10.03.2026 | 10:03
1243
QORIN QAYG‘USIDAGI QAVM
Qo‘shni qishloqda yashaydigan jiyanim arzi hol qilib keldi: “Farog‘at” baliqxonasi egasi ertalab kelib o‘g‘limning yap-yangi velosipedini olib ketdi. Shunga melisaga ariza yozib bersangiz”. Tafsilotlari bilan qiziqdim.

Jiyanimning o‘g‘li tug‘ilgan kuni munosabati bilan baliqxonada tengqurlariga ziyofat uyushtiradi. Bazmni shomda boshlagan yoshlar qora xuftonda tarqaladi. Hisob-kitobga navbat kelganida jiyanchaning puli yetmay, biror haftalarda qolganini keltirib beraman, deb kafolatiga pasportini tashlab qaytadi. O‘sha yetmagan pul anchagina ekanki, ota-onasi pensiyasi kelishini kutishdan boshqa choralari qolmaydi. Bu orada va’da qilingan vaqt o‘tib ketgani haqida baliqxona egasi bir necha marta ogohlantiradi va “erta-indin” degan va’dalardan bezib, harna deb jiyanchaning velosipedini olib ketadi…
Bu holatda kim aybdor? Albatta, “cho‘ntagidagi aqchadan bexabar bozorda otning tishini sanagan” jiyancha. Kafolat sifatida pasportini olib qolgan baliqxona egasi ham qonunni buzgan, deymiz-u… ungayam oson tutmang. Ko‘pincha yoshlar shunga o‘xshash bazmlarda cho‘ntagidagi pulni hisobga olmasdan, dasturxonni kerak-nokerak ne’matlar bilan to‘ldirib, maqtanishga zo‘r beradi. Aksari ketar chog‘ida yemakxona egasining “qarz daftari”ga nomlarini yozdirishga majbur bo‘ladi. “Qarz daftari”dagi pullarni undirguncha yemakxona egasi sarson-u sargardon bo‘lib, qancha etigini to‘zdiradi ham. Bu ayrimlarga teggan asriy xastalik, desak, adashmaymiz.
Nega “asriy” deyapmiz? Manzil-u makon, tuzum-u siyosat tanlamaydigan ayrim salbiy holatlarga duch kelganimizda, beixtiyor Qodiriy bobomizga yuzlanishga majbur bo‘lamiz. Buyuk jadid bobomiz “Mushtum” jurnalining 1924-yil 23-sonida chop qilingan “Istatistikaning ko‘rsatishicha…” sarlavhali maqolasida qiziq va ayanchli raqamlarni keltiradi. Adib o‘sha davr ziyolilarining topgan daromadlari nimalarga ishlatilishini taqriban hisob-kitob qilib, quyidagicha xulosaga kelgan:
“Bu munavvarlarimizning asosiy mashg‘ulotlari quyidagi rejada ko‘rsatiladir:
1. O‘n besh foiz yoshlarning asosiy g‘oyalari ichkulukka;
2. Yigirma besh foizining yaratilish sabablari aysh-u ishratga;
3. Yigirma besh foizining tug‘ilishi soch o‘sdirib, xina qo‘yub, yangi mo‘da kiyim bilan oqishqa;
4. O‘n foizi quruq mahmadanagarchilikka;
5. Qolgan yigirma besh foizining g‘oyalari NEPga chin o‘g‘ul bo‘lmoqqadir”.
Adib afsus-la e’tirof etishicha, millat ziyolilari, asosan, yoshlar topgan pulining yetmish besh foizini o‘z maishatiga, po‘rim kiyinishga sarf qilgan. To‘rtdan birini o‘sha davr islohotlariga atashgan, ya’ni foydali ish bilan shug‘ullangan.
Bir asr ilgari yuzaga kelgan vaziyatni hozirgi kunimizga ko‘chirsak, garchi foizlarda farq kuzatilsa-da, ayrim yoshlar va hatto, o‘rta yoshlilar o‘rtasida ham hali-hamon qorin qayg‘usini birinchi o‘ringa qo‘yish holatlari barham topmaganiga guvoh bo‘lamiz. Achinish bilan qayd qilish o‘rniki, bugun daromadning sezilarli qismi bir kunlik hoy-u havasga, dabdabali ziyofatlar uyushtirib, qorin to‘yg‘azishga sarflanmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda turli-tuman guruhlar ochilib, ularga maslagi, yoshi, kasbi o‘zaro yaqin kishilar birlashgan. Shunday guruhlarning aksaridagi o‘zaro yozishmalariga e’tibor qaratsangiz, hayratdan yoqa ushlaysiz. Asosiy mavzu: “Qachon “patiy” uyushtiramiz?” “Patiy”, ya’ni qaysidir shahardagi eng hashamatli restoranda uyushtiriladigan bazm uchun yetti va ba’zan sakkiz raqamlarda ifodalanadigan mablag‘ ketishini ayting! “Patiy” tashkilotchisi o‘zi yashaydigan shahardagi muhtasham restoranni oldindan band qiladi. Har bir ishtirokchi yelkasiga tushadigan mablag‘ qanchaligini aytadi. Ishtirok etadigan odam o‘sha mablag‘ni oldindan tashkilotchi plastik kartasiga tashlab beradi. Boshqa viloyatlardan keladiganlar uchun oldindan mehmonxona band qilinadi. Qisqasi, yo‘l xarajatlari, mehmonxonada tunash va “patiy”ga to‘lanadigan mablag‘ eng kamida bir-bir yarim million so‘mga tushadi. Bu ko‘pi bilan uch soat davom etadigan bazmning bahosi. Yana aytishlaricha, “patiy” tashkilotchisi, ya’ni o‘z tanishlarining “patini yulgan” shovvoz va restoran egasi o‘rtasida og‘zaki kelishuv bo‘lib, o‘rtadagi daromaddan tashkillashtiruvchi ulush olarkan.
Tush vaqti bir tuman markazidagi ajnabiycha atamali kafega kirmoqchi edik, peshtoqidagi “Faqat patiy va ziyofatlarga xizmat qilamiz!” degan yozuvni ko‘rib, ortimizga qaytdik. Ikki qavatli yemakxonada o‘n beshdan o‘ttiz nafar xo‘randaga xizmat qiladigan to‘rtta zali bor ekan. Yakka tartibda xo‘randalarga xizmat qilmasligi sababi, aynan shunaqa turdagi “patiy”lardan mo‘maygina daromad topishlaridir. Demakki, talab va ehtiyoj borki, butun bir kafe shunga ixtisoslashgan. Yetti chog‘li xodim maoshi, soliq va boshqa to‘lovlar aynan “patiy”chilar cho‘ntagi hisobidan ekani kunday ravshan. Bu kabi serchiqim, dabdabali o‘tirishlar tuman markazlaridagi yemakxonalarga yetib kelgan ekan, viloyat markazlarini aytmasa ham bo‘ladi. Oyda kamida ikki marta shunday “patiy”larni navbati bilan yurtimizning turli shaharlarida tashkillashtiradigan guruhga asosan sarmoyador insonlar a’zo bo‘lsa kerak, deb o‘ylarsiz. Yo‘q, guruh a’zolari orasida oddiy o‘qituvchilar, xorijda mavsumiy ishlaydigan insonlar ham bor.
Uch soatlik bazmga ketadigan mablag‘ga bir oila bir oy tirikchiligini o‘tkazishi mumkin-ku! Yoki “velosipedini garovga berish majburiyatida qolgan” jiyancham tug‘ilgan kunini o‘z oila davrasida ixchamgina o‘tkazsa bo‘lmaydimi? Shunda dasturxonga tortilgan ne’matlardan oila a’zolari ham bahramand bo‘lishadi, velosipedi ham yoniga qoladi…
Nimaga bu qadar maishatga mukkasidan ketgan yoshlar ko‘paymoqda?
Buning ortida “Mening sendan qayerim kam?” degan poyga yotibdi. Uzoqqa bormay, jiyanlarimdan yana biri tug‘ilgan kunini qishloqdagi bir yemakxonada o‘tkazibdi. “Yetti jo‘ra mazza qilib o‘tirdik, bir yarim million so‘m ketdi. Jo‘ralarimdan birortasi hali bunchaga “erimagan”di. Keyingi oyda tug‘ilgan kunini nishonlaydigan jo‘ramiz ichib olib, “Men bundan ham zo‘r qilib o‘tkazaman”, deb maqtanib va’da berdi. Ko‘ramiz endi”. “Tug‘ilgan kuningni uyingda nishonlasang, dasturxonda qolgan-qutganini bolalaring totinardi. Buncha pul sarflamasding ham”, deb dakki bersam, u bamaylixotir: “Siz bilmaysiz, tog‘a. Hozir zamon boshqa”, deb aql o‘rgatadi.
So‘nggi yillarda sobiq kursdoshlarning yilda bir-ikki navbati bilan viloyatlarda uchrashuv tashkillashtirishi urfga kirgan. Amakimning o‘g‘li muhandislikka o‘qigan. Arzimagan maosh bilan katta oilasini boqyapti. Bu yoqda… Ularning navbatdagi “kursdoshlar o‘tirishi” vodiyning qaysidir tog‘oldi dam olish zonasida o‘tkazilibdi. “Ikki kunlik uchrashuv uchun bir dala hovlini odam boshiga kuniga ikki yuz dollardan ijaraga olishibdi ekan. Dasturxon uchun yana odam boshiga yuz dollardan ketdi. Surxondaryolik kursdoshimiz “tandir” olib borgan ekan, rosa maza qildik”, deb gap beradi u qaytgach qo‘shnilarga. Ikkinchi o‘g‘li yigirma besh yoshda. Bir yil oldin qo‘shni qishloqlik tanish xonadon qizini “ishonishib” qo‘yishgan. To‘y cho‘zilayotganiga qo‘li kaltaligi sabab. Shu haqda gap ochsangiz… mavzuni yana “galdagi uchrashuv”ga buradi: “Navro‘zda Samarqandda uchrashuvimiz bor. Shunga borib kelsak… keyin…”
O‘sha amakimning o‘g‘li to‘rt farzandidan birortasini oliygohda o‘qitmadi. Uyida bir dona kitob topolmaysiz. Kasbsiz-hunarsiz qolgan o‘g‘illari xorijga ish axtarib ketish yoki o‘zimizda kundalik ishlar bilan besh-o‘n so‘m topishdan boshqasini bilmaydi. O‘sha topganining aksarini tengqurlari bilan qay bir yemakxonalarda bir kechada havoga sovuradi ham.
Hozirda urchib ketgan “ayollar ziyofati”, “hojilar ziyofati” va shunga o‘xshagan turli-tuman ziyofat, uchrashuvlar haqida eslataverish ortiqcha…
Yuqorida yoshlar turli chiqimdor davralarga mukkasidan ketgani haqida afsus bilan yozdik. Nega bunday yoshlar ko‘paymoqda, deb o‘zimizcha nasihatbozlikka berildik ham. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deyilmish otaso‘zimiz yodimizdan ko‘tarildi. Kattalar – ota-onalar ko‘p hollarda qornini qadriyat deb biladigan muhitda bor aybni yoshlarga to‘nkash qanchalik to‘g‘ri?
…Davrada kimdir qo‘l telefonida ko‘zi tushgan xabarni hayajonlanib aytdi: “Buni qaranglar, o‘ninchi sinf o‘quvchisi AQSHdagi mashhur universitetning 320 ming dollar qiymatli grantini yutib, talaba bo‘libdi. 320 ming dollar bizning pulga…” Uning gapini yaqinda xorijda ishlab qaytgan davradoshi og‘zidan oldi: “Qo‘y, bu gaplarni! Senga qora chaqalik nafi yo‘q. Ertaga bo‘ladigan o‘tirishimizga qanchadan pul tashlaymiz, shundan gapir!” Davrada qatnashayotganlarning aksari ziyoli insonlar ekani, luqma tashlagan kimsaga hech kim e’tiroz bildirmaganiga uyalib ketdim. Rosti, qornidan boshqa qayg‘usi yo‘q qavmga e’tiroz aytmoq o‘rni emasdi.
Shu lahzada Qodiriy boboning bir asr ilgari “istatistikani chog‘ishtirib”, o‘lkadagi salkam o‘n sakkiz ming nafar muallim haqida fikr yuritayotib kinoya bilan yozmishlari esimga tushdi: “…bay-bay-bay; pishti kabob, pishti!”
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-fevraldagi 9-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605


