23.02.2026 | 16:12
1208
ASKARIY MIRZO QASIDASI
Zahiriddin Muhammad Boburning farzandlari ko‘p jihatdan otasiga taqlid qilib, uning hukmdorlik va ijodkorlik salohiyatini o‘z faoliyatlarida takrorlashga intilgan.
Chunonchi, bir necha adabiy manbalarda Askariy Mirzoning ham she’r yozgani borasida ma’lumot bor.

Hasanxoja Nisoriy “Muzakkiri ahbob”da ushbu boburiyzodani “xushtab podshohzoda” va “ilm-u fazlga mayli bor”ligini ta’kidlab, “To kard Xudo ro‘zi man vodii g‘amro…” deya boshlanuvchi g‘azalini keltiradi. Fahriy Hiraviyning “Ravzat-us-salotin”ida esa “fahm-u farosati nihoyatda yaxshi” ekani va “tab’i nazm uslubida e’tiborga loyiqligi” yozilib, fors tilidagi bir ruboiy va ikki matla’si keltiriladi. Askariy Mirzoning shoirligi haqida shundan boshqa ma’lumot deyarli uchramaydi.
Askariyning hayot yo‘li turli siyosiy o‘yinlar va sarguzashtlarga boy o‘tgan. Umrining so‘nggi yillari borasida aniq ma’lumotlar aytarli yo‘q. Makkada vafot etgani eslatiladi, xolos.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Askariy Mirzo Hijozga borishdan oldin Istanbulda ham bir fursat yashagani va hatto usmonli saroyiga yaqinlashishga harakat qilgani haqida dalillar paydo bo‘lmoqda. Buning asosi hozirda Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Jorulloh bo‘limidagi 1668-raqamli qo‘lyozmadir. Bu manba Askariy Mirzoning devoni bo‘lib, u paleografik xususiyatiga ko‘ra, taxminan XVI asrning ikkinchi yarmida kitobat qilingan.
Devon hajmi katta emas, 36 varaq. Nasta’liq xatida ko‘chirilgan. Undan muallifning turkiy va forsiy ijod mahsuli o‘rin olgan. Jumladan, fors tilida 88 g‘azal, 1 qasida, 1 soqiynoma va 2 ruboiy; turkiy 1 qasida va 7 g‘azaldan iborat.
Shoirning o‘zbekcha tab’i nazmi ravon ekanini ko‘rish mumkin. Uning ulug‘ so‘z san’atkorlari Alisher Navoiy va Mavlono Lutfiy ijodidan ko‘p bahra olgani she’rlaridan ma’lum bo‘ladi. Masalan, Navoiyning ikki g‘azaliga quyidagicha matla’ bilan nazira yozgan:
Oshiqi dilxastani gar dilbari shod aylagay,
Oncha bordurkim, buzug‘ olamni obod aylagay.
Umuman olganda, Askariy Mirzoning nazmi sodda va ravon. Usluban murakkab bo‘lmagan satrlarda fikrni aniq izhor qilish, tasvirni yorqin ifodalash aynan hazrat Bobur g‘azallarini eslatadi.
Endi Askariyning Istanbulda bo‘lishi bilan bog‘liq farazga to‘xtalsak. Ayni devonning dastlabki she’ri forscha qasida bo‘lib, u usmonli-turk sultoni Qonuniy Sulton Sulaymonga bag‘ishlangandir. Jumladan, asardagi ushbu bayt ham bunga dalil bo‘ladi:
Hazrati sulton Sulaymon Xusravi getiston,
Vorisi mulki jahon-u sohibi asr-u viqor.
Ushbu qasida va yana bir necha she’rda ham aynan Sulton Sulaymon nomiga ishoralar, unga madh-u sanolar o‘rin olgan.
Devon oxirrog‘idagi “Har qachon ul sarvqad ohangi javlon aylagay” misrasi bilan boshlanuvchi she’r ham shunday mazmundagi asar ekanini o‘rgandik. U eski o‘zbek tilida yozilgan. Bu qasida ham forschasi kabi nomlanmagan. Hajmi (24 bayt – 48 misra) va shakli ham shu janr talabiga javob beradi.
Qasida bir go‘zal chaman ta’rifi bilan boshlanib, mazmun bora-bora Sulton Sulaymon dargohini bir bog‘ga mengzash bilan bog‘lanadi. Muallif ana shu gulzor-u bog‘ egasining lutf-u marhamatiga muhtojligi, ojizligi va sarafroz etilishdan umidvorligi, sohibqiron (Sulaymon) uni o‘ziga “aqron” (yaqin)lardan biriga aylantirishiga ko‘z tutayotganini ma’lum qiladi. Qasida maqta’sida shoir bu muddao va tilakni aniq bildirgan:
Askariy, ul Xusravi sohibqiron oxir seni,
Lutf etib, olam aro mumtozi aqron aylagay.
Ushbulardan birinchi taxmin shuki, Askariy Mirzo Hijoz safaridan oldin, taxminan 1550-yillarda, usmonli saltanatining poytaxtida yashagan. Ushbu devondagi keltirilgan aksar she’rlarni ham shu yerda yozgan ko‘rinadi.
Shuningdek, ta’kidlangan qo‘lyozmaning ilk sahifasida kutubxona muhri (zamonaviy) va pastroqda “Ahmad afandi vaqfi”ga oidligi haqida qadimiy muhr bor. Shu bilan birga, eslatma qayd etilgan: “Devoni Askariy, daxili mulki Muhammad og‘o kotibi muzofoti al-Hoj Ahmad posho voliyi Oydinsobqo daxili mulki Muhammad afiallohu taolo anhu” (Oxirgi duo uch bora ketma-ket yozilgan).
Bu esa quyidagi taxminni keltirib chiqaradi: Askariy o‘z devoniga Hijoz (Makka)da tartib bergan va Muhammad og‘o kotibga Istanbulga yuborish uchun taqdim etgan. Albatta, bu dastlabki mulohazalar bo‘lib, manba yuzasidan hali izchil izlanishlar davom etishi shubhasiz.
Qo‘lyozmaning kotibi ko‘rsatilmagan. Lekin yozilish uslubidan u Movarounnahr nasta’liq xatidir. Usmonli xattotlari ko‘p ham bu xattiy uslubni qo‘llamaganlar. Shunga ko‘ra, Askariy devonining xattoti ham muallifning o‘zi bo‘lishi ehtimoldir. Chunki Bobur o‘z farzandlarining har jihatdan puxta ta’lim olishiga alohida e’tibor bergan edi. Jumladan, xat ilmi va chiroyli yozuviga ham. Askariy ushbu malakasini o‘z devonida qo‘llaganini taxmin etish mumkin.
Bu fikrga kelishimizga yana bir sabab, qo‘lyozma devonda deyarli bezak yo‘q. Faqat sahifalarga jadvallar ishlangan, xolos. Poygir bor. Xat ravon nasta’liq bo‘lsa-da, ayrim sahifalarga tuzatma va hoshiyalarga kiritmalar qilingan. Ayrim sahifalarning hoshiyalarida keyinchalik boshqa kotib tomonidan o‘zgacha xat bilan Hofiz Sheroziy g‘azallaridan yozib qo‘yilgan. Demak, bu qo‘lyozma qaysidir ma’noda musavvada (qoralama)dir va to‘liq devon tartibiga keltirilmagan.
Maqolamiz oxirida Askariy Mirzoning o‘zbek tilidagi mazkur qasidasining fotosurati va tabdil qilingan matnini to‘liq holda ilk marotaba gazetxonlarga taqdim etmoqdamiz.
Askariy MIRZO
QASIDA
Har qachon ul sarvqad ohangi javlon aylagay,
Bog‘bon tarki gul-u shamshod-u rayhon aylagay.
Andalibi xushnavo gulshanda gulni shavqidin
E’tikof etib hamisha shukri Yazdon aylagay.
Gʻunchai navras chamanda jumlai atrofini
Huqqai feruzagun ichinda pinhon aylagay.
Har kishi ahbob ila gul vaqtida baxtiyor
Peshini badrud etib, azmi guliston aylagay.
Bo‘lmagay gulshan kibi rangin-u xo‘b-u xushnamo,
Qog‘az uzra gar kishi tazhibi afshon aylagay.
Gul daraxtin shohini nogah chamanda, ey ko‘ngul,
Har kishi ko‘rsa, xayoli shohi marjon aylagay.
Anga o‘xshar – chashmani suyi chamandakim, birov
Ko‘zguni sayqal qilib, shaffof-u raxshon aylagay.
Sabzai navras chamanda bordurur, anga shabih
Kim, kishi zangorni to‘kub parishon aylagay.
Gar nasim, subhi dam gulshanda o‘tsa, ul zamon,
Sunbuli jo‘lida ham jondin parishon aylagay.
Gʻuncha yafroq orasinda anga o‘xsharkim, kishi
Tugmadin oroyishi zebinda xokdon aylagay.
Gul daraxtig‘a qizil gul bordurur, andoqki, yor
Halqasin ziynat uchun la’li Badaxshon aylagay.
Bulbuli xushgo‘ dag‘i, gulshanda gulni vaqtida
Gulga boqib har zamon, tashni’i rayhon aylagay.
Bog‘bon xilvat etib, gulshanni gulning vaqtida
Ishrat ahlin tolibi miftohi bo‘ston aylagay.
Bir zamon naqqosh agar, gulshanni ko‘rsa, rashkdin
Hamani muzmar etib, qog‘azni pinhon aylagay.
Har qachonkim, forig‘ o‘lsa, o‘zga ishlardin faqir,
Istimo’i go‘ft-u go‘i Sa’du Salmon aylagay.
Yo‘q kishida hech shug‘le ondin ortug‘, ey ko‘ngul,
Toki doim midhati sulton Sulaymon aylagay.
Lutf etib ojizni ul qilg‘ay sarafrozi jahon,
Hukm etib fag‘furni mahkumi xoqon aylagay.
Xusravi mardumnavoz-u shahriyori sarfaroz,
Lutf etib, ul qatrani daryoi ummon aylagay.
Anga o‘xshar olam ichra lutfini xosiyati
Kim, chamanda doimo boroni nayson aylagay.
Har kishiga gar inoyat qilsa ul bir lahzada,
Shafqatidin Xusravi Eron-u Turon aylagay.
Kimdurur Firdavsii Tusiyki vasfining borida
Kim, jahonda shuhrati tarixi dehqon aylagay.
Bordurur jismi zaif-u notavon, hajr ilgidin
Ham magar lutfing seni taskini xirmon aylagay.
Doimo xushvaqt bo‘lki, ey ko‘ngul, kim oqibat
Ul Masihodam sanga, mushkilni oson aylagay.
Askariy, ul Xusravi sohibqiron oxir seni
Lutf etib, olam aro mumtozi aqron aylagay.
Otabek JO‘RABOYEV,
Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi
“Jadid” gazetasining 2026-yil 13-fevraldagi 7-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



