30.03.2026 | 14:41
1215
UCHINCHI RENESSANS BUNYODKORLIGI
Zamon shiddatidan ba’zan aqlimiz lol qoladi. Zimmamizdagi vazifalar, uy-ro‘zg‘or, bola-chaqaning shirin tashvishlari bilan andarmon bo‘lib kunlar oyga, oylar yilga ulanadi. Shu orada yon-atrofga qarashga, mahallamiz, shahrimiz, umuman, yurtdagi o‘zgarishlar, yangilanishlarni ko‘rishga, idrok etishga doim ham vaqt topa olmasligimiz bor gap. Ustozlarimiz yozganday, “Chashma qoshida tiniq suv//Qadrini bilmas kishi”.

Shunday chog‘larda yangi obyektlarning ochilgani haqida eshitsak, borib ko‘rsak, ular xuddi Oydan tushganday taassurot qoldiradi. Beixtiyor kechagina bu yerlar pana-pastqam binoli ovul yoki yaydoq qir bo‘lganini o‘ylab qolamiz.
O‘tayotgan hafta mamlakatimizda tarixiy voqealarga boy bo‘ldi. Avvalo, quyosh va oy taqvimiga ko‘ra nishonlanadigan Ramazon hayiti va Navro‘z bayramining bir-biriga muvofiq kelishidek kamyob hodisaga shohid bo‘lyapmiz. Xalq ta’biri bilan aytganda, to‘ylar to‘yga, bayramlar bayramga ulanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalqimizning yuksak aql-zakovati, fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan muhtasham va muazzam imoratlar – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy majmuasining tantanali ochilishi, hech shubhasiz, shu saodatli kunlarning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi.
Ma’lumki, o‘lkamiz hududi asrlar davomida jahon tamadduni markazlaridan biri sifatida islom madaniyati va ilm-fani rivojida beqiyos o‘rin tutib kelgan. Buyuk mutafakkirlar, allomalar va muhaddislar yetishib chiqqan bu tabarruk zaminda boy ma’naviy meros shakllangan. Ana shu ulkan merosni asrab-avaylash, uni chuqur o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ayni paytda xalqaro ahamiyatga ega ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida e’tibor qozonmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani haqida to‘xtalib, muqaddas dinimiz ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga, ilm-ma’rifat yo‘liga da’vat etishini, uni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlar bilan murosa qilib bo‘lmasligini alohida ta’kidlagan edi. Ana shu yuksak g‘oya va maqsadlar asosida bunyod etilgan yangi majmua xalqimizning uch ming yillik tarixi va bunyodkorlik salohiyati, jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi, buyuk ajdodlarimizning madaniy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va keng ommalashtirishga xizmat qiladi.
Markaz binosi Prezident Shavkat Mirziyoyevning me’moriy g‘oya va takliflari asosida loyihalashtirilgan. Bunyod etish jarayonida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga bir necha bor tashrif buyurib, uning mazmunan va shaklan yanada mukammal bo‘lishi yuzasidan qimmatli tavsiya va maslahatlarini ulashdi.
Majmua mahobatini his qilish uchun bir necha raqamlarni keltirishning o‘zi kifoya. Xususan, Markaz Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod. Quvonarlisi, bu kabi noyob ko‘rsatkichlar majmuani “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritish uchun ham asos bo‘ladi.
Markaz qadimiy va milliy me’morchilik an’analari asosida qurilgan, unga to‘rt tomondan – to‘rt asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar va binoning tashqi ravoqlari ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi Qur’on oyatlari hamda hadislar bilan bezatilgan.
Shuningdek, bu yerda eng zamonaviy texnologiyalar keng qo‘llangan. Virtual va kengaytirilgan reallik, sun’iy intellekt hamda gologramma yordamida qadimiy qo‘lyozmalar “jonlantiriladi”, tarixiy ilmiy muhit raqamli shaklda qayta tiklanadi. Tomoshabin bevosita jarayon ishtirokchisiga aylanadi, buyuk olimlar bilan virtual muloqot qilib, ilmiy tajriba muhitini his etadi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mahobati, maydoni, qamroviga ko‘ra, islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o‘rganish hamda targ‘ib etishga qaratilgan jahondagi yirik majmualardan biri hisoblanadi.
Markaz mahobati va malohati har qanday nozikta’b insonni ham o‘ziga tortadi. Dilda mustahkam devorlar, ulug‘vor eshiklar ortida nima borligiga qiziqish uyg‘otadi. Kitob muqovasiga monand mazmuni ham teran va go‘zal bo‘lishi kerak. Shu ma’noda, Markazning “mag‘zi to‘q” bo‘lishini ta’minlash borasida ilgari tariximizda ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi. Ya’ni, majmuaning qurilishi va eksponatlar bilan boyitilishi parallel olib borildi. O‘tgan yilning o‘zida 1,5 mingdan ortiq eksponat, jumladan, 800 ga yaqin qadimiy qo‘lyozma, arxeologik topilma va tarixiy xaritalar ekspozitsiyaga joylashtirilgan. Ayni vaqtda xorijiy auksion uylari, yirik kolleksioner va art dilerlar bilan hamkorlik o‘rnatilib, 743 ta eksponatning original, ya’ni, asl nusxalari yurtimizga keltirildi.
Markaz jamoasi buyuk allomalarimizning dunyo bo‘ylab sochilib ketgan ilmiy merosini qaytarish ustida tinimsiz ishlamoqda. Ko‘plab kolleksionerlar va jadidlarning avlodlari o‘zlarida saqlanib qolgan nodir manbalarni Markazga taqdim etayotgani, fuqarolar tomonidan asrlar davomida oilaviy meros sifatida saqlab kelingan qo‘lyozmalarning topshirilishi milliy merosga bo‘lgan yuksak ehtirom namunasidir.
Majmua tarkibidagi kutubxona fondi 45 ming 150 tadan ziyod adabiyotni qamrab olgan, shundan 2 ming 609 tasi nodir nashrlar. Bo‘limlardan biri 22 nafar ma’rifatparvar jadid bobomizning merosiga bag‘ishlangani milliy o‘zlikni anglash yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir. Javonlardan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi millat fidoyilarining fotoportretlari o‘rin olgan. Har bir jadid siymosi yonida ular tomonidan yozilgan nodir adabiyotlar, faoliyatiga oid noyob tadqiqotlar va o‘sha davrning ijtimoiy-siyosiy manzarasini aks ettiruvchi manbalar saqlanmoqda. Bu bo‘lim kelajak avlod uchun haqiqiy tafakkur maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Kutubxonada buyuk mutafakkirlarimiz tashkil etgan ilmiy maktablar bo‘yicha ham alohida bo‘limlar bor. Bu yerda ularning asarlariga yozilgan sharhlar va zamonaviy ilmiy tadqiqotlarning to‘planishi tarix va bugun o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikni mustahkamlaydi. Ushbu nodir kutubxonani millatimizning “genetik kodi”ni asrovchi o‘ziga xos xazina, deyish mumkin. Markazda to‘planayotgan har bir nodir qo‘lyozma va kitob O‘zbekistonning yorug‘ kelajagi uchun xizmat qiladigan ilm bulog‘idir. Zero, ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosini o‘rganish va uni xalqqa yetkazish – bizning nafaqat qarzimiz, balki Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagiga qo‘ygan eng katta sarmoyamizdir.
Davlatimiz rahbari Markaz bilan tanishishni Qur’oni karim zalidan boshlagani bejiz emas. Darhaqiqat, bu zalning eng noyob manbasi bo‘lgan Usmon Qur’oni Buyuk Temuriylar davridan keyin bugungidek sharaflanmagan edi.
Ushbu Mus’haf uch asrdan ziyod vaqt davomida Samarqandda, keyin qariyb yarim asr chor Rossiyasi kutubxonasida, yetti yil Ufa shahrida, oltmish besh yil sovet O‘zbekistoni muzeylarida asrab kelindi. 1989-yili O‘zbekiston hukumatining qaroriga binoan Toshkentdagi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Shundan keyin Mus’haf Mo‘yi Muborak tarkibidagi maxsus binoda saqlandi.
Endilikda Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’oni karim zalidan joy oldi. Kitob joylashtirilgan maxsus oynavand sandiqqa yaqinlashar ekansiz, maxsus mepping gologrammasida koinot tasviri namoyon bo‘ladi. E’tiborlisi, gumbaz ostidagi yulduzlar kompozitsiyasi Toshkent osmonida tunda ko‘rinadigan yulduzlar xaritasi asosida shakllantirilgan. Ularni ifoda etish uchun 90 dona “svarovskiy” toshi va 650 dan ortiq chiroqdan foydalanilgani mazkur zalga alohida ulug‘vorlik bag‘ishlagan.
Bu yerda Usmon Mus’hafi bilan bir qatorda yurtimizga tegishli bo‘lgan, turli sulolalar davrida yaratilgan 114 ta nodir Qur’on qo‘lyozmasi jamlangan. Bu qo‘lyozmalar Sharq kitobat san’atining yuksak namunalari sifatida nafaqat diniy, balki ulkan tarixiy, ilmiy va badiiy qimmatga ham ega.
Markazning ochilishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi oshib, dunyoda ishonchli hamkor sifatidagi roli ortib borayotganini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, u strategik diplomatiya, xalqaro xavfsizlik va farovonlikni mustahkamlash, murakkab global davrda hamkorlikning yangi ufqlarini ochishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatli.
Markazda yosh avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilgan. “1001 ixtiro” laboratoriyasi orqali bolalarda ilm-fan, texnika va muhandislikka barvaqt qiziqish uyg‘otish maqsad qilingan. Bu esa kelajak avlodning intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, majmua faqat ko‘rgazma maydoni emas, balki yirik ilmiy muassasa ham hisoblanadi. Bu yerda restavratsiya laboratoriyalari, xattotlik maktabi va zamonaviy raqamli arxiv faoliyat yuritadi. Hududda qator nufuzli xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari joylashgani markaz ahamiyatini yanada oshiradi. Umuman, majmuani Markaziy Osiyodagi eng yirik madaniy-ilmiy loyihalardan biri sifatida baholash mumkin.
Shu sababli, dunyo ekspert va mutaxassislari mazkur markazni islom sivilizatsiyasi ilmiy merosini zamonaviy texnologiya orqali jahonga taqdim etuvchi yangi platforma sifatida qabul qilmoqda. Ayni vaqtda, uni madaniy diplomatiya va turizm salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi strategik obyekt sifatida ta’riflayotganlar ham bisyor.
E’tiborlisi, ushbu ulkan loyihani bunyod etish jarayonida 40 dan ortiq mamlakatdan 1 ming 500 ga yaqin mutaxassislar ishtirok etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi yoki Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi kabi o‘z davrida Markaziy Osiyoni dunyoning yetakchi ilm-fan markazlaridan biriga aylantirgan muassasalar an’anasini davom ettirgan holda, Islom sivilizatsiyasi markazi yangi avlod uchun ushbu boy intellektual merosni qayta tiklashga xizmat qiladi.
Bu shuni anglatadiki, Toshkent shunchaki yangi muzeyni taqdim etayotgani yo‘q – u o‘zining ilm-fan chorrahasi sifatidagi tarixiy maqomini qayta tiklamoqda. Markazning BMT Sivilizatsiyalar alyansi bilan imzolagan memorandumi esa uning global miqyosdagi ma’rifiy va gumanitar ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida donishmand podshohning timsoli bo‘lmish Mirzo Ulug‘bekka shunday ta’rif beradi:
Temurxon naslidin sulton Ulug‘bek,
Ki olam ko‘rmadi sulton aningdek.
Rasadkim bog‘lamish zebi jahondir,
Jahon ichra yana bir osmondir.
Qiyomatga degancha ahli ayyom,
Yozarlar aning ahkomidin ahkom.
Davlatimiz rahbari Markaz ochilishiga bag‘ishlangan nutqida ushbu baytlarga ishora qilib, “O‘z davrida Mir Alisher Navoiy bobomiz Mirzo Ulug‘bekning o‘lmas merosi dunyo turguncha tursin, deb tilak bildirgan edi. Bizning ham orzu-maqsadimiz shunday: Islom sivilizatsiyasi markazi el-yurtimizga, jahon ahliga hamisha beminnat xizmat qilsin! Mana shunday ulug‘ ishlarning bunyodkori bo‘lgan mard va olijanob xalqimiz doimo omon bo‘lsin!”, deb ta’kidladi.
Markaz qisqa muddat ichida xalqaro nufuzli tashkilotlar va nashrlar tomonidan e’tirof etildi. AQSHdagi Smitson institutining “Smithsonian Magazine” nashri talqiniga ko‘ra, ushbu majmua 2026-yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilgan 10 ta muzeydan biri sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, “Condé Nast Traveler” nashri uni 2026-yil iyun oyida tashrif buyurish mumkin bo‘lgan muzeylar ro‘yxatiga kiritgan, BBC Travel esa dunyodagi eng ko‘p kutilgan muzeylar qatoriga qo‘shgan.
Biz ham Uchinchi Renessans poydevori deya ta’riflanayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, hech shubhasiz, Britaniya, Luvr va Metropoliten muzeylari safiga qo‘shilishiga, asrlar davomida yurtimiz va dunyo ahli uchun ruhiy-ma’naviy ozuqa oladigan betimsol ma’rifat koshonasi bo‘lib xizmat qilishiga ishonamiz.
To‘qqiz yil oldin oliy minbarda Imom Buxoriy nomi yangragani kechagiday yodimizda. 2022-yilda “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni ta’sis etilishi ham buyuk alloma xotirasiga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom namunasidir.
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasida yakuniga yetgan bunyodkorlik ishlari va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Majmua Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqeyi, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi.
Buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy o‘z ahamiyatiga ko‘ra islom dinida Qur’oni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan. Bu ulug‘ zotning g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma’rifatiy islom to‘g‘risidagi ta’limotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildik.
Shavkat MIRZIYOYEV
(BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqidan)
Bu yerda ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratilgan. Xususan, majmua qoshida turizm markazi ochilib, yondosh 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma yaratilib, shinam mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish va servis nuqtalari barpo etilgan.
Majmua ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega. Uning maydoni 45 gektar. 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi. 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora qadamjoga ulug‘vor qiyofa bag‘ishlayapti.
Majmua tarkibida eng ilg‘or axborot texnologiyalari asosida 9 pavilondan iborat noyob innovatsion muzey ham barpo etilgan. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi.
Prezidentimiz bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.
Shuning uchun ham tashrif davomida Imom Buxoriy majmuasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni keng yo‘lga qo‘yish, uni chinakam tarbiya va ibrat maktabiga aylantirish, bu yerda imom-xatiblar, mahalla faollari uchun malaka oshirish dasturlarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
* * *
Ushbu ikki majmua Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyat uchun fundamental baza, yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, farg‘oniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam ma’naviy maydon bo‘lajak! Bu barchamizning ezgu niyatimizdir.
Iqbol MIRZO,
O‘zbekiston xalq shoiri
“Jadid” gazetasining 2026-yil 20-martdagi 12-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



