Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.04.2026 | 10:01

img946

QONDA BITILGAN MAKTUB

Qatag‘on mashinasi qurboni bo‘lganlar orasida toshkentlik A’zamxo‘ja Burhonxo‘jayev ham bor edi. Respublika miqyosidagi taniqli arboblardan bo‘lgan bu inson 1937-yili Fayzulla Xo‘jayev va Akmal Ikromovning “dumi” sifatida hibsga olinadi va shu ketganicha uyiga qaytmaydi…

A’zamxo‘ja Burhonxo‘jayev qamalganidan so‘ng, uning hovlisi tortib olinadi, oila boshpanasiz qoladi. Olti nafar bola bilan xor-zor bo‘lgan ona “Otchopar” mahallasida buvilaridan meros qolgan dala hovlidan panoh topadi. Lekin kimlarningdir qutqusi bilan u ham tortib olinib, kashshoflar dam olish uyiga aylantiriladi. Yana sargardonlik boshlanadi…

Xo‘sh, A’zamxo‘ja Burhonxo‘jayevning aybi nimada edi? Bu savolga javob topish maqsadida o‘g‘lining arxividagi hujjatlar bilan tanishdik. Biroq jazoga asos bo‘ladigan biror bir dalil ko‘zga tashlanmadi. O‘g‘li Vahdatxo‘ja Burhonxo‘jayev otasi nihoyatda mehmondo‘st, oilaparvar inson bo‘lganini ta’kidlagan edi. Shu bois, dala hovlida davlat arboblari, ijodkorlar, san’atkorlar ishtirokida tez-tez mehmondorchilik bo‘lib turgan. Ayniqsa, ulug‘ adib Abdulla Qodiriy bilan oilaviy bordi-keldi kuchli bo‘lgan ekan.

Vahdatxo‘ja aka shunday xotirlagan edi: “Habibullo Qodiriyning yoshi kattaroq bo‘lsa ham, u kishi bilan do‘stlashganmiz. Chunki biz qatag‘on davrining jabrdiydalari bo‘lganmiz. Boshimizdan ko‘p ko‘rgiliklarni kechirgan, azoblarni tortgan, bolaligimiz barbod qilingan qalbi o‘ksiklar edik-da. Buni shunchaki ifodalab bo‘lmaydi. Buning uchun uysiz ko‘chada qolib, sarson-sargardon bo‘lib, bu og‘ir taqdirni boshdan o‘tkazib ko‘rish kerak. Ana shundagina mustaqillik, tinchlik, huzur-halovat nima, uy-joy nima, qadriga yetadi odam. Onalarimizning chekkan mashaqqatlari bir umr ko‘z oldimda gavdalanaveradi. Biz shunday dahshatlardan o‘tib, yorug‘ kunlarga yetdik. Har doim balki otam tirikdir, degan umid bor edi yurakda. Farzand uchun otadan ulug‘ inson yo‘q. Go‘yo qaytib keladiganday tuyulaveradi”.

A’zamxo‘ja Toshkentdagi ko‘pgina idoralarda faoliyat yuritadi. 1921-yili shahar harbiy komissariatida komissar o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. O‘tgan asrning 30-yillari qattiq qahatchilik edi. Bilim olish, biror joyda o‘qish ancha mushkul bo‘lgan. Shu bois, o‘sha paytda mutaxassislar tanqis edi. A’zamxo‘ja Burhonxo‘jayev O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib 1929-yili Moskvadagi savdo akademiyasiga o‘qishga kiradi. 1931-yili uni tugatib, Toshkentga qaytadi. 1932-yili “Turkiston” bankining boshqaruvchisi, 1933-yili esa “O‘zsovxoztrest” direktori lavozimiga tayinlanadi. Uch yildan so‘ng O‘zbekiston SSR Markaziy apparatiga mas’ul lavozimga o‘tkaziladi. 1937-yili Jizzax tumani rayijroqo‘mi raisligiga saylangan qahramonimizni o‘sha yiliyoq Toshkentga chaqirib olib, Moliya vazirligiga ishga tayinlashadi. Bu ish joyi uning uchun so‘nggisi edi.

Hibsga olish paytida unga hatto bosh kiyimini kiyishga ham ruxsat berishmagan. O‘sha paytlari bosh kiyimsiz yurish uyat hisoblangan. Uyga borib, xotiniga: “Xo‘jayiningiz uch-to‘rt kunda qaytib keladi. Ba’zi bir zarur narsalarni tayyorlab bering”, deyishgan. O‘zi esa “Xavotir olmanglar, men albatta qaytib kelaman!” degan. Biroq…

A’zamxo‘ja Burhonxo‘jayevni sudsiz-so‘roqsiz qamashdi. Boshqa yoqqa ko‘chirishayotganda, u sobiq hamkasbini ko‘rib qoladi va imo-ishora qilib: “Shu yerga bir narsa tashlayman, uyimdagilarga yetkaz”, deydi. Bu narsa uydan berib yuborilgan choyshabdan yirtib olingan parcha ekan. Unda eski o‘zbek imlosida qon bilan bitilgan shunday satrlar bor edi: “Menga har xil bo‘lmag‘ur ayblarni qo‘yishyapti. Ammo ular qo‘yayotgan ayblarni bo‘ynimga olmayman”. Xatni qarindoshlarga tog‘asi Muhammad Rahimxon o‘qib bergan va qo‘rqib ketib, shu zahoti yoqib yuborgan.

Qarindosh-urug‘lari uni izlab, o‘sha davrda juda ko‘p idoralarga murojaat qilishadi. Biroq yukinib borgan joylardan ular hech qanday tayinli javob ololmaydi. Ular uchun barcha eshiklar taqa-taq berk edi. Oradan qancha yillar, qancha suvlar oqib o‘tganidan so‘ng, 1956-yili Respublika prokuraturasidan A’zamxo‘ja Burhonxo‘jayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish to‘xtatilgani va u oqlangani to‘g‘risida ma’lumot olinadi.

Shunday yuqori lavozimlarda ishlagan inson nom-nishonsiz yo‘q bo‘lib ketishi mumkinmi? Uning qabri qayerda qoldi? Savollarga hali-hanuz javob topilganicha yo‘q. Vahdatxo‘ja Burhonxo‘jayev otasiga qo‘yilgan ayblar asossiz ekanini ich-ichidan his etardi. U O‘zbekiston SSR Oliy sudiga murojaat qilgach, “Otangizga uchlik tomonidan qo‘yilgan ayblar o‘z isbotini topmagan, u kishi to‘liq oqlandi” mazmunidagi ma’lumotnomani yuborishdi. Shuning o‘zi farzandlarga – qalblari yaralangan, davrning ne-ne azoblarini tortgan insonlarga biroz bo‘lsa-da, malham bo‘ldi.

Hozirgi kunda bu insonning farzandlarining aksariyati olamdan o‘tgan. Vahdatxo‘ja ota ham 2012-yili ota diydoriga zor bo‘lib, yuragi kuyib vafot etdi. Biz hikoyamiz boshida qahatchilik yillari bo‘lsa-da, A’zamxo‘ja musofir yurtlarda ilm istab, el-yurtning dardiga malham bo‘lish maqsadida azob-uqubatlarga dosh bergani haqida so‘z ochgandik. Uning zakovati avlodlari qonida jo‘sh urgani suloladan keyinchalik ham ko‘plab yetuk insonlar yetishib chiqqanida ko‘rinadi. Ular mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelishmoqda.

Mantiqan olib qaraganda, mas’ul lavozimlarda ishlagan insonning rahbarlar bilan muloqotda bo‘lishi, ularning ko‘rsatmalarini bajarishi tabiiy, ayni paytda qonun taqozosi emasmi? Qolaversa, ziyoli shaxs sifatida davrining atoqli ijodkorlari bilan hamsuhbat bo‘lish ham odatiy va maqtaladigan holat. Ammo taqdiring mustamlakachi qo‘lida bo‘lsa, pashshadan fil yasalib, fillar osmonda uchar ekan. A’zamxo‘ja Burhonxo‘jayevning aybi aql-idroki va millatsevarligida edi…

Izzat AHMEDOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 3-apreldagi 14-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596