Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.03.2026 | 17:12

img1395

IMPERATOR QASIDASI

Biz yetti asr muqaddam yozilgan “Yuz so‘z” she’riy asari haqida so‘z yuritmoqchimiz. Ushbu qasidani 1368–1398-yillardagi Xitoy imperatori Chju Yuanchjan (1328–1398) yozgan. U islom diniga xayrixoh nazar bilan qaragan hukmdor bo‘lgan. Shoyoni hayratki, shu borada olib borgan ozgina izlanish davomida Chju Yuanchjan bilan deyarli tengdosh bo‘lgan Amir Temur orasida juda ko‘p mushtarakliklar borligini aniqladik.

Chunonchi, Amir Temur undan atigi sakkiz yosh kichik bo‘lgan, ikkovi ham deyarli teng – yetmish yildan umr ko‘rishgan. Chju Yuanchjan ham, Amir Temur ham shohlar oilasidan chiqmagan, balki oddiyroq oila farzandi edi. Ular mardlik va tadbirkorlik orqali nafaqat mamlakat hukmdori bo‘lgan, balki imperiya tuza olishgan. Chju Yuanchjan asos solgan Min imperiyasi 1368–1644-yillarda (276 yil) saltanat surgan bo‘lsa, Temuriylar imperiyasi (Boburiylar bilan qo‘shib hisoblaganda) 1370–1857-yillarda (487 yil) hukmronlik qilgan. Ikkisi ham siyosiy-harbiy harakatini mamlakatni mo‘g‘ul bosqinchilaridan ozod etishdan boshlagan.

Chju Yuanchjan mo‘g‘ullarga qarshi kurashni “Qizil peshonabog‘lilar” harakatiga qo‘shilgan holda boshlagan bo‘lsa, Amir Temurning xalq orasida mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi stixiyali ravishda kelib chiqqan sarbadorlar harakatiga qo‘shilishi ham shu tarzda yuz bergan. Chju Yuanchjan “Qizil peshonabog‘lilar” harakati rahbarlari bilan ixtilof kelib chiqqach, ularni mahv etgan. Amir Temurning sarbadorlar harakati yetakchilari bilan munosabati ham shu yo‘sinda yakun topgan.

Chju Yuanchjan markazlashgan hokimiyatni mustahkamlash uchun “pochta bekati tizimi”ga katta e’tibor bergan. Pochta bo‘limi nafaqat farmonlar yuborish, balki keng hududlarni nazorat qilish, amaldorlarni turli ishlar bilan har tomonga yuborish va soliqlarni yetkazib berish uchun ham xizmat qilgan, bu uning mo‘g‘ullar hukmronligidan keyin mamlakatni qayta qurish siyosatining asosiy jihati bo‘lgan.

Amir Temurda ham shunday. Tarix manbalarida yozilishicha, “o‘sha paytda boshboshdoqlik va adolatsizliklar kuchli bo‘lib, bu yerlardan o‘tib-qaytuvchi savdogarlar va hojilar qiyinchilikka uchrar, bu tartibsizliklar tashqi iqtisodiy va diplomatik aloqalarning rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatar edi. Amir Temur bu ahvolni tahlil qilib, o‘sha davr sahnasini juda yaxshi ko‘ra olgan va yo‘llarning tinchligini, ularning ishchanligini ta’minlashni, qurish va qayta ta’mirlash, yagona kommunikatsiya tizimlarining xavfsizligini kuchaytirishga kirishgan”.

Har ikki hukmdor mardlik va dovyuraklikka alohida e’tibor bergan. Chju Yuanchjan qo‘shinida millati xitoy, o‘zi musulmon bo‘lgan o‘nga yaqin lashkarboshi xizmat qilardi. Qolaversa, rafiqasi musulmon oilasidan chiqqan, uning o‘zi ham bir mahal musulmon isyonchilar guruhida qatnashgan. O‘z zamonasining amiralmo‘mini bo‘lgan Amir Temur esa, olimlarning yozishicha, Qur’oni Karimni yodlabgina qolmay, balki uning ma’nosini juda yaxshi bilar, boshqa ilmlarni ham puxta egallagan edi. Ayniqsa, fiqh ilmida shuhrat qozongan edi. Bu esa, o‘z navbatida, uning obro‘siga obro‘ qo‘shar, xalq ommasining unga bo‘lgan izzat-ehtiromini yana ham orttirardi.

Amir Temur, garchi shoir bo‘lmasa-da, she’riyatni juda qadrlagan, ko‘p asarlarni yod bilgan va o‘zaro suhbatlarda nazmiy misol keltirishga mohir bo‘lgan. Alisher Navoiy: “Temur Ko‘ragon – agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xub mahal va mavqeda o‘qubdurlarkim, aningdek bir bayt o‘qug‘oni ming yaxshi bayt aytqoncha bor”, deya ta’riflagan. Tarixda eng ko‘p shoir va boshqa san’at ahllari aynan Amir Temur zamonida yashab o‘tgani ham shuni tasdiqlaydi.

Chju Yuanchjan esa shoir edi. Uning “Yuz so‘z” qasidasi Alloh taolo, islom dini va Muhammad alayhissalom madhiga bag‘ishlangan. U mazkur qasidani Nankin, Yunnan, Guandun va Futszyan shaharlarida o‘zi qurdirgan masjidlar devoriga yozib osib qo‘yishni buyurgan. Hukmdorning islomga moyilligi ko‘p odamlarning shu shaharlarga ko‘chib borib yashab qolishiga sabab bo‘lgan.

Axir, o‘zingiz o‘ylang, bundan yetti asr muqaddam Chin mamlakatida, buning ustiga, biror diplomat yo shoir emas, aynan buyuk imperatorning o‘zi muqaddas islom dinini, sarvari koinot Muhammad alayhissalomni madh etib qasida bitishi tushimizga ham kirmaydigan hayratlanarli hodisa-ku!

Min sulolasining yangi imperatori Xonbaliqni imperiyaning yangi poytaxti deb e’lon qildi. Bugungi kunda Xonbaliq Pekin nomi bilan tanilgan. Bu imperatorning hukmronligi ko‘p jihatdan inqilobiy bo‘lgan. U Xitoyda yangi yerlarni obod qilish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni rag‘batlantirdi, soliqlarni kamaytirdi, siyosiy korrupsiyani bostirdi va dehqonlar huquqini himoya qiluvchi qonunlarni joriy qildi. Qul tutishni taqiqladi va zodagonlarga tegishli yerlarni kambag‘allar orasida qayta taqsimladi. Imperator Sitszin va Nanjingda, janubiy Yunnan, Fujian va Guanchjou hududlarida masjidlar qurdi.

Shu shahanshoh ijod qilgan qasidaning har bir misrasi to‘rt so‘z (iyeroglif) va to‘rt bo‘g‘indan iborat. Hatto hozir ham Xitoydagi ayrim masjidlarda Rasulullohga bag‘ishlangan ushbu qasida osig‘liq turadi.

Asliyat bejiz “Yuz so‘z” deyilmaganidan kelib chiqib, biz ham uni yuz so‘z bilan tajassum qilishga, qolaversa, vazn hamda qofiya bilan ta’minlagan holda, masnaviy shakliga solib o‘girishga urindik.

YUZ SO‘Z

Lavhimahfuz uzra bitilgach oti,
Xoliq yaratmishdir bul koinotti.

Hazrati payambar – keltirmishki din,
Mag‘rib o‘lkasida tug‘mish onodin.

O‘ttiz pora Kitob angadir vahiy,
Biron sirdan g‘ofil ermas dargahi.

Yuz o‘n to‘rt ming nabiyni sultonidir,
Behisob valiyni hukmronidir.

Xalloqi olamga egib boshini,
Iltijo aylardi to‘kib yoshini.

Besh mahal yukunib o‘qirkan namoz,
Bayon aylayurdi dilda ne niyoz.

Hojatmandlar arzin ko‘ngliga tugib,
Duo qilar Allohimga yukunib:

“Yorab, tilagimdan o‘zingsan voqif,
Miskinlarni qo‘lla, holiga boqib.

Jonlar senikidir, ko‘ngillar – tobe,
Rahm qil alarga, etma itobe.

Yorabbulolamin, olamni asra,
Gunahkor, benavo odamni asra.

Jaholatdan qochsak, Senga yeturmiz,
Isloming bermasang, qayga keturmiz?”

Muhammad – podshohlarning valiysi,
Valiylarning shohi, eng avvaliysi…

“Men dunyo tarixini o‘qib shunday xulosaga keldim: dunyo podshohlari to‘plagan jami saltanat-u boylik, qasrlar-u saroylar Muhammad (alayhissalom)ning yamoq yaktagiga ham arzimas ekan, – deb yozgan edi buyuk olmon shoiri Gyote. – Biz, Yevropa millatlari, madaniy imkonimiz yuqori bo‘lishiga qaramay, Muhammad so‘nggi pog‘onasiga qadar chiqa olgan zinaning birinchi pillapoyasidamiz, xolos. Hech shubha yo‘qki, biron kimsa undan yuqoriroqqa o‘ta olmaydi”.

E’tiboringizga havola etilgan “Yuz so‘z” qasidasini ona tilimizga o‘girish chog‘i, har bir misra ustida mushohada qilaroq, kamina “Imperator Chju Yuanchjan ushbu qasidada Sarvari koinotga Gyotening ta’rifidan ham yuksakroq baho bergan ekan”, degan xulosaga keldim. Muborak Ramazon kunlaridagi bunday sezimlar kishi dilini xushnud etadi, albatta.

Zuhriddin ISOMIDDINOV

“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-martdagi 11-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600