13.03.2026 | 09:42
1887
ZAMONAMIZ AYAJONLARI
Toshkent shahri “Yangiobod” MFY raisi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi Manzura VALIYEVA bilan suhbat

– Siz kabi yuzi nurli, hayoti ibratli, nuroniy faslda ham faoliyatdan to‘xtamagan, umrini el-yurt xizmatiga bag‘ishlagan insonlarni ko‘rsam, beixtiyor Abdulla Qahhorning “Ayajonlarim” pyesasi yodimga tushadi. O‘zbek onasi qaysi davrda yashamasin, bolajonligi, fidoyiligi, mehnatsevarligi o‘zgarmas ekan-da. Ayting-chi, bugungi dorilomon kunlarda millat ayolining qiyofasi qanday bo‘lishi kerak?
– Qahramon shoirimiz Erkin Vohidov “O‘zbek bo‘lish oson emasdir”, deb yozgan. O‘zbek qizi, ayoli, onasi bo‘lish yanada qiyin. Avvalo, bu millat xotin-qizlari tarixdan shu kungacha iffati, odobi, sharm-hayosi, tarbiyasi bilan alohida ajralib turadi. Bundan keyin ham shu fazilatlarini saqlab qolishini xohlayman.
Onam aytardi: “Ayol kishi misoli bir oq mato bo‘ladi, dog‘ tushishi oson”. Shuning uchun ham ayollik martabasi yuqori qo‘yiladi.
Ayol – oilada birinchi tarbiyachi. Hikmatlarda shunday yoziladi: “Axloqsiz otaning farzandi husni xulqli bo‘lishi mumkin, ammo fe’li buzuq ayolning avlodi yaxshi tarbiya topmaydi”. Qarang, ayolning oila va jamiyatdagi o‘rni qanchalik muhim va yuksak! Shuning uchun ham yoshlar bilan bo‘ladigan uchrashuvlarda qizlarimizga ibo-hayoning ahamiyatini bot-bot takrorlayman. Qizning yurish-turishi haqidagi xulosa, avvalo, ota-onasiga tegishli bo‘ladi. Shu bois, mahallada yoshlar haqida gap ketsa, o‘zining ismi emas, “Falonchining qizi”, “Falonchining nevarasi”, – deb aytiladi. Yosh avlodni tarbiyalashda buvijonlarimiz tajribasi – hayot maktabi, degani. Ana shu maktab darslariga kanda qilmay qatnashgan, imtihonlaridan “besh” baho olgan qiz shaxsiy hayotida ham, o‘qish va ish jarayonida ham qoqilmaydi, yutuqqa erishsa havolanmaydi, to‘siqqa uchrasa, yengib o‘tishga kuch topadi o‘zida.
Ayol ma’rifatli bo‘lish bilan birga, tadbirli ham bo‘lishi zarur. Xoh uy bekasi bo‘lsin, xoh lavozimda ishlasin, ayolligicha qolsin. Uyda o‘tiribman deb, o‘zini qo‘yib yubormasin: til o‘rgansin, hunar o‘rgansin, sog‘ligiga, tashqi ko‘rinishiga qarasin. Ishlaydigan qizlarimiz ham pul topsam bo‘ldi deb, uy-ro‘zg‘orni o‘z holiga tashlab qo‘ymasin. Xonadonning sarishtaligi, bolalar tarbiyasi, erning ko‘ngliga qarash – bular ayol manglayiga bitilgan mas’uliyat. Ana shularni teng olib keta olgani uchun ham Hazrati Ayol deb ulug‘lanadi.
Erkaklar ham rafiqasiga e’tiborli bo‘lsin, faqat uy-ro‘zg‘orning kam-ko‘stiga qaramay, ayolining ham istaklariga e’tibor bersin, ko‘nglini olsin, chiroyli bo‘lib yurishiga, o‘zini parvarish qilishiga pul ajratsin.
Mana, bahor bayramlar fasli. Biz nomi-yu maqomlarini baland tutadigan tog‘larimiz bo‘lgan yigitlar, erkaklar oilasidagi nozik xilqat vakilalariga e’tiborli bo‘lsin. Sovg‘a deganda faqat qimmatbaho matohlarni tushunish kerakmas. Bir dasta gul, ikki og‘iz shirin so‘z ayol uchun dunyo molidan ortiq.
– Bugun xotin-qizlarimiz kirib bormagan soha deyarli qolmadi. Barcha jabhada faolmiz. Ammo oila va ish o‘rtasidagi muvozanatni ushlash doim ham oson bo‘lmaydi. Siz faoliyatingiz davomida bu masalaga qanday qaragansiz?
– Muvozanat ushlashning eng yaxshi yo‘li e’tibor va vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, ya’ni intizomli bo‘lish kerak. Ish yoki o‘qishni yangi boshlaganlar pala-partish hayot kechiradi-da, keyin bunaqa yurish menga emas ekan deb, tayyor joyini tashlab ketadi. Bizning momolarimiz ham davlat ishida, ham oilada baravar jon kuydirgan, undan ortib ilm, san’at, adabiyot bilan shug‘ullangan. Biz nega eplolmas ekanmiz? Faqat sabr, tartib va fidoyilik kerak.
Men ishimni yaxshi ko‘raman. Ba’zida bolalarim: “Onajon, mahallangizni bizdan ham yaxshi ko‘rasiz”, deb hazillashib qoladi. Chunki farzandlarimni uyli-joyli qilib, nabiralarni oyoqqa qo‘ygandan beri ko‘p vaqtim ishda o‘tyapti. Avvallari teskarisi bo‘lardi, imkon qadar ishlarimni vaqtidan oldin bajarib, uyga shoshardim.
Mahallada har kuni bir muhim tadbir yo masala chiqadi. Kimdir to‘y boshlagan, kimnikidadir aza. Birovni baxt bilan tabriklaymiz, birovning dardiga sherik bo‘lamiz, ehtiyojmandlarga yordam yo‘lini axtaramiz. Har bir oila o‘z dardi bilan andarmon bo‘lsa, mahalla raisi hududidagi barcha oilaga parvona bo‘ladi. To‘yga bormasligim mumkin, lekin og‘ir kunlarda, albatta, mahalladoshlarimning yonida turaman.
“Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qo‘sh-
ni – qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak”.
Shavkat MIRZIYOYEV
Zamonaviy rahbarga kekkayish xos emas. Men oddiylikni, samimiylikni, kamtar insonlarni yaxshi ko‘raman. Hayot yo‘llarimda qiyinchiliklarga uchrasam ham, ko‘nglim bo‘shligi uchun uchradim, yutuqlarga erishsam ham, shu xislatim uchun erishdim. Mahallada raisman deb yurgan bilan ish bitirib bo‘lmaydi. Odamlarga yoshi, fe’l-atvoriga qarab muomala qilish kerak. Ruhshunos bo‘lib ketasiz yillar davomida. Kimni bolam deb, kimni ukam deb, kimni opam deb, jonim qizim, sulton bolam deb, yaxshi yo‘lga boshlayman, yomon yo‘ldan qaytarishga harakat qilaman.
Bolajonlar “Buvijon” deb kelishadi. Jujuqlar uchun tortmamga shirinlik, qurut-turshak solib qo‘yaman, biram xursand bo‘lishadiki.
– Bolajonlarda haqiqiy mehrni nozik his qilish bor.
– Haqiqatda shunday. Bolaga yolg‘on gapirib bo‘lmaydi. Mehr bersangiz, mehr olasiz. Ko‘pincha bir xilgilar xafa bo‘lsa, aytaman-da, mehr beringlar. Umuman, mehr hammaga kerak. Odamlar o‘zini qo‘rs, sovuq, takabbur ko‘rsatishi mumkin. Ammo ich-ichidan mehr-e’tibor kutadi. Ayni shu narsalar yo‘qligi uchun ham fe’li ayniydi. Doim aytaman: yomonlikka ham yaxshilik qaytaring, hech bo‘lmasa, yomonlik qilmang.
Lekin hayotda har xil inson uchrar ekan. Ishda shunaqa odamlarga duch kelasiz, siz ayolmisiz, yoshi ulug‘misiz, qarab o‘tirmaydi. Muomalasidan ilon po‘st tashlaydi. Shunaqa paytda tilimga shunday so‘zlar keladiki… Yana o‘zimni bosaman. Madaniyatni, kasbiy etikani qo‘ldan bermaslikka tirishaman. Yana qaytaraman: ayol ayolligicha qolishi kerak. Asta-sekin o‘shalar ham o‘zini bosib oladi.
Dunyo shundoq ham notinch. Katta yovuzliklar kichiklaridan hosil bo‘ladi. Shuning uchun, yaxshilik urug‘ini ekaverish kerak. Uning mevalarini avlodlarimiz totadi.
– Yangiobod mahallasi nomiga munosib maskan ekan. Yangi va obod ko‘chalar, binolar…
– …Va yangicha dunyoqarashli odamlar, obod ko‘ngillar. Bilasizmi, mahallamizning o‘n yil oldingi holati bilan bugunini solishtirsak, yer bilan osmoncha farq bor. Mahalla idorasi eski bir imorat edi, hashar yo‘li bilan ta’mirlab odam kiradigan joy qilgandik. Keyin Prezidentimizning mahalla tizimiga qaratgan e’tibori natijasida minglab mahalla idoralari kabi chiroyli rekonstruksiya qilib berildi. Mana, milliy ayvon qurib berishdi. Shunaqa sharoitda ishlamay bo‘ladimi?
Farovonlik kaliti tadbirkorlikda ekan. Biz, avvalo, yashash sharoiti og‘ir oilalarga e’tibor berdik. Daromad yo‘q oilada kelishmovchilik ko‘payadi, topganidayam baraka bo‘lmaydi.
Bir oilani aytib beray. Er jazoni o‘tash muassasasida bir necha yil o‘tirib, ozodlikka chiqdi. Ayolning oqilaligi sababli, oila buzilib ketmadi, aksincha, er-xotin tadbirkorlik boshladi. Avval qandolat mahsulotlari chiqarishdi, keyin non mahsulotlari. Endi mo‘jaz oshxona ham ochdi. Mashina oldi. Qarang, mahallaning qo‘llab-quvvatlovi, tadbirkorlikka yaratib berilgan imkoniyat jar yoqasiga kelib qolgan oilani obod qilib yubordi. Odamning o‘zida harakat bo‘lsa, nimalar qilmaydi, deysiz. Ularning quvonchidan men ham quvonaman. Haligi kelinning: “Opa, bolaning bo‘tqasiga ham pulim yo‘q”, deb yordam so‘ragan paytlari bo‘lgan. Endi kelib: “Onajon, muhtoj ayollar bo‘lsa ayting. Yordam beraman, ro‘zg‘origa ham, hunar o‘rganishiga ham”, deydi. Hayajonlanmay bo‘ladimi?!
Prezidentimiz jasorat bilan yurtimizda kambag‘allik ko‘rsatkichlarini tan oldi, haqiqatga tik qaradi. Shundan so‘ng, tizimli ravishda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohot boshlandi. Bu o‘z natijasini bermoqda.
– Bugunidan ko‘ngli xotirjam odam kelajak haqida bemalol xayol suradi. Xayol nima ekan, aniq reja va maqsadlar qo‘yadi oldiga. Istiqboldagi rejalaringiz qanday?
– Rostini aytganda, istiqbolimiz uchun davlatning o‘zi qator dastur va chora-tadbirlarni puxtalik va sinchkovlik bilan tuzib bermoqda. Bizga ularni namunali ijro qilish qolyapti, xolos. E’tiborlisi, tashabbus va takliflar uchun ham erkin muhit yaratildi.
Qarang, har bitta mahallaga Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kiriladi, deyilyapti. Bunaqa ishonch va qat’iyat sizga ham kuch beradi-da. Demak, jamiyat yana ham rivojlanadi, xalqning yashash sharoiti yanada yaxshilanadi. Bu yerda mahalla raisining alohida o‘rni bor, u boshqalarga nisbatan ko‘proq mehnat qilishi, ko‘proq izlanishi, xalq bilan ishlashi kerak. Shu xalqning dardi bilan yashasangiz, halol, mas’uliyatli, samimiy bo‘lsangiz, o‘shandagina xalq bilan til topishasiz.
Davlat xalqqa qo‘lni cho‘zsa, xalq unga yuragini ochadi. Biz xalqning yuragiga kirib borishimiz kerak. Ba’zan odamlar ota-onasiga aytmagan dardini kelib bizga aytadi. Unga yechim topishimiz, yordam berishimiz kerak.
– Mahallaning yutuq va kamchiliklariga to‘xtalib o‘tsangiz.
– Shuncha sharoitga qaramasdan, ayrim insonlar va oilalarning loqayd va beparvoligi, farzandlar tarbiyasiga e’tiborsizligi meni qiynaydi. Axir, sening kelajaging o‘sha farzanding-ku! Loqaydlik – eng yomon, eng katta muammo, kamchilik, deb bilaman.
Yutuqlarimizga kelsak, faxr bilan ayta olaman, oldingi yillarda ham, joriy yilda ham bizda jinoyatchilik bo‘lmadi, ajrim bo‘lmadi. Buning tagida qanchalik mehnat yotganini o‘zim bilaman. Mahalla yettiligi, jamoatchilik, nuroniylarimizning juda katta o‘rni bor bu yerda. Nuroniylarga har doim minnatdorlik bildiraman.
– Manzura aya, Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida dil izhorlaringizni gazetamiz orqali yurtdoshlarimizga yetkazishingiz mumkin.
– Aziz ayollar, hamisha suyukli bo‘ling. Bugun O‘zbekiston ayollari dunyoga chiqyapti: sport deysizmi, ilm-fan deysizmi, ishlab chiqarishmi, yurtdoshlarimiz peshqadam. Bilsangiz, Prezidentimiz xorijiy mehmonlarni kutib olganda, faxriy qorovul saf tortadi. Shu safda barno qizlarimizni ko‘rib, beixtiyor quvonib ketaman: “Yashang, To‘maris qizlarim!” deb qo‘yaman.
Barcha bayram va qutlovlar sababi – Vatan ozodligi va tinchligidir. Yurtimiz osoyishtaligi va taraqqiyoti bardavom bo‘lsin!
Mahallalarimiz obodligiga ko‘z tegmasin! Har bir oilada tinchlik, xotirjamlik bo‘lishini, farzandlari ota-onalari bag‘rida katta bo‘lishini, yoshlarimiz yurtga kerakli barkamol insonlar bo‘lib yetishishlarini, ular bilan faxrlanib yurishimizni istayman.
Mana shunday sharoitlarni bizga yaratib, imkoniyatlarni qilib bergan muhtaram Prezidentimiz omon bo‘lsin. Biz bugun butunlay boshqa hayotda, Yangi O‘zbekistonda yashash sharafiga musharraf bo‘ldik. Yurtdoshlarimizni shu hayotning qadriga yetib, shukrona bilan yashashga chaqiraman.
– Katta rahmat, ayajon. El-yurt xizmatidan charchamang!
Suhbatdosh:
Zarnigor IBROHIMOVA
“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-martdagi 10-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
99
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607


