Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.03.2026 | 10:20

img1320

BARCHA YO‘LLAR VATANGA ELTADI!

Germaniyadagi “Humanitäre schule” xususiy maktabi boshqaruvchisi Maryam SULTONOVA bilan suhbat

– Germaniya nafaqat Shiller, Gyotening vatani, shu bilan birga, Yevropaning ko‘zini ochgan, tafakkurini o‘zgartirgan Martin Lyuter kabi buyuk daholarning, ilm-ma’rifat borasida yirik islohotlar o‘tkazgan fidoyi insonlarning yurti. Mana shunday yurtda hamyurtlarimiz ayni ta’lim sohasida ishlab muvaffaqiyatga erishayotgani ham hayratlanarli, ham quvonarli hol. Germaniyadagi tartib-intizom, mentalitet, dunyoqarash butunlay boshqa bo‘lishiga qaramasdan, xotin-qizlarimiz bu yerda ham o‘z o‘rnini topib, hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lib mehnat qilmoqda.

Siz ulardan biri sifatida Myunxendagi “Humanitäre schule” maktabida boshqaruvchi bo‘lib ishlayapsiz. “Ich bin stark, ich sag laut Nein!” nomli kitobingiz nemis maktablarida qo‘llanma sifatida foydalaniladi.

O‘zingiz haqingizda qisqacha aytib bersangiz. Sizni qanday taqdir yetakladi bu joylarga?

– Men Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida tug‘ilganman. Oddiy qishloq qiziman. Oltinchi sinfgacha 24-maktabda, yettinchi sinfdan tumanimizdagi birinchi litsey-internatda o‘qiganman. U yerda bizga juda kuchli pedagoglar dars berardi. 2004-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining nemis tili fakultetiga qabul qilindim. Germaniyaga yo‘l shu oliygohdan boshlangan.

– Yaxshi-yomon fan bo‘lmaydi, yaxshi yoki yomon o‘qituvchi bo‘ladi, deyishadi. Sizning yodingizdan chiqmaydigan, hayotingizni o‘zgartirgan o‘qituvchilaringiz bormi?

– Hayotim va faoliyatimdagi ko‘p narsalarni litseydagi ustozlarimdan o‘rganganman, chunki aqlimni tanib, ta’limning qadriga yetganimda, shu insonlarning qo‘lida bo‘lganman. Ularga rahmat aytaman! O‘quvchi-talaba xom loyday gap: uni pishitib, shakl berib, tobiga yetkazgan ustozlar bo‘ladi. Biz ulardan uzoqlashib ketsak ham, qiyinchiliklarni yengib o‘tishda, muvaffaqiyatlarga erishishda saboqlariga suyanamiz.

– Endi Germaniya va uning ta’lim tizimi haqida gaplashsak. Bilishimcha, bu davlatda har bir federal okrugning o‘z qonun-qoidalari bor. Jumladan, ta’lim tizimida ham. Bu farq nimalarda ko‘rinadi?

– Darhaqiqat, 16 ta federal o‘lka bo‘lsa, ularning ta’lim tizimida farq katta. Birinchi navbatda boshlang‘ich sinflar chegarasida ko‘rinadi bu farq. Bavariyada 1-4-sinflar boshlang‘ich hisoblanadi. Boshqa federal o‘lkalarda 1-6-sinflar boshlang‘ich maktab hisoblanadi. 4-sinfdan keyin bolalar uchta toifaga ajratiladi. A’lochilar gimnaziyaga ketadi, o‘rtachalar “Realschule” (o‘rta ta’lim tizimining bir turi, odatda 5-10-sinf)ga, o‘zlashtirishi past o‘quvchilar “Mittelschule” (asosan Bavariya va Saksoniya yerlarida ta’lim tizimining amaliy yo‘nalishdagi turi)ga jo‘natiladi. Bu toifalanishdagi tanlovni, masalan, Berlinda bolalarning o‘zi hal qilsa, Bavariyada maktab, o‘qituvchilar, baholar hal qiladi. Aytish kerakki, Bavariya Germaniyada ta’lim sistemasi qattiqqo‘llik bilan olib boriladigan hududlardan hisoblanadi. O‘zbekistondagi viloyat maqomiga teng hudud birligida alohida ta’lim vazirligi, o‘zining sotsial vazirligi bor.

– Bu farqni darsliklarda ham ko‘rish mumkinmi?

– Yuqoridagi uchta ta’lim bo‘g‘inida katta farq bor. Yaqinda shu bo‘yicha taqdimot tayyorlagan edik. Masalan, boshlang‘ich maktabda bitta kitob o‘qitilsa, gimnaziyada yettita kitob o‘qiladi, yuqori sinfda to‘rtta, amaliy yo‘nalishda ikkita kitob o‘qitiladi. Darsliklar barchasi barobar emas, o‘zlashtirish o‘quvchilar qobiliyatiga qarab o‘zgartirib boriladi.

Darsliklar bolalarga tekin tarqatiladi, yuz foiz davlat ta’minotida. Har bir federal o‘lka o‘zi uchun darslik yaratadi. Keyin har bir maktab qaysi darslik bilan ishlashini o‘zi hal qiladi.

– O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida umumta’lim maktablarining ming AQSH dollari va undan yuqori miqdorda ish haqi oluvchi o‘qituvchilari soni 6 ming nafardan oshdi. Bu borada Germaniyada holat qanday?

– Bu yerda ta’lim tizimiga e’tibor namunasi shuki, o‘qituvchilarga ham “Beamte” maqomi berilgan. Bu “xalq xizmatchisi”, “davlat xizmatchisi” degan ma’noni bildiradi. O‘qituvchilar ma’lum vaqt ishlagandan keyin vazirlik mas’ullari, militsiya xodimlari, harbiylar, sudyalar qatorida ushbu rutbaga erishishi mumkin. Bunda maoshdan soliq imtiyozi beriladi, tibbiy sug‘urta kafolatlanadi, pensiya ta’minoti yuqori miqdorda belgilanadi. Shuning uchun ham o‘qituvchilar motivatsiya bilan ishlashadi.

Endi bir jihat bor, Germaniyada “boyimoqchi bo‘lsang, sotsial sohada ishlama”, degan yozilmagan qoida bor. Bu sohada ishlaganlar boyib ketmaydi. Haqiqatda kasbini sevadigan, bolalarni yaxshi ko‘radigan odamlar ishlaydi bu sohada.

– Fidoyi odamlar! Shundaymi?

– Aynan! Fidokorlik talab etiladi.

– Xususiy va davlat maktablarining umumiy va ayri xususiyatlariga to‘xtalib o‘tsangiz.

– Germaniyada xususiy maktablar juda kam. Asosan ingliz tiliga ixtisoslashgan maktablar xususiylashgan. Maktablar, boshlang‘ich maktablar davlat tasarrufida. Maktablar ta’lim vazirligi va sotsial vazirlik bilan birgalikda tashkil qilingan.

Myunxen shahrida uylar va binolarning ijarasi yuqori narxda bo‘lgani uchun darslar ikki smenada olib boriladi. Tushlikkacha o‘qituvchilar dars bersa, tushdan keyin ikkinchi darajali o‘qituvchilar dars beradi. Ularni o‘zimizdagi tarbiyachilarga tenglashtirish mumkin. Tarbiyachilarning tushlikdan keyingi tashkiliy ishlariga men mas’ulman.

– Maryamxon, Germaniyada asosan qaysi fanlarga urg‘u beriladi?

– Boshlang‘ich maktablarda asosan uchta fanga urg‘u beriladi. Bular matematika, nemis tili va “Heimat-und Sachunterricht”. Bu fan O‘zbekiston sharoitida “Vatan tuyg‘usi”, “Tabiat”, “Boshlang‘ich fizika”, “Salomatlik” fanlarining yig‘indisiga teng. Asosiy maqsad yangi avlodni kichik yoshdan vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va nemischa tartibga rioya ruhida tarbiyalash.

– Bu yerda o‘qituvchilarning qanday yuklamalari bor? Masalan, maktabingizda ko‘ryapmanki, pedagoglar har xil kiyimda…

– Bu yerda o‘qituvchilar juda erkin ishlaydi. Sinfxonaga qanaqa jihoz qo‘ymoqchi, qaysi darslik bilan ishlamoqchi, bugun bolalar bilan qaysi mavzularni o‘tmoqchi – o‘zlari hal qiladi. Darslar ketma-ketligini ham mustaqil hal qiladi. Masalan, birinchi soat matematika, ikkinchi soat ona tili deyilgan bo‘lsa, xohishlariga ko‘ra almashtirishi mumkin. Yoki bugun sinfda matematikaga ehtiyoj yuqori bo‘lsa, o‘zaro kelishib, ikki soat matematika o‘tishlari mumkin ona tilining ham o‘rniga. Ko‘p narsalarni o‘zlari hal qiladi.

E’tiborli jihati, o‘qituvchilar faqat dars uchun javob beradi. Bolalar tashqarida urishib qolsa, qanaqadir muammolari bo‘lsa, maktabda bu bilan shug‘ullanadigan sotsial-arbayteri bor. U bolalarning ijtimoiy muammolariga javobgar shaxs. Uyam har kuni olti soat maktabda bo‘ladi, bolalar bilan shug‘ullanadi. O‘quvchilar o‘rtasida nizo bo‘lsa, o‘qituvchi vaqtini uning yechimiga sarflamaydi, bolalar o‘sha xodimning yoniga ketishadi. O‘qituvchining vazifasi faqat o‘qitish, dars tugaydi, ketadi.

– Ba’zan o‘zimizda o‘quvchilarning o‘qituvchilarni behurmat qilgani, bepisand munosabatda bo‘lganini ko‘rib, eshitib qolamiz. Maktablar davlatning tasarrufida bo‘lgani, ta’lim bepul berilayotgani uchun qadri yo‘q o‘qituvchining, degan qarashlar ham bor. Lekin Germaniyada ham shunaqa ekan-ku, ta’lim.

– Germaniyada zo‘ravonlik, hurmatsizlik deyarli hech qaysi sohada kuzatilmaydi. O‘qituvchi bilan ota-ona gaplashayotganda “Professionelle Ebene” doirasidan chiqmaydi. Ya’ni suhbatda shaxsiy masalalar aralashtirilmaydi, faqat bola va uning ta’limi haqida gap ketadi. Ota-onalar ham hurmatsizlik qilishmaydi. O‘qituvchilar ham shunga munosib bo‘lishga harakat qiladi. Qolaversa, davlat o‘qituvchilarni xafa qildirib qo‘ymaydi.

– Bizda ham o‘qituvchilar obro‘sini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus qonunlar qabul qilinmoqda. Prezidentimiz o‘qituvchi maqomini qat’iy belgilab qo‘ydi. O‘qituvchilar ta’limdan boshqa ishlarga jalb qilinmaydi. Bu borada ham O‘zbekiston o‘z tajribasiga ega bo‘lib bormoqda.

Myunxenni kezar ekanman, tarixiy obyektlar: saroylar, cherkovlar, teatrlar, haykallar va boshqalarning mukammal saqlab qolingani, asliday tiklangani meni hayratga soldi. Tarixan olganda, qisqa vaqtda nemis xalqi o‘zining qaddini tiklab, dunyoning siyosiy, ilmiy va texnikaviy liderlaridan biriga aylangan davlatni oyoqqa qo‘ydi. Buning sababi nimada, deb o‘ylaysiz?

– Buning sababi nemischa mentalitetda. Nemislar har bir ishni juda jiddiy qabul qiladi, mukammal darajada bajarishga harakat qiladi. Ularda topshiriqni qo‘l uchida bajarish, o‘zini ayab, beparvo bo‘lish odati yo‘q.

“Deutsche Pünktlichkeit” iborasini bizda ko‘proq “немецкий расчёт” tarzida og‘zaki muloqotda ishlatishadi. Buni “olmoncha aniqlik”, “nemischa intizom” desa bo‘ladi. Nemislar aytilgan joyga vaqtida boradi, vazifalarni ham belgilangan muddatda bajaradi. Uchrashuv yo ishga erta kelish, kech qolish degan gap yo‘q. Hatto, o‘zaro ko‘rishganda ham bir-birining vaqtini olmaydi.

– Buning o‘zbekcha nomi “lafz” deyiladi. Nemislar ko‘proq kimlarning asarlarini o‘qiydi? Mumtoz adiblarini biladimi?

– Boshlang‘ich sinflardayoq Gyote she’rlarini yodlashadi. Shillerni ham ko‘p o‘qishadi. Kitobxonlar zamonaviy adiblardan ko‘ra klassikani ma’qul ko‘radi.

– 500 yil yo 300 yil oldin qalam tebratgan ijodkorlarning tili bugun ham tushunarlimi yoshlarga?

– Katta qismi tushunarli. Masalan, mumtoz g‘azallarni hozirgi yoshlarimiz tushunishlari qiyin. Lekin olmonlar klassikani lug‘atsiz o‘qib, mag‘zini chaqib ketaveradi.

– Chet elda o‘z o‘rnini topish oson emas. Odamlar asosan Sizning yutug‘ingizni ko‘radi va hayot chet elda oson ekan-ku, deb o‘ylab qoladi. Mana shunday muhitga kelib, obro‘ orttirish uchun nima kerak?

– Bardosh, bardosh va moslashuvchanlik kerak. Baxtimizga xalqimiz bardoshli. Moslashishga ham qiynalmaymiz, tirishqoqmiz.

– Endi Germaniyada yashayotgan bir inson sifatida, nemislarning to‘y va ma’rakalari haqida nima deya olasiz?

– Shahar markazida turamiz. To‘ylari ixcham shaklda o‘tkaziladi. Lekin azalari hashamdorroq. Birinchi cherkovga borishadi, juda ko‘pchilik keladi, gullar, bezaklar keltiriladi, keyin tobut bilan dafn marosimi…

– Masalan, bizga o‘xshab dasturxon yozib, “yettisi”, “qirqi”, “yuzi” kabi yig‘inlari bormi?

– Yo‘q, unaqa narsalar bo‘lmaydi. Hashamat dafn kunining o‘zidayoq yakun topadi. Keyin hamma o‘z ishi bilan andarmon bo‘ladi.

– Siz aytgan hashamda isrof yo‘q…

– Shunday. Na to‘yda, na azada isrofgarchilik ko‘rasiz. Nemislar to‘ydan ko‘ra azaga e’tiborli. Maxsus musiqalar, mayda-mayda, lekin ahamiyatli urf-odatlar ado etiladi. Uzoq yashagan insonga farzandlari o‘z hurmatini shunday ko‘rsatishadi.

– Taqqoslash imkoni bor odam sifatida, endi umumlashtirib, O‘zbekiston va Germaniyadagi yashash tarzi haqida nima deya olasiz?

– O‘zbekistonda vaqt barakaliroq. Insonlar bilan aloqa, jonli muloqot ko‘p. Yuzma-yuz ko‘rishish, samimiy hol-ahvol so‘rash, suhbat ko‘p. Vatanga borsam, Germaniyaga qaytib kelgim kelmaydi. Chunki bu yerda hayotimiz ko‘pincha bir xillikdan iborat. Ertalab turamiz, bolamizni maktabga jo‘natamiz, ishga ketamiz, ishlaymiz, uyga boramiz. Bu yerdagi ishga bo‘lgan talabning yuqoriligi va odamlarning muntazam shoshib yurishi energiyangizni so‘rib qo‘yadi. Ishdan keyin boshqalar bilan ko‘rishishga hol, xohish qolmaydi.

Germaniya rivojlangan davlat, lekin hamma rivojlangan davlatlar har tomonlama rivojlanadi, ya’ni ijobiy o‘sish bilan birga salbiy natijalar ham bor. Bu yerda ruhiy kasallikka chalinganlar, depressiyaga tushganlar ko‘p, shifoxonalar to‘la. O‘zbekistonda, Allohga shukur, depressiv odam kam. Nimaga? Muammosini oilasi, qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlari, hamkasblari bilan bo‘lishadi. Mahallaga chiqadi. Agar amaliy yordam ololmasa ham, yuragini bo‘shatib, yengil tortadi. Hamdardlikni his qiladi.

– O‘zbekchilik.

– Ha, o‘zimizning o‘zbekchilik. Odamgarchilik, mehr-muhabbat, oqibat. Shu narsalar baribir insonning mental sog‘ligini hal qiladigan narsalar. Oilaning mustahkamligi. Bu yerda esa birovning dardi u yoqda tursin, odamlarga ko‘ylagining kiri ham og‘irlik qiladi.

– Germaniyaning jadidlik tarixi bilan bog‘liq jihatlari bor. O‘tgan asrning 20-yillari jadidlar tuzgan “Ko‘mak” jamg‘armasi yordamida sara yigit-qizlar Germaniyaga o‘qish uchun yuborilgan. Germaniya o‘sha paytda ham ilm-fan sohasida Yevropada peshqadamlardan hisoblangan. Mana shu tarix xususida tasavvurlaringiz bormi?

– Bor. Ular yetmish nafar bo‘lgan. Qizig‘i, ikki nafari qiz. Bir asr oldin olis yurtdan kelib, Germaniyaga ko‘nikish, olmon xarakteriga moslashish, yuqori pedagogikaga javob berish oson bo‘lmagani aniq.

– Ana shu jasoratli va matonatli ikki qizning biri – Maryam Sultonmurodova bo‘lgan. Qarang, qariyb otdosh ekansiz.

Maryam Sultonmurodova 1922-1923-yillarda Berlindagi nemis xonadonida yashab, Berlin universiteti qoshidagi 6 oylik nemis tili kursini tugatadi. 1924-yili Darmshtadtga borib, o‘qituvchilar seminariysida o‘qiydi. 1927-yili Berlinga kelib, bir yil davomida amaliy mashg‘ulotda bo‘ladi. 1928-yilda o‘qishni tugatib, SSSRga qaytib keladi va pedagogika, jurnalistika sohasida faoliyat yuritadi. Ammo 1937 va 1949-yillarda josuslikda ayblanib qamaladi, surgun qilinadi. Faqat 1957-yilda oqlanadi, ammo bu paytda u nogironga aylanib bo‘lgan, yoshligi va quvvayi hofizasidan ayrilgan edi.

Tasodifni qarangki, oradan yuz yil o‘tib Turkistondan Olmoniya tomon yana bir Maryam ilm sohasida yo‘l oldi. Faqat endi o‘rganish uchun emas, o‘rgatish uchun. Bir asr oldin nemislardan o‘zbek qizi dars olgan bo‘lsa, bugun nemis bolalariga o‘zbek qizi dars beryapti, kitob yozyapti.

Lekin qahramon adashingizdan farqli ravishda, Sizni Vatanda jazo emas, shon-sharaf kutib turibdi. Shu o‘rinda oxirgi savol: O‘zbekistonga borib dars berish taklif etilsa, borasizmi?

– Germaniyaga taqdir taqozosi bilan oilaviy kelganmiz. Taqdir nasib qilib O‘zbekistonga qaytsak, albatta, o‘z sohamda ishlayman. Chunki bu sohaga insonlarni, bolalarni sevganim uchun kirganman. O‘zbekistonga ham yangi g‘oyalarim bilan boraman, albatta.

– Prezidentimizning bir iboralari bor: “Bilim – o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan eng katta boylik”. Mana shunday katta bir boylik egasi bo‘lyapsiz. Barcha yo‘llar Vatanga eltadi! Xudo xohlasa, keyingi suhbatimiz Marg‘ilonda bo‘ladi, deb umid qilaman.

Salomat bo‘ling! Ishlaringizga rivoj, oilangizga tinchlik tilayman! Katta rahmat Sizga! “Jadid” gazetamizni elektron shaklda kuzatib borish imkoniyatingiz bor. Bizning gazetamizning shiori Sizning shioringiz bilan bir xil: “Tilda, fikrda, ishda birlik!”

Iqbol MIRZO suhbatlashdi.
Germaniya, Myunxen shahri

“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-martdagi 11-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605