Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


17.03.2026 | 12:36

img1733

QOR QO‘YNIDAGI LOLALAR

“1937–1938-yillarda qatag‘on qilichining o‘tkir tig‘i ayollarimizning dur va marvarid shodalari bezab kelgan nozikkina bo‘yinlariga ham qadalgan edi”, deb yozadi akademik Naim Karimov o‘z tadqiqotlarida. Darhaqiqat, ayollar qismati g‘oyat ayanchli ediki, ular boshiga yog‘dirilgan kulfatlarni ko‘z oldimizga keltirishimiz qiyin. Turma va lagerlarda turli azob-uqubatlarga giriftor etilgan “xalq dushmanlari”ning xotinlari, Cho‘lpon ta’biri bilan aytganda, o‘sha mudhish davrning qor qo‘ynidagi lolalari edi.

1938–1946-yillarda Shimoliy Qozog‘istonning Qarag‘anda hududidagi “ALJIR” (“Акмолинский лагерь жён изменников родины”) lagerida “Vatan xoinlarining oila a’zolari” sifatida olti yarim ming nafar ayol jazo o‘tagani arxiv hujjatlarida qayd etilgan. Bu raqam oddiy statistik ma’lumot emas, turkistonlik minglab ayolning iztirobli qismatini ochiqlaydi. Ular otasining, umr yo‘ldoshining “ayb”i uchun jazo o‘tagani yetmagandek, farzandlaridan ham judo etilgan, uzoq o‘lkalarda og‘ir mehnat sharoitida yashashga majbur bo‘lgan.

Alamlisi, qatag‘on qamrovi ayollar bilan cheklanib qolmay, ularning bolalariga ham chang solgan. 1937-yil 15-avgustdan 1939-yil yanvargacha Ittifoq bo‘yicha 25 ming 342 nafar bola oilasidan ajratib olingan. Ularning 22 ming 427 nafari Xalq maorifi komissarligi tasarrufidagi bolalar uylari va mahalliy bog‘chalarga tarqatib yuborilgan. 15 yoshdan yuqorilari “ijtimoiy xavfli” deb baholangani holda qamoqqa olingan.

Qarag‘anda lagerida jazo muddatini o‘tash davrida 1507 ta tug‘uruq qayd etilgan. Bu bolalarning aksariyati zo‘ravonlik oqibatida dunyoga kelgan. Yana yuzlab ayollar bo‘lganki, ular “xalq dushmani”ga chiqarilgan farzandi, eri va yoki otasining “aksilinqilobiy, millatchilik faoliyatlari” haqida siyosiy idoralarga o‘z vaqtida xabar bermagani uchungina qamoqqa olinib, tergovga tortilgan. Ularning ko‘pchiligi xat-savodsiz bo‘lib, maishiy tashvishlar bilan o‘ralashib qolgani uchun ko‘p gapdan bexabar edi. Bu hol tergovchilar uchun ayni qo‘l kelib, ulardan jigargo‘shalarining dushmanlik faoliyatini tasdiqlovchi ko‘rsatmalar berishni talab etishgan. Bo‘yin egmagan ayollar qiynoqlarga duchor etilgan.

Shunday ayollardan biri Xadicha Aliyeva “xalq dushmani” G‘ozi Yunusning xotini bo‘lgani uchungina 1938-yil 5-aprelda 3 yil muddatga “ALJIR”ga badarg‘a qilingan. U taniqli davlat arbobi Mo‘min Usmonovning turmush o‘rtog‘i, jurnalist Sobira Xoldorova bilan bitta lagerda bo‘lgan. Yoki Andijon okrug partiya tashkilotining sobiq kotibi O‘rinboy Ashurov qatag‘onga uchrab otib tashlangach, rafiqasi Kimyoxon Ashurova 5 yilga ozodlikdan mahrum qilinib, Krasnoyarsk o‘lkasiga yuborilgan. U Yenisey daryosi bo‘yida bir chol-kampirning uyida jon saqlab, 1942-yili 33 yoshida ona yurtiga qaytib kelgan.

Boshqa bir jadid – 1938-yil 4-oktyabrda otuvga hukm qilingan millat ziyolisi Abdulhay Tojiyevning xotini Tojixon Ahmedova esa Mordva va Karelo-Fin avtonom respublikasidagi lagerlarda, 1941-yildan esa Qarag‘anda lagerida qamoq jazosini o‘tagan.

Qatag‘on yillarida bunday ayollar taqdiri yakka-yolg‘iz holat emas, balki ommaviy fojia edi. Shoir Botuning xotini Valentina Vasilyeva 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilib, Sibirga surgun qilingan, 1950-yilga kelibgina ozod etilgan. Millatchilikda ayblangan jadid Vosiq Muhammedovning rafiqasi Matluba Muhammedova esa 1938-yil 16-yanvarda qamoqqa olinib, jazo muddatini Sibirdagi “Usolskiy” lagerida o‘tagan.

Bu kabi manzara Fayzulla Xo‘jayev oilasiga ham taalluqli. Uning yakka-yu yagona qizi Viloyat Xo‘jayeva 16 yoshidayoq hibsga olinib, onasi Malika Xo‘jayeva bilan birga Qozog‘istonga surgun qilingan. Ust-Kamenogorsk shahridagi Irtish GESi qurilishida ishchi va tabelchi bo‘lib ishlagan mushtipar ona Malika Xo‘jayeva 1953-yili surgunda qizi Viloyatning tizzasiga bosh qo‘ygan holda vafot etgan. Buvisi Rayhon Xo‘jayevaning esa 1938-yili Toshkent viloyatidagi qamoqxonalarning birida joni uzilgan.

Yillar o‘tib, bu oila taqdiri tarixiy xotira va ilmiy izlanishlar doirasida keng tilga olina boshladi. 1990-yil sentyabr oyida Buxoro davlat universitetida katta ilmiy anjuman bo‘lib, unda Viloyat Xo‘jayeva ham ishtirok etgandi (O‘sha vaqtdagi institut rektori, professor Farhod Qosimov hamda ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor, professor Sulaymonjon mening yaqin do‘stlarim, maslakdoshlarim bo‘lib, qator asar va maqolalarni birgalikda yozgandik. Shu bois, o‘shanda Viloyat Xo‘jayeva bilan ko‘rishib, suhbatlashish sharafiga muvaffaq bo‘lganman. Fayzulla Xo‘jayevning hayoti va faoliyati haqida maqolalarim hamda kitoblarimda baholi qudrat yoritib kelmoqdaman).

Yuqoridagi singari mudhish qismatlar qatag‘on yillarida yuzlab, minglab takrorlangan. Jumladan, 1917-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan Habiba Aliyeva “ijtimoiy xavfli unsur” sifatida, banditlar guruhi tomonidan rejalashtirilgan qurolli bosqin to‘g‘risida bilganlikda ayblanib, 1937-yil 20-avgustda 10 yil mehnat-tuzatuv lageriga hukm etilgan.

Boysun tumani Gulhakim qishlog‘ida 1903-yili tug‘ilgan Dono Xolmo‘minova esa bosmachilik harakati ishtirokchisi sifatida qayd etilgan. 1934-yili kolxoz molini yo‘qotgani uchun olti oyga majburiy mehnatga tortilgan bu ayol hibsga olingan paytda kolxoz a’zosi edi. Keyinchalik unga aksilinqilobiy isyonkor tashkilot a’zosi, Boysun bo‘limidagi noqonuniy yig‘inlar ishtirokchisi degan ayb qo‘yilib, 1938-yil 4-fevralda 10 yil mehnat-tuzatuv lageriga hukm chiqarilgan.

Ko‘hna Urganchning Ko‘yli qishlog‘ida 1895-yilda tug‘ilgan Jamila Rajabova aksilinqilobiy qo‘poruvchilar guruhining ishtirokchisi, shuningdek, o‘z bolasini kolxozga qarashli paxta omborini yoqib yuborishga majbur etganlikda ayblanib, 1938-yil 7-fevralda otuvga hukm qilingan. 1912-yili tug‘ilgan, Xo‘jayli tumanida yashagan Oygul Shirmonova ham shu kabi ayblovlar ostida jazoga tortilgan. Uning turmush o‘rtog‘i aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib otib tashlangan. O‘zi esa hibsga olingan paytda tayinli yumushga ega emas edi. Jamila Rajabovaga qanday bo‘htonlar yog‘dirilgan bo‘lsa, unga ham aynan shunday hukm o‘qilib, bir kunda otuvga hukm etilgan.

Anglashiladiki, qatag‘on siyosati turli hudud va ijtimoiy qatlam vakillarini qamrab olgan. Bu holat Farg‘ona viloyati arxiv materiallarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Jumladan, Farg‘ona shahar bo‘limi taqdim qilgan 4150-sonli ish bo‘yicha Jongulbibi To‘xtasinova (1874-yili tug‘ilgan, ruhoniy, eshon oilasidan bo‘lgan) 10 yil mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilinib, jazo muddati 1937-yil 8-avgustdan hisoblangan. Unga eshon ko‘rsatmasi bilan diniy yig‘in o‘tkazish niqobida o‘zbek ayollarini to‘plab, ular orasida aksilinqilobiy va millatchilik targ‘iboti olib borganlik aybi qo‘yilgan.

Shu davrda 1904-yili Qo‘qon yaqinidagi Qoramulla qishlog‘ida tug‘ilgan To‘paniso Tojiboyeva ham qatag‘on tegirmonidan chetda qolmagan. Sobiq quloq sifatida qayd etilgan, davlat majburiyatlarini bajarmagani uchun avval sudlangan, “jazo muddatini o‘tamay qochgan” bu ayol hibsga olingan vaqtda kolxoz a’zosi edi. Keyinchalik unga kolxoz intizomini buzishga qaratilgan tizimli aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlik aybi qo‘yilib, O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-bandi asosida 10 yil mehnat-tuzatuv lageriga hukm chiqarilgan. Jazo muddati 1937-yil 23-noyabrdan hisoblangan.

Qatag‘on siyosatining qamrovi faqat “ijtimoiy yot unsurlar” yoki qishloq ayollari bilan cheklanib qolmaganini Tojixon Shodiyeva taqdirida ko‘ramiz. 1905-yili Farg‘ona shahrida ishchi, shaxtyor oilasida tug‘ilgan bu ayol 1928-yilgacha komsomol a’zosi bo‘lgan. 1930–1933 yillari Moskva shahrida marksizm-leninizm kursini tamomlagan. Shuningdek, Xorazm Kompartiyasi Markaziy Komitetida instruktor (1921–1922), Qo‘qon shahrida oblast partiya komitetining xotin-qizlar bo‘limi mudirasi (1923–1925), Samarqand shahrida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida xotin-qizlar bo‘limi mudirining o‘rinbosari (1926–1930) bo‘lib ishlagan. Ancha yil partiya va davlat idoralarida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan, markaziy o‘quv yurtlarida tahsil olgan bo‘lsa-da, u ham qatag‘on to‘lqinidan chetda qolmagan. 1937-yil 2-iyunda hibsga olinib, 1938-yil oktyabrida SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining Toshkentda o‘tgan sayyor sessiyasi qarori bilan 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.

Ma’lumki, “Katta terror” qurbonlari orasida sovet hokimiyatiga qarshi qurolli kurash olib borgan “bosmachi”, “qo‘rboshi”, “lashkarboshi”, “jadid” va “sarkarda”larning oila a’zolari, jumladan, ayollari ham bo‘lgan. Bu o‘rinda mashhur lashkarboshi Shermuhammadbekning ayoli Soliyaxon Ma’murovaning fojiali taqdirini eslash joiz. 1937-yil 4-dekabr kuni davlat xavfsizligi serjanti Lebedev qarori bilan hibsga olingan Soliyaxon 1900-yili tug‘ilgan, millati o‘zbek, boyning qizi, partiyasiz edi. Turmush o‘rtog‘i Farg‘ona vodiysida dong taratgan, o‘sha paytda Afg‘onistonda muhojirlikda yashayotgan qo‘rboshi Shermuhammad xalq orasida Ko‘rshermat nomi bilan tanilgan. Hibsga olingan paytda Soliyaxon “Paxtaqaynar” kolxozi a’zosi edi.

Tergov birinchi navbatda uning oilasi haqida so‘roqlardan boshlanadi. U o‘z ko‘rsatmasida deydi: “Akam Ma’murov Mamadali 1922-yilda Afg‘onistonga yashirin tarzda o‘tib ketishga uringan paytda qizillar tomonidan o‘ldirilgan. Ikkinchi akam Ma’murov Mahmud qayerda ekanini bilmayman. Qishloqdoshlar gaplariga ko‘ra, Tojikiston NKVDsi tomonidan qamoqqa olingan”. Bu ma’lumotlar tergov hujjatlarida uning “shubhali muhit” bilan bog‘liqligi sifatida qayd etiladi.

Tergovchining ayblov xulosasi Soliyaxon Ma’murovaga nisbatan tuhmatlarga to‘la edi. Go‘yoki u avvaldan sovet hokimiyatiga qarshi kayfiyatda bo‘lgan, deb ko‘rsatiladi. Tog‘asi Xoliqov orqali eri bilan xat yozishib turgani ta’kidlanadi. Hujjatlarda u Xoliqov yordamida o‘z buyumlarini sotib, akasi orqali Afg‘onistonga – eri oldiga o‘tib ketishga uringani qayd etiladi. Ammo akasi qamoqqa olingani sababli bu reja amalga oshmay qolgani yoziladi. Shundan keyin u qishloqqa qaytib, “Paxtaqaynar” kolxozi a’zolari orasida ig‘vogarona mish-mishlar tarqatgan, degan ayb ilgari suriladi.

Ayblovda Soliyaxon kolxozchilarni qo‘rqitib: “Siz o‘zbeklar yevropacha kostyum va furashka kiyib, o‘zbeklar dini va urf-odatlariga isnod keltirmoqdasizlar, tez orada erim Ko‘rshermat kelib sovet hokimiyatini yo‘q qiladi, shunda u siz o‘zbeklarga ruslar kiyimlarini kiyib yurishni va o‘zbeklar urf-odatlarini esdan chiqarmaslikni ko‘rsatib qo‘yadi”, degani qayd etilgan. Shu asosda u O‘zSSR Jinoyat kodeksining 61-moddasi 1-qismi bilan javobgarlikka tortilib, ish Toshkentga, O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi “uchligi”ga yuboriladi. 1937-yil 7-dekabrda “uchlik” 13650-sonli ish bo‘yicha qarorini aytadi. Soliyaxon Ma’murova 8 yil mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilinib, jazo muddati 1937-yil 4-dekabrdan hisoblanadi.

Soliyaxon Ma’murova jazoni avval Toshkentdagi O‘rta Osiyo lagerida o‘taydi, so‘ng Kirov viloyatidagi Vyatskiy mehnat-tuzatuv lageriga etap qilinadi. Mahbus 1939-yil 15-mayda lagerdan turib O‘zSSR Oliy Sovetiga afv so‘rab ariza yo‘llaydi. Unda o‘z boshidan o‘tgan voqealarni bayon etadi va aybsizligini ta’kidlaydi. Jumladan, arizada shunday yozadi: “Farg‘onaning Toshloq rayoni Zarkent qishlog‘idagi “Paxtaqaynar” kolxozida kolxoz a’zosiman, kolxozdagi mavsumiy ishlar tugashi bilan Qo‘rg‘ontepa rayonidagi tug‘ishgan opamnikiga borganman, unikida bir oy bo‘lib, yana uyga qaytib kelganimda, meni uyga qo‘ymay, darhol qamoqqa olishgan, bir necha kun Farg‘ona turmasida meni erining oldiga qochmoqchi bo‘lgan deb tergov qilishgan. O‘sha payt qo‘limda 5 yillik pasport bo‘lgan, hech qanday tanbeh olmaganman, chegaraga yaqin ham qaramay, gumonlanib, 14 oy mobaynida Farg‘ona turmasida yotdim… Men lagerda bo‘yin tovlamasdan ishlamoqdaman, ma’muriy jazoga tortilmaganman. Sotsialistik intizomning barcha qoidalariga itoat qilmoqdaman. Mening ishimni tekshirib chiqishni va ozod qilishni komissiya a’zolaridan iltimos qilaman”.

Ushbu murojaat asosida Soliyaxon Ma’murova ishi qayta ko‘rib chiqish uchun Farg‘ona viloyati Toshloq ichki ishlar bo‘limiga yuborilib, qo‘shimcha tekshiruv-tergov harakatlari olib boriladi. Biroq 1940-yil 31-dekabrda viloyat ichki ishlar boshqarmasi “uchlik” qarorini o‘z kuchida qoldiradi. Shu tariqa, Soliyaxon Ma’murova tomonidan GULAGning Vyatskiy lageridan yo‘llangan afv etish haqidagi ariza ijobiy hal qilinmaydi. Uning keyingi taqdiri hali aniqlanganicha yo‘q…

O‘zga yurtlardagi qamoqxonalarda mahbuslikning beshafqat kunlarini o‘tkazgan ayollar qancha! Ulardan ayrimlarining nomi arxiv sahifalarida saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ko‘pining taqdiri hanuz ilmiy tadqiqotlarga muhtoj. Tarix bu ayol qahramonlarimiz nomlarini hamisha o‘z bag‘rida – avlodlar xotirasida saqlaydi.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-martdagi 10-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596