiyatda ishonch muhiti zaiflashadi.

Oltinchi zaiflik – ijtimoiy adolatsizlik hissi va norozilik kayfiyatining keng tarqalishidan kelib chiqadi. Ishsizlik, ijtimoiy tengsizlik, kamsitish yoki korrupsiya kabi muammolar aholida norozilik va umidsizlikni kuchaytiradi. Bunday psixologik holat radikal guruhlar uchun “tayyor muhit” vazifasini o‘tab, buzg‘unchi g‘oyalarni “adolat” niqobi ostida tarqatish imkoniyatini kengaytiradi.

Yettinchi zaiflik – diniy tushunchalarning siyosiylashuvi va dinning mafkuraviy vositaga aylanishida namoyon bo‘ladi. Diniy me’yor va qarashlarni davlat va qonun ustuvorligidan yuqori qo‘yish dunyoviy davlat tamoyillariga bevosita tahdid soladi.

Sakkizinchisi – milliy o‘zlikning zaiflashuvi. Davlat tili, milliy madaniyat va tarixiy xotirani qadrsizlantiruvchi axborot ta’sirlariga nisbatan loqaydlik jamiyatning ma’naviy barqarorligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Negaki, milliy qadriyatlar, davlat tilining ijtimoiy mavqeyi, madaniy meros va tarixiy xotira jamiyat va davlat mavjudligining asosiy ma’naviy tayanch ustunlari hisoblanadi.

To‘qqizinchi ichki zaiflik – siyosiy va geosiyosiy savodsizlik, institutsional ongning yetarli shakllanmagani tufayli yuzaga keladi. Davlat boshqaruvi tizimi, davlat organlarining vakolatlari hamda qaror qabul qilish mexanizmlarini chuqur anglamaslik aholini populistik shiorlar, asossiz chaqiriqlar va manipulyativ siyosiy kontent qarshisida himoyasiz qoldiradi. Natijada, murakkab siyosiy jarayonlar soddalashtirilgan va hissiy talqinlar asosida qabul qilinib, jamoatchilik fikri oson boshqariladigan holatga kelib qoladi. Bunday sharoitda suverenitet, tashqi siyosat yoki xavfsizlikka oid masalalar manipulyativ talqin qilinib, aholi ongida noto‘g‘ri tasavvurlar shakllanishi mumkin.

O‘ninchi ichki zaiflik – geoiqtisodiy savodsizlikda. Inflyatsiya, energiya narxlari, logistika, bozor qonuniyatlari kabi iqtisodiy jarayonlarning mohiyatini anglamaslik aholi kayfiyatini oson manipulyatsiya qilish imkonini beradi. Bunda narx-navo oshishi, ishsizlik yoki tovar tanqisligi kabi omillar ayrim manfaatdor subyektlar tomonidan “siyosiy qurol” sifatida ishlatilib, norozilik kayfiyatini kuchaytirish va davlatga nisbatan ishonchni susaytirishga xizmat qilishi mumkin.

Navbatdagi zaiflik geoma’naviy axborot xurujiga qarshi turuvchi media markazlarning rivojlanmagani bilan bog‘liq. Jamiyatda axborot-mafkura ta’sirlarini tizimli tahlil qila oladigan, tezkor javob beradigan va samarali kontr-narrativ, ya’ni zararli g‘oyalarga qarshi qo‘yiladigan, voqelikni sodda, tushunarli va ishonchli tarzda izohlab beruvchi muqobil materiallar yaratadigan professional media markazlarning yetishmasligi oxir-oqibat jiddiy ijtimoiy muammolarning ildiz otishiga sabab bo‘ladi.

Bunday infratuzilmaning zaifligi natijasida turli manbalar orqali kirib kelayotgan g‘oyaviy kontent o‘z vaqtida fosh etilmaydi, tanqidiy tahlil qilinmaydi va jamoatchilikka asosli tushuntirish berilmaydi. Natijada, vujudga kelgan axborot bo‘shlig‘i manipulyativ xabarlar, radikal chaqiriqlar va tashqi g‘oyalar bilan to‘ladi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan yoshlar auditoriyasiga mos til va formatda ishlaydigan milliy media platformalarning yetishmasligi tashqi axborot ta’sirini kuchaytiradi. Bu holat global axborot makonida milliy pozitsiyaning sust eshitilishiga, tashqi va radikal talqinlarning ustunlik qilishi hamda mahalliy auditoriyaning o‘z qadriyatlari va diniy tushunchalarini manipulyativ manbalar orqali anglashga majbur bo‘lishiga olib keladi. Oqibatda, jamiyatda ma’naviy va diniy kun tartibini belgilash tashabbusi milliy institutlar qo‘lidan chiqib, tashqi axborot va mafkuraviy markazlar ta’siriga o‘tadi. Bu esa geoma’naviy xavfsizlik nuqtayi nazaridan o‘ta jiddiy strategik zaiflikdir.

ONG UCHUN KURASHDA YUTQAZISH MUMKIN EMAS

Tahlillardan ko‘rinadiki, geoma’naviy xavfsizlikni ta’minlash epizodik choralar bilan emas, balki tizimli yondashuv bilan amalga oshirilishi shart. Xususan, bir qator strategik choralar ko‘rish, avvalo, axborot, ta’lim, madaniyat, din va raqamli siyosatni uyg‘unlashtirgan va profilaktik yondashuvga asoslangan yagona milliy strategiyani ishlab chiqish zarurati bor. Jamiyatda tanqidiy fikrlash va mediasavodxonlikni ustuvor yo‘nalish sifatida rivojlantirish talab etiladi. Toki, yoshlar axborotni farqlash, manbani tekshirish va manipulyatsiyani anglash ko‘nikmasiga ega bo‘lsin. Qolaversa, diniy soha vakillari faqat o‘z yo‘nalishi bilan cheklanmasdan, huquqiy davlat tamoyillari, milliy tarix, geosiyosiy jarayonlar, axborot va mediakommunikatsiya ko‘nikmalarini ham puxta egallashlari uchun sohada kadrlar salohiyatini kuchaytirish va malaka oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiqdir.

Geoma’naviy tahdidlarni doimiy monitoring va tahlil qilish tizimini joriy etish esa axborot muhitidagi tendensiyalar, radikal diskurslar va manipulyativ kontentni erta aniqlash hamda profilaktik choralarni o‘z vaqtida ko‘rish imkonini beradi.

Jamiyatning ma’naviy immunitetini oshiruvchi eng muhim choralardan biri sifatida, davlat tili, milliy madaniyat, tarixiy xotira va fuqarolik identifikatsiyasini mustahkamlashga qaratilgan kontentlar, tahlil va tezkor munosabatni ta’minlovchi platforma bo‘lgan onlayn teleradiokanal, elektron gazeta va nashriyotni qamragan milliy media markazni shakllantirish lozim. Ushbu muassasa, eng avvalo, axborotni chuqur qayta ishlash, shakllantirish, unga psixologik ta’sirni singdirish imkonini beradi. Qolaversa, huquqiy, siyosiy, geosiyosiy va geoiqtisodiy savodxonlikni oshirish, davlat tili, milliy madaniyat, tarixiy xotira va milliy qadriyatlarni ilgari surish, ilm-fan, kasb-hunar va mehnat madaniyatini targ‘ib qilish, radikalizm, ekstremizm, terrorizm, missionerlik, prozelitizm, narkomaniya, korrupsiya, millatchilik va etnomillatchilikka qarshi axborot kurashini tashkil etish, shuningdek, sog‘lom diniy qarashlar, an’anaviy islom ta’limoti va ma’naviy barkamollikni ommalashtirish kabi strategik yo‘nalishlarga xizmat qiladi.

Media markaz tarkibidagi onlayn teleradiokanal raqamli muhitda eng tezkor va ta’sirchan format vazifasini o‘taydi. Jonli efirlar, tahliliy ko‘rsatuvlar, diniy-ma’rifiy dasturlar hamda tarixiy-siyosiy kontentlar orqali u jamoatchilik ongiga bevosita ta’sir o‘tkazish, dolzarb mavzularga zudlik bilan munosabat bildirish va muvozanatli dunyoqarashni shakllantirish imkonini beradi. Ayniqsa, qisqa videolar va vizual formatlar ustun bo‘lgan raqamli muhitda teleradiokanal yoshlar auditoriyasi bilan muloqot qilishning samarali vositasi hisoblanadi.

Elektron gazeta (onlayn nashr) esa o‘quvchiga chuqur tahlil, mantiqiy izoh va tizimli fikrni yetkazishda o‘ta muhim. Sog‘lom tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan maqolalar, tahlillar va ekspert fikrlarini muntazam e’lon qilish orqali elektron nashr auditoriyada tanqidiy fikrlashni shakllantiradi. Media markazdagi nashriyot bo‘limi uzoq muddatli ma’naviy ta’sirni ta’minlovchi muhim tarkibiy qism bo‘lib, kitob, albom, risola, infografik va tarqatma materiallar orqali milliy qadriyatlar, tarixiy xotira va sog‘lom diniy qarashlarni tizimli va ilmiy asosda ommalashtirish imkonini beradi.

Bugun axborot matn shaklidan tashqari, multimedia, ma’lumotli tahlil, interaktiv ta’lim va raqamli xizmatlarga ham aylantirilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, markazlashgan media markazlar an’anaviy ommaviy axborot vositalariga nisbatan kengroq va moslashuvchan imkoniyatlarga ega. Bunday muassasalar axborotni tarqatishdan tashqari, uni tahlil qilishi, qayta shakllantirishi va maqsadli auditoriyaga moslashi mumkin. Bu esa radikalizmga qarshi kurash, kontr-narrativ yaratish hamda aholining huquqiy, siyosiy va madaniy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Media markazlar axborotni matn, video, audio, interaktiv platformalar va API (dasturlar o‘rtasida ma’lumot va funksiyalarni standart qoidalar asosida almashishga xizmat qiladigan interfeys) asosidagi raqamli xizmatlar orqali tarqatadi. Bunday yondashuv axborotni turli auditoriya guruhlariga moslashtirish imkonini beradi.

An’anaviy OAV, odatda, keng va nisbatan statik auditoriyaga yo‘naltirilgan. Media markazlar esa segmentlangan va personallashtirilgan auditoriya bilan ham ishlay oladi. Samaradorlikni baholash masalasida ham farq mavjud. An’anaviy OAVda bu imkoniyatlar cheklangan, media markazlar foydalanuvchilarning real vaqtdagi xulq-atvorini, kontent qamrovi va formatlar samaradorligini aniq o‘lchaydi. Natijada strategiyani tezkor yangilash va optimallashtirish imkoniyati yuzaga keladi.

Tadqiqotlar multimedia va interaktiv formatlarda taqdim etilgan kontr-narrativlar radikal g‘oyalarga nisbatan kuchliroq ta’sir qilishini ko‘rsatadi. Kontr-narrativlar yaratishda yakka turdagi OAV ta’siri ko‘pincha mahalliy darajada qoladi. Media markazlar esa kontr-narrativlarni strategik rejalashtirish, targetlangan auditoriyaga yo‘naltirish va raqamli kanallar orqali samarali tarqatish imkoniga ega. Media markazlar onlayn trendlarni monitoring qilish, xavf guruhlarni aniqlash va tezkor intervensiya ssenariylarini ishlab chiqish imkoniyatiga ham ega. Bu radikal kontentlar ma’no va janr jihatidan tez-tez o‘zgarib turadigan sharoitda, ayniqsa, muhim. Shu bois, BMT ekspertlari axborot xavfsizligi va zo‘ravon ekstremizmning oldini olish sohasida ma’lumotga asoslangan yondashuvni tavsiya qiladi. Media markazlar orqali interaktiv huquqiy kurslar, fakt-cheking platformalari va vizual izohlar ishlab chiqilib, fuqarolarda tanqidiy fikrlash va huquqiy savodxonlik shakllantirilishi mumkin.

Geoma’naviy xavfsizlik davlat siyosati, jamiyat ma’naviy barqarorligi va milliy xavfsizlik manfaatlari tutashgan strategik nuqta. Undagi kechikish yoki loqaydlik nafaqat axborot maydonida, balki jamiyat ongida ham ulkan bo‘shliqni hosil qiladi. Kim jamiyat ongini shakllantirsa, u kelajak yo‘nalishini ham belgilay olishini aslo unutmaslik lozim. Shu ma’noda, bu kurashda yon berishga, sustkashlikka yoki manfaatli yondashuvga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Negaki, millat ongi uchun bo‘lgan kurashda yutqazishga haqqimiz yo‘q.

Abdulhamid MUXTOROV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-fevraldagi 8-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604